Katta siyosatda yumshoq kuch

Jamiyat

Bugun dunyoda kamdan-kam davlatlar rahbarlari xorijiy mamlakatlarga bo‘ladigan tashriflarida rafiqalarini olib yuradi. Ular orasida yanada kam uchraydigani – bu amaliy tashriflarda davlat rahbarlariga birinchi xonimlarning hamrohlik qilishi.  

15-16 sentyabr kunlari Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.  Unda ishtirok etish uchun dunyoning 13 davlati – Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston davlat va hukumat rahbarlari O‘zbekistonga keldi. Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekistonga kelgan 13 oliy darajali mehmonlar orasida faqat Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Samarqandga rafiqasi – mamlakat birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an bilan tashrif buyurdi. Anglaganingizdek, bugun O‘zbekiston va Turkiyaning so‘nggi 6 yil ichida rivojlanib borayotgan munosabatlari va unda birinchi xonimlar, ta’bir joiz bo‘lsa, yumshoq kuchlar ishtiroki haqida gaplashamiz. 

Gap shundaki, ko‘pincha Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning xorijiy safarlarida rafiqasi Emina Erdo‘g‘an hamrohlik qiladi. Biroq, bu tashrif amalga oshirilayotgan davlatdagi vaziyat, o‘sha davlat rahbarining oilaviy muhitiga ham bog‘liq. Masalan Erdo‘g‘an hech qachon rafiqasi bor-yo‘qligi noma’lum bo‘lgan Putinning yoniga Emina xonimni yetaklab bormaydi. Shuningdek, tashrif amalga oshirilayotgan davlat rahbarining rafiqasi bo‘lgani bilan ularning oilaviy munosabatlari qanchalik o‘rnakligi, shuningdek, ikki mamlakat birinchi xonimlari bir-biri bilan qanchalik til topa olishi, gap-gapiga tushishi ham inobatga olinadi. Shu nuqtai nazarda Erdo‘g‘an va uning rafiqasi O‘zbekistonga oila bo‘lib, hatto, o‘g‘li va kuyovlarini bilan kelishni kanda qilmaydi. 

O‘zbekiston va Turkiya munosabatlariga 2016 yilda sovuqlik tushdi. Bu 2016 yilgacha, Prezident Islom Karimov vafoti va hokimiyat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelishigacha davom etdi. Aslida sovuq munosabatlar faqat Turkiya bilan emasdi. Uzoqqa bormang, atrofimizni o‘rab turgan 5 qo‘shni bilan ham jiqqa musht edik.

Xullas, 2016 yilning noyabrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekistonga, Samarqandga keldi. Islom Karimov qabrini ziyorat qildi va Shavkat Mirziyoyev bilan munosabatlarni tiklash va yangi sahifa ochish borasida muzokara o‘tkazdi. O‘shanda Erdo‘g‘an bugungidek, aytaylik, joriy yilning mart oyidagidek qarshilanmagan. Yonida rafiqasi Emina Erdo‘g‘an ham yo‘q edi.

Oradan bir yil o‘tib, 2017 yilning 25-26 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Turkiyaga bordi. Biroq, Prezident Mirziyoyevga rafiqasi – O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamrohlik qilmadi. To‘g‘rirog‘i, safarlarda hamrohlik borasida an’anaga hali start olmagan edi. 

An’anaga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2018 yilda boshlab berdi. O‘sha yilning 29 aprel – 1 may kunlari Erdo‘g‘an davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Unga rafiqasi Emina Erdo‘g‘an hamrohlik qildi. 

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rasmiy uchrashuvidan so‘ng, mamlakatlar birinchi xonimlari Ziroat Mirziyoyeva hamda Emina Erdo‘g‘an o‘rtasida ham ilk uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

So‘ngra birinchi xonimlar O‘zbekistondagi eng mashhur diniy-madaniy markazlardan biri Hazrati Imom majmuasini ziyorat qildi. Mo‘yi Muborak madrasasida bo‘lib, Hazrati Usmon Qur’oni mushafini ham ko‘rdilar.

Rasmiy uchrashuvlar madaniy tadbirlarga ulanib, Prezidentlar Buxoroni ziyorat qildilar. Unda O‘zbekiston rahbarining qizlari Saida va Shahnoza Mirziyoyevalar ham hamroh bo‘ldi.

Bordi-keldi navbati O‘zbekistonga. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 19-20 fevral kunlari Turkiya tashrifni amalga oshirdi. Unga safarda Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva hamrohlik qildi.

Ziroat Mirziyoyeva Emina Erdo‘g‘an tarafidan katta hurmat va iltifot bilan kutib olindi. Davlat rahbarlari rafiqalari bilan Xalq kutubxonasi ochilish marosimida ishtirok etdilar, birga nonushta qildilar.

Prezidentlarning rafiqalari o‘rtasidagi an’anaviy uchrashuv 2022 yilning 29-30 mart kunlari davom etdi. Odatda birinchi xonimlar Prezidentlar tashrifining rasmiy qismlarida ularga hamrohlik qilmaydi. Biroq, bu safar biroz o‘zgarishlar kiritildi.

Prezidentlar rafiqalari hamrohligida Yangi O‘zbekiston bog‘iga borib, monumentga gul qo‘ydi. Keyin birgalikda Ko‘ksaroyga keldilar.

Davlat rahbarlari Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazayotgan vaqtida Ziroat Mirziyoyeva Emina Erdo‘g‘anni sumalak sayliga olib bordi. 

Ertasi kuni ikki davlat rahbarlari qidimiy Xivaga tashrif buyurdi. Aeroportda Erdo‘g‘an va rafiqasini Shavkat Mirziyoyev va Ziroat Mirziyoyeva kutib oldi. Ichan qal’aga sayohatda Erdo‘g‘anning kuyovi Bilol va Mirziyoyevning qizlari Saida va Shahnoza ham ko‘rinish berdi. 

So‘zimiz avvalida aytganimizdek, davlat rahbarlari odatda rafiqalarini kamdan kam holatlarda o‘zlari bilan olib yuradilar. Ammo Erdo‘g‘an qardosh mamlakatlarga turmush o‘rtog‘i bilan borishni yoqtiradi. Xususan, Emina Erdo‘g‘an turmush o‘rtog‘i bilan tez-tez Ozarbayjonga safar qilib, Prezident Ilhom Aliyevning rafiqasi Mehribon Aliyeva bilan uchrashadi.

Bunda safar davlat tashrifi bo‘lishi shart emas. Aytaylik, 2019 yilning oktyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sammitiga a’zo davlatlardan faqat Turkiya rahbari rafiqasi bilan borgan.

Ular kechki ovqatda Prezidentlar bilan birga o‘tirgan. 

Kechagi tashrif ham an’ananing davomi bo‘ldi. Prezidentlarning rafiqalari Samarqanddagi Boqiy shahar sayyohlik markazi bilan tanishdi, Konigil qishlog‘ida bo‘lib, turixiy madaniyat va urf-odatlardan boxabar bo‘ldi, tarixiy qog‘oz ishlab chiqarish markazini ko‘zdan kechirdi. Ularga bu safar Shahnoza Mirziyoyeva hamrohlik qildi. 

Emina Erdo‘g‘anning bu galgi tashrifda adras choponda samolyotdan chiqib kelishiyoq uning O‘zbekistonga alohida tayyorgarlik va hurmat bilan kelayotganini ifoda etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Umuman olganda, birinchi bor o‘zbek liboslarida ko‘rinish berayotgani yo‘q. Atlas va adrasning ixlosmandi bo‘lgan turk birinchi xonimi 2019 yilning 6 aprel kuni Iordaniya qirolichasi Raniya Al-Abdulloh bilan uchrashuvda ham o‘zbek shoyisidan tikilgan libosda namoyon bo‘lgan.

Yumshoq kuchlarning xalqaro siyosat maydonidagi ishtiroki muhim. Hatto, amir Temur saltanatida ham yoki Sulton Sulaymonning imperiyasida ham ayollarning ishtiroki yuqori bo‘lgan. Ular ilm-fan, madaniyat va san’at, xayriya masalalarida izlanishadi, fikr almashishadi, duyoni sof tabiat bilan saqlab qolish borasida loyihalarda qatnashishgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

292

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing