Toshkentdagi dahshatli avariya tafsilotlari
Tahlil
−
10 Oktabr 2022
15587Kecha, 9 oktyabr kuni poytaxt Toshkentda yana bir dahshatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Unda ikki kishi voqea joyida qurbon bo‘ldi.
BMW, Lacetti hamda 2 ta Nexia-3 ishtirokidagi YTH taxminan soat 20:30 larda Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi 79-uy qarshisida yuz bergan.
Internetda tarqalgan videolardan ko‘rish mumkinki, BMW haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketgan va harakatlanib kelayotgan bir nechta avtomobilning ustiga ag‘darilib tushgan.
Hodisa oqibatida esa 1992 yilda tug‘ilgan Nexia-3 haydovchisi va uning yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etdi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, mazkur YTHning bundan 10 kun oldin xonanda Zohid Rixsiyev bilan sodir bo‘lgan YTH o‘rtasida bir nechta o‘xshashliklari mavjud.
Birinchidan, har ikki holatda ham avariya BMW rusumli avtomashina ishtirokida sodir bo‘lgan.
Ikkinchidan, ularning ikkalasida ham transport vositalari beton yo‘l to‘siqlariga, ya’ni bordyurlarga urilib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan.
Uchinchidan, Yunusoboddagi hodisada ham, Yashnoboddagi YTHda ham qurbonlar bor.
Bu holat esa ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarni keltirib chiqardi.
Masalan, Davletov.uz “O‘zbekistonda yaxshi reforma uchun aqlli boshlar kerak. Aqlli bosh reforma qilishi uchun muammo/fojiani tanasida his qilishi shart emas. Ammo yo‘llardagi o‘limni kamaytirish uchun o‘zbek chinovnigi avariyaga yo‘liqishi, yaqinini qurbon qilishi lozim”, deya fikr bildirgan.
Shuningdek, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev ham amaldorlarning sustkashligiga sha’ma qilgan:
“Toshkent uchun bunday “palakat” avariyalar yangilik emas. Oxirgisi ham bo‘lmasa kerak. To biror kattakonning o‘zi yo bolasi o‘lmagunicha”.
Yana bir jurnalist Aziza Qurbonova esa Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning Toshkentdagi yo‘llarning sifati haqidagi va’dasini esga oldi:
“Toshkent shahar hokim o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov matbuot anjumanida va’da bergandi: shahar yo‘llari infratuzilmasini o‘sha sizlar tanqid qiladigan joylarning o‘zida muhokamasini qilamiz, faollar, OAV vakillari ishtirokida jamoatchilik kengashi tuzamiz. Bilishimcha, baloyam bo‘lgani yo‘q. Hech kim hech qayerga chaqirilganiyam yo‘q”, degan u.
Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev:
“Bunaqa videolarni xuddi kino ko‘rganday ko‘rishga o‘rganib qolganmiz. Terimiz qotib ketgan. Fojiani his qilmaymiz. Chunki bu voqealar biz bilan sodir bo‘lgani yo‘q. Shuning uchun bizga qiziq emas. Shuning uchun shahar ichida tezlikni kamaytiraylik desa, voy-doood deb ayyuhannos solamiz.
Yo‘l harakati xavfsizligiga mas’ullarning ishi ham sust. Gapirtirsa olamni buzgudek ishlar qilgan bo‘lib chiqadi, lekin amaliyotda bu deyarli sezilayotgani yo‘q. Qachon qoidabuzarliklar uchun jarima tizimi ishga tushadi? Qachon hamma ko‘chalarimizda kameralar, fotoradarlar bo‘ladi? Qachon yo‘llarimiz harakat uchun xavfsiz ko‘rinishga keladi? Qachon qonunlar barcha uchun birdek amal qilishni boshlaydi va javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi? Bu ishlar bo‘lgunicha yana qancha odam o‘lishi kerak?”
Troll.uz esa bunday avtohalokatlar ko‘pincha yo‘l to‘siqlari, bordyurlar sabab yuzaga kelishini aytib, ularni “qotil-bordyurlar” deb atagan. Shuningdek, hodisa aybdorlari masalasida o‘z qarashini bildirgan.
Bu falokatda aybdorlar:
1. Tezlikni oshirgan va boshqaruvni yo‘qotgan BMW haydovchisi.
2. Yo‘llarni loyihalashtiruvchi tashkilotlar.
3. Xavfsizlik standartlariga umuman javob bermaydigan mashinalarni xalqqa sotayotgan UzAuto.
Qolaversa, bloyegr, avariyadan keyin 30 yil oldin ishlab chiqarilgan BMW va yangi Nexia’ning ahvolini solishtirib ko‘rishni tavsiya qilib, nega UzAuto’ga tosh otganini izohlagan.
Mazkur hodisa sababli bir necha haftadan buyon muhokamalar maydonida bo‘lib kelgan Toshkentda tezlikning pasaytirilishi mavzusi yana kun tartibiga chiqdi.
Bugun, 10 oktyabrda esa Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi Toshkentda tezlik me’yori 70 kmdan 60 kmga, shahar ichida 50 kilometrgacha tushirilishi haqida qaror qabul qildi.
Qarorga muvofiq, ayrim ko‘chalarda trasport vositalarining harakat tezligi soatiga 50 kmgacha cheklanadi. Bular jumlasiga Alisher Navoiy, Mahtumquli, Amir Temur, Kichik halqa avtomobil yo‘li, Islom Karimov, Taras Shevchenko, Bobur va Furqat ko‘chalarining bir qismi va Amir Temur xiyoboni aylanma yo‘li kiradi.
Ushbu chora o‘z samarasini bersa, kelajakda shahardagi barcha ko‘chalarda tezlik pasaytirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qalampir.uz bilan suhbatlashgan yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha ekspert Nosirjon Zokirov poytaxtdagi ayrim ko‘chalarda tezlikning pasaytirilishi muammoga yechim emasligi, balki butun respublika bo‘yicha tezlik soatiga 60 kmgacha qilib belgilanishi kerakligini aytgan edi.
LiveBarchasi