Putin va Mirziyoyev, Ukraina va O‘zbekiston, Afg‘oniston tahdidi. “Juda shubhali diplomat” bilan suhbat

Intervyu

QALAMPIR.UZ Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot bilan maxsus intervyu tashkil etdi. Elchining O‘zbekistonning xalqaro qiyofasi, inson huquqlari bilan bog‘liq holat, mamalakatdagi islohot jarayonlari bilan bog‘liq vaziyat borasida bergan javoblarini e’tiboringizga havola etamiz.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Shahzod Nusratullayev, muxbir: — Salom, qadrli elchi janoblari!

Tim Torlot, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi: — Xayrli tong!

Sh.N.: — Ushbu uchrashuvni tashkil etish borasidagi taklifimizni qabul qilganingiz uchun tashakkur. Siz bilan birga bu yerda ekanligimizdan juda xursandmiz. Siz muhtaram janob bilan ushbu intervyuni o‘tkazish biz uchun sharaf. 

T.T.: — Rahmat. Nashringiz QALAMPIR.UZ, uni kuzatib boruvchi auditoriya juda yaxshi. Bu uchrashuvni tashkil etishga ancha vaqt kerak bo‘ldi va bu kechikish aybdori menman. Ammo ushbu tong siz bilan suhbatlashib turganimdan mamnunman.

Sh.N.: — Katta rahmat, biz bu yerga turli mavzular, jumladan, O‘zbekistondagi siyosat va ijtimoiy hayotga oid ko‘plab savollar bilan keldik. Shu tariqa, sizga ilk savolimizni yo‘llasak. Sizningcha, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning xalqaro qiyofasi qay darajada o‘zgardi? Bu boradagi fikringiz?

T.T.: — Menimcha, o‘z vatanimdan kelib chiqib gapirganim ma’qul. Rostini aytsam, bizda ko‘pchilik O‘zbekiston qayerda ekanligini ham bilmaydi. Do‘stlarim va oilamga O‘zbekistonga ketayotganimni aytganimda, deyarli hamma shu nomdagi mamlakatni xaritadan izlashga tushib ketdi. O‘ylaymanki, bu holat biroz ta’bni xira qiladi. 2016 yilgacha O‘zbekistonning inson huquqlari toptalgan, aholisi kambag‘al va yopiq avtokratik jamiyatga ega bo‘lgan davlat sifatidagi qiyofasi bor edi. Bunday imijni esa hech bir davlat xohlamaydi. Ammo 2016 yildan beri hamma-hammasi katta sur’atlarda o‘zgardi va o‘zgarishda davom etmoqda. Bunga ko‘plab omillar hissa qo‘shgan, deb ayta olaman. Avvalo, nafaqat qo‘shnilaringiz va eng yaqin hamkorlaringiz bilan, balki boshqa ko‘plab xalqaro siyosat o‘yinchilari bilan ham yaqin munosabatlar o‘rnatishga intiladigan prezident va uning hukumati. Chegaralaringizni va savdo-tijoratingizni biz sari – dunyoga tobora ochish. Menimcha, shu ikki omil tufayli O‘zbekiston o‘z imijini o‘zgartirishda ulkan yutuqlarga erishmoqda. Mamlakat xalqaro qiyofasidagi bu o‘zgarishlar Britaniya ommaviy nashrlarida, televideniyesida kichik-kichik lavhalar bilan yoritib borilmoqda. Siz ham mening fikrlarimni tasdiqlay olasiz. So‘nggi ikki yil ichida bizda Ipak Yo‘li loyihasi doirasida uch xil dastur namoyish etilmoqda, ular dunyoning ushbu qismi (O‘zbekistan) tarixi haqida hikoya qiladi, odamlarga bu mamlakatning ajoyibotlarini ko‘rsatadi. 

Shuningdek, O‘zbekistondagi savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarga ishbilarmonlarimizning qiziqishi ortib bormoqda. Darhaqiqat, biz GSP+ muqobil dasturi orqali, shuningdek, turizm va madaniy almashinuv harakatlari orqali o‘zbek biznesi uchun o‘z bozorlarimizni ochdik. Biz bu yerda Britaniya Konsulligi (British Council) faoliyati orqali ijodiy sohalaringizni rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘lida ko‘p mehnat qildik. Mamlakatga kelayotgan sayyohlar soni ortib borayotganini ko‘ryapmiz. O‘ylaymanki, toki bu islohot jarayonlari davom etar ekan, butun dunyoga an’anaviy o‘zbekona xushmuomalalik taqdim etish davom etar ekan, harakatlarimiz ham bardavom bo‘ladi. Bu haqiqatan ham muhim o‘sish nuqtasidir.

Sh.N.: —  Rahmat, endi xalqaro voqealarga ham biroz to‘xtalsak. Biz bilamizki, Buyuk Britaniya Ukraina-Rossiya urushida Ukraina tomonini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ukrainadagi urush va unga nisbatan O‘zbekistonning pozitsiyasi Buyuk Britaniya va O‘zbekiston munosabatlariga qanday ta’sir qilishi mumkin?

T.T.: — Birinchidan, biz O‘zbekiston Rossiya bilan an’anaviy mustahkam aloqalarga ega ekanini tushunamiz. Rossiya sizning birinchi yoki ikkinchi darajali savdo hamkoringiz. Rossiyada ishlagan va ishlashda davom etayotgan o‘zbeklar ko‘p. Ukraina bilan ham bir qadar moliyaviy aloqalaringiz bor. Mazkur urushga nisbatan O‘zbekiston tashqi siyosati betaraflik pozitsiyasini tanladi. Biz buni tushunamiz va hurmat qilamiz. Biroq, o‘ylashimcha, urush davom etar ekan, Rossiyaning xatti-harakatlari bu betaraflik muhitini qattiq sinovdan o‘tkazmoqda. Bu ekspansionist ritorikasiga urg‘u berayotgan, Ukraina ortidagilarga xavf solishi mumkin bo‘lgan sobiq Sovet Ittifoqini qayta tiklashga urinayotgan Rossiya Prezidenti rejalari bilan bog‘liq. Rossiyaning urush davridagi harakatlari, vahshiyliklar, fuqarolik infratuzilmasiga qilingan hujumlar, Ukraina fuqarolarini majburan ro‘yxatga olish, harbiy jinoyatlar, yadro qurolidan foydalanish bilan bog‘liq chakana bo‘lmagan tahdidlar – bularning barchasi O‘zbekiston hukumati uchun chuqur tashvish uyg‘otadi. Va bu betaraflik pozitsiyasini qattiq sinovdan o‘tkazadi.

Sh.N.: — So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston Afg‘onistonda iqtisodiyotni tiklashga, ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishga harakat qilmoqda. Shuningdek, biz Afg‘onistonda Trans-Afg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshiryapmiz. Buyuk Britaniya Afg‘onistondagi vaziyat va O‘zbekistonning Afg‘onistonda iqtisodiyot va ijtimoiy hayotni tiklash borasidagi sa’y-harakatlarini qanday baholaydi? Ikki davlatning yondashuvlarida qarama-qarshilik bormi?

T.T.: — Aytishim mumkinki, O‘zbekiston Afg‘oniston masalasida nisbatan ko‘pincha biznikidan biroz farqli bo‘lgan nuqtai nazarga ega, chunki siz Afg‘onistonga qo‘shnisiz. Sizda umumiy tarix bor. Bir paytlar Qobuldagi “Tolibon” hukumati keskin radikal edi, ular Afg‘onistondagi terrorchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan, ammo keyin o‘zlari nishonga aylanishgan. Siz bu voqealar takrorlanishini xohlamaysiz. 

Birlashgan Qirollik joriy yil davomida Afg‘onistonga 286 million funt sterling ajratdi, bu taxminan 350 million dollarni tashkil etadi. Biz bu ishlarni davom ettiramiz. Biz Afg‘oniston xalqi uchun, rejim tepasidagilar uchun emas, qanday qilib birgalikda samaraliroq iqtisodiy yordam ko‘rsatishimiz mumkinligini tadqiq etishda davom etmoqdamiz. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sheriklarimiz bilan yaqin hamkorlik qilishga intilamiz. Lekin bunda ikki tomonlama hamkorlar ham bor. Biz tobora dahshatli bo‘lib borayotgan vaziyatga nisbatan sizning nuqtai nazaringizni tushunish uchun O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz. Aytmoqchimanki, birinchi navbatda, “Tolibon”ning mamlakat ustidan nazorati sustlashmoqda, vaziyat yomonlashmoqda, lekin eng achinarlisi, Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat halokatli tus olyapti. Birlashgan Millatlar Tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, aholining deyarli yarmi asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga ega emas. Xavfsizlik yoki iqtisodiy barqarorlikni ta’minlay olmayotgan yangi rejim uchun hozir qiyin. Bu pallada esa biz birgalikda ishlashimiz kerak.

Sh.N.: — Buyuk Britaniyada janob Rishi Sunak yangi Bosh vazir etib tayindi. Sunak davrida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya munosabatlarida qanday yangi boblarni kutish mumkin?

T.T.: — Bu yil biz uchta Bosh vazir faoliyatiga guvoh bo‘ldik. Bu qiyin vaqt bo‘ldi. Menimcha, bu chinakam demokratiyani qozonish uchun vaqti-vaqti bilan to‘lashingiz kerak bo‘lgan badallardan biridir. Umid qilamizki, bizda 2024 yildagi yoki 2025 yilning boshidagi saylovlarga qadar barqarorlik davri bo‘ladi. 

Menimcha, yangi Bosh vazir tayinlanishiga qaramay, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar kursi unchalik o‘zgarmaydi. Aloqalarimiz chinakam rivojlanib, yaxshi tomonga o‘zgarib bormoqda. Bu munosabatlarning mazmuni kengaymoqda. Savdo sohasida, yuqorida aytib o‘tganimdek, O‘zbekistonga sarmoya kiritish va savdo qilishga katta qiziqish bildirayotgan britaniyalik ishbilarmonlar soni ortib bormoqda. So‘nggi ikki tomonlama savdo va sanoat kengashimizda 800 nafar britaniyalik ishbilarmonlar ishtirok etdi. Shu oy oxirida Britaniya savdo va sanoat kengashi yillik yig‘ilishini o‘tkazmoqchimiz. Biz biznes sohasida ishlash uchun ulkan imkoniyatlarni ko‘ryapmiz. Siyosiy aloqalar avvalgidek yaxshi. Biz keng ko‘lamli masalalar, jumladan, mudofaa va xavfsizlik masalalari haqida muloqot qilamiz, hamkorligimizning tobora kuchayib borayotganini his etamiz. Ikkala hukumatimizni, fuqarolarimizni videoaloqa orqali bog‘lash tizimiga o‘tdik. Bu Buyuk Britaniya yoki O‘zbekistonga uzoq yo‘l bo‘ylab sayohat qilishdan ko‘ra osonroqdir. Menimcha, bu yordam berdi. 

Bu yerda madaniy aloqalar juda kuchli. O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan Britaniya universitetlari, hamkorlik o‘rnatayotgan Britaniya ta’lim maktablari soni yildan-yilga ortib bormoqda. O‘ylaymanki, ana shu ta’lim-tarbiya aloqalari mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimiz o‘rtasida iliq muloqotni ta’minlaydi.

Sh.N.: —Xabaringiz bor, bundan bir necha oy oldin Qoraqalpog‘istonda norozilik namoyishlari, tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi. Siz Qoraqalpog‘istondagi norozilik va namoyishlarni qanday baholaysiz? Sizningcha, O‘zbekiston Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni qanday hal qildi?

T.T.: — Rasmiy Britaniya vakili sifatida men uchun buni baholash qiyin. Men Qoraqalpog‘istonga bor-yo‘g‘i bir marta borganman, Nukusni yoqtirib qolgan edim. Shu bois u yerga yana qaytib borgan bo‘lardim. Orol dengizigacha borganman, albatta. Lekin Qoraqalpog‘iston voqealariga bevosita guvoh emasman. Shuning uchun ham, chuqur munosabat bildirishim noto‘g‘ri bo‘lardi. Hamma voqealarni o‘rganish bo‘yicha tuzilgan mustaqil komissiya hisobotlari e’lon qilinishini intiqlik bilan kutmoqda. Ushbu hisobotlarni ko‘rishga hozir juda mushtoqmiz. O‘ylaymanki, u e’lon qilinganda, yuzaga kelgan ba’zi qiyin savollarga javob topish imkoniyatini beradi. Birinchi navbatda, hukumat yangi konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning avtonom maqomini olib tashlash borasida xatoga yo‘l qo‘yganini tezda anglab yetdi va buni tezda to‘g‘irladi. Menimcha, bu ijobiy qadam bo‘ldi. Aynan nima sodir bo‘lgani, hukumat aytganidek, xorijiy aralashuv ta’siri qay darajada ekani, o‘sha xorijiy ta’sirlar qayerdan bo‘lgani haqidagi komissiya hisobotlarini ham diqqat bilan ko‘rib chiqamiz, deb o‘ylayman. Men buni bilishga juda qiziqaman. Shuningdek, xavfsizlik kuchlari tomonidan kuch ishlatish holatlari bo‘lgani aytilgan edi. Bunga nisbatan tanqidlarni ham ko‘rdim. Lekin u yerda bo‘lmaganim uchun bu borada ochiq fikr bildirolmayman. Bundan tashqari, namoyishchilarning ba’zilari hibsga olindi. Va men bilamanki, ularning bir qismi allaqachon ozod qilingan, ammo biz aniq qancha namoyishchi hibsga olingani va qanchasi qamoqda saqlanayotganini aniq bilmaymiz. Biz javoblarini ko‘rishni kutayotgan ko‘plab savollar mavjud. Bu mavzu borasida keskin mulohazalarim yo‘q. Men komissiya nima deyishini eshitishga qiziqaman, xolos.

Sh.N.: — Rahmat. Siz O‘zbekistonda so‘z, matbuot erkinligi va jurnalistlar huquqlari, shuningdek, ayollar huquqlarini qo‘llab-quvvatlaysiz. Sizning elchilik davringizda O‘zbekistonda bu bilan bog‘liq muhit qay darajada o‘zgargan? Yana nimani o‘zgartirish kerak?

T.T.: — Avvalo, men nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda matbuot erkinligi tarafdoriman. Biz bugungi kunda erkin, mustaqil, mas’uliyatli ommaviy axborot vositalari, kuchli demokratiya, shaffof va ochiq, kuchli iqtisodiyotni o‘z ichiga olgan mustahkam fuqarolik jamiyati naqadar muhim ekanini ko‘rib turibmiz. Korrupsiya doimo mavjud bo‘ladi, lekin uni susaytirishning yo‘li bor. Shunday ekan, menimcha, mamlakatga, birinchi navbatda, kuchli erkin ommaviy axborot vositalari kerak, mustahkam, erkin ommaviy axborot vositalari juda muhim. 

O‘zbekistonda uch yildan beri faoliyat yuritaman. Islohotlar boshlanishidan oldin bu mamlakatda jurnalistika qanday bo‘lganini men bilmayman. Men jurnalistlar bilan suhbatlashaman va sizdagi ommaviy axborot vositalari haqiqatan ham muhim yo‘nalishda rivojlanib, ilgarilab borayotganini tan olaman. Besh yil oldin biz bu intervyuni tashkil eta olmasdik, deb o‘ylayman. Bu juda ajoyib. O‘ylaymanki, biz hozir kuchliroq mustaqil ommaviy axborot vositalari paydo bo‘lganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, xususan, onlayn-jurnalistika. Menimcha, hozir onlayn formatda juda yaxshi ommaviy axborot vositalari bor. 

Ayni paytda ommaviy axborot vositalari bilan birga blogosferaning paydo bo‘lishi, o‘z fikrini erkin ifoda eta oladigan va nima bo‘layotgani haqida o‘z nuqtai nazarini bildira oladigan har xil turdagi shaxslarning ham shakllanishi davom etmoqda. Blogerlar ba’zan g‘azabli, ba’zan mo‘’tadil munosabat bildirishadi. Ammo bunga qarshilik yo‘q. Hukumat sohaning paydo bo‘lishiga ruxsat berib qo‘ygan. Men buni, ayniqsa, 2020 yil davomida, COVID paytida ko‘rdim. Tahlikali davr edi. Qaysidir ma’noda, muhim islohotlarning ba’zilari sekinlashgan yoki hatto to‘xtab qolgan edi. Erkin jurnalistlar va bloggerlarga jismoniy va tarmoqlardagi hujumlar, shu jumladan jurnalistlarga nisbatan o‘ta shafqatsiz tazyiq kabi muhim holatlar, xavfsizlik xizmatlari tomonidan taqiq va qisman cheklovlar bor edi. Bu biz Yangi O‘zbekistonda ko‘rishni istamaydigan illatlar edi.  Bu holatlar bartaraf etilganidan xursandman. Yana aytish kerakki, ayrim hollarda mahalliy hukumatni yoki markaziy hukumatni tanqid qilgan jurnalistlar va blogerlarga o‘ta og‘ir darajadagi sud hukmlari tayinlangan. Bularning barchasi tashvishga soluvchi belgilardir. 

Mustaqil ommaviy axborot vositalariga nihoyat Ukrainadagi urushni biroz chuqurroq yoritishga ruxsat berilgani meni quvontirdi. Bu, o‘ylashimcha, Ukrainada nimalar bo‘layotganini yangiliklardan bilishga urinayotgan ko‘pchilikni boshida ranjitdi. Chunki, ko‘pchilik o‘zbeklar xolis bo‘lmagan, hukumat nazoratida bo‘lgan va targ‘ibot quroli sifatida foydalanilayotgan Rossiya media kanallaridan yangiliklarni olmoqda edi. Bu esa xavfli. Menimcha, hukumatning Ukraina urushini yoritish uchun kengroq erkinlik berish haqidagi qarori siz uchun haqiqatan ham o‘z nuqtai nazaringizni oshkor qilishda muhim bo‘ldi. Shunday qilib, bu sohada ba’zi yaxshi holatlar va ba’zi yomon holatlar bor. Umuman, tendensiya to‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda. So‘nggi paytlarda hukumat mahalliy erkin ommaviy axborot vositalarining faolligini oshirish bo‘yicha muhim qadamlar tashladi, bu esa Prezident Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan g‘oyalarning eng muhimlaridan biridir. Shu tariqa, agar media sohasida qandaydir muammolar yuzga kelsa ham, ular prezident tomonidan yo‘l qo‘yilgan deyish asossiz, balki odamlar uning muddaolarini noto‘g‘ri tushungan bo‘lishlari mumkin.

Sh.N.: —  O‘zbekiston so‘nggi 31 yil ichida ilk bor so‘nggi mustaqillik tantanalarida ayrim tabularni buzib, 1918 yilda Farg‘ona vodiysida sovet qo‘shinlari tomonidan vayron qilingan Turkiston Muxtoriyatini ochiq tilga oldi. Bu mavzu va uning tafsilotlari hozirgacha sir tutilib kelinmoqda edi. Bu haqda siz qanday fikr bildirasiz? Sizningcha, O‘zbekiston nihoyat o‘zining sovet zanjirlarini uzadimi?

T.T.: — Menimcha, bu juda qiziq savol. Turkiston o‘lkasi tarixi bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagan odam sifatida avvalo shuni aytishim mumkinki, mamlakatlarning o‘tmishini ochib berishga qaratilgan har qanday sa’y-harakatlar mamlakat o‘tmishi haqida xolis va oshkora bo‘lishi ajoyib holat. Biz kelajagimizni qurish uchun tariximizni tushunishimiz kerak. Bizda mustamlakachilik merosi bor, biz bu bilan faxrlanolmaymiz. Hammasini gilam ostiga supurib yuborish yechim bo‘lavermaydi. Biz qilgan xatolarimiz haqida xolis bo‘lishimiz kerak. Menimcha, har qanday vaziyatda nima bo‘lganini ochish va tushunish muhimdir. Sobiq Ittifoq – bu o‘z nomi bilan sobiq Ittifoq. Boshida aytganimdek, O‘zbekiston amalga oshirgan va oshirayotgan eng muhim ishlardan biri – bu o‘z tarixingiz, madaniyatingiz va etnik guruhlaringiz asosida o‘zingiz va xalqingiz uchun kuchli mustaqil o‘ziga xoslikni yaratishdir. Bu mamlakat ajoyib imkoniyatlarga boy, bu sizga bosim ostida bo‘lmagan va mintaqadagi boshqa omillar ta’siriga tushmagan o‘z yo‘lingizda olg‘a siljitish imkonini beradi. O‘ylashimcha, O‘zbekiston bu harakatni allaqachon amalga oshiryapti. Siz bunga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikistondagi hamkorlaringiz bilan birga kuchli barqaror Markaziy Osiyoni qurish orqali erishmoqdasiz. O‘zbekiston jismonan Markaziy Osiyoning yuragida bo‘lib kelgan va farovonroq, barqarorroq mintaqa yaratishga urinishlarning tashabbuskori bo‘lgan. Bu yaxshi narsa. Biz O‘zbekiston bilan olis masofadagi mamlakatlarmiz va biz hech qachon sizning eng asosiy xalqaro hamkoringiz bo‘lishni maqsad qilmaganmiz. Biz shunchaki Yangi O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlovchi kuchli hamkor bo‘lishni nihoyatda xohlaymiz.

Sh.N.: — Bundan bir necha kun avval Samarqandda Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tdi va tashkilotga a’zo davlatlar bo‘lgan turli davlatlarning turli darajadagi rahbarlari sammitda ishtirok etib, bir qancha kelishuv va hujjatlarni imzoladi. Buyuk Britaniya bu tashkilotning faoliyatiga qanday baho beradi? Biz tarixdan Buyuk Britaniya yoki Britaniya imperiyasining Usmoniylar imperiyasi bilan ba’zi nizolari bo‘lganini bilamiz. Hozirda xorijiy tashkilotlarning ayrim ekspertlari TDT tashkilotini panturkizm g‘oyalarining qayta yuksalishi deb baholamoqda. Bu borada sizning fikringiz qanday?

T.T.: —  Buyuk Britaniya Markaziy Osiyoning beshta davlati, Turkiy davlatlar tashkilotiga kiruvchi Markaziy Osiyoning to‘rtta davlati va albatta Turkiya bilan juda yaqin munosabatlarga ega.

Biz Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan paytimizda, mamlakatingiz bilan yaqin munosabatlar borasida Turkiyaning eng katta tarafdori bo‘lganmiz. Turkiya bilan hozirgi kunda ham kuchli tijorat va siyosiy aloqalarimiz davom etmoqda. Albatta, NATOda mudofaa va xavfsizlik nuqtai nazaridan ham sherik davlatlar bor. Ammo, Turkiyaning Turkiy Davlatlar Tashkiloti orqali dunyoning bu qismidagi hamkorlari bilan muloqot qilish borasidagi sa’y-harakatlarini iliq kutib oldik, deb o‘ylayman. Ushbu tashkilotdagi barcha a’zolar bilan yaqindan hamkorlik qilishdan tashqari TDT faoliyatida yana qanday ishtirok etishimiz mumkinligi menga qorong‘i. Menimcha, bu sizning (tashkilot doirasidagi) yangi aloqalaringizning nozik qismidir. O‘zbekistonning tashqi siyosati yo‘nalishi, bu hukumatning uzoq Sharqdagi Yaponiya va Koreya bilan hamkorligi, Xitoy, janubda Hindiston va Pokiston, Bangladesh sari intilishi, bu boradagi sa’y-harakatlari, shu jumladan Turkiya va Eron bilan an’anaviy aloqalari yangicha ko‘lami meni hayratda qoldirdi. Bularning barchasi haqiqatda ijobiydir. O‘ylaymanki, hozircha bu jarayonlar O‘zbekistonning siyosiy va iqtisodiy rivojlanishidagi qaytarib bo‘lmaydigan tendensiya bo‘lib, siz intilayotgan ishlaringizning chinakam quvonarli qismidir.

Sh.N.: — Hech bir Britaniya monarxi yoki hech bir Buyuk Britaniya Bosh vaziri shu paytgacha, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi davrda ham, oldin ham O‘zbekistonga tashrif buyurmagan. Britaniya qiroli Charlz va Bosh vazir Rishi Sunakning ikki davlat munosabatlarini muvofiqlashtirish ramzi sifatida O‘zbekistonga rasmiy tashrifini kutish mumkinmi? Yoki bu tashrif amalga oshishi uchun biror jiddiy sabab bo‘lishi kerakmi?

T.T.: — Men ham bu tashrifga nihoyatda umid qilaman, ammo bu kun qachon kelishini bilmayman. Biz bu yerda Bosh vazir yoki qirolni yoki qirollik oilasining boshqa muhtaram a’zosini ko‘rishni istaymiz, albatta. O‘zingiz ham ta’kidlab o‘tganingizdek, bu yerda elchi sifatida faoliyat yuritayotganimga ancha bo‘ldi. O‘zbekistonga qirollik oilasining a’zosi tashrif buyurmaganiga ham ancha yil bo‘ldi. Hozirda ko‘plab davlatlar yangi Bosh vazir va Buyuk Britaniya qirolini mehmonga chaqirishga harakat qilmoqda.

Umuman, Britaniya qiroli bu yerga kelgan. U paytda u hali Uels shahzodasi edi. Biz hozir turgan ushbu elchixonani Qirol Charlz ochib bergan. Shuning uchun ham men aminmanki, u O‘zbekiston haqida yaxshi tasavvurga ega va bu mamlakatga nisbatan iliq munosabatda. Shu bois mazkur tashrif bo‘lishiga katta umid bildirib qolamiz.

Sh.N.: — Rahmat. Bizda so‘nggi va maxsus savol. O‘zbekistonda siz qanchalik erkin ishlaysiz? Aytmoqchimanki, sobiq rahbariyat davri bilan solishtirganda bu yerda xorijiy davlat elchilari amal qilishi kerak bo‘lgan qandaydir tabular yoki yo‘l-yo‘riqlar bormi?

T.T.: — Bu yerda men qiziqarli vaqt o‘tkazdim. Men qirq yillik diplomatman, ammo O‘zbekiston men uchun mutlaqo yangi tajriba. Men ilgari Osiyoda va hech qachon Sobiq Ittifoq davlatlarida ishlamaganman. Shuning uchun bu yerda meni nima kutayotganini bilmasdim. Avvalo, men COVID davrida O‘zbekistonda ishlashga majbur bo‘ldim, bu albatta, sayohat qilishni va odamlar bilan uchrashishni ancha qiyinlashtirdi. Bundan tashqari, men onlayn uchrashuvlarni yomon ko‘raman. Ba’zan ular foydali, biz ular orqali ko‘p narsaga erishdik, lekin menga onlayn-muloqot yoqmaydi. Shunday ekan, yana yuzma-yuz bo‘lish yoqimli. Aytishim kerakki, O‘zbekiston men odatlanmagan tarzda juda byurokratik mamlakat. O‘zbekiston hali ham xorijiy diplomatlar nima bilan shug‘ullanayotganini juda qattiq nazorat qilishni yaxshi ko‘radigan mamlakat – bu tajribaga men boshqa mamlakatlarda duch kelmaganman. Bu sizning qaroringiz va ish tarzingiz, albatta. Yana shunga ishonchim komilki, biz xorijiy diplomatlar, juda shubhali odamlarmiz (kinoya). Umuman olganda, biz sohalarni qo‘llab-quvvatlash va isloh qilish uchun bu yerdamiz. Biror ishni bajarishdan to‘xtatib qo‘yish yoki qiyinlashtirish ba’zan har doim ham samarali yechim emas.

Lekin, umuman olganda, bu yerda ishlash va bu ajoyib mamlakat, uning odamlari,  Prezidentdan tortib to barcha darajalardagi insonlar bilan tanishish menga juda yoqdi. Sizlar juda mehmondo‘st, samimiy va ochiqko‘ngil xalqsiz. Menga bu juda yoqdi – bu yer kelib ko‘rishga arziydigan nihoyatda o‘ziga xos mamlakat. Biroq, afsuski, COVID pandemiyasi men uchun afsuslanarli bo‘ldi, chunki men o‘zim yoqtirgan va borishni xohlagan maskanlarni ko‘ra olmadim.

Sh.N.: — Hurmatli elchi, javoblaringiz uchun rahmat. Siz bilan ajoyib intervyu bo‘ldi. Sizni Qalampir.uz tahririyatiga taklif etamiz va maxsus mehmonimiz bo‘lishingizni kutib qolamiz.

T.T.: — Sizga ham rahmat. Mazkur tashrifdan nihoyatda mamnun bo‘lgan bo‘lardim. Ajoyib intervyu savollari uchun rahmat.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

180

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing