Mirziyoyev Mir Arab madrasasiga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi davomida Mir Arab oliy madrasasini borib ko‘rdi.

Bu madrasa 500 yillik tarixga ega. Undan ko‘plab olimlar, imomlar, muftiylar yetishib chiqqan. Lekin o‘tgan asrda uning maqomi o‘rta maxsus bilim yurti darajasiga tushib qolgan edi. Binosi ham zax tortgan, kitoblar yetishmasdi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda bu yerga kelib, ahvolni ko‘rgan, madrasaning tarixiy mavqeini tiklashni maqsad qilgan edi. Buning uchun Ark yaqinida yangi bino barpo etildi va yaqinda foydalanishga topshirildi.

Oliy madrasa 200 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda Qur’oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o‘rgatiladi. Bugungi kunda jami 107 nafar talaba ta’lim olmoqda.

O‘quv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi va xizmat uyi, sportzal va basseynda barcha qulayliklar yaratilgan.

Davlat rahbari madrasa talabalari bilan suhbatlashdi.

“Bunday uzoq tarixga ega ta’lim dargohlari juda kam. Bugun uning sharoitini yaxshilab, tarixiy adolatni tiklaganimiz xayrli ish bo‘ldi, deb o‘ylayman. Demokratik islohotlarimiz natijasida diniy sohaga ham erkinlik epkini kirib keldi. Shu bilan birga, axborot makoni ham ochiq. Internetda ilmiy asosi bo‘lmagan turli talqinlar ham bor. Lekin ularni tajribasiz yoshlar qayerdan biladi? Buni sizga o‘xshagan ilmli kishilar, imom-xatiblarimiz isbotlab, to‘g‘ri tushuntirib berishi kerak”, deydi Mirziyoyev. 

Diniy ta’lim soatlari va sifatini isloh qilish, uni amaliyot bilan bog‘lash bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Shu bilan Prezidentning Buxoro viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlat rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing