Siz aytayotgan O‘zbekistonda yashagim kelyapti - Barnogul Sanaqulova

Jamiyat

Kecha, 6 dekabr kuni Toshkent shahri markazida “Zo‘ravonlikka qarshi kurash” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalqaro tashkilot vakillari, Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva, vazirlar, Oliy sud raisi va boshqa bir qancha jamoat faollari, shuningdek, ayollar huquqlari himoyachilari ishtirok etdi. 140 dan ortiq ishtirokchi bilan boshlangan konferensiya yig‘ilganlarning nutqini tinglash bilan davom etdi. 

So‘zga chiqqanlar orasida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ham bor edi. Ayollarning huquqlari, ularga yaratilgan sharoit, zo‘ravonlik bilan kurashishda olib borilgan islohotlar haqida silliq nutq so‘zlagan Mahkamova tanqidlardan qocha olmadi.

Tadbirning ikkinchi qismida zaldagi 50 dan oshiq qatnashchi orasidan konferensiya ssenariysiga o‘zgartirish kiritish va so‘z olish taklifini bergan Iqtisodchi Barnogul Sanaqulova Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va bu yo‘lda qilinmayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

Sanaqulova Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisiga qarata “Siz gapirib bergan O‘zbekistonda yashagim keldi” deya gap boshladi. Qo‘mita raisini o‘zi bajargan ishlarga o‘zi baho berishda ayblab xalq tomonidan turib munosabat berishini alohida urg‘uladi.

“Siz gapirib bergan O‘zbekistonda yashagim keldi. O‘zingizni faoliyatingizga o‘zingiz baho berish bilan shug‘ullanyapsiz. Men esa xalq tarafida turib, bugungi real holatni gapirib bermoqchiman. Bilasizmi, biz nimaga erishdik? Biz, “Ayollar daftari”ni yaratdik. Ayollarimiz bu daftardan chiqqisi kelmay qoldi. Siz, boqibeg‘am, boqimondalik kayfiyatini kuchaytiruvchi daftarni yaratdingiz. “Ayollar daftari”da turadiganlar tikuvchilikni bilmasada tikuv mashinasini beryapsiz. U siz bergan mashinani olsa, ma’lum bir ijtimoiy ko‘maklardan quruq qolishini aytmoqda. Gap Siz yaratgan daftar haqida ketyapti.

Siz shunday tizim yaratdingiz-ki, eri chopib tashlashidan bir kun oldin, bog‘chaga kelgan ayol, siz yaratgan tizim xodimlarining chidash, yarashib ketish haqidagi gaplarini eshityapti. Ming afsus, ertasiga eri uni pichoqladi.

Siz shunday tizimni yaratdingiz-ki, bir oilaning qizi ikki nafar o‘qituvchi tomonidan zo‘rlandi va bu oila bilan hech kim shug‘ullanmadi. Chunki oila hech kimga qiziq emas. Siz aytgan O‘zbekistonda u oila mavjud emas.

Siz shunday tizim yaratyapsiz-ki, Ommaviy axborot vositalari quruq tanqiddan tashqari, muammolar yechimini ham beryapmiz.  Oson, arzon, tez hal bo‘ladigan yechim berilyapti sizlarga. Ammo Siz, kar-ko‘r rejimini yoqib olib jimgina yashashda, ishlashda davom etyapsiz” dedi Barnogul Sanaqulova.

Iqtisodchiga ko‘ra, u hozirgi kunda “real” ish qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov “komandasi”dan yordam so‘ragan. Afsuski, bu murojaatni boshqacha talqin qilishga urinishlar ham bo‘lgan. Shuningdek, Sanaqulova zo‘ravonlik qilganlik uchun jazolarning yengilligiga ham to‘xtalarkan, qonunchilikdagi bu javobgarliklar zo‘ravonlar tomonidan yozilgandek tuyulishiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Siz shunday tizim yaratyapsiz-ki, bu tizimda zo‘ravon bilan hech kim ishlamaydi. Zo‘ravon xohlagan ishini qilishiga Qonunchilik imkon beradi. Biz qonunchilikni monitoring qilganimizda, qonunlarni zo‘ravon yoki uning advokati yozganga o‘xshaydi.  Ayolga zo‘ravonlik qiladi va 1,5 - 3 yilda chiqib keladi yoki “shtraf”lar bilan qutilishi mumkin. Qarabsizki, u yana zo‘ravonlik qilishda davom etadi. Prezident har qanday qaror, qonun yoki farmonga qarab o‘tirmasdan ham imzo chekadi. Buning ortidan istagan pulimizni so‘raymiz.

May oyidan buyon zo‘ravonlik masalaga taalluqli bo‘lgan qonunchilikni monitoring qildik, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun hujjati tayyorlab qo‘yildi. Nega qabul qilinmayapti? 25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kunida qonunni bizga sovg‘a qilasiz, deb o‘ylagandik, afsuski, bu masala ham ochiq qoldi. Bugun bir oyda yettita ayol chopib, urib, sindirib tashlanyapti. Ammo xotin qizlar qo‘mitasi saytida biror ma’lumot berilgani yo‘q. Hamma bu haqda bong urayotgan bir vaqtda siz shaxsiy munosabatingizni bildirmayapsiz, Siz nimani kutyapsiz?” dedi tanqidiy chiqishini davom ettirgan Sanaqulova.

Shuningdek, u Zulayho Mahkamovani ko‘rgazma, tadbirlarda rasmga tushish faqat o‘yin-kulgilardan ortmaslikda ham aybladi. U so‘zida davom etarkan, qo‘mita raisining silliq chiqishlari Prezident siyosatiga shubha uyg‘otishga sabab bo‘lishini ham yashirmadi.

"Nima uchun doim bayram, ko‘rgazma yoki o‘yin-kulgilardan ortmaysiz? Men bir narsani ta’kidlamoqchiman, bu chiqishlar ortidan Prezidentning siyosatiga shubha uyg‘otyapsiz. Aktiv bo‘lgan, aqli yetgan ayollar ko‘tarilish arafasida turibmiz. Chunki biz, jim qarab tura olmaymiz”, dedi Barnogul Sanaqulova.

Tanqidlardan so‘ng, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova bosiqlik bilan so‘z olarkan, bildirilgan e’tirozlar uchun rahmat aytdi.

“Bizning faoliyatimizga e’tiboringiz, xotin-qizlar manfaatiga yaqindan yordam berish istagi va butun bir jamiyatimizdagi bo‘layotgan o‘zgarishlarda faol ishtirokchi ekkanligingizdan juda ham xursandman. Zo‘ravonlik bo‘yicha hali ishlarimiz “zo‘r, qoyil qildik” deb ma’lumot bermadik. Qiladigan ishlarimiz ko‘p.

Qolaversa, O‘zbekistonda chiqarilayotgan farmon, qarorlarni, hamma bilishi maqsadida mahallabay, oilabay ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganmiz. Tashkilotlar bilan quyi tizimda ishlayapmiz. Bu siz aytgandik, tadbirlar emas.

To‘g‘ri, boqimandalik kayfiyatidan chiqarish to‘g‘risida gapiryapsiz. Biz o‘tgan yilgi ayollar daftariga kiritilganlarga yordam berdik. Hozir esa, ularni oilaviy daromadlari borligi, oiladagi muhit sog‘lomlashganini ko‘ryapmiz. Biz ayollar daftariga boquvchisi yo‘q, nogironligi bor, ikkita uchta farzandi nogiron bo‘lib bitta oilada yashayotgan, yoki bugun  og‘ir sharoitdan chiqib ketishga muhtoj bo‘lgan oltita yo‘nalishda qaror bilan belgilab qo‘yilgan oilalarga yordam beryapmiz.

Siz aytgandek, maktablarda, qizlar bilan ishlashda yoki oilada ularga "chidash kerak" degan eski stereotiplarni uqtirishdan yiroqmiz. Biz bu tizimni yaratgan emasmiz. Inson qadri ulug‘langan yurtda, sizni va bizni maqsadimiz, yurtimiz bir, Prezidentimiz bir, xalqmiz bir, siz ham men ham xalqqa xizmat qilishni istaymiz. Sizdagi bilim tajriba ana shunday yuqori mas’uliyat biz uchun judayam muhim. Biz qo‘mita yonida mana shunday ayollar borligidan faxrlanamiz. Yuqorida siz sanagan kamchilik, yo‘l qo‘yilgan muammolarni bartaraf etishda yaqindan birgalikda ishlashga chaqiramiz”, deydi Zulayho Mahkamova.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

257

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing