Turkiyadagi zilzilalar uyushtirilganmi? Elchi javob berdi

Jamiyat

Joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida hozirgacha vafot etganlar 8 574 nafarga yetdi. Jarohatlanganlar soni 50 000 minga yaqinlashdi. Ijtimoiy tarmoqlar zilzila oqibatida qulayotgan binolar, ularning ostida qolgan bolalar aks etgan videolar va suratlar bilan to‘lmoqda.

Rossiya Harbiy fanlar akademiyasi katta ilmiy xodimi, harbiy tahlilchi Vladimir Proxvatilov Turkiya va Suriyadagi halokatli zilzilalar geofizik qurollar ishlatilishi natijasi bo‘lishi mumkinligini aytib chiqdi. Turkiya tomoni hozircha bunga izoh bergani yo‘q. QALAMPIR.UZ aynan shu savol bilan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi O‘lgan Bekarga mikrofon tutdi.

“Albatta, bunaqa gaplar chiqib turibdi, lekin bilasizmi, zilzila – bu tabiiy ofat. Bunga hech kim aralasha olmaydi. Hodisa ro‘y bergan joy esa seysmik hudud. Mutaxassislar doim aytib kelishgan, mana “Adanada yaqinda zilzila bo‘ladi”, deb aytishganida Istanbul haqida ham aytib o‘tishgan, biroq bu tabiat hodisasi. Bu safargisi juda ham qayg‘uli va masshtabli bo‘ldi. O‘ylaymanki, tez orada normal hayotga qaytamiz”, deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi O‘lgan Bekar.

Shuningdek, Niderland seysmolog olimi Frank Hogerbits Turkiyaning janubi-sharqi, unga qo‘shni Suriya, Iordaniya va Livan bilan chegaradosh hududlarida yaqin kunlarda 7,5 magnitudali kuchli zilzila bo‘lishini voqeadan ikki kun oldin prognoz qilingani va bu ogohlantirishlarga be’etibor bo‘linganini aytgandi. O‘lgan Bekar bunga to‘xtalarkan, bu farazlarga javob berishning o‘zi ham o‘rinli emasligini bildirdi.

“Bunaqa spekulyatsiyalarga javob berishni o‘rinli deb hisoblamayman, chunki hech bir mutaxassis zilzila ushbu hududda bo‘ladi deb ayta olmaydi, bu imkonsiz. Turkiyaning barcha idoralari hozir zilzila talafotlarini bartaraf qilish bilan shug‘ullanyapti”, deydi Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi O‘lgan Bekar.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiyadagizilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing