Davlat xavfsizlik, chegara, iqtisodiyotga e’tibor bergan, ta’limga emas - Xalq ta’limi vaziri
Intervyu
−
07 dekabr 2022
10326So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar maktab o‘qituvchisi va o‘quvchilari o‘rtasidagi nizolar bilan to‘lmoqda. Maktabdagi kitob, forma, fond kabi muammolar ham bundan holi emas. 2021 yilning 18 noyabr kuni Xalq ta’limi vaziri sifatida ish boshlagan Baxtiyor Saidov ta’limdagi uzoq yillik muammolar haqida gapirarkan, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan kunlarining ilk yillarida ta’limga yetarli e’tibor berilmaganiga to‘xtaldi. Shuningdek, u hozirgi kundagi tizim muammolarini ham sanab o‘tdi.
“Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, kamchilikdan holi emasmiz. Bugungi kunda Xalq ta’limida infrastruktura bilan bog‘liq muammolar bor. Masalan, 10 130 ta maktabning 2000 dan ortig‘ida infratuzilma muammosi mavjud. Albatta, bu bir emas, bir necha yillarda yig‘ilgan muammo. 1991 yilda mustaqillikka erishib, kerak bo‘lsa 2016 yilgacha Xalq ta’limiga yetarli darajada mablag‘ ajratilmagan. Ya’ni, tizimning infrastrukturasini rivojlantirishga e’tibor berilmadi.
Bugungi kunda manaman degan mamlakatlarda ham 10 mingdan ortiq maktab yo‘q. Yana bir og‘riqli nuqtamiz, maktablardagi yetishmovchilik. Ko‘p maktablarimizda koeffitsiyent yuqori. Yana bir marotaba qaytaraman bu muammolar bugun paydo bo‘lgani yo‘q. 1991 yildan keyin ta’limga nisbatan e’tiborning yetarli bo‘lmaganidan yuzaga kelgan”, deydi vazir.
Xalq ta’limida 503 ming pedagog faoliyat olib borishi haqida aytgan vazir, avvalgi tizim yoki undagi odamlarni ayblash niyati yo‘qligi, o‘sha davrda yuzaga kelgan muammolarning barchasi davr va undagi vaziyat bilan bog‘liq bo‘lganini urg‘uladi.
“Men biz oppoqmiz, oldingi odamlar aybdor demoqchi emasman. Bu ham o‘sha yillardagi vaziyatga bog‘liq bo‘lgan. Davlat u vaqtda xavfsizlik, chegara, iqtisodiyot yoki qishloq xo‘jaligiga e’tibor bergan. Ta’lim chetda qolgandir. Haqiqatan, bu bo‘lgan voqea. Bu ham bir davr. Hozir vaziyat boshqacha. Bu yilni misol qilib keltirsak, 2022 yilning o‘zida 791 ta maktab ta’mirdan chiqdi. 55 ta maktab qaytadan qurildi”, deydi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov.
LiveBarchasi