QALAMPIR.UZ'da yangi loyiha “JAQQA JAVOB”: UzAuto Motors'ning cheksiz va’dalari
Tahlil
−
04 dekabr 2022
24725Va’da – o‘zbek izohli lug‘atida “nimadir qilish-qilmaslikka berilgan so‘z”, deb izohlangan. Gap tuzilganda holatga qarab, “va’dasini bajardi”, “va’dasida turdi”, “va’daga vafo qildi” deb ham qo‘llaniladi.
Xalqda “va’da – quruq, bajarilsa ulug‘”, degan maqol bor. Chunki, “va’da” so‘zi “quruq va’da”, “va’daga vafo qilmadi”, “va’daboz”, “va’dasidan qaytdi” yoki “va’dasini bajardi”, kabi so‘zlar bilan ham ishlatiladi. Bir qarashda izohli lug‘atning bu qismi O‘zbekistondagi ayrim amaldorlarga qo‘llash uchun yozilgandek tuyuladi.
QALAMPIR.UZ'da yangi VA'DA yoxud JAQQA JAVOB loyihasini taqdim etadi. Bu loyihada va’da berib so‘zida turmagan, topshiriq olganda “xo‘p” deb bajarmaganlar haqida hikoya qilinadi.
Bizning ilk "qahramon"imiz ma’lum va mashhur, “o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas” – UzAuto Motors.
"O‘zavtosanoat"dan norozi Prezident
2018 yilning 26 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirish”ga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgandi. Sohada mahalliylashtirish, avtomobillarni aholiga tez va sifatli yetkazib berish masalasiga to‘xtalib, “avtomobil sanoatining rivojlanishi meni mutlaqo qoniqtirmaydi”, deb aniq aytgan Prezident sohadan va rahbarlardan norozi ekanini ham yashirmadi.
Mirziyoyev “O‘zavtosanoat” kompaniyasi boshqaruvi raisi Umidjon Salimov egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgani va uning o‘rnini Bosh prokuratura tizimida faoliyat olib borgan Shavkat Umurzoqov egallaganini malum qilgan.
“O‘zavtosanoat” raxbarlari bergan va’dalar
Oradan bir oy o‘tib, “O‘zavtosanoat” kompaniyasi boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov ochiqlikni ta’minlash maqsadida OAV orqali anchagina muammolarni sanab o‘tdi. Lavozimga tayinlanganiga bir oy bo‘lgan Umurzoqov tizim botqoqqa botgani ishlab chiqarish hajmi talab darajasida emasligiga ham to‘xtalgan.
“Prezident davlat manfaati va xalq roziligi uchun tizim yaratish kerakligini aytdi. O‘tgan bir oy ichida tizimni o‘rgandim. Haqiqatan ham muammolar ko‘p. Xalqning noroziligini o‘zimga bildirilgan qattiq e’tiroz deb bilaman”, degan “O‘zavtosanoat” raisi Umurzoqov.
Avtomobil narxlarining yuqoriligi sabablariga to‘xtalgan “O‘zavtosanoat” rahbari, sohada o‘zgarish bo‘lishiga va’da bergandi.
Va’da beraman 2019 yildan mashinalarga turli xil chegirmalar bo‘ladi, narxlarni pasaytirishga harakat qilamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan barcha e’tirozlarni qabul qilaman. To‘g‘ri deb bilaman. 2019 yilda bu tizimda o‘zgarish bo‘lganini, albatta, sezasizlar. Tizim mutlaqo o‘zgaradi”, degan “O‘zavtosanoat” kompaniyasi boshqaruvi raisi 2018 yilda.
Bu chiqishda nafaqat“O‘zavtosanoat” raisi, balki uning o‘rinbosarlari ham o‘zgarishlar bo‘lishi haqida so‘z bergan. Ular xalqning “O‘zavtosanoat”ga nisbatan barcha e’tirozlari asosli ekanini aytarkan, 2019 yildan ko‘p kamchiliklar bartaraf etilishini va’da qilgan.
Shuningdek, “Uzavtosanoat” rahbari 2018 yilning 22 sentyabr kuni Gazeta.uz nashriga bergan intervyusida, dillerlar bir nechta avtosalonda navbatda turib, ko‘pgina mashinalarni sotib olishi ham mijozlarga avtomobili vaqtida yetib bormasligiga sabab bo‘lishini urg‘ulagan.
“Hozir bir xaridor 10-20 ta avtosalonda navbatda turganini ko‘rish mumkin. Bular dilerlar. Bunday odamlarni navbatlardan olib tashlaymiz, bu esa avtomobillarni yetkazib berish muddatini qisqartiradi va bizga haqiqiy navbatlar, haqiqiy xaridorlarni beradi. 2019 yilning ikkinchi yarmigacha bunday holatlar kuzatilmaydi. Talabdan kelib chiqib, ayrim mashinalar biroz kechikish bilan yetkazib berilishi mumkin, ammo hozirgidek katta vaqt oralig‘i bo‘lmaydi”, degan Shavkat Umurzoqov.
Eh, va’dalar, va’dalar. Bugungacha berilgan va’dalarning qanchasi bajarildi, qanchasi bajarilmadi, bunga keyinroq to‘xtalamiz. Achinarlisi, UzAuto Motors rahbarlari nafaqat bergan va’dalarini bajarmadi. Balki, Prezident topshiriqlarini ham amalda tatbiq etishni unutib qo‘yishdi.
Prezident topshirig‘i
Joriy yilning, 14 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022 yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda, 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish, hamda UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizgacha pasaytirish vazifasini bergandi.
Shuningdek, Mirziyoyev “O‘zavtosanoat” AJ raisi Shavkat Umurzoqov zimmasiga bir hafta muddatda avtomobil savdosida ochiq-oshkora va inson omilidan holi tizimni yo‘lga qo‘yib, sun’iy navbatlar va korrupsion holatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun shaxsiy javobgarlik yuklagandi.
Bu topshiriqlar berilganiga yaqinda bir yil bo‘ladi. Lekin davlat rahbari aytgan muammolar bir emas, bir necha yildan beri mavjud.
Berilgan va’dalar yoki bajarilmagan topshiriqlarни “O‘zavtosanoat” rahbarlari unutgan bo‘lishi mumkin, ammo odamlar, mashinaga topganini to‘lab yillab kutayotgan qora ko‘zlar unutgani yo‘q.
Va’dalarini unutgan, Prezident topshirig‘ini bajarmayotgan UzAvto Motors
Berilgan va’dalardan biri, davlat manfaati va xalq rozi bo‘ladigan tizim yaratish. Xo‘sh, odamlar rozimi?
“UzAuto Motors ishlab chiqargan mashinalarning sifati talabga javob bermaydi. 2021 yilda 87 mlnga Damas sotib oldim. Hali hech qancha bo‘lmasdan bir necha marotaba usta ko‘rdi. Necha bor balon almashtirdim, usta haqqi ham palon-pul”.
“Bu kompaniya ishlab chiqargan avtomobillar talabga javob bermaydi”.
“Gapirgandan nima foyda? Gapirgan bilan hech narsa o‘zgarmaydi”.
“Pul to‘lab qo‘yasiz, bir yil kutasiz. Nimasidan rozi bo‘lish kerak?”
“UzAuto Motors faoliyatidan norozimiz. Gentra'dan lyuk yoki ABS tormoz olib tashlanishi... Xalqni o‘ylagan kompaniya avtomobil tormozini bu holatda chiqarmaydi. Bu holatda nimaga rozi bo‘lishimiz kerak?”.
“Odamlar 2018 yildan avval ham, undan keyin va hozir ham bu kompaniya faoliyatidan rozi emas. O‘z-o‘zidan ko‘rinadiki, bu va’da hali bajarilmadi.
Oxiri ko‘rinmayotgan navbatlar
Avtomobil sotib olish maqsadida UzAuto Motors saytiga kirsangiz, navbatlar borligiga guvoh bo‘lasiz.
• Birgina Chevrolet Cobalt’ning oq rangi uchun 33 mingdan ortiq navbat bor.
• Chevrolet Tracker 2 avtomobilining birgina qora rangini kutayotganlar soni – 7802 nafar;
• Malibu 2'ning qora rangi uchun 364 ta navbat;
• Chevrolet Lacetti uchun 30 mingdan ortiq;
• Equinox avtomobilini kutayotganlar son 400 dan ortiq;
• Doim trendda bo‘lgan va savdosi tushmaydigan Damas avtomobili uchun navbat kutayotganlar esa 52 mingdan ortiqni ko‘rsatmoqda.
Yuqoridagi navbatlar bir modelning bor yo‘g‘i bir rangi uchun.
Saytda bir nechta avtomobilning sotuvda borligini ko‘rish mumkin. Afsuski, avtosalon operatori texnik xatolik yuzaga kelgani, hozirgi vaqtda hech qanday avtomobil sotuvda yo‘qligini ma’lum qildi.
Oxirgi kunlarda avtomobili vaqtida yetkazib berilmayotganidan norozi bo‘lgan fuqarolar soni ko‘paymoqda. Mashinasi shartnomada yozilgan vaqtda taqdim etilmagani haqida kompaniyaga e’tiroz bildirgan mijoz, shartnomada “avtomobilni belgilangan muddatda olishingiz mumkin”, deb yozilgani, bu – “aniq olasiz”, degani emas, mazmunidagi javobni olmoqda.
Yillik rejani bajarib butlovchi qisimsiz qolgan UzAvto Motors
Yodingizda bo‘lsa, UzAvto Motors 2022 yilning birinchi yarim yilligida 160 ming dona avtomobilni ishlab chiqarib Prezident topshirig‘i bajarilgani haqida jar solgandi.
Noyabr oyiga kelib ham necha minglab xaridor avtomobilini kutib charchayotgan bir vaqtda, UzAvto Motors yangi rekord ko‘rsatkich qayd etilgani va 2020 yildagi tarixiy yillik rekordga erishilib, avtozavod konveyeridan 280 minginchi avtomobil chiqqanini aytdi.
Bunday olib qaraganda, odamlarga bir yilda qancha mashina ishlab chiqarilgani yoki rekord masalasi qiziq emas, fakt shuki – navbatlar hali ham bor.
“Dunyo standarti bo‘yicha 4-5 yilda avtomobilning modifikatsiyasi o‘zgaradi. Bizda oldinlash o‘rniga orqaga ketishyapti”.
“Pulni naqd to‘lagandan keyin mashinani ham olish kerak”.
Ijtimoiy tarmoqlarda tayyor “Chevrolet” avtomobillari saqlanayotgan omborning suratlari tarqalgani yodingizda bo‘lsa kerak. Unda tayyor avtomobillarni ko‘rish mumkin. Bu holatga izoh bergan UzAvto Motors yillik ishlab chiqarish rejasini allaqachon ortig‘i bilan bajarganini aytib, buning ortidan xorijiy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilgan butlovchi qisimlar ham muddatidan oldin ishlatilganini bildirgan.
“Konveyerlar va ishchilarning ishi to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi munosabati bilan kompaniya komponentlari to‘liq bo‘lmagan avtomobillarni ishlab chiqarishga qaror qildi. Avtomobil ishlab chiqarish zanjiridan to‘liq o‘tadi va yetishmayotgan detalsiz omborda qoladi. Komponentlar yetkazilgandan so‘ng, avtomobil texnologik jarayonga qaytariladi va ishlab chiqarish tugallanadi.
Hozirgi paytda kompaniya komponentlari to‘liq bo‘lmagan avtomobillarni saqlab turish uchun maxsus joylarni ijaraga olgan. Kompaniya, shuningdek, mikrochiplarni yetkazib berishning qo‘shimcha hajmlari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Jahonda mikrochiplarning global taqchilligi hisobga olinsa, bu juda qiyin vazifa.
Detallarning kirgan partiyasi zudlik bilan to‘liq jihozlanmagan avtomobillarga o‘rnatiladi, shundan so‘ng ular o‘z mijozlariga topshiriladi”, deyiladi kompaniya rasmiy bayonotida.
“Uzavtosanoat” rahbarlari ishlab chiqarishni oshirish, navbatlarni yo‘q qilishga va’da bergandi. Prezident esa navbatlarni bataraf etib, odamlarni rozi qilish topshirig‘ini bergan.
Kompaniya yillik yo asrlik rekordni yangilashi mumkin, lekin ular ishlab chiqargan avtomobillar birgina butlovchi qisim ortidan omborxonada chang bosib turibdi va xaridorga vaqtida yetkazib berilmayapti.
Bir so‘z bilan aytganda, navbatlar masalasida va’da va’daligicha, topshiriq topshiriqligicha qolmoqda.
Avtomobillar uchun oldindan to‘lov qancha?
Prezident UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizgacha pasaytirish topshirig‘ini ham bergandi.
Avtosalon xodimlarining aytishicha hozirgi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan ayrim avtomobillar uchun 50 foiz, Chevrolet Malibu, Chevrolet Equinox, Chevrolet Traverse, Chevrolet Trailblazer, Chevrolet Tahoe kabi avtomobillar uchun 85 foizlik oldindan to‘lov amalga oshiriladi.
UzAuto Motors bizga nima berdi?
Soha faoliyati tahlil qilinsa, yaqin 3-4 yil ichida mijozni lol qoldiradigan biror o‘zgarish bo‘lganini ko‘rmaysiz.
Oxirgi yillarda o‘rta qatlam sotib olishi mumkin bo‘lgan, Spark, Matiz, Chevrolet Nexia 2 kabi xaridorgir avtomobillarni ishlab chiqarish to‘xtatildi. Bu degani yo pul topib qimmatidan xarid qilish kerak, yo avtobusda yurgan ma’qul.
Avtomobillarning narxi kundan kunga oshib borarkan undagi sifat va qulaylik ham yuqorilashi o‘rniga, ayrim kerakli detallar mashinadan olib tashlanyapti. Gentra’dan magnitofon yoki ABS tormozning olib tashlanishi bunga oddiy misol.
Advokat Kamoliddin Abdumalikovich UzAuto Motors xaridorga taqdim etadigan shartnomalarga to‘xtalar ekan, shunday deydi:
“Kompaniya taqdim etgan shartnomada avtomashinani yetkazib berish uchun bir emas, uchta muddatni ko‘rishingiz mumkin.
Birinchisi xarid jarayonida aytilgan, deylik hozir kompaniya saytida yozilgan bir yillik muddat.
Ikkinchisi, +45 ya’ni ma’lum sabablar bilan avtomobilingizning 45 kunga kechikishi.
Uchinchisi, agar siz bir yil davomida o‘zingiz va oradan ma’lum vaqt o‘tib, turmush o‘rtog‘ingiz uchun shartnoma tuzsangiz, o‘zingiz uchun olishingiz kerak bo‘lgan avtomobilingiz muddati +120 kunga cho‘ziladi. Bu mijoz manfaatlarini oyog‘osti qilish, uning huquqlariga o‘t qo‘yish hisoblanadi.”, deydi advokat Kamoliddin Abdumalikovich.
2018 yilda "O‘zavtosanoat" boshqaruvi raisi etib tayinlangan Shavkat Umurzoqov ishga kirishganining ilk kunlardanoq xalq rozi bo‘ladigan tizim yaratish, navbatlarni yo‘q qilish va korrupsiyasiz tizimni yo‘lga qo‘yish uchun bergan va’dalardan tortib, yillar davomida davlat rahbariga xo‘p degani va Prezident topshiriqlarini bajarishga va’da berganiga guvoh bo‘ldingiz.
Ammo va’dalarning ijobatiga guvoh bo‘lasizmi, yo‘qmi buni bilmaymiz. Xulosa qilishni o‘zingizga qoldiramiz. Va’da berib so‘zida turmagan, topshiriq olganda “xo‘p” deb bajarmagan amaldorlarni izohlarda yozib qoldiring.
QALAMPIR.UZ' taqdim etayotgan yangi, VA'DA yoxud JAQQA JAVOB loyihasining ilk sonini You Tube sahifasida tomosha qiling.
LiveBarchasi