Putinparast o‘zbeklar urushga boradimi?
Intervyu
−
29 Sentabr 2022
22520Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng, bundan rossiyaliklar qatori o‘zbekistonliklar ham tashvishga tusha boshladi. Chunki bir tarafdan bugun millionlab o‘zbeklar Rossiyada muhojir sifatida mehnat faoliyatini olib borayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdan Rossiya fuqaroligini olgan O‘zbekistonliklar ham oz emas. Masalan, 2021 yilning o‘zida 32 mingga yaqin o‘zbekistonliklar Rossiya fuqaroligini qabul qilgan. Va ularning katta qismi O‘zbekiston fuqaroligidan ham voz kechmagan. Hukuqshunos Botir Shermuhammadning fikricha, “bugun O‘zbekiston hukumati rus “propaganda”siga qarshi hech qanday ish qilmayotgan bir paytda “propaganda”ning ichida yashayotgan o‘zbeklarning ahvoli, ongi haqida hech qim bosh qotirmayapti ham. Ularni himoya qilish u yoqda tursin, Rossiya fuqaroligini olgan O‘zbekiston fuqarolarining urushga nisbatan kayfiyati, fikri o‘rganilmayapti. Xo‘sh, bugun ham Rossiya, ham O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan vatandoshlar “propaganda”ga qanchalik bardoshli va Ukraina-Rossiya mojorosida ular kim tomonda? QALAMPIR.UZ mazkur savollarga javob olish uchun Moskvadagi o‘zbeklar diasporasi rahbari, huquqshunos Bahrom Ismoilov bilan suhbatlashdi. Ammo ajablanarlisi, “biz davo istab borgan tabibning o‘zi ham “bemor” ekan”. (!) Nima uchun dono o‘zbek xalqining bu naqlini keltirganimizni esa hademay bilib olasiz.
Shu o‘rinda alohida aytamizki, QALAMPIR.UZ Ukrainaning hududiy yaxlitligini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Suhbatdoshning intervyuda aytgan urush, Rossiya borasidagi fikrlari o‘ta sub’ektiv va bu tahririyat qarashlarida o‘zida aks ettirmaydi.
Ushbu suhbat Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklarning ikki fuqarolik, rossiyaparastlik, urush borasidagi fikrlarini bilish orqali vaziyatga oyna tutish maqsadida tashkillashtirilgan. Shu o‘rinda o‘quvchidan “propaganda”ga uchmaslikni so‘raymiz.
Nima uchun o‘zbekistonliklarning Rossiya fuqaroligini olishga bo‘lgan qiziqishi ortmoqda?
“Rossiyada uzoq yillar davomida ishlab kelayotgan o‘zbeklar o‘ziga sharoit yaratish maqsadida fuqarolikni olishga qaror qilgan”, deqdi ushbu savolga javoban Moskva shahridagi o‘zbeklar diasporasi rahbari Bahrom Ismoilov.
U sabablarni sanab o‘tib, bugungi kunda 3 millionga yaqin o‘zbekistonliklar Rossiya shaharlarida ishlayotgani, buning uchun esa har yili 80-100 ming rubl patent to‘lovlarini qilishga to‘g‘ri kelishini aytdi.
“Ikkinchidan, chet el fuqarolarining bu yerda yurishlari ancha qiyin. Shuning uchun, aniq ishi bo‘lgan o‘zbekistonliklar tinch yashashi uchun vaqtinchalik yashash guvohnomasini, imkon qadar Rossiya fuqaroligini olishga harakat qiladi. Bu o‘zlariga qulay bo‘lishi uchun kerak. Shunda patentlarga to‘lov qilinmaydi, ko‘proq maosh oladi. Chunki Rossiyada chet el fuqarolariga rossiyaliklarga nisbatan 30-40% kam oylik to‘lanadi”, deydi u.
Moskvadagi o‘zbeklar diasporasi rahbarigak ko‘ra, O‘zbekiston Hukumati ikki fuqarolik maasalasini ko‘rib chiqishi kerak. U bunga Tojikistonni misol tariqasida keltirarkan, ushbu mamlakat fuqarolari agar Rossiya fuqaroligini ham qabul qiladigan bo‘lsa, bu har ikki mamlakatda ham tan olinishini namuna sifatida ko‘rsatdi.
“O‘zbekistonning fuqarolikka tegishli qonuni ancha eskirgan. Bugun zamon o‘zgardi. Prezidentimiz turli mamlakatlardagi vatandoshlarga siyosatni 2017 yildan boshlab o‘zgartirdilar. Leki,n O‘zbekiston qonunchiligida bu savollarga aniq javob yo‘q. Chunki rostdan ham qonunda ikki fuqarolik taqiqlangan, biroq javobgarlik qo‘llanmaydi. Shuning uchun Prezidentimiz aytganlaridek, o‘zbeklar qayerda yashamasin, qaysi davlat fuqaroligini qabul qilmasin, O‘zbekiston bilan aloqalarini uzmasligi kerak. Buning uchun esa, fuqarolikka oid qonunchilikka o‘zgartirish kiritish va mening fikrimcha, O‘zbekistonda ikki fuqarolikka ruxsat berishi kerak”, deya ta’kidladi huquqshunos Ismoilov.
Xususan, uning o‘zi ham ayni paytda ikki davlat – Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi. Biroq O‘zbekistonda ham, Rossiyada ham ikki fuqarolik tan olinmaydi. Lekin, qonunchilikda buning uchun jazo ham nazarda tutilmagan. Rossiya yoki boshqa davlat fuqaroligini olgan O‘zbekiston fuqarosiga mamlakatning o‘zida fuqaro sifatida qaralaveradi. Ya’ni u boshqa davlat fuqaroligini olgani uchun O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarilmaydi. Faqat boshqa davlat fuqaroligini olgani haqida 30 kun ichida xabar bersa bo‘lgani. Bu O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy bo‘shliqdek, go‘yo. Chunki hozirgi kabi qaltis vaziyatlarda bu “bo‘shliq” juda katta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, Rossiya Federatsiyasining Korrupsiyaga qarshi kurash milliy qo‘mitasi raisi Kirill Kabanov Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan qisman safarbarlik doirasida oxirgi 10 yillikda Rossiya fuqaroligini olgan Markaziy Osiyo (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston) mamlakatlari vakillari uchun bir yil muddatga majburiy harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha takliflar tayyorlanayotganini aytgan.
U bayonoti davomida harbiy burchni bajarishdan bosh tortgan taqdirda nafaqat fuqaroning o‘zi, balki uning oila a’zolarini ham Rossiya fuqaroligidan mahrum qilinishi kerakligini bildirgan. Bu esa o‘ta keskin bayonot bo‘lib, agar taklif ma’qullansa, ko‘plab o‘zbekistonliklar va ularning oila a’zolari jabr ko‘rishi mumkinligini anglatadi.
Fuqarolikni saqlab qolish uchun Rossiya armiyasiga yoki urushga borgan taqdirda, qaytgach, O‘zbekiston uni javobgarlikka tortadi. Xullas, unday qilsa ham, bunday qilsa ham qo‘shfuqaroligi bor kishi jabr ko‘radi. Bu esa har ikki davlat hukumatlarining ayni mavzuda muzokara o‘tkazishi kerakligidan dalolat beradi.
Rossiya fuqaroligini olish qanchalik to‘g‘ri tanlov?
Boshqa davlat fuqaroligini olish ayni paytda juda jiddiy tanlov bo‘lib, bunda bir qancha tamoyillarni hisobga olish kerak. Masalan, Rossiya doimiy ravishda qaysidir davlat bilan qarama-qarshilikka borib turadi. U xoh Ukraina bo‘lsin, xoh NATO yoki AQSH, Rossiya bilan munozaralarga ega. Shuning uchun bu davlatning fuqaroligi o‘zbeklar uchun qanchalik to‘g‘ri tanlov deyish mumkin?
“Agar imkoniyatingiz Germaniya, Kanada yoki AQSHning fuqaroligini olishga yetsa, rivojlangan vavlatlarga borishga harakat qilasiz. Lekin, AQSH yoki Kanada 3 million o‘zbekistonlik fuqaroni qabul qila oladimi? Hozir fuqarolarimiz O‘zbekistonda ish yetmagani, raqabat kuchaygani, oylik maoshlarning pastligi tufayli Rossiyaga chiqib ishlashmoqda. Balki shuning uchun Rossiya fuqaroligi odamlarning hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirish imkoni bo‘lishi mumkin”, deydi Moskvadagi o‘zbeklar rahbari.
Uning aytishicha, Rossiyada oxirgi 20 yil ichida har xil urushlar bo‘ldi, lekin, shunga qaramay Rossiyani qurayotganlar aynan o‘zbeklar, tojiklar va qirg‘izlar. Rossiya fuqarolari esa yildan yilga kamaymoqda.
Rusparastlik. “Rossiyaga kimdir qarshi chiqsa, bu o‘zbeklarga ham qarshi chiqish degani!”
“Rossiyaga kimdir qarshi chiqsa, bu o‘zbeklarga ham qarshi chiqyapti degani. Chunki o‘zbeklar Rossiya bilan iqtisodiyot tomonidan ham, madaniyat jihatidan ham juda yaqin xalq”, deydi Moskvadagi o‘zbeklar rahbari Bahrom Ismoilov.
Uning fikricha, O‘zbekiston va Rossiya bir-biri bilan yaqin o‘rtoq munosabatda bo‘lishi kerak. Chunki Rossiyada 3 milliondan oshiq O‘zbekiston fuqarolari ishlamoqda. Bundan tashqari, bizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimiz eng ko‘p eksport qilinadigan davlat ham, bizga kerak ko‘p mahsulotlar import qilinadigan davlat ham aynan Rossiya.
Mosvkva o‘zbeklari rahbari o‘zbeklarni sharmanda qilmaslik, yuzini yerga qaratmaslik uchun, hatto, Rossiya tomondan Ukrainadagi urushga borishga ham rozi.
“Agarda shunaqa vaziyat bo‘lib qolsa, men Bahrom Ismoilov, Rossiya fuqarosi bo‘lib, o‘zbek bo‘lib, Rossiya xalqining yonida turish uchun, o‘zbeklarni sharmanda qilmaslik uchun boraman!”, deydi Ismoilov.
U o‘zining bu qaroriga sovet davrida Rossiyani himoya qilgan o‘zbeklarni namuna sifatida keltirdi:
“Biz 1941 yilda Rossiya bilan bitta davlat bo‘lganmiz. Lekin 600 mingga yaqin o‘zbeklar sobiq sovet davrida Moskvaning himoyasidan tortib Berlingacha yetib borishgan. Biz ular bilan faxrlanamiz”.
Suhbat davomida QALAMPIR.UZ muxbiri undan butun o‘zbeklar nomidan gapirmaslikni, hech bo‘lmasa Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbeklarning nomidan gapirishini so‘ragan. Lekin Ismoilov barcha mamlakatlardagi o‘zbeklar umumiy o‘zbek ekanini da’vo qilgan.
Moskvadagi o‘zbeklar diasporasi rahbari Bahrom Ismoilov bilan eksklyuziv intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Bahrom Ismoilov na’muna sifatida keltirgan Ikkinchi jahon urushi bilan hozirgi vaziyatni umuman taqqoslab bo‘lmasligi barcha uchun ayon. Sobiq sovet davrida O‘zbekiston mustaqil bo‘lmagan edi va o‘z o‘rnida SSSR hukumatida bo‘ysunishga, uni himoya qilishga majbur edi. Lekin, hozir o‘zbeklarni Rossiya tomondan jang qilishga nima majbur qilmoqda? Bu “rusparast”lik, yoki “Rossiyaparast”lik emasmi? Ammo, huquqshunos Bahrom Ismoilov o‘zini aslo bunday deb hisoblamasligini aytdi.
O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha esa boshqa davlat tomonidan harbiy harakatlarda ishtirok etishning jinoiy javobgarligi bor. Bunday harbiy harakatlarda ishtirok etish Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘lishi ta’kidlangan.
Biroq, Bahrom Ismoilov bunday vaziyatda O‘zbekistondagi jinoiy javobgarlikni o‘ylab o‘tirmasligini, baribir urushga borishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Perm shahridagi o‘zbek diasporasi rahbari shaxsan o‘z vatandoshlarini, o‘zbeklarni Ukrainadagi urushga jalb qilayotgani haqida videolar tarqalgandi. Ularning orasida esa O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechmagan o‘zbeklar ham borligi taxmin qilingan edi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi esa xabar yuzasidan munosabat bildirib, aholidan harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘ragan. Ammo o‘zbeklarni urushga jalb qilayotgan diaspora rahbarining O‘zbekiston fuqaroligi bor yo yo‘qligiga, agar bor bo‘lsa, uni fuqarolikdan chiqarish haqida rasmiylar hech qanday ma’lumot ochiqlagani yo‘q.
LiveBarchasi