“Bir balosi bo‘lmasaa...”: Shartlari ochiqlanmagan “Gazprom”ning “yo‘l xaritasi”
Jamiyat
−
26 yanvar 2023
12083Qishning sovuq kunlarida uyimiz issiq bo‘lishiga o‘rgangan ekanmiz. “Svet” soatlab o‘chib, gaz pasayib ketganidan keyin ota-bobolarimiz ishni ko‘zini bilisharkan deb, biz ham chopon kiyishni boshladik.
Tarmoqlarga qarasangiz hamma bu holatlarda kimnidir ayblaydi. Hukumat aholini gaz bilan ta’minlash uchun bir nechta choralarni ko‘rayotganini aytdi. Energetika vaziri videomurojaat qilib, vaziyatni tushuntirdi.
24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi rahbari Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda birinchilardan bo‘lib “Gazprom” matbuot xizmati korporatsiyaning rasmiy veb-sayti orqali xabar berdi.
“Tomonlar o‘zaro munosabatlarning dolzarb va istiqbolli masalalarini ko‘rib chiqdilar. Uchrashuvda Aleksey Miller va Jo‘rabek Mirzamahmudov gaz sanoatida hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladilar”, deyiladi bayonotda.
“Yo‘l xaritasi” haqidagi xabarni o‘zbekistonliklar dastavval Energetika vazirligidan emas, balki Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasidan eshitgani hamda asosiy ma’lumotlar hali ochiqlanmagani bois ijtimoiy tarmoqlar orqali norozilik bildira boshladi. Jamoatchilik ushbu kelishuv “yo‘l xaritasi” niqobi ostidagi gaz “ittifoqi” yoki “shartnoma” bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Jumladan, sobiq deputat Rasul Kusherboyev holatga munosabat bildirar ekan tafsilotlar ochiqlanishi shartligini yozadi.
“Gazprom” bilan kelishuvning barcha tafsilotlari ochiqlanishi shart! Xalq shunga qarab baho beradi: mamlakatni, suverenitetni sotishdimi yo‘qmi?
Ochiqlanmagan taqdirda bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqqa qilingan yashirin xoinlik, deb xulosa qilishga olib keladi”, deydi Rasul Kusherboyev.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev hujjat imzolanganiga o‘z munosabatini bildirar ekan, “Xullas, qudratimizga shubha qilsang, boshimizni qumga tiqib olishimizga boq”, deb kinoya ham qilgan.
“O‘zbekiston Energetika vazirligi “Gazprom” bilan nimadir imzolagani ma’lum bo‘lganiga bir sutka bo‘lyapti, Xudo xohlasa. Lekin vazirlik tomonidan ham, hokimiyat yo hukumat nomidan gapirish vakolatiga ega bo‘lgan boshqa biror rasmiy idora yoki shaxs tomonidan ham imzolangan narsaning biror tafsiloti oshkor qilingani yo‘q. Bu – aynan mavhumlik ortidan ijtimoiy tarmoqlarda “mustaqilligimiz ketdi”, “yana Rossiyaga qulmiz” degandek xavotirli chiqishlar bo‘layotgan bir vaqtda – “ortga qaytmas” deya e’lon qilingan balandparvoz ochiqlik-oshkoraligimizga bir munosabat. Xullas, qudratimizga shubha qilsang, boshimizni qumga tiqib olishimizga boq”, deydi Muhrim A’zamxo‘jayev.
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov ham o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida Energetika vazirligi va “Gazprom” o‘rtasida imzolangan “yo‘l xaritasi” haqida yozarkan, vazirlik uning mazmunini jamoatchilikka ochiqlashini aytib, “yo‘l xaritasi” huquqiy jihatdan tomonlarga hech qanday majburiyat yuklamasligini ham qo‘shimcha qilgan
.
“O‘zbekiston energetika vazirligi va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning imzolangani ijtimoiy tarmoqlar faollari va jamoatchilikda savollarni uyg‘otdi.
Ya’ni energetika tizimi mustaqilligiga tahdid deya qaralayotgan “Gaz ittifoqi” loyihasi tomon qadam sifatida talqin qilinmoqda.
Avvalo, Energetika vazirligi mazkur “yo‘l xaritasi”ning umumiy mazmuni haqida jamoatchilikka xabar berishi lozim deb hisoblaymiz. Kelgusida bunday hujjatlar haqidagi ma’lumotlar, avval vazirliklarimiz rasmiylari tomonidan e’lon qilinishi kerak.
Shu bilan birgalikda, huquqiy jihatdan, “yo‘l xaritasi” tomonlarga hech qanday majburiyat yuklamaydi, huquqiy oqibat tug‘dirmaydi. Tomonlarning hamkorlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirishga xizmat qiladigan hujjat turi hisoblanadi”, degan “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.
Jurnalist Shuhrat Latipov esa Energetika vaziri jurnalistlar bilan uchrashgani va hujjatlar tijoriy sir ekani aytilganini yozadi.
“Shu masala yuzasidan bugun Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning shaxsan o‘zi jurnalistlar bilan uchrashdi. Bu uchrashuvda men ham qatnashdim. Bir so‘z bilan aytganda, hujjat tijorat siri bo‘lgani uchun e’lon qilinmayapti.
Uning ishontirishicha, tomonlar Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit yo‘li bilan faqat tijorat gazini yetkazib berishni muhokama qilmoqda. Gap gaz uzatish tizimi haqida ketayotgani yo‘q, davlatlar hozircha quvurlar imkoniyatlari va quvvatlarini o‘rganadilar, shundan keyingina yetkazib berish narxini muhokama qiladilar”, deydi jurnalist Latipov.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bir vaqtlar “Lukoyl” kompaniyasi bilan imzolangan hujjatlar va ularning shartlari ham ochiqlanmagandi. O‘tgan yilning 17 noyabr kuni Energetika vaziri o‘rinbosari, ya’ni sobiq o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev imzolangan hujjatlar tijoriy sir sabab e’lon qilinmaganini aytib o‘tgandi.
“Shartnomani maxfiy qismlari ham bor. Lekin hujjatlar O‘zbekiston qonunchiligiga asoslangan holda tuzilgan. Agar shartnomada qonunchilikka zid qandaydir normalar bo‘lsa, korxona faoliyat olib borolmas edi. Shartlarning ochiqlanmasligi davlat emas, tijorat siri xisoblanadi”, deydi Sherzod Xo‘jayev.
Turli e’tirozdan so‘ng va nihoyat Energetika vazirligi tilga kirib, imzolangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, tomonlar o‘rtasida tuzilgan ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarni va o‘rganishni kelishib olganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng, Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlar muhokama qilinadi.
“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, olib borilgan muzokaralar hamda “yo‘l xaritasi”da O‘zbekistonning mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gaz zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan. Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, deyiladi xabarda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov munosabat bildirib, kelishuv tafsilotlarining ochiqlanmagani bu sir emas, aksincha biznes odobi ekanini aytib, “Gazprom”ning yonini oldi.
“Energetika va Tashqi ishlar vazirlari bilan “Gazprom” “yo‘l xaritasi” tafsilotlarini gaplashdim. Bu insonlar murakkab davrda mamlakatimiz manfaatlari uchun jiddiy va foydali ishlar qilishmoqda. Bu ish milliy manfaatlarimizga zarar emas, aksincha yaxshigina foyda keltirmoqda. Ko‘p tomonlama bo‘lgan bu kelishuv tugallansa, batafsil axborot beriladi, bu biznes odobi, sir emas!” degan u o‘zining Telegram sahifasida.
Shuningdek, u mazkur mavzu yuzasidan tanqidiy fikr bildirganlarni “O‘zbekiston manfaatiga zid yo‘nalishda ishlash”ga yo‘ygan.
“So‘z erkinligi birinchi navbatda mas’uliyatdir. “Yo‘l xaritasi” bilan “shartnoma”ni farqlay olmaydiganlar xalq manfaati uchun kurashayotgan mas’ullarni xoinlikda ayblashi, bilib yoki bilmay O‘zbekiston manfaatiga zid yo‘nalishda ishlashga o‘xshab qolayapti”, deya qo‘shimcha qilgan u.
LiveBarchasi