Sovet tamg‘asidan oqlanganlar mustaqil O‘zbekistondan kompensatsiya olishi mumkin...mi?

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan 173 nafar shaxsga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqdi. 

Sudlangan shaxslarning ko‘pi O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 78-moddasi bilan aybdor deb topilib, turli yillarga Konslagerga surgun qilingan. JKning 58-moddasi, 66-moddasi 2-qismi, 67-moddasi bilan aybdor deb topilib, siyosiy huquqlarini yo‘qotgan holda, mol-mulklari konfiskatsiya qilinib ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, JKning 58-moddasi bilan aybdor deb topilib, otuvga hukm qilingan.

Sud majlisi davomida sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan 173 nafar shaxs oqlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov oqlov hukmini o‘qish davomida hukmda nomi zikr etilgan shaxslar noqonuniy javobgarlikka tortilgani oqibatida ularga yetkazilgan ziyonni qoplash va boshqa huquqlarni tiklash yuzasidan oqlanganlarning merosxo‘rlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 37-bob “Reabilitatsiya asoslari va oqibatlari” va 38-bob “Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash tartibi” asosida murojaat qilish huquqi mavjudligini aytdi. "Sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan, hozirgi kunda oqlangan shaxslar orasida kompensatsiya undirish niyatida bo‘lganlar murojaat qilsa, undiruv pullari qaysi mablag‘lar hisobidan qoplanadi", degan savol bilan unga murojaat qildik.

“Reabilitatsiya asoslari Qonun bilan belgilangan. Unga ko‘ra, agar oqlangan shaxslar tirik bo‘lsa o‘zi, vafot etgan bo‘lsa yaqin qarindoshlari (qarindoshi ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilgan holda), yetkazilgan moddiy zararni undirishga da’vo berish huquqiga ega. Moddiy zararning aniq summasi belgilanishi kerak. Mablag‘lar Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq bugungacha 400 dan ortiq kishi oqlandi. Umuman o‘tgan 30 yil davomida qatag‘on qurbonlarining yaqinlari orasida Oliy sudga oqlash masalasida murojaat qilganlar bo‘lganmi? Bu savolga Ikrom Muslimov quyidagicha javob berdi:

“Yo‘q. Faqat mana shu farmon asosida biz izlanish olib boryapmiz. Bugungi kunda topilgan ayrim ishlarimiz bor, buni yashirmaymiz. Sobiq Ittifoq vaqtidagi SSSR oliy sudi davrida sudlanganlar bor, ularning ham jinoyat ishlarini talab qilib olish, oqlov ishlarini qayta ko‘rib chiqish ustida ishlar olib borilyapti. Bunga ancha vaqt, siyosiy iroda talab qilinadi”, deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov.

Bugungi sud majlisida oqlanganlarning to‘liq ro‘yxati bilan bundan avvalgi maqolalarda tanishishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

sud Sovet ssr oqlandi

Baholaganlar

92

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing