Referendum qanday o‘tdi?
Jamiyat
−
01 may 2023
7107Kecha, 30 aprel O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida yangi Konstitutsiyani qabul qilish uchun referendum bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish jarayonlari 8:00 da boshlanib, 20:00gacha davom etdi.
QALAMPIR.UZ kun davomida bir nechta saylov uchastkalarida bo‘lib, siyosiy jarayonlarni yaqindan kuzatdi.
Xo‘sh, fuqarolar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qaysi bandlarini ko‘proq qo‘llab-quvvatlamoqda? Aynan shu savollar bilan saylovchilarga mikrofon tutdik.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti, Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazrbekov ham Referendumda ishtirok etib, O‘zbekistonda Prezident o‘zgargani siyosiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lganini aytib, bugungi siyosiy jarayonlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
“O‘zbekistonda siyosat o‘zgardi buni hamma yaxshi biladi. Prezident almashishi bilan siyosat tubdan o‘zgardi. Shuncha o‘zgarishlar bo‘lsa, hozirgi Konstitutsiya talabga javob beradimi? degan savol o‘rtaga chiqib qoldi. Bu Yangi o‘zbekiston bilan bog‘liq jarayon. Biz mutlaq yangilanyapmiz. Bu jarayonda Konstitutsiyaviy jarayonlarga tabiiy ravishda ehtiyoj paydo bo‘ldi”, deydi Nazarbekov.
Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov referendumda o‘z tanlovini amalga oshirar ekan shunday deydi:
“Konstitutsiyada o‘zgarish bo‘lsa, jamiyatda ham o‘sish bo‘ladi deb o‘ylayman. O‘zgarish bo‘lgan davlatda o‘sish bo‘ladi, deb o‘ylayman”.
Olmazor tumanida istiqomat qiladigan fuqaro o‘z fikrlarini bildirar ekan, Konstitutsiya o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlashini aytib, u qabul qilinsa, aholi hayoti o‘zgarishi, o‘qish, ish maosh bilan bog‘liq muammolar ham hal etilishini aytdi.
“Men hamma moddalarni qo‘llab-quvvatlayman. Bu xalq farovonligi uchun bo‘layotgan o‘zgarish. Oyliklar ko‘tariladi, o‘qishlar yaxshilanadi. Qariyalarga ham yaxshi imkoniyatlar beriladi. Ovoz berishga tayyormiz”.
Referendumga befarq bo‘lmagan xonanda Ozoda Nursaidova bir vaqtlar uning huquqlari toptalgani, Konstitutsiyadagi kamchiliklar sababli jabr ko‘rganini esladi.
“O‘zbekiston fuqarosi sifatida referendumda qatnashyapman. Bugun juda muhim kun, bizning, o‘zbek xalqining kelajagi hal bo‘lyapti. Konstitutsiyaga juda ko‘p o‘zgarishlar kiritildi. Konstitutsiyaning ma’lum kamchiliklari tufayli bir vaftlar jabr chekkanlar qatorida men ham bo‘lganman. Meni huquqim buzilgan. Menga o‘xshaganlar ko‘p bo‘lgan va yangi konstitutsiyada inson qadri birinchi o‘ringa chiqarilgan”, deydi u.
Ovoz berishda qatnashgan ko‘plar pensionerlar esa Konstitutsiyada aynan pensionerlar uchun berilayotgan o‘zgarishlar ularga ma’qul bo‘lgani, shuningdek, ta’lim, tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashlarini aytishdi.
O‘zbekistondagi barcha referendum uchastkalari erta tongdan ovoz beruvchilar bilan to‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oilasidan tortib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov oilasi a’zolarigacha Referendumda ishtirok etdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oila a’zolari bilan birga Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 59-referendum uchastkasiga borib, ovoz berdi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Bosh vazir Abdulla Aripov, Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov, Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil allamjonov va bir qancha taniqli shaxslar referendumda qatnashgani haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qilishdi.
Tarmoqlarda muhokama bo‘lgan suratlardan biri O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimovaning referendumda qatnashgani edi. Tatyana Akbarovna saylov uchastkasiga yolg‘iz borgani yo‘q. U kenja qizi Lola Tillyayevaning qizi Maryam Tillyayeva bilan birga borib referendumda qatnashdi.
Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda, Konstitutsiyaning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni amaldagi Konstitutsiya 65 foizga yangilanmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi 30 aprel 13:00 holatiga ko‘ra, ovoz beruvchilarning 12 mln 83 ming 105 nafari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, umumiy saylovchilarning 62,24 foizi yangi Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendumda ovoz berganini ma’lum qilib, O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 38-moddasida belgilangan qoidaga muvofiq referendumga ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga kiritilganlarning kamida yarmi ishtirok etgan bo‘lsa, referendum o‘tgan, deb topilishini ma’lum qilgandi. Referendum natijalari bugun, 1 may kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi.
LiveBarchasi