“Milliy tiklanish”ning oltin “znachogi” xalqning hisobidanmi?
Olam
−
14 Sentabr 2022
7710“Milliy tiklanish” partiyasi yaxshi ishlagan deputatlarga oltindan ishlangan ko‘krak nishoni sovg‘a qilishni yo‘lga qo‘yyapti. Oltin nishonning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Rasmda o‘rtasida Humo qushi tasvirlangan doira shaklidagi, chekkasiga “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deya yozilgan nishon va unga doir ma’lumotlar tasvirlangan.
Haqiqiylik sertifikati
Maxsulot nomi: “znachok”
Oltin: 585 proba
Og‘irligi: 3.92 gramm
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu taklif shahar kengashidan chiqqan. Nishon haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni bilish maqsadida QALAMPIR.UZ muxbiri “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi raisi Otabek Jiyanboyev bilan suhbatlashdi.
“Bu bizning tashabbusimiz. Yil oxirida baribir faol deputatlarning nominatsiyasini qilamiz. Xalqqa xizmat qiladigan, ijtimoiy tarmoqlarda, deputatlik so‘rovlarini chiqarishda faol bo‘lgan deputatlarimizning reytingini tuzamiz. Asosan tuman deputatlariga urg‘u beramiz”, deydi Jiyanboyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rag‘batlantirish ishlari bundan oldin ham boshqa ko‘rinishda amalga oshirib kelingan. Lekin aynan nishon masalasi buncha muhokamaga sabab bo‘layotganidan o‘zi ham hayratga tushayotganini yashirmay, deputatlarni rag‘batlantirish oldindan bo‘lgani haqida fikr bildirdi:
“O‘tgan yillari “iWatch” berardik. Partiyamizning o‘zida mablag‘ bo‘lmaydi. Faqat homiylik asosida bunday ishlar amalga oshiriladi. O‘zimizning shahsiy mablag‘lar hisobiga bir yilda bir marta partiya, shahar tizimida ishlayotgan deputatlar, partiyaning eng faol xodimlariga rag‘bat sifatida tashakkurnoma bilan birgalikda ko‘krak nishoni taqdim qilinishi bo‘yicha o‘zimiz nizom ishlab chiqib, o‘zimiz amalga oshiryapmiz”.
Muxbirimizning bu nishonlar kimning mablag‘lari hisobiga yasalayotgani haqidagi savoliga Kengash raisi quyidagicha javob qaytardi:
“4-5 nafar faol deputatlar bor. Birinchisiga men o‘zim homiylik qildim. Narxi unaqa qimmat ham emas, 2 mln 200 ming so‘m turadi. Bu ko‘krak nishoni 60 ta deputat yoki boshqa partiya xodimlari orasidan eng faollariga beriladi”.
Jiyanboyevning qo‘shimcha qilishicha, hozircha ko‘krak nishonidan faqat bittagina yasalgan. Sertifikatda uning “znachok” deb atalishi esa ularga bog‘liq emas. Buni nishonga sertifikat taqdim etgan kompaniya yozgan.
“Biz hali bittagina nishon yasattirgan edik. Shuncha shov-shuv bo‘lib ketdi. Suratdagi raqamlar esa bu nishonlarning soni emas, uning ID raqami”, deydi Otabek Jiyanboyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq siyosiy partiyalarga O‘zbekistonda qancha mablag‘ ajratilishi haqida maqola e’lon qilgan edik.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi