Saylov aniq, nomzodlar ham. G‘olib-chi?
Tahlil
−
13 may 2023
21359Shu yilning 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazadi.
Prezident Yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat Prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib, muddatidan ilgari prezidentlik saylovini o‘tkazish haqidagi muhim farmonni imzolaganini aytdi.
“Bunday qarorga kelish uchun qanday ob’ektiv zarurat bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechyapman? Chunki o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda”, deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari, yangilangan Konstitutsiya Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘yaayotganini ham ta’kidladi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmoniga muvofiq, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 2023 yil 9 iyul kuniga tayinlanganini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 110 va 128-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 66-moddasiga asosan 2023 yil 9 iyul kuniga muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tayinlansin. Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yuborilsin”, deyiladi farmonda.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistonda joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi kampaniyasiga 10 maydan start berilganini ma’lum qildi.
Bo‘lib o‘tgan majlisda saylov kampaniyasini e’lon qilish va saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejani tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqilgan. Kalendar rejasi ikki oy muddatni qamrab olgan, unga saylov jarayonining 7 ta yo‘nalishi bo‘yicha 51 banddan iborat asosiy tadbirlar kiritilgan.
Xususan, joriy yilning 15 mayigacha siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etish uchun Markaziy saylov komissiyasiga hujjatlar taqdim etishi kerakligi, saylovga 52 kun qolgandan, ya’ni 17 maydan boshlab 38 kun qolguniga (1 iyun) qadar bo‘lgan davr prezidentlikka nomzod ko‘rsatish uchun ajratilgani aytilgan edi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Xamzayev.
11 may kuni birinchilardan bo‘lib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi prezidentlik saylovi uchun o‘z nomzodini ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, Abdushukur Xudoyqulovich Xamzayev Ekologik partiyadan Prezidentlik uchun kurashadi.
Abdushukur Xamzayev 1973 yil Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tug‘ilgan. 1996 yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini, 2013 yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor. Mehnat faoliyatini Surxondaryo viloyati Uzun tumani “Namuna” jamoa xo‘jaligida agronom sifatida boshlagan. Samarqand qishloq xo‘jaligi institutida o‘qituvchi, dekan o‘rinbosari, prorektor bo‘lib ishlagan. 2017 yildan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari – O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori vazifasini bajargan.
Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatov.
12 may kuni Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga kim da’vogar ekani ma’lum bo‘ldi. Partiyadan Ulug‘bek Ilyosovich Inoyatov prezidentlikka nomzod sifatida taqdim etildi.
Inoyatov 1962 yilda tug‘ilgan. 1985 yilda Toshkent politexnika institutini tugatgan, 1998 yilda Toshkent moliya institutini tugatgan. 1985-1993 yillarda Toshkent politexnika institutida assistent, aspirant vazifalarida faoliyat yuritgan.
1993-1999 yillarda Toshkent arxitektura-qurilish institutida dekan muovini, dekan, 1999-2003 yillarda Toshkent moliya-iqtisod kolleji direktori, 2003-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, 2011-2013 yillarda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori kabi vazifalarda faoliyat olib borgan. 2013-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, 2018-2019 yillarda Namangan davlat universiteti rektori vazifalarida ishlagan. 2019 yildan O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi. 2020 yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, spiker o‘rinbosari vazifasida ishlab kelmoqda.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Mahmudova Anvarovna.
12 may kuni O‘zbekiston prezidentligiga uchinchi nomzod ham ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova Anvarovna nomzodi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
Robaxon Mahmudova 1958 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 2017-2020 yillarda O‘zbekiston Prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq qabulxonalari mudiri lavozimida ishlagan. 2020 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatori, Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi etib saylangan. Oliy Majlisi Senatining 2020 yil 13 iyuldagi qarori bilan Robaxon Mahmudova O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari etib saylangan. 2020 yil 6 martda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Robaxon Mahmudova Prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatganidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Mahmudovaning sudyalik vakolatlari to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Qonunchilikka ko‘ra, sudya siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas. Shu sababli Sudyalar oliy malaka hay’ati Mahmudovaning arizasi va sud qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari – ma’muriy sudlov hay’atining raisi Robaxon Mahmudovaning sudyalik vakolatlarini to‘xtatib turish haqida qaror qabul qilgan.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi 12 may kuni amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev prezidentlik poygasiga qo‘shilganini ma’lum qildi.
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyul kuni Jizzax viloyati Zomin tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida boshlagan.
1990 yil Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, bir vaqtning o‘zida Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan. 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan. U 2003 yilda O‘zbekiston Bosh vaziri etib tasdiqlandi va 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan ushbu lavozimga yana uch marta qayta tasdiqlangan.
2016 yil 2 sentyabrda Prezident Islom Karimovning vafot etishi munosabati bilan Oliy Majlis Mirziyoyevni Birinchi Prezident dafn marosimini o‘tkazish bo‘yicha komissiyaga rais etib tayinlanadi.
2016 yil 8 sentyabrda Prezident vazifasini bajaruvchi, Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev mamlakat rahbari vazifasini vaqtincha bajarish mas’uliyatini o‘zidan soqit qilib, o‘rniga Mirziyoyevni tavsiya qildi. 2016 yil 19 oktyabr kuni O‘zbekiston Liberal Demokratik Partiyasining VIII s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya siyosiy kengashi a’zosi Shavkat Mirziyoyevni Prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.
2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 24 oktyabrda 2-muddatga o‘z nomzodini ko‘rsatgan edi. Mirziyoyev saylovda 80,12 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Prezidenti etib qayta saylandi.
Bugun, 13 may kuni Milliy tiklanish demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov kutilgan “bomba”ni portlatdi. “Milliy tiklanish” partiyasi plenumida qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbirining xabar qilishicha, partiya prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ymasligini ma’lum qilgan.
“Partiya o‘tgan parlament va prezidentlik saylovlarida oldiga dasturiy maqsad sifatida belgilagan 237 ta maqsaddan 143 tasi amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari natijasida amalga oshgan. Partiyamizning barcha faollari bilan maslahatlashgan holda muddatidan ilgari prezidentlik saylovlarida O‘zLiDep bilan birgalikda amaldagi Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlash taklifini bermoqchiman”, degan Alisher Qodirov.
Shuningdek, partiya yetakchisi bugungi murakkab davr birlashishni talab qilishiga urg‘u bergan.
“Biz amaldagi Prezident atrofida mustahkam birlashib ona vatanimiz qudrati va Xalqimiz farovonligini ta’minlashning eng samarali yo‘lini topishimiz zarur”, deya qo‘shimcha qilgan Qodirov.
Demak, Alisher Qodirov o‘z nomzodini ilgari surmoqchi emas. Ushbu partiyalar avvallari ham parlamentda demokratik blok o‘laroq koalitsiya tuzgani kuzatilgan. Endi hamkorlik prezidentlik saylovlarida ham davom etadi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerak, 2021 yil 24 oktyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirovga – 888 ming 515 nafar yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 5,48 foizi ovoz bergan edi.
LiveBarchasi