Bayraming muborak, Putin! Dunyoga urushni qaytargan “sar” 70 yoshda

Bu qiziq

image

Bugun, 7 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 70 yoshni qarshiladi. 20 yildan ortiq vaqtdan beri Rossiyada hokimiyatni qo‘ldan bermay kelayotgan Putin bugun dunyo siyosiy doiralarida yaxshi inson sifatida tilga olinmayapti. Xo‘sh, umrining asosiy qismini yashab, bugun yoshlarni pand-nasihat berib o‘tiradigan yoshga yetgan Putin o‘zi kim? U qanday yo‘lni bosib o‘tdi? Cheksiz hokimiyat havasidagi yoshi bir joyga yetgan davlat rahbarining tarixi qanday. Quyida shular haqida gaplashamiz. 

O‘tgan asrning 90-yillar oxiri. Rossiyaning birinchi Prezidenti Yelsin iste’fo berish harakatiga tushib qoldi. Bunga yetarli sabablar paydo bo‘lgandi. Mamlakat parlament komissiyasi unga qarshi bir necha punktdan iborat ayblovlar hujjatini shakllantirib qo‘ydi. Bu ayblovlar o‘z ichiga SSSRning qulagani, mamlakat mudofaa qobilyatini yo‘qotgani, Chechenistonda urush boshlangani, mamlakat Oliy Kengashini tarqatib yuborgani uchun javobgarlikka tortish kabi bandlarni olardi.

Yelsin o‘ziga voris tanlashi kerak edi. Bu davrda Vladimir Putin Rossiya siyosiy elitasi orasida mashhur bo‘lib borayotgandi. Nomzodlar ichida Putindan tashqari Anatolay Chubays, Boris Nemsov va hatto Aleksandr Lukashenko ham bor edi. Biroq Yelsin Putinni tanladi.

Yangi, XXI asr. Rossiyada 2000 yilning 26 mart kuni mamlakat prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tdi. Uning natijasiga ko‘ra, Vladimir Vladimirovich Putin 51 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozondi. 7 may kuni esa u o‘z vazifasiga kirishdi. O‘tgan davrda qanchadan qancha davlatlarda rahbar, Bosh vazir va Prezidentlar almashdi. Lekin Putin hali ham iqtidorda. Vaholanki, u endi Prezident etib saylanganida, dunyo uni nafaqat tanimas, balki tan olmas ham edi.

Quyida Rossiyaning sobiq imperatorlari – Aleksandr, Nikolay va Pyotrlar kabi mamlakatni 20 yildan ortiq boshqarib kelishga muvaffaq bo‘lgan Putin shaxsiga to‘xtalamiz. Shu o‘rinda uning O‘zbekistonda, aniqrog‘i Samarqand shahrida tug‘ilgani to‘g‘risidagi mish-mishlar, SSSR razvedkasidagi faoliyati hamda tirikchilik uchun kirakashlik qilish haqida o‘ylagani to‘g‘risida so‘zlab beramiz. 

Putin samarqandlikmi?

Rossiya Prezidenti Administratsiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Vladimir Vladimirovich Putin 1952 yilda SSSR vaqtidagi Leningrad, hozirgi Sankt-Peterburgda tug‘ilgan. Ushbu rasmiy ma’lumotlarga qaramay, omma orasida Putinning Samarqandda tug‘ilgani haqida mish-mish ham keng tarqalgan. Bunga qaysidir ma’noda Vladimir Vladimirovichning SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasida ishlagani ham sabab bo‘lgan. Albatta, bunday maxfiy strukturada xodimlar haqidagi ma’lumotlar qattiq sir saqlanishi tabiiy va axborot yetishmasligi o‘z-o‘zidan dezinformatsiya keltirib chiqaradi.

Shu o‘rinda, Rossiyaning o‘zida, siyosiy ziyolilar orasida Prezident Putinning kelib chiqishi mavhumligicha qolmoqda. Jumladan siyosiy fanlar doktori, 2003-2007-yillarda Davlat Dumasi deputati bo‘lgan Savelev Andrey o‘z blogida shunday deb yozgan:

“Darhaqiqat, Putinning tarjimai holi yo‘q. Bu insonning kelib chiqish tarixi o‘ylab topilgan. Aniq ma’lumotlar mavjud emas. Uning ota-onasi kim bo‘lgani, haqiqatan ham noma’lum. Uning oilasi qayerdan kelganini hech kim bilmaydi. Go‘yo Putinning umuman qarindoshlari yo‘qdek. Maktabda uning yonida o‘qiganlar yoki hech narsani eslolmaydi yoki hamma narsani unutishga majbur qilingan”.

Rossiyada 2010 yili aholini qayta ro‘yxatga olish paytida Putin o‘zi haqida to‘xtalib o‘tgan. Aytishicha, uning millati rus. Otasi Vladimir Spiridonovich Ikkinchi Jahon urushida qantashgan, suvosti flotida xizmat qilgan. Onasi Mariya Ivanovna oddiy zavod ishchisi, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng “Leningrad himoyasi uchun” medali bilan taqdirlangan. Putinning otasi ham, onasi ham uning Rossiya Prezidentiga aylanishidan bir oz avval vafot etgan.

Qiziq holat, 2015 yili Prezident Putinning shaxsan o‘zi “Russkiy Pioner”  jurnali uchun yozgan maqolasida otasi 1998 yilda, onasi esa 1999 yilda vafot etgani haqida ma’lumot berilgan. Biroq, 2017 yilda Putun 3 karra “Oskar”ni yutgan Oliver Stounga bergan intervyusida esa, aksincha, birinchi onasi, keyin otasi vafot etganini aytgan. Haqiqat ham Putinning kelib chiqishi, oilasi haqidagi ma’lumot chigal. Balki, u rostdan ham samarqandlikdir.

Razvedchik Putin

Putin Rossiya Prezidentiga aylanganidan so‘ng, yoshligi haqida aytib berar ekan, kichkinaligida razvedchiklar haqida filmlar tomosha qilishni yaxshi ko‘rgani va Davlat xavfsizlik xizmatida ishlashni orzu qilganini eslagan.

U Leningrad Davlat universitetining yuridik fakulteti xalqaro bo‘limiga o‘qishga kirdi. O‘qish bilan birgalikda jismoniy tayyorgarlikka ham alohida e’tibor qaratdi. Putin 1973 yilda sambo, 1975 yilda dzyudo sport turlaricha bo‘yicha Leningrad chempioni bo‘ldi. Putin 1975 yilda o‘qishni bitirganidan so‘ng, avtomatik tarzda DXQga leytenant unvoni bilan yuborildi. Shu bilan Putin ushbu strukturada 1991 yilga qadar xizmat qildi. Bu orada Moskvadagi DXQ oliy maktabini hamda Andropov nomidagi Qizil bayroqli tashqi razvedka akademiyasini ham tamomladi. O‘qish davrida Putinning familiyasi Platov bo‘lgan (qoida bo‘yicha talabalar bir-birining asl ism va familiyasini bilmasligi kerak edi).

Putin xizmat vazifasini Germaniya Demokratik Respublikasida (GDR) o‘tagan. GDRda razvedchiklik qilgan davrida u bir favqulodda vaziyatni o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lgan. “Rossiya 1” telekanalida namoyish etilgan “Putin” nomli film kadrlariga ko‘ra, Germaniyani ikki – GDR va GFRga ajratib turgan Berlin devori 1989 yilda qulaydi va nemislardan iborat namoyishchilar Putin xizmat qilayotgan DXQ bo‘limiga keladi. Ularning maqsadi SSSR razvedkasiga oid arxiv hujjatlarini qo‘lga kiritish edi. Putin esa qurol ishlatmasdan olomonni tarqatib yuborishga muvaffaq bo‘ldi va arxiv hujjatlarini yoqib yubordi. Moskvaga qaytgan Putin 1991 yilda ushbu strukturadan o‘z ixtiyori bilan ishdan ketdi.

Kirakashlik qilish haqida o‘ylardim – Putin

Tarixda “Avgust inqirozi” nomi bilan qolgan, SSSR parchalanayotgan bir davrlar edi. Putin bu vaqtlarda Volvo rusumli avtomobilida taksichilik qilish haqida fikr yuritgan.

Keyinroq esa u ish topishga muvaffaq bo‘ldi va o‘zi o‘qigan universitetda bir muddat Stanislav Merkurev ismli lektorga yordamchi bo‘lib yurdi. Aynan Merkurev uni Anatoliy Sobchakka tavsiya qildi. 1991 yilda Sobchak Sankt-Peterburgga mer etib saylanganidan so‘ng, Putin unga xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchi bo‘ldi. Uning vazifasi – asosan shaharga chetdan investitsiya jalb qilish bo‘lgan.

1996 yilgi saylovlarda Sobchak yutqazib qo‘ydi va merlikdan ketdi. Tabiiyki, Putin ham ketdi. Lekin mer ma’muriyatidan unga qolish taklifi berilgandi. Biroq, Putin qolishni sotqinlik sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishdan ketganidan so‘ng, u yana kirakashlik qilish haqida o‘ylay boshlagan.

“Hattoki taksida pul topish haqida o‘ylardim. Hazillashmayapman, qayerga ham borardim. Ikki nafar kichkina bolam bor edi. Shunday qilib menga Moskvaga ko‘chib o‘tib, Prezident idorasida huquqiy masalalar bo‘yicha ishlashni taklif qilishganda rozi bo‘ldim va keldim”, deydi u.

Prezident Administratsiyaga joylashib olgan Putin ushbu strukturada sekin-sekin ko‘tarilib, 1998 yilda Administratsiya raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Oradan ikki oy o‘tib, Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga (FXX) direktor, keyinroq esa mamlakat Xavfsizlik Kengashiga kotib etib tayinlandi. Ushbu mas’uliyatli lavozimlarda Putin bir qator islohotlar o‘tkazib, o‘zini ko‘rsatdi. Bu vaqtda mamlakat siyosiy elitasining orasida Rossiyaning birinchi Prezidenti Yelsinning ketishi va uning o‘rnini Putin egallashi haqida gap tarqala boshladi. Siyosatshunos olim va jurnalistlar ham Putinni ishonchli vakil sifatida ko‘rardi.

Nihoyat, 1999 yilning may oyida Prezident Yelsin hokimiyatni Putinga topshirishga qaror qildi. Taksistlik qilish fikrida yurgan yigit 3 yil o‘tar-o‘tmas dunyodagi eng katta davlatga rahbar bo‘ldi.

“Who is mister Putin?”

1999 yilning 31 dekabr kuni Yelsinning iste’fo berishi ortidan Putin Rossiya Prezidenti vazifasini bajaruvchiga aylandi. 2000 yilga kelib u mamlakat prezidentligiga saylovda g‘alaba qozondi. O‘shanda hali dunyo Putinni tanimas, jahon siyosiy arenasida u bir “no name” odam edi. 

Yangi asrga qadam qo‘yilgan yili Rossiya delegatsiyasi har yili Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tadigan “Butunjahon iqtisodiy forumida” qatnashdi. Ushbu forumda dunyoning liderlari, olimlari va eng obro‘li shaxslari yig‘ilib insoniyatning kelajagi va dunyodagi aktual muammolar haqida erkin suhbat quradi. 2000 yilgi forumda Rossiyadan kelgan siyosatchilardan tashqari o‘sha davrdagi AQSH Prezidenti Bill Klinton, Britaniya Bosh vaziri Toni Bler, Microsoft kompaniyasining asoschisi Bill Geyts, Falastinni ozod qilish tashkilotining raisi Yasir Arafat ham qatnashgan.

Forum doirasida Rossiyaning yangi Prezidenti haqida so‘ralishi, dunyo hamjamiyati tomonidan Putin shaxsiga nisbatan qiziqish bildirilishi tabiiy edi va shunday ham bo‘ldi. Biroq boshlovchining bergan “Who is mister Putin?” (kim o‘zi u Putin janoblari?), degan savoli Rossiya vakillari tomonidan bir muddat javobsiz qoldirildi. Bu sukunat forumga yig‘ilganlar orasida go‘yoki Putin kimligini Rossiyaning o‘zida ham bilishmas ekan, degan hayol uyg‘otdi va butun zal birdaniga kulib yubordi. Bu voqeaga ham 21 yildan oshibdi, ushbu davr mobaynida AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa ko‘plab davlatlarda hukumat va Prezidentlar almashib ketdi. Lekin Putin hali ham iqtidorda va hech ham ketish niyati yo‘q. Ko‘rinib turibdiki balki, Rossiya vakillari o‘sha vaqtda Putin kimligini ayta olmagandir, lekin o‘tib borayotgan yillar ushbu savolga yaxshigina javob berdi.

Yuqorida Rossiya davlat rahbari Vladimir Vladimirovich Putinning prezidentlik vazifasiga kirishgani, siyosiy figuraning shakllanish tarixi va shaxsiga oid ma’lumotlar berildi.

Endi, Prezident Putinning 22 yillik siyosiy faoliyati va undagi o‘nqir-cho‘nqirlar haqida so‘z boradi. Shu o‘rinda, uning Ikkinchi Checheniston urushidagi harakatlari, Dog‘istonning xaloskoriga aylangani, siyosiy raqobatchilariga qarshi kurashi va mamlakat konstitsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlariga to‘xtalib o‘tamiz.

1999 yilda lavozimini muddatidan oldin tark etgan Rossiyaning birinchi Prezidenti Boris Yelsin yosh Putinga iqtisodiyoti nuragan, bir qismida urush boshlangan va hatto poytaxtida ham teraktlar sodir bo‘layotgan Rossiyani qoldirdi. Putin Rossiya Prezidenti vazifasini bajaruvchiga aylanganida mamlakatning shundoqqina biqinada, aniqrog’i Chechenistonda urush bo‘layotgan edi. Bu tarixda Ikkinchi Checheniston urushi nomi bilan qolgan. Urush boshlanishiga esa harbiy terrorchilarning Checheniston hududidan qo‘shni Dog’istonga bostirib kirgani sabab bo‘lgan. Terrorchilar u yerda Dog’iston Islom Respublikasini ham tuzishga ulgurgan edi.

Putin harbiy harakatlar avjida bo‘lgan Dog‘istonga 1999 yilning avgust oyida tashrif buyurdi. U bilan birga hozirda Rossiya Milliy gvardiya federal xizmatining direktori Viktor Zolotov, mamlakat Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham kelgan va butun safar chog‘ida Putinni qo‘riqlab, unga hamrohlik qilgan.

Putin yig‘ilgan mahalliy aholi va harbiylar orasida nutq so‘zlab, Dog‘istonni Rossiya shunday og‘ir ahvolda tashlab qo‘ymasligini ma’lum qildi. Terroristlarga qarshi jangda faollik ko‘rsatgan dog‘istolik o‘g‘lonlarning barchasi o‘sha uchrashuvning o‘zidayoq Putin tomonidan medallar bilan taqdirlandi.

Putininng Dog‘istonga tashrifi chog‘ida dasturxon bezatildi va jangarilarga qarshi kurashda halok bo‘lganlar sharafiga qadah ko‘tarish taklif qilindi. Putin bu vaziyatda o‘zgacha yo‘l tutdi va shunday dedi:

“Yaradorlarning sog‘lig‘i uchun qadah ko‘tarmoqchiman. Lekin bizning oldimizda muammolar ko‘p va katta vazifalar turibdi. Buni yaxshi bilasiz. Sizlar dushman nimani reja qilgani va nimaga qodirligidan ham xabardorsiz, shunday ekan bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Agar hozir bo‘shashsak, Vatan himoyasi uchun jon berganlarning urinishlari bekor ketgan bo‘ladi. Men sizlarga ushbu bakallarni joyiga qo‘yishni taklif qilaman. Avval ishni qilaylik keyin, albatta, ichamiz.”

Bu xatti-harakatlar Putinni o‘rab turgan harbiylar va dog‘istonliklar orasida iliq fikr uyg‘otdi. Putinning maqsadi esa Dog‘iston va Chechenistonni terroristlardan ozod qilish hamda bu ikki respublikani Rossiya tarkibida saqlab qolish edi va yakunda shunday ham bo‘ldi. Asosiy harbiy harakatlar 2000 yilning bahoriga kelib ancha tinchidi. Yelsin davrida o‘rnatilgan “Terroristlarga qarshi kurash operatsiyasi” rejimi ham keyinroq bekor qilindi.

Rossiyaning oyoqqa turishi 

Putinning 2000-2008-yillardagi prezidentlik davrida amalga oshirgan iqtisodiy islohotlarni sarhisob qilgan AQSHning “The Wall Streyet Journal” nashri quyidagicha xulosa berdi:

“Mamlakat iqtisodiyoti nafaqat o‘tgan asrning 90-yillarida yo‘qotilgan o‘rniga qaytdi, balki sho‘rolar davrida amalda mavjud bo‘lmagan xizmat ko‘rsatish sohasini yaratdi. Shu o‘rinda, Rossiyaning valyuta zaxirasi Xitoy va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘ringa ko‘tarildi”. 

2008 yil mart oyida Jahon bankining Rossiya bo‘yicha bosh iqtisodchisi xalqaro moliya inqirozi fonida jahon iqtisodiy o‘sishining pasayishi kuzatilayotganda mamlakat yaxshi natijalar ko‘rsatayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyani dunyodagi iqtisodiy barqarorlik “orol”laridan biri deb hisoblash mumkin va bu makroiqtisodiy siyosat, ichki talabning o‘sishi, to‘plangan valyuta zaxiralarining darajasini aks ettiradi.

Siyosiy raqobatchilariga qarshi kurash

Yer sayyorasining eng yirik davlatiga rahbar bo‘ladi-yu, dushmani bo‘lmaydimi. Rossiya Prezidentining raqiblari ko‘p va bu tabiiy. Ularning orasida Putinning lavozimiga ko‘z tikkan, tanqid qilgan va mamlakat prezidentligi uchun poygada unga qarshilik ko‘rsatgan figuralar, turli xil oligarxlar, tashqi kuchlar va “parda ortida turgan” elita bor edi.

Mixail Xodorkovskiy. U hozirgi kunda Buyuk Britaniya poytaxti Londonda yashaydi. Xodorkovskiy o‘z vaqtida Rossiyaning eng boy odami bo‘lgan. U aynan o‘sha davrda Putin bilan “sen-menga borgan”.

2003 yil fevral oyi. Prezident Putin mamlakatning eng yirik tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ishbilarmonlar orasida, tabiiyki Xodorkovskiy ham bor edi. Ikki o‘rtadagi konflikt aynan shu uchrashuvda boshlandi.

“Mamlakatda korrupsiya avjida va bu aynan hukumatdan boshlanadi. Jinoyatga botgan tizimni isloh qilish uchun, sizning byurokratiyangizni o‘zgartirish kerak. Amaldorlaringiz bo‘lsa nafaqat pora oladi, balki talab ham qiladi”, degan edi uchrashuvda so‘zga chiqqan Xodorkovskiy Putinning ko‘zlariga qarab.

Oradan bir necha oy o‘tib Xodorkovskiy hibsga olindi va soliqlarni to‘lamaganlikda hamda firibgarlikda ayblanib qamaldi. Oradan 10 yildan ortiq vaqt o‘tib u ozod qilindi va darhol mamlakatni tark etdi.

Boris Nemsov. U Rossiyaning birinchi Prezidenti Boris Yelsin davrida Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan. O‘sha vaqtlar siyosiy elita orasida Nemsov Yelsinning davomchisiga aylanadi, degan gaplar ham yurardi. Xusasan, Yelsinning o‘zi ham buni bir necha bor takrorlagan. Yakunda esa Nemsov emas Putin Rossiya prezidentligiga loyiq ko‘rildi.

Vladimir Putin hokimiyatga kelganidan keyin, Nemsov asta-sekin muxolifat pozitsiyasiga o‘tdi. 90-yillarda hokimiyatga yaqin bo‘lgan boshqa ko‘plab “qahramonlar”dan farqli o‘laroq, Nemsov Putin ta’siri ostidagi yangi avtoritarizmga qo‘shilishga harakat qilmadi. Siyosatchi 2000-yillarda bergan intervyusida Putinning yakka hokimligi kuchayib ketishidan qo‘rqish kerakligi va nima uchun mamlakat shu sharoitda rivojlana olmasligi haqida gapirgan.

Keyingi yillarda Nemsov Putinning ashaddiy tanqidchisi va unga qarshi muxolifatchi bo‘lib shakllandi. Oxir-oqibat u 2015 yilning fevral oyida naqd Kreml oldida otib tashlandi.

Aleksey Navalniy. U bugungi kunda Rossiya muxolifati yetakchisi va hozirda panjara ortida. Putinning siyosiy dushmanlari orasida, aynan, Navalniy unga ko‘p bosh og‘riq bo‘lgan. O‘tgan yillar davomida Aleksey Korrupsiyaga qarshi fondga asos solib, atrofiga kuchli jamoa to‘pladi. Ushbu komanda bilan bir qator surishtiruv ishlarini olib borib, Putin atrofiga qurilgan ko‘plab korrupsion sxemalar haqida hujjatli filmlar oldi va Kreml kirdikorlarini ochib tashladi.

2020 yilda esa Navalniy “Novichok” kimyoviy-harbiy moddasi bilan zaharlandi va o‘lishiga ham bir baxya qoldi. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, uni aynan Putinning ko‘rsatmasi bilan zaharlashgan. Omon qolgan Navalniy Germaniyada davolanib, Vatani Rossiyaga qaytdi va o‘sha vaqtning o‘zidayoq hibsga olindi. Keyinroq, “Iv Roshe” kompaniyasining pullarini o‘zlashtirishda ayblanib 3,5 yilga qamaldi.

Rossiyaning “imperialistik” harakatlari

O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Putinni “imperialist”, ya’ni boshqa mamlakat hududlarini egallab olish va ularning ustidan siyosiy yoki iqtisodiy nazorat o‘rnatish uchun harbiy kuch ishlatishga intiluvchi siyosatchi, deb tariflagan.

“Putin – imperialist, u hokimiyatga kelishi bilan SSSR parchalanishini “XX asrning eng katta fojiasi” sifatida ta’riflagan edi. Putinni barcha geosiyosiy intilishlari asosida sobiq ittifoq hududlarini nazorat qilish, har xil integratsion loyihalarni amalga oshirish bor”, deb yozadi u.

Rabbimovning fikrlarini butkul inkor qilish imkonsiz. Negaki 2014 yilda Ukrainada boshlangan tartibsizliklar vaqtida Rossiya Qrim orolini anneksiya qildi.

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar

Putin prezidentligining ilk yillarida mamlakat bosh qomusi – Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish haqida fikr bildirilsa, u bunga darhol qarshi chiqardi. Lekin vaqt o‘tib, “taxt”ga qulayroq joylashib olgan Putinning bu borada fikrlari ham o‘zgardi.

Jumladan, u 2001, 2003 va 2005 yillarda Konstitutsiya haqida “hech narsani o‘zgartirmaymiz”, degan bo‘lsa, 2007 yilga kelib “ha, biror narsani o‘zgartirsa bo‘ladi”, degan.

Shu bilan 2008 yilda Rossiya Kontstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, mamlakat Prezidentining vakolatlari kengaytirildi. 

2013 yilga kelib, Putin ushbu bosh qonunga o‘zgartirish kiritish borasida yanada dadilroq gapirishni boshladi:

“O‘zgartirish mumkin va buni qilish kerak”.

Shu yili Rossiya prezidentligiga 3-marta saylangan Putin mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritdi. Endi u prokurorlarni tayinlash vakolatiga ega bo‘ldi.

2014 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan navbatdagi o‘zgartirishga ko‘ra, Prezident mamlakat Xavfsizlik Kengashiga Rossiya Federatsiyasining vakilini tayinlash vakolatini oldi.

Eng yirik o‘zgartirish o‘tgan 2020 yilda amalga oshirildi. Unga ko‘ra, Putinning mamlakat rahbarligidagi faoliyati nollashtirildi va endi u 2036 yilga qadar Rossiyani boshqarish imkoniyatiga egab bo‘ldi. Ushbu mamlakatda keyingi prezidentlik saylovlari 2024 yilda bo‘lib o‘tadi va agar yana Putin g‘alaba qozonsa, bu hisob bo‘yicha beshinchisi bo‘ladi.

Putinning siyosiy raqiblari shunchaki, mamlakatni tark etsa, muxolifatchilar o‘ldirilsa yoki qamalsa, mamlakatda so‘z erkinligi mavjud bo‘lmasa, inson huquqlari toptalsa, istagancha Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, 20 yillab mamlakatni boshqarsa, bu diktatura bo‘lmay nima?

Yevropaga urush qaytdi

Hokimiyatda qolish muddatini uzaytirib olgan Putin oradan ikki yil o‘tar-o‘tmas o‘zining imperialistik kayfiyatini namoyish qildi va Yevropaga urush nima ekanini eslatib qo‘ydi. 2022 yil 24 fevral kuni tongda Rossiya kuchlari Ukrainaning Donbass mintaqasida ayirmachilar nazoratidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari deb atalmish tuzilma hududidan ukrain zaminiga bostirib kirdi. Ruslar bu bosqinni "maxsus harbiy operatsiya" deb atadi. Ammo dunyo bu ochiqdan ochiq urush ekanini ilk daqiqalardanoq tushunib bo‘ldi.

Putin bu yurishini tan olinmagan DXR va LXR aholisini, tom ma’noda Ukraina fuqarolarini himoya qilish vaji bilan xaspo‘shladi. Aslida esa maqsad bitta – Ukraina yerlarini, imkon bo‘lsa, butun mamlakatni nazoratga olish. Hujum boshlanishi ortidan Yevropa Ittifoqi, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya Rossiyaga qarshi misli ko‘rilmagan sanksiyalar joriy qildi. Qisqa vaqtda Rossiya KXDR, Eron va Suriyani ortda qoldirib, eng ko‘p cheklov joriy etilgan davlatga aylandi. Sanksiyalar Putinni ham chetlab o‘tmadi. Yuqoridagi nomi keltirilgan davlatlar Putin va uning yaqinlariga – qizlari va ma’shuqasi Alina Kabayevaga ham sanksiyalar qo‘lladi. Ukrainaga hujum Rossiyani butkul quvg‘indi davlatga aylantirmagan bo‘lsa-da, barcha davlatlarni u bilan aloqa qilishdan tiyilishga undadi. 70 yillik yubileyini nishonlayotgan Putin esa ko‘plab davlatlarda istalmagan mehmonga aylandi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

377

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing