19 bolani o‘ldirgan qotil. “Dok-1 MAKS” mashmashasi
Tahlil
−
29 dekabr 2022
14568Bugun dunyo ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston haqida yozmoqda: uning turizm salohiyati, sportchi yoki san’atkorlari haqida emas, balki sog‘ayish uchun dori iste’mol qilib vafot etgan 19 norasida haqida. Bugun, biz qaysidir reytinglarda yuqorilaganimiz ortidan emas, jarlikka qulayotgan sog‘liqni saqlash tizimi va o‘layotgan bolalar ortidan “mashhur” bo‘lyapmiz.
So‘ngi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar 19 go‘dak vafot etgani haqidagi xabar bilan to‘ldi. Bu xabar ko‘pchilik ota-onalarni shokka tushirdi va dori iste’molida hushyor bo‘lishlari kerakligini eslatdi.
Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi Bosh vrachi Azizov, Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovga Samarqand viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ma’muriyatiga “Dok-1 Maks” preparatini qabul qilgan bolalarda nojo‘ya ta’sirlar kuzatilayotgani yuzasidan murojaatlar kelib tushgani, markazda joriy yilning oxirgi 2 oyida 21 nafar bemor shu dori vositasini qabul qilgandan so‘ng nojo‘ya ta’sir kuzatilib, murojaat qilgani, ulardan 17 tasida kasallik nihoyatda og‘ir kechib, 15 nafarida o‘lim holati kuzatilgani haqida aytib, “Dok-1 Maks” preparatini bolalarda qo‘llashni taqiqlash so‘rab yozilgan xat ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Jamoatchilik bu xabarlardan hayratdan yoqa ushladi. Oradan vaqt o‘tib, Sog‘liqni saqlash vazirligi holat Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan nazoratga olingani, bemorlar ahvolini o‘rganish va holat sabablarini aniqlash uchun tezkor mutaxassislar guruhi tuzilganini aytdi.
“Samarqanddagi dorixonalardan xarid qilingan Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” tabletka hamda limon va asal ta’mli sirop dori vositalari o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Laboratoriya tahlillari yakunlangach, uning natijalari haqida e’lon qilinadi”, deyilgan xabarda.
Shuningdek, vazirlik 2022 yilning 22 dekabridan “Dok-1 Maks” dori vositasining savdosi vaqtincha to‘xtaganini ma’lum qilgan.
22 dekabr kuni Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova Samarqandga borib, bolalar shifoxonasida “Dok-1 Maks” preparati sabab bolalar vafot etgani holati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi. Ombudsman tekshiruvlaridan dori vositasini qabul qilganlar orasida 15 emas balki, 18 nafar bola vafot etgani aniqlandi.
Oradan vaqt o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqandda "Dok-1 Maks" siropini iste’mol qilishi oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilganini ma’lum qildi.
Holat yuzasidan tekshiruv natijalariga ko‘ra, o‘tkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida "Dok-1 Maks" siropini ichish oqibatida o‘lim holati aniqlangan.
“Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga me’yoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.
Barcha bolalarga preparat shifokorlar retseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo‘lgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.
Vaholonki, paratsetamol faqat tana harorati 38-38,5 darajadan yuqori bo‘lgandagina kuniga 1 yoki 2 marta 1 yoshgacha bolaga 100-125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati me’yorida bo‘lganda ushbu dori vositasini iste’mol qilish qat’iyan man etiladi”, deyiladi SSV xabarida.
Vazirlik ishchi guruhi o‘rganish davomida aniqlangan barcha qonun buzilish holatlarini e’tiborga olib, xizmat vazifasiga loqayd va bee’tibor munosabatda bo‘lgan, bolalar o‘limi tahlilini o‘z vaqtida yuritmagan va kerakli choralarni ko‘rmagan 7 nafar mas’ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgani va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qo‘llanilganini malum qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati DXX Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgani haqida xabar berdi.
Ma’lumotda keltirilishicha Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga ko‘ra, “Dok-1 Maks” siropi me’yoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi.
Uzoq sukutdan so‘ng 27 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev “Dok-1 Maks” dorisini ichish natijasida dunyodan ko‘z yumgan 18 nafar bolaning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
“Mazkur holat viloyat (Samarqand) tibbiyot xodimlari tomonidan vazirlikdan yashirilgan”, deydi vazir.
“Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilib vafot etganlar 18 nafar bilan cheklanmadi. 27 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashagan 2021 yilda tug‘ilgan bola 5 kun davomida “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilib, sog‘ligi yomonlashgan va uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib borilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bola 28 dekabr kuni vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
29 dekabr kuni “Dok-1 Maks” dorisini ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasiga Hindiston hukumati ish ochgani, ayni vaqtda surishtiruvlar boshlangani malum qilindi. Surishtiruv Uttar-Pradesh shtatidagi narkotiklarni litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.
Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligining 29 dekabr kuni bergan bayonotida “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi “Dok-1 Maks” siropi ishlab chiqarishni to‘xtatgani aytilgan.
“Dori-darmonlarni tartibga soluvchi organ kompaniyaning Uttar-Pradesh shtatidagi Noida zavodini ko‘zdan kechirdi va o‘zbekistonlik hamkasbi bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi”, deyiladi Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.
Bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan dori vositalari haqida bilganimiz hozircha shu. Bu ochiqlanib qolgani. Bilmaganimiz hali qancha?! QALAMPIR.UZ dorixonalarni o‘rganish davomida ko‘plab dori vositalarini ko‘zdan kechirdi. Dorixonalarda qo‘llanmasiz dori vositalari sotilganiga guvoh bo‘ldik. Umuman olganda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan dori vositalarini qo‘llanmasiz sotish mumkin emasligini hamma biladi. Lekin bunga amal qilinmaydi.
Ishlab chiqarilgan dori vositalarini O‘zbekistonga olib kirish, ularni sifati, qo‘llanmasiz sotilayotgani yuzasidan tegishli organlar tekshiruv o‘tkazishi va vaqtda nazorat qilishi shart. Buning uchun 19 norasidaning o‘limini kutish kerak emas edi.
Shu o‘rinda ota-onalardan o‘zlari va farzandlari uchun dori vositalarini xarid qilishda uni qo‘llanmasiga e’tiborli bo‘lishari va shifokrolar bilan maslahat qilishlarini so‘rab qolamiz.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15