Sirdaryoda nima bo‘ldi?

Jamiyat

22 oktyabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Sirdaryo viloyatidagi omborida portlash sodir bo‘ldi. Qayd etilishicha, soat 04:55 da Malik aholi punktidagi omborda yakka tartibda portlash sodir bo‘lgan. Portlashdan ikki soat o‘tib, Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati rasmiy izoh berdi. Unda aytilishicha, holat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan. Vazirlik portlashdan talafot ko‘rgan va jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. 

Ammo oradan 4 soat vaqt o‘tib, 11:14 da Mudofaa vazirligining jarohatlanganlar yo‘qligi haqidagi bayonoti haqiqatga zid bo‘lib chiqdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi portlash oqibatida 16 kishi jabrlanganini ma’lum qildi. 

Aniqlanishicha, Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Malik SIUda yuz bergan portlash haqida soat 05:01 da tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Shundan so‘ng ushbu hodisa oqibatida shikastlangan 16 nafar bemorning 12 nafari Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Barcha jarohat olganlarga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan. Xususan, 5 nafar fuqaro Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida, 7 nafar bemorga esa ambulator yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, 4 nafar bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo filialida statsionar kuzatuvga olingan.

“Jabrlanganlar orasida jiddiy jarohat olgan va og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q”, deyiladi SSV xabarida.

Ayni paytda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining va uning Sirdaryo filialidan malakali shifokorlar Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga safarbar qilingan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu bemorlar holatini o‘z nazoratiga olgani aytilgan. 

Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar berishicha, Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism omborida sodir bo‘lgan yakka tartibda portlash bo‘yicha harbiy mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilyapti.

Vazirlikning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, aholi va harbiy xizmatchilar orasida qurbonlar hamda og‘ir jarohat olganlar yo‘q. Portlash oqibatida harbiy qism atrofdagi ayrim mahallalardagi yengil konstruksiyalar, oynalarga shikast yetgan.

Ayni vaqtda mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda, harbiy qism atrofida joylashgan mahallalar qamrab olinib, yetkazilgan zararni aniqlash hamda ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.

“Ta’kidlash kerakki, harbiy qismdagi o‘q-dori zaxirasi xavfsizlik talablariga javob beradigan, Davlat standartlariga mos ravishda, zamonaviy maxsus omborlarda saqlanmoqda. Ularning xavfsizligi to‘liq ta’minlangan”, deyiladi vazirlik xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1051

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing