O‘zbekiston kosmosga Olmazordan chiqadi!

Intervyu

O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq maktab bor. Ulardan 340 tasi Toshkent shahrida. Uzoq qishloqlarni qo‘ying, yaqinimiz poytaxtdagi maktablarning hammasi ham kapital ta’mirdan chiqmagan, qishning sovug‘iga dosh beradigan ahvolda emas. 

Qaysidir maktablar onlayn o‘qish boshlaganda Olmazor tumanidagi 298-maktab yangidan ta’mirlanib, o‘quvchilarga topshirildi. Bu maktabda tahsil oladigan o‘quvchilar endi o‘z qo‘li bilan yasagan nano-texnologiyani kosmosga uchira olishadi. Bu hali hammasi emas, ular o‘z qo‘li bilan yasagan robotlarini boshqarishi va bu orqali sizdan ham ko‘proq pul topishi mumkin. 

Endi Olmazor tumanidagi 298-maktab yoshlarning g‘oyalarini real hayotda amalga oshiradigan maydonga aylandi. Maktabda o‘quvchilar ilk startap loyihalarini yo‘lga qo‘yishlari mumkin. Kapital ta’mirdan chiqqan 298-maktabda, 3D formatlash robototexnika va kosmonavtlar xonasi tashkil etildi.

“Men mazkur maktabda robototexnika o‘qituvchisiman. Biz o‘quvchilarni 1-11 sinfga qadar kursimizga qabul qilamiz. Robototexnika yo‘nalishida bolalar ko‘plab dasturlash va robotlarni yasashni o‘rganadi. Bu kursni o‘qib tugatgan bola har qanday robotlarni yasay oladi”, deydi maktab o‘qituvchisi.

O‘quv dasturi 3 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichimiz – boshlang‘ich, ya’ni 2-sinfdan 4-sinfgacha, ikkinchisi – o‘rta bosqich, 5-sinfdan 9-sinfgacha va yuqori bosqich o‘ninchi va o‘n birinchi sinflarni o‘z ichiga qamrab oladi. Bu robotni yasash uchun bir necha fanlarning integratsiyasi kerak bo‘ladi. Bular: matematika, fizika, muhandislik, mexanika, elektronika, dasturlash. Mana shunday bir nechta fanlar jamlanmasini integratsiya qilgan holda ushbu robotni yasaydi va eng qizig‘i buni bola emotsional holatda amalga oshiradi. “Men aynan matematikani o‘rganyapman, aynan fizikani o‘rganyapman” deb o‘ylamaydi va umumiy holatda buni o‘zlashtiradi.

Bundan tashqari, Olmazor tumanidagi 33 ta maktabda 3D printer va kapsulalar o‘rnatilgan. Ular mashinasozlik, protatiplash, arxitektura, qurilish va boshqa sohalarga oid istalgan qiyinchilikdagi 3D mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Masalan, biologiya fani uchun kerak bo‘ladigan jihozlardan birini istalgan ko‘rinishda kompyuter orqali modellashtirasiz va 3D printeri orqali tayyor holga keltirasiz.

“3D modellashtirish va 3D protatiplash xonalari tumandagi to‘rtta sektorning har birida tashkillashtiriladi. Bunda biz o‘quvchi yoshlarni bir joyga jamlab, dars o‘tish imkoniga ega bo‘lamiz. 3D modellashtirish tibbiyot sohasida, qolaversa, ishlab chiqarish yo‘nalishida ham kerak bo‘ladi. Aynan shundan kelib chiqib, bugungi kunda 3D modellashtirishning frilanserlik yo‘nalishiga juda ko‘p talablar bor. Bizdan sertifikat olgach, o‘quvchilar nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo miqyosida o‘z mablag‘larini ishlab topishi mumkin”, deydi 3D modellari xomashyosini ishlab chiqaruvchi kompaniya asoschisi Bekzod To‘xtamurodov.

Bundan ko‘p yillar avval o‘z qo‘limiz bilan yasagan nano-texnologiyani koinotga uchirishimiz imkonsiz edi. Hozir bu imkoniyat bor va bu ishni sizning farzandingiz ham eplay oladi. Bu yo‘nalishni ham aynan 298-maktabda o‘rganish mumkin. 

“Hozirgi kunda Olmazor tumani hokimligi bilan hamkorlikda “Dreamset” loyihasini boshladik. Bu O‘zbekistondagi eng katta innovatsion loyiha hisoblanadi. Tumandagi 20 ta maktabdan saralab olingan o‘quvchilar bilan birgalikda o‘zimiz yasagan nano-yo‘ldoshini stratosferaga, ya’ni yaqin kosmosga uchiramiz. Bu o‘quvchilarning dunyo qarashi va fikrlashi o‘zgarishiga katta yordam beradi. Undan tashqari, aniq fanlarga qiziqishini oshiradi. Tasavvur qiling, 9-11 sinf o‘quvchilari o‘zi yasagan nano-yo‘ldoshini yerdan 45-50 km balandlikda uchiradi. Nano-yo‘ldoshlarimizni tiplarga ajratishimiz mumkin. 

Masalan, ob-havoni o‘rganish uchun bu borada juda ko‘p izlanishlar olib bordik va hozirgi kungacha 10 dan ortiq nano yo‘ldoshlarni shar orqali stratosferaga uchirishga muvaffaq bo‘ldik. Bu orqali ko‘plab ma’lumotlarni qo‘lga kiritdik. Olgan ma’lumotlarimiz bo‘yicha o‘quvchilarga dars qo‘llanmalarini ishlab chiqdik”, deydi Turin politexnika universiteti talabasi Ziyodullo Bo‘taxonov.


Maqola muallifi

Teglar

maktab olmazor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing