Safarbarlik Putindan qora xat...mi?

Olam

Xabaringiz bor, roppa-rosa 211 kundan buyon Rossiya-Ukraina o‘rtasida urush davom etmoqda. Bugunga qadar rus harbiylari Ukrainaning Lugansk va Xerson viloyatlarini to‘liq, Zaporoje va Donetsk viloyatlarini qisman bosib oldi. 21 sentyabr kuni Rossiya federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kutilmaganda xalqiga murojaat yo‘llab, mamlakatda qisman harbiy safarlik e’lon qildi.

"Muddatli harbiy xizmatga faqat hozirda rezervda bo‘lgan va birinchi navbatda Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, muayyan harbiy mutaxassislik va tegishli tajribaga ega bo‘lgan fuqarolargina chaqiriladi. Harbiy xizmatga chaqirilganlar bo‘linmalarga yuborilgunga qadar maxsus harbiy operatsiya tajribasini hisobga olgan holda qo‘shimcha harbiy tayyorgarlikdan o‘tadilar”, dedi Vladimir Putin.

Rossiyada 21 sentyabrdan safarbarlik tadbirlariga start berildi, buni mamlakatda zaxiradagi askarlarga armiyaga chaqiruv qog‘ozlari kelishni boshlaganidan ko‘rish mumkin. Chaqiruv qog‘ozlari aks etgan suratlar esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Shuningdek, Putin NATO Rossiyani yadroviy shantaj bilan qo‘rqityapti, degan iddaoni ilgari surdi. Shunday ekan rasmiy Moskva o‘z xalqini yadroviy qurollarni ishga solib bo‘lsa ham himoya qilishini aytdi.

“G‘arb barcha chegaralarni kesib o‘tdi, biz doimiy tahdidlarni eshityapmiz. Kursk va Belgorod viloyatlari hududiga allaqachon terrorchilik zarbalari berilyapti. NATO butun Rossiya janubida razvedka ishlarini olib boryapti. Ular ochiqchasiga Rossiyani jang maydonida mag‘lub etish kerakligini aytishyapti. Yadroviy shantaj ham kuchga kirdi. Bunday gaplarga yo‘l qo‘yayotganlarga shuni eslatib o‘tmoqchimanki, bizning mamlakatimizda ham shunday vositalar (yadroviy qurollar – tahr.) mavjud. Biz xalqimizni himoya qilish uchun barcha vositalardan foydalanamiz. Bu blef emas. Mustaqilligimiz va erkinligimiz barcha vositalar bilan ta’minlanadi”, dedi Putin.

Rossiya rahbarining murojaatidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaliklar qo‘shni mamlakat hududlariga qochishga urinayotgani aks etgan suratlar tarqaldi. Rossiya OAVning ma’lumotlariga ko‘ra, Prezidentning harbiy safarbarlik haqidagi nutqidan so‘ng, bir necha daqiqa ichida, 21 sentyabr kuni Istanbul, Tbilisi va Yerevanga uchadigan reyslar uchun chiptalar qolmagan. Hatto, Moskva-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha chiptalar ham kunning yarimgacha tugab bo‘lgan. Rossiyadan vodiy viloyatlariga bo‘lgan aviabiletlar narxi esa ikki baravarga oshib ketgan.

Rossiya shaharlarida esa safarbarlikka qarshi namoyishlar boshlandi. Sibir va Uzoq Sharqda odamlar hibsga olinishidan qo‘rqib, shaharlarning markaziy maydonlariga shiorlar va plakatlarsiz chiqishdi. Yekaterinburgdagi Mehnat maydonida ham “qisman safarbarlik”ga qarshi miting bo‘lib o‘tdi. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari mitingda kamida 40 kishini hibsga olgan. Odamlar maydonga to‘plana boshlaganidan 20 daqiqa o‘tgach, politsiya xodimlaridan biri namoyishchilarga “ruxsat etilmagan miting”dan ketish uchun 30 soniya vaqt berishini aytgan. Shunga qaramay 28 nafar namoyishchi allaqachon 1-shahar ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

“OVD-Info” inson huquqlari loyihasiga ko‘ra, Rossiyaning sakkiz shahrida Moskva vaqti bilan soat 17:00 ga kelib xavfsizlik kuchlari “qisman safarbarlikka qarshi namoyishlarda 66 dan ortiq odamni hibsga olgan. So‘ngi ma’lumotlarda hibsga olishlar 38 ta shaharda bo‘lib o‘tgani aytiladi. Namoyishchilarning 565 tasi Sankt-Peterburgda, 536 ta Moskvada, 48 ta Yekaterinburg qo‘lga olingan.

Moskva prokuraturasi rossiyaliklarni mitinglarda qatnashish va ularni bildirishnomasiz tashkil qilish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik borligi haqida ogohlantirgan.

Rossiyada armiyaga yollash va namoyishlar daragi chiqqach, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham jim o‘tirmadi. Bosh Prokuratura O‘zbekiston fuqarolarining chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanishi javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirish bilan chiqdi.

BPning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi birinchi qismiga ko‘ra yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 1541-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.

“Shunga ko‘ra, chet mamlakatlarda bo‘lib turgan hamyurtlarimizdan harbiylashgan tuzilmalarga yollanmaslikga, harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz va bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida yana bir bor ogohlantiramiz”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzating.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Ukraina safarbarlik

Baholaganlar

157

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing