Dunyoni titratgan hafta yoxud ostonada urush

Tahlil

Dunyoning qayeriga qaramang urush. Qayerga qaramang, qurbonlar ortidan oh urib, ko‘z yosh to‘kilyapti. Sizga bularni ayta turib, ikki haftalik tanaffusda o‘zib borgan joy, Toshkentdagi “Chinobod” sanatoriyasidagi peshtaxtalardan biriga yozilgan gap esimga tushdi: “Yoshlikning yeli kuchli, keksalikning aqli”. Gap deb hamma narsani yozaverarkan-da, dedim bu peshtaxtani ko‘rib. Nima, yoshi o‘tgan, keksa odamning hammasi ham aqlli, mushohadali, donishmandmi? Axir yoshi o‘tgani sari aqliyu zehnini, xotirasini yo‘qotib, nima deyotganiyu nima qilayotganini bilmayotganlar ozmi? Ayniqsa, shundaylar ko‘pga bosh bo‘lib qolsa bormi? Bundan nafaqat o‘zi va o‘sha guruh, butun dunyo aziyat chekadi. Afsuski, undaylar bor. Demak, Rossiyadagi safarbarlik, Qirg‘iziston va Tojikiston, Armaniston va Ozarbayjon chegarasidagi vaziyat haqidagi qator hafta voqealari bilan quyida tanishasiz.  

Dunyoda titratgan safarbarlik

Kuni kecha xorijga safar qilmoqchi bo‘lib, Toshkentdan kuniga 5-6 marta parvoz amalga oshiriladigan davlatga chipta qidirdim. Oktyabrning 10-sanasigacha chipta yo‘q. Oktyabr oyidagi narxlar ham avvalgisidan ikki-uch baravar qimmat. Hayratdan yoqamni ushlagancha o‘tirgandim hamki, bunisi holva ekanini ko‘rdim. Rossiyadan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus, Turkiya shaharlariga chiptalar narxi bir necha baravarga oshib ketganini ko‘rdim. Hatto, Toshkentga bir tomon uchun samolyot chiptasi narxi taqriban 14 ming dollargacha chiqibdi. Prezident Vladimir Putinning Ukrainadagi urushni davom ettirish maqsadida safarbarlik borasida olgan qarori rossiyaliklarning dunyo bo‘ylab sochilib ketishiga, mamlakatni tashlab qochishiga va parvozlar narxining ko‘tirilib ketishiga olib keldi. 

Gap shundaki, Rossiya Ukrainaga nisbatan urush boshlaganiga 210-kun to‘lganda, ya’ni 21 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin xalqqa murojaat yo‘llab, mamlakatda qisman harbiy safarlik e’lon qildi.

Unga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatga faqat hozirda rezervda bo‘lgan va birinchi navbatda Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, muayyan harbiy mutaxassislik va tegishli tajribaga ega bo‘lgan fuqarolargina chaqirilishi belgilandi.

Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga ko‘ra, harbiy safarbarlik doirasida Ukrainaga qarshi urush uchun 300 ming kishi jalb qilinadi. 

“Novaya gazeta. Yevropa”ga ko‘ra, aslida Putin imzolagan qaror bilan safarbarlikka jalb qilinadiganlarning soni 300 ming emas, balki 1 mln kishini tashkil etadi, shuning uchun ham qarorda aynan shu gap aks etgan 7-band yashirib qo‘yilgan. Ayni vaqtda mamlakat va xorijda qarorning ushbu bandi nega yashirib e’lon qilingani muhokama qilinmoqda. Prezidentning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa 1 million odam haqida gaplarni rad etmoqda. 

Rossiya bo‘ylab namoyishlar avj oldi

Putinning qisman harbiy safarbarlik e’lon qilishi ortidan o‘sha kunning o‘zida mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlandi. “OVD-Info” inson huquqlari loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda 1400 dan ortiq odam hibsga olingan. Ularning eng ko‘pi Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Politsiya namoyishchilarni yurish paytida, shuningdek, metroda shafqatsizlarcha hibsga olgan. Namoyishchilar va jurnalistlar kaltaklangan.

Dunyo Putinning qaroriga nima dedi? 

Putin safarbarlik e’lon qilgach, dunyo oyoqqa turdi. Birinchi bo‘lib Xitoy Ukraina mojarosining barcha tomonlarini harbiy harakatlarni to‘xtatib, muloqot va muzokaralarni boshlashga chaqirdi. Xitoy TIV rasmiy vakili Van Venbinning ta’kidlashicha, Xitoyning Ukraina inqirozi bo‘yicha pozitsiyasi aniq va izchil. Pekin tegishli tomonlarni muloqot va muzokaralar yo‘li bilan o‘t ochish va va jangovar harakatlarni to‘xtatishga erishishga hamda har bir davlatning qonuniy xavfsizlik xavotirlarini inobatga olgan holda imkon qadar tezroq yechim topishga chaqiradi. 

AQSH Prezidenti Jo Bayden esa endi Rossiya ko‘proq askarlarini jangga qo‘shilishga chaqirayotgani, Kreml Ukrainaning ayrim qismlarini qo‘shib olishga urinish uchun soxta referendum uyushtirayotgani, bu BMT nizomini o‘ta jiddiy buzish ekanini aytib chiqdi. 

Germaniya kansleri Olaf Sholsga ko‘ra, qisman safarbarlik Rossiyaning “umidsizlik harakatidir”. Shols “Rossiya bu jinoiy urushda g‘alaba qozona olmasligi” va Prezident Vladimir Putin “so‘nggi qarorlari bilan vaziyatni yanada yomonlashtirganini” aytdi.

“Putin “boshidanoq ukrainaliklarning qarshilik ko‘rsatish irodasini, shuningdek, Kiyev ittifoqchilarining “birdamligi va qat’iyatini” butunlay past baholagan. Bu Ukraina o‘zining hududiy yaxlitligi va suverenitetini juda samarali himoya qilayotganining yaqqol belgisidir, bu nafaqat dunyoning ko‘plab mamlakatlari, xususan, Germaniyaning keng ko‘lamli va jiddiy qo‘llab-quvvatlashi tufayli”, deydi Shols.

Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning fikricha, yana 300 ming rossiyalikni urushga jo‘natish qarori 3 kunda Ukrainani bosib olmoqchi bo‘lgan Kremlning harbiy sarguzashtlari barbod bo‘lganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov Rossiya Federatsiyasi Prezidentining safarbarlik haqidagi bayonotlarini “ruslardan foydalanishning keng qamrovli dasturi” deb atadi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning fikricha, Rossiyadagi qisman safarbarlik Ukrainaga qarshi urush uchun ofitserlar va boshqa xodimlarni yollash bilan bog‘liq muammolar borligini ko‘rsatadi.

“Biz allaqachon bilamizki, ular kursantlarni, jang qilishni bilmaydigan yigitlarni safarbar qilishgan. Bu kursantlar vafot etdi. Ular hatto o‘qishni ham tugata olmadilar”, deydi Zelenskiy.

Uning fikricha, “Putin Ukrainani qonga, xususan, o‘z askarlari qoniga botirmoqchi”.

Ukraina ham safarbarlik e’lon qiladimi?

Bu orada Rossiya ortidan Ukraianada ham safarbarlik e’lon qilinishi mumkin, degan gaplar tarqaldi. Rasmiy Kiyev izohiga ko‘ra, Ukraina Rossiya Federatsiyasidagi qisman safarbarlikka javoban analogik choralarga ehtiyoj sezmayapti. Bu haqda Ukraina Prezidentining Oliy Radadagi vakili Fyodor Venislavskiy brifingda ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina Qurolli Kuchlari hamda boshqa xavfsizlik va mudofaa sohasi organlarining shaxsiy tarkibi soni Oliy Bosh qo‘mondon Vladimir Zelenskiy va Qurolli Kuchlar Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy tomonidan qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun mutlaqo yetarli.

Venislavskiyning eslatishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 24 fevral kuni Ukrainada to‘liq safarbarlik e’lon qilingan va 700 mingga yaqin odam armiyaga olingan. Ular hozirda Ukraina Qurolli Kuchlari va boshqa harbiy tuzilmalar tarkibida vazifalarni bajaryapti.

Boshqa tomondan agar Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga ishonadigan bo‘lsak, Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari juda achinarli darajada. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Atrofda urush, Nyu-Yorkda dunyo rahbarlari yig‘ildi

Joriy haftada har yilning kutilgan voqeasi – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi Rossiya-Ukraina urushi davom etayotgan, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida otishmalar avjiga chiqqan, Armaniston va Ozarbayjon sarhadlarida urush olovi qayta alangalagan og‘ir sharoitda bo‘lib o‘tdi. Nyu-Yorkda o‘tgan sessiyada Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Qozog‘iston va Qirg‘iziston Prezidentilari Qosim-Jomart To‘qayev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi. Zelenskiy Bosh Assambleya sessiyasida onlayn ishtirok etdi. Mamlakat nomidan Nyu-Yorkga Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va mamlakat birinchi xonimi Yelena Zelenskaya tashrif buyurdi. 

Bosh Assambleya sessiyasida o‘zining prezidentlik davrida ilk bor nutq qilgan Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Tojikiston bilan chegaradagi qurolli to‘qnashuvlarni qirg‘iz tomoni boshlamagani, aksincha, Bishkek doim qurol ishlatishdan qochishga harakat qilgani va qurolsiz, tinch aholiga hech qachon o‘q uzmagani, ammo Imomali Rahmon boshchiligidagi Tojikiston Qurolli kuchlari Qirg‘iziston bilan bir necha formatdagi xalqaro kelishuvlarga qaramay, Qirg‘iziston suverenitetiga daxl qilganini aytdi. 

U dunyoning bosh minbaridan yana bir bor Qirg‘iziston tomoni begona yerlarga da’vo qilmasligi, lekin o‘z yerlarining bir santimetrini ham hech kimga berib qo‘ymasligini baralla aytdi.  

Dunyo aholisining beshdan biri och qolmoqda

Bosh Assambleya sessiyasining birinchi kunida nutq qilgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an dunyodagi harbiy, siyosiy, iqtisodiy va demografik muammolarga e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, moddiy va texnologik imkoniyatlar eng yuqori darajaga yetgan XXI asrda dunyo aholisining beshdan bir qismi hamon ochlik va qashshoqlikdan aziyat chekayotganini qabul qilib bo‘lmaydi.

“So‘nggi o‘zgarishlar bilan dunyo 2030 yilga kelib ochlik darajasini nolga tushirishi kerak bo‘lgan barqaror rivojlanish maqsadlaridan uzoqlasha boshladi”, deydi Erdo‘g‘an.

Uning ta’kidlashicha, insoniyat oldida turgan bu qorong‘u manzarani umid nuri bilan yoritishning yagona yo‘li – haqqoniy va adolatli yondashuv bilan xalqaro hamkorlik va birdamlikni mustahkamlashdir.

U, shuningdek, Turkiya Rossiya va Ukraina urushini tugatishda faqat va faqat Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini saqlab qolish asosida harakat olib borishini aytdi. U BMTdagi chiqishidan keyin jurnalistlar bilan muloqotda Anqara hech qanaqasiga Rossiyaning Ukrainani anneksiya qilishini tan olmasligini urg‘ulab, AQSHdan qaytgach, Putin va Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilishini bildirdi. 

Prezident Erdo‘g‘an o‘zi bilan BMT minbariga Egey dengizi va Sharqiy O‘rtayer dengizida cho‘kib ketgan bolalar suratini olib chiqdi. U Yunonistonning muhojirlarga nisbatan zulmlari kuchayib borayotganiga e’tibor qaratdi. Suratni ko‘rsatib nutqini davom ettirgan Prezident Erdo‘g‘an, O‘rtayer dengizi sohilidan jonsiz topilgan chaqaloq Aylanni esladi:

“Turkiya o‘laroq biz yangi Aylanlarning jasadlari qirg‘oqlarga urilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kurashyapmiz, Yunoniston qonunga xilof va beparvolik zarbalari bilan Egey dengizini qochqinlar qabristoniga aylantirmoqda.

O‘tgan hafta Gretsiya qirg‘oq qo‘riqchilari qayiqlarini cho‘ktirishi oqibatida to‘qqiz oylik chaqaloq Asim va to‘rt yoshli Abdulvahob oilalari bilan hayotdan ko‘z yumdi. 

Yevropa va Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari insoniyatga qarshi jinoyatlardan iborat bu vahshiyliklarga chek qo‘yishi vaqti keldi”, deydi Erdo‘g‘an

Ukrainaning dahshatli yo‘qotishlari

Boya aytganimizdek, joriy haftada Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukraina urushda qancha askarini boy bergani haqidagi dahshatli raqamlarni ochiqladi. Uning qayd etishicha, Ukraina Qurolli Kuchlaridagi qurbonlar va yaradorlarn 100 mingdan oshadi. 

Unga ko‘ra, 61207 kishi halok bo‘lgan, 49368 kishi jarohat olgan. 

“Agar biz 200 000 dan ortiq armiya va 100 ming yo‘qotish haqida gapiradigan bo‘lsak – bu yo‘qotilgan armiyaning yarmi”, deydi Shoygu. 

Rossiya generalining aytishicha, shu sababli Ukrainaga safarbarlikning to‘rtinchi to‘lqini allaqachon boshlangan.

Shuningdek, general Rossiyaning o‘zi Ukrainada qancha askarini yo‘qotganini ham aytdi. Ishonish qiyin bo‘lsa-da, ammo Shoygu bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya 5937 nafar askarini yo‘qotgan. U jami yaradorlarning qariyb 90 foizi harbiy xizmatga qaytganini ta’kidladi va jarohatlanganlar soniga aniqlik kiritmadi.

Alvido, Qirolicha!

19 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II ning dafn marosimi Vindzor qasridagi Qirol Jorj VI yodgorlik kapellasida bo‘lib o‘tdi. U eri shahzoda Filipp bilan dafn etildi. 

Marosimda butun dunyodan 500 ga yaqin yuqori martabali mehmonlar yig‘ilib, Qirolichaning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Rasmiy tadbirlar vaqtida o‘ta ko‘ngilsiz voqealar yuz bermagan bo‘lsa-da, AQSH va Armaniston Prezidentlari marosim protokolini buzgani OAV e’tiborini tortdi.

Qirolicha bilan vidolashish uchun belgilangan qoidalardan biri, bu dafn marosimi vaqtida suratga tushmaslik. Ammo Armaniston Prezidenti Vaagn Xachaturyan motam marosimiga yordamchisi bilan kelgan va u Prezidentni qo‘l telefonida tobut yaqinida tasvirga olgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bu 14 sentyabrdan 19 sentyabrgacha davom etgan vidolashuv marosimi vaqtida suratga tushish bilan bog‘liq yagona holat.

AQSH Prezidenti Jo Bayden esa qirolichaning dafn marosimi vaqtida kulgani kamera ob’ektivlariga tushib qolgan. Tadbir davomida  Bayden bir necha bor yuzidagi tabassumni ko‘rsatib qo‘ygan. 

Dafn marosimiga Rossiya, Myanma, Belarus Respublikasi, Suriya, Venesuela va Afg‘oniston rasmiylari taklif etilmagan. O‘zbekiston nomidan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov ishtirok etgan.

Urushga o‘zbekistonliklar ham jalb qilinadimi?

Safarbarlik masalasida dolzarbligicha qolmoqda. To‘g‘ri-da bu zamonaviy dunyo tarixida bir mamlakat ikkinchi mamlakat yerlariga da’vo qilishi ortidan safarbarlik e’lon qilishi bilan bog‘liq birinchi holat. To‘g‘rirog‘i ikkinchi jahon urushi, 1941 yildagi safarbarlikdan keyin ruslar ilk bor safarbarlik e’lon qildi. Yetmagandek, endi safarbarlikka ne-ne umidlar bilan Rossiya fuqaroligini olgan markaziy osiyoliklar ham tortilishi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kiril Kabanov ma’lum qildi. 

Uning qayd etishicha, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan e’lon qilingan qisman safarbarlik doirasida Rossiya Federatsiyasining 10 yildan kam muddatga Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan yangi fuqarolari – Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun bir yil davomida majburiy harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.

Bu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan ko‘chib o‘tgan fuqarolarga taalluqli. Harbiy xizmatdan bosh tortganlarning o‘zi ham, oila a’zolari ham fuqarolikdan chiqariladi. 

Uyog‘ini so‘rasangiz, o‘tgan 2021 yilning o‘zida Rossiya fuqarolari 735,4 ming kishiga ortgan. Ulardan 31,9 minggi O‘zbekistondan Rossiyaga ko‘chib o‘tganlar.

O‘zbekiston yuqori idoralari bu masalalar haqida miq etmayapti. Faqat deputat va “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov O‘zbekiston fuqaroligidan chiqib, Rossiya pasportini olganlarga rahmi kelishini aytib chiqdi.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi. 

Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishgan, ammo taraflar vaqti-vaqti bilan bu kelishuvlar buzilayotganini xabar qilmoqda. Xususan, Japarovning BMTdagi chiqishidan so‘ng, tojik tomoni Bishkek Tojikiston aholi punktlariga hujumkor dronlar bilan zarba berayotganini aytib chiqdi. Gap katta ehtimol bilan Qirg‘iziston yaqinda Turkiyadan sotib olgan Bayraktar dronlari haqida bormoqda. 

Dushanbega ko‘ra, Qirg‘iziston 16 sentyabr kuni o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilganidan keyin 1,5 soat o‘tib, barcha turdagi og‘ir qurollar bilan Tojikiston aholi punktlariga o‘t ochishni boshlagan. 21 sentyabr kuni Qirg‘iziston dronlari Tojikiston havo hududini buzib kirgan.

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.

Tojikiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuv vaqtida respublikaning 40 dan ortiq aholisi halok bo‘lgan. Bishkekda Qirg‘izistonning 62 fuqarosi halok bo‘lgani xabar qilingan.

Dunyoga notinchlik urug‘ini sochayotgan Pelosi 

Ozarbayjon va Armaniston chegarasida joriy yilning 13 sentyabr kuni qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib, bir necha kun davom etganidan xabaringiz bor. Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganiga qaramay, vaqti-vaqti bilan Baku Yerevanni chegaradagi provakatsiyalarda ayblab kelmoqda. 

Janubiy Kavkazdagi keskin vaziyatdan xabar topgan AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Armanistonga keldi. U ikki mamlakat chegarasidagi qurolli to‘qnashuvlarda Bakuni aybladi. U AQSH uchun Armaniston suvereniteti va hududiy yaxlitligi muhim ekanini ta’kidlagan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Armanistonni qo‘llab-quvvatlash niyatida, xususan, Yerevanning mudofaa sohasidagi “ehtiyojlarini eshitishga” tayyor.

Pelosining tashrifi va ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada boshi berk ko‘chaga olib kirishga qaratilgan bayonotlariga Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘ktay munosabat bildirib, Pelosini Janubiy Kavkazdagi vaziyatni sabotaj qilishda aybladi. 

Uning ta’kidlashicha, AQSH ma’muriyati Pelosi va unga hamrohlik qilayotgan bir qator armanparast siyosatchilarning bayonotlari Vashingtonning Qorabog‘ masalasidagi rasmiy pozitsiyasini aks ettiradimi yo yo‘qmi, buni aniq aytishi kerak.

“Janubiy Kavkaz har qachongidan ham tinchlik va barqarorlikka muhtoj bo‘lgan bir paytda men xalqaro o‘yinchilarni o‘ta mulohazali va adolatli, eng avvalo, mas’uliyat bilan harakat qilishga chaqiraman”, deydi Turkiya vitse-prezidenti.

Pelosining Armanistonga tashrifi fonida esa mamlakat poytaxti Yerevanda bir necha yuz kishi mamlakatning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqishi va Bosh vazir iste’fosini qo‘llab namoyishga chiqdi.

“Ozodlik” maydonida o‘tgan miting mahalliy portallar tomonidan translyatsiya qilingan. Namoyishchilardan biri, sotsiolog Karen Sarkisyanning fikricha, Armaniston KXSHTdan chiqmagunicha, rasmiylar haqiqiy ittifoqchilar bilan mamlakat xavfsizligini ta’minlash imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralarni boshlay olmaydi.

Uylari tintuv qilingan Usmonov

Tugayotgan haftada Germaniya Federal jinoiy politsiya boshqarmasi va soliq tekshiruvi departamenti xodimlari rossiyalik o‘zbek milliarderi Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan Myunxen yaqinidagi bir qancha mulklarda tintuv o‘tkazdi.

Xususan, uning Bavariyadagi uyiga bostirib kirilgan. Myunxen prokuraturasi vakilining aytishicha, tintuvlarda 250 nafar politsiyachi ishtirok etgan, jami 24 ta ob’ekt tintuv qilingan.
 
Reyddan maqsad Usmonovga nisbatan tashqi savdo qonunchiligini buzganlik, jinoiy daromadlarni legallashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda gumon qilinib, ilgari yopilgan ishlar bo‘yicha dalillarni izlashdan iborat.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, Usmonov Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan va hozir xorijda. Xavfsizlik xodimlari uni O‘zbekistondaligini gumon qilmoqda.

Usmonovlarga oid boshqa xabarimiz ham bor. Shu hafta milliarderning singlisi Saodat Narziyeva Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarildi.

Gap shundaki, Usmonov va Narziyeva aprel oyida Yevropa Ittifoqi hududida sayohat qilish yoki a’zo davlatlar hududida joylashgan aktivlardan foydalanishga to‘sqinlik qilgan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilgan.

“Biz boshidanoq Saodat Narziyevaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar yolg‘on ayblovlarga asoslanganligini aytgan edik, hozirda bu ayblovlar ishonchli va aniq rad etildi”, deydi Narziyevaning matbuot kotibi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Usmonov hamon sanksiyalar ro‘yxatida qolmoqda.

AQSH O‘zbekistonni qo‘llamoqchi

AQSH O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ochiqlik siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Vashington O‘zbekiston bilan aloqalarni ikki tomonlama darajada va "C5+1"formatida mustahkamlashga tayyor. Bu haqda AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Viktoriya Nuland so‘z ochgan. 

BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkga borgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Nuland xonim bilan uchrashgan. 

AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari va amaliy qadamlarini olqishlagan. 

Uchrashuvda O‘zbekistonning Afg‘onistonda barqaror tinchlik va barqarorlikka erishish, qo‘shni davlatga keng ko‘lamli gumanitar yordam ko‘rsatish, infratuzilma va energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlariga yuksak baho berilgan. 

Darvoqe, joriy yilda O‘zbekiston Green Cardni eng ko‘p olgan davlatlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egalladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil eng ko‘p g‘olib bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida birinchilikni Misr (5 529), ikkinchi o‘rinni Jazoir 5 526 egallagan.  O‘zbekiston uchinchi o‘rinda turibdi. 5 511 kishi grin kard olishga muvaffaq bo‘lgan. 

Rossiya va Ukraina asirlarni almashdi

Kiyev siyosatchi Viktor Medvedchuk va 55 nafar rus askarini Moskvaga topshirdi. Medvechuk 215 nafar ukrainalik askarga, jumladan Mariupolning “Azovstal” zavodi himoyachilari va “Azov” polki qo‘mondonligiga almashtirilgan. Shuningdek, Ukraina tomonida jang qilgan va asirga olingan 10 nafar xorijlik qaytarilgan.

Vladimir Zelenskiyning o‘zi “Azov” qo‘mondonligi bilan video havola orqali gaplashgan. Uning aytishicha, almashish shartlariga ko‘ra, beshta polk komandiri urush tugagunga qadar Turkiyada qoladi. Harbiylar Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anning shaxsiy himoyasi ostida bo‘ladi.

Turkiya Prezidenti, o‘z navbatida, Moskva va Kiyev o‘rtasida asirlar almashinuvi Anqara vositachiligida amalga oshirilgani va bu urushni tugatish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.

Eronda 22 yoshli qiz o‘limi ortidan namoyishlar boshlandi

Eronda norozilik namoyishlarida avjida. Axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Aminining o‘limidan so‘ng mamlakatda vaziyat jiddiy tus olmoqda.

Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.

Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.

Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi. 

Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan hafta hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. 

Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojeda referendum boshlandi

23 sentyabr kuni tan olinmagan va o‘zini Lugansk va Donetsk xalq respublikalari deb tanishtirayotgan mintaqalar, shuningdek,  Xerson va Zaporoje viloyatlarida Rossiya Federatsiyasi tarkibiga sub’ektlar sifatida qo‘shilish bo‘yicha referendumlarda ovoz berish boshlandi. U 27 sentyabrgacha davom etadi.

Bir qator mamlakatlar, jumladan Turkiya va AQSH ushbu referendumlarni tan olmasligini aytib chiqdi. 

AQSH Prezidenti Jo Baydenga ko‘ra, Vashington hech qachon Ukraina hududlarini Ukrainaning bir qismi sifatida tan olmaydi. Rossiya referendumlari – bu soxta, Ukrainaning ayrim qismlarini kuch bilan qo‘shib olishga urinish uchun soxta bahona, bu xalqaro huquqni, jumladan,  BMT Nizomini qo‘pol ravishda buzishdir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

207

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing