Turkiy dunyo poytaxtidan o‘q ovozi o‘rniga qo‘shiq sadosi yangradi (fotoreportaj)
Jamiyat
−
13 may 2023
16464TURKSOY xalqaro tashkiloti tomonidan har yili an’anaviy tarzda turkiy davlatlarning tarixiy shaharlari “madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinadi. 2023 yilda ushbu nufuzli maqom Ozarbayjonning Shusha shahriga berildi. Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hamda “Qorabog‘ marvaridi” deb ham e’tirof etiladi. U nafaqat Ozarbayjon yoki Qorabog‘, balki Kavkaz madaniyatining beshigi, desak xato bo‘lmaydi.
Bugun, qariyb 300 yillik tarixga ega Shusha shahri odamlar bilan to‘lgan. 9-12 may kunlari “Shusha-2023 Turk dunyosining madaniyat poytaxti” tadbirlar doirasida “Haribulbul” festivali hamda Turk dunyosining oshpaz va hunarmandlari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalarning tantanali ochilish marosimlari o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Delegatsiyasi tarkibida QALAMPIR.UZ fotomuxbiri Umid Sobirov ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchilik qildi. Festivalning tantanali ochilish qismida O‘zbekiston tomonidan “Navbahor” hamda “Ayqulash” davlat ashula va raqs ansambllari tomonidan O‘zbekiston milliy urf-odatlariga monand ravishda tayyorlangan ijodiy chiqishlar namoyish etilib, tadbirning xalqaro nufuzli mehmonlarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Qariyb 30 yil bosqindan aziyat chekkan Shushada foydalanishga yaroqli inshoot deyarli qolmagan. Hatto Islom dinida muqaddas sanalgan masjidlar ham oyoqosti qilingan. Qorabog‘ hudida 30 dan ortiq tarixiy masjidlar bo‘lgan. Ularning aksariyatida chorva mollari boqilgan, madrasalar vayron qilingan.
Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY)ning Bosh kotibi Sultan Rayev Qorabog‘ urushini yodga oldi.
“Kechagina bu ko‘hna diyorlarda o‘q ovozlari, mina portlashlari yangragan edi, bugun bu zaminlarda butun turkiy dunyoning xalq qo‘shiqlari yangradi, Qorabog‘ning cheksiz baland tog‘larida turk bayrog‘i hilpirab, ovozimiz yangradi.
Shusha Turk dunyosining madaniy poytaxti! Shusha Turk dunyosining oltin ko‘prigi! Shusha bugun turkiy dunyoning birligi, hamjihatligi va qardoshligi ramzidir”, deydi Sultan Rayev.
Tadbirda O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi hamda O‘zbekiston hunarmandlar uyushmasi a’zolari tomonidan O‘zbekiston milliy maydonining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Maydonda joy olgan milliy hunarmandchilik mahsulotlari va o‘zbek oshpazlari tomonidan 80 kg o‘zbek palovi hamda o‘zbek milliy taomlari Shusha shahriga kelgan mingdan ziyod xalqaro va mahalliy mehmonlarga taqdim etildi.
LiveBarchasi