Diqqat zilzila! 1966 yil fojiasi takrorlanadimi?

Intervyu

21 va 23 mart kunlari Afg‘oniston va Tojikistonda sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonda ham yaxshigina sezildi. Turkiyadagi vayronkor zilzilaga guvoh bo‘lgan odamlar bu holatdan sarosimaga tushib qoldi. Ikki kun ketma-ket sodir bo‘lgan zilzila ortidan turli savollar paydo bo‘la boshladi. QALAMPIR.UZ zilzila bilan bog‘liq ko‘plab savollarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Samandar Hikmatullayevdan javob oldi.

Zilzila qanday sodir bo‘ladi?

Zilzilaning asosiy sabablari yerning tosh qotgan litosfera qobig‘ining tagida xamirsimon yer mantiyasi bor. Aynan shu massada kechgan fizik va kimyoviy jarayonlar natijasida zilzilalar sodir bo‘ladi.

Afg‘oniston hududida haftasiga ikki yoki uch bor turli ballda zilzila sodir bo‘ladi. Afg‘oniston yuqorida aytilgan plitaning to‘qnashgan nuqtasida joylashgan.

Zilzilalarni oldindan bilish mumkinmi?

Zilzilalarni oldindan bilish mumkin. Hech qaysi zilzila kutilmaganda, to‘satdan sodir bo‘lmaydi. Zilzilaning o‘ziga yarasha darakchilari bor. Bular – yer osti sathining keskin ko‘tarilishi, yer osti suvi tarkibida radon gazi miqdori oshishi kabi. Yana bir belgisi yer yoriqlari. Yer yoriqlarida energiyalar to‘planadi. Bu energiyani moslamalar aniqlay oladi va yerning zilzilaga tayyorgarlik ko‘rayotganini prognoz qilish mumkin.

Bir yilda qancha zilzila sodir bo‘ladi?

Bir yilda 1 balldan 4 ballgacha millionlab zilzilalar qayd etiladi. Turkiyada bo‘lganidek vayron etuvchi zilzilalar 100 dan ortiq, yakson etuvchi, juda kuchli zilzilalar esa yer sharida barmoq bilan sanarli. Zilzilalar aholi istiqomat qiladigan hududga to‘g‘ri kelsagina xabardor bo‘lamiz. Masalan okeanda sodir bo‘ladiganidan xabarimiz ham bo‘lmaydi. Aholi Turkiyada sodir bo‘lgan vayronkor zilziladan sarosimaga tushib qoldi va endi yaxshiroq e’tibor beradigan bo‘ldi. Shu sababli ham zilzilalar ko‘paygandek tuyulyapti. Zilzilalar tezligini oshirgani yoki sekinlashgani yo‘q, tabiat hodisasi bilan bog‘liq hech qanday anomal o‘zgarishlar sodir bo‘lmadi. Zilzila doimiy tezlikda davom etmoqda.

O‘zbekistonda zilzila bo‘lishi kutilyaptimi?

Yaqin kunlarda O‘zbekistonda kuchli zilzila keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan anomal o‘zgarishlar kuzatilmayapti. Bir narsani aniq aytish kerak, barcha zilzilalar prognoz qilinadi. Hammasi ham e’lon qilinmaydi. Biz zilzilani mukammal o‘rganganmiz. Bir faktor borki, zilzilaning aniq vaqtini hech kim prognoz qilolmaydi.

O‘zbekistonning qaysi hududi seysmik faol hisoblanadi?

Hududimiz seysmik faol hudud. Ayniqsa, tog‘li hududlar juda faol. Umuman olganda yer sharida zilzila sodir bo‘lmaydigan hududning o‘zi yo‘q. Insoniyatning eng ojiz nuqtasi – bu zilzilaning aniq vaqti va joyini aniqlay olmasligida.

Respublika xaritasida ham Qoraqalpog‘iston hududidan sharqiy hududlarga qarab borilganda 5 balldan 9 ballgacha zilzila bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Tog‘li hududlarda kuchliroq, tekisliklarda kuchsizroq zilzila kuzatilishi mumkin. Zilzilaning achchiq oqibatlarni xalqimiz bir necha bor boshdan o‘tkazgan.

Zilzila qaytadimi?

Umuman olganda zilzilani qaytadi, deyish xato. Zilzila deganda ayrim terminlar bor. Birinchisi – forshok, asosiy zilzila va aftershok. Bular zilzilaning to‘lqinlari. To‘lqinlar bir-biriga yaqin bo‘ladi. Hudud epimarkazga qanchalik yaqin bo‘lsa shunchalik silkinishlar seziladi va kelayotgan ikkinchi to‘lqin uzoqroq vaqtda keladi. Bu zilzilaning qaytishi emas, zilzila to‘lqini.

Afg‘oniston va Tojikistondagi zilzila O‘zbekistonda yaxshigina sezilganining ham asosiy sababi ham epimarkazning O‘zbekiston hududiga yaqinligi. Shuningdek, zilzilani mavsum bilan bog‘lash ham noto‘g‘ri. Zilzilani qaysidir oyda ko‘p, qaysilarida kam, deyish xato bo‘ladi.

Yerni sun’iy yo‘l bilan silkitish mumkinmi?

Insoniyat kuchli zilzilalarni sun’iy ravishda sodir eta olmaydi. Kuchsiz tebranishlarni turli qurollar yordamida hosil qilish mumkindir, balki. Menda bu holda ma’lumot mavjud emas. Ammo kuni kecha sodir bo‘lgan zilzilani sun’iy yo‘l bilan amalga oshirish mumkin emas.

1966 yildagi zilzila takrorlanadimi?

Toshkent shahri va boshqalar tog‘ oldi hudud hisoblanadi. Zilzila tabiat hodisasi. Nafaqat 1966 yil, balki undan avval ham kuchli zilzilalar sodir bo‘lgan. Undan so‘ng 1966 yilgi va boshqalar. Albatta, bundan keyin ham zilzila sodir bo‘lish ehtimoli bor. Zilziladan qo‘rqmaslik, aksincha, unga tayyor bo‘lishimiz kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Turkiya zilzila 1966yil

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing