Islom Karimov aslida qachon vafot etgan?

Intervyu

2016 yil, avgust oxirlari. Bayram yaqin, tayyorgarlik allaqachon boshlangan. Odamlarni bir savol o‘ylantiryapti: bu safar ham doda raqsga tusharmikin?  O‘sha kunlari mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba Prezident shifoxonaga yotqizilgani televideniye orqali ma’lum qilindi. 2016 yilning 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasini 25 yil boshqargan, Birinchi Prezident Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafot etgani to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining axborotini oliy toifali suxandon Alisher Badalov televideniye orqali o‘qib eshittirdi. Bu Badalov diktorlik faoliyatini boshlagandan buyon u o‘qib eshittirgan to‘rtinchi o‘lim xabari. Bungacha Brejnev, Chernenko va Sharof Rashidov vafoti haqidagi xabarlarni ham o‘qib eshittirgan. 

Birinchi Prezident Islom Karimov vafotiga olti yil to‘lishi arafasida QALAMPIR.UZ oliy toifali suxandon Alisher Badalov bilan suhbat qurdi.

Ulug‘bek Xudoyberganov, muxbir: — Yuriy Levitan ko‘p yillar davomida radioda diktorlik faoliyatini olib borgan bo‘lsa-da, tarix uni mash’um Ikkinchi jahon urushi boshlangani haqidagi axborot nutqi bilan eslaydi. Jumladan, ko‘pchilik sizning ovozingiz va qiyofangizni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov betobligi, so‘ng vafot etgani haqida o‘qigan xabarlaringizdan eslab qoldi. Bugun shu haqida gaplashsak. 

Alisher Badalov, diktor: — Yuriy Levitan bilan taqqoslaganingiz uchun ming rahmat. U juda katta miqyosdagi shaxs bo‘lgan. Bu dunyoning ishlari juda ham qiziq ekan. Necha yillar davomida diktorlik faoliyatini olib borib, televideniyeda ishlab, qanchadan-qancha farmon, qarorlarni o‘qiganim bilan aynan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning nekrologi hayotimda juda katta o‘rin qoldirdi. Tomoshabinlar, muxlislar bilan qachon ko‘rishsak, suhbatimiz borib aynan shu mavzuga qadaladigan bo‘ldi. Nekrologni o‘qish katta san’at, katta bilimni talab qiladigan jarayon. 1982 yilda O‘zbekiston televideniyesiga qabul qilinganimda Respublika yoki sobiq Sovet Ittifoqi miqyosida ko‘zga ko‘ringan davlat arboblari hayotdan ko‘z yumganida nekrologlar o‘qishga to‘g‘ri kelib qolardi. O‘sha paytda televideniye rahbarlari “Alisher Badalov nekrologlarni juda tobiga keltirib ijro etar ekan”, deyishardi. Shunday qobiliyatimiz bor ekan. Hayot baland-past, oq-qoradan iborat bo‘lib, tug‘ilish va o‘lim ham bor. Har xil vaziyatda o‘z qobiliyatini namoyish etish katta gap, deb bilaman.

U.X.: — O‘sha kunlarni eslaylik. Avgustdagi birinchi xabar. Shu kuni axborotni siz olib borishingiz kerakmidi? 

A.B.: — Ochig‘ini aytsam uncha-buncha esimda yo‘q. Avgust oxirlarida kenja qizimning to‘yi bo‘lishi kerak edi. To‘y harakatlari bilan yurib aniq eslolmayman, lekin taxminan 27 avgust kuni birinchi xabarlar kela boshladi. Prezident qandaydir dardga chalinganliklari haqida ilk ovozalar paydo bo‘ldi. Xalqni asta-sekin holatga tayyorlab borish sifatida bo‘lsa kerak, 2 sentyabr kuni peshindan keyin katta rahbarlar, apparat rahbarlari televideniyega kelishdi va voqealar o‘z rivojini topdi.

U.X.: — Ko‘pchilikning nazdida Islom Karimov avgust oyining so‘ngidayoq, ya’ni siz betob deb xabar o‘qiganingizda vafot etgan, faqat Mustaqillik bayrami o‘tgach, 2 sentyabr kuni e’lon qilingan degan qarashlar bor. Shunga aniqlik kiritaylik, bu xabarni qachon eshitgansiz? O‘lim haqidagi xabar qachon yozib olingan? 

A.B.: — O‘zingiz ham bilasiz-ku mish-mish, yolg‘on-yashiq, vahima, har xil uydirmalar odamlarga xos bo‘lgan narsa. “Oldindan jon taslim qilganlar, bayram o‘tsa e’lon qilinadi”, degan gaplar xalqning ichida juda ko‘p yurdi. Endi ko‘rmasdan, bilmasdan turib bunga qanday qilib baho berishingiz mumkin? Bunga o‘zimiz guvoh bo‘lmaganmiz. Faqat taxminlar bo‘lgan, taxminga ishonib bo‘ladimi yoki bo‘lmaydimi... Biz bilgan narsamiz 2 sentyabr kuni ertalabdan kun davomida hamma suxandon, muharrirlar televideniye telemarkazida yig‘ilganmiz. Og‘ir holatda, qandaydir mudhish voqea oldidan, yomon kayfiyatda yomon xabarni e’lon qilishga majbur bo‘lamiz, degan ma’noda yig‘ilganmiz. Taxminan soat 16:00-17:00 da, balki kechroq birinchi xabar keldi. Birinchi xabarni Prezident apparati va televideniyening mas’ul rahbarlari diktorlar xonasiga olib kirishdi, “Alisher aka, mana bu xabarni ikkala tilda o‘qib berasiz”, deb berishdi. Bu xabar Islom Karimovning ahvollari og‘irlashgani haqidagi xabar edi. O‘sha birinchi xabarni berganimdan taxminan ikki soat o‘tib 19:00lar atrofida, shom mahali o‘sha mudhish xabar keldi. Kelib jonlari uzildi, shu xabarni yetkazasiz, o‘zingiz professionalsiz, o‘z kasbingizni yaxshi bilasiz, e’lon qilishda juda ham yig‘lab yubormaslik, tushkunlikka tushmaslik kerak. “Dadillik bilan tez-tez e’lon qilish ham to‘g‘ri kelmaydi” deyishdi. Bir vaqtning o‘zida og‘ir judolikka uchraganimizni va bir vaqtning o‘zida ma’lum darajada optimistik ruhni ham bitta qolipga solib yetkazishlik vazifasi bor edi. Buni menga rahbarlar aytmasa ham o‘zim bilib turardim.

U.X.: — Axborotnoma yozib olinishi va efirga uzatilishi oralig‘ida qancha vaqt o‘tgan? 

A.B.: — Juda kam vaqt o‘tgan. Toblari qochgan, ahvollari og‘irlashgani haqidagi xabarlar 5-10 daqiqa ichida yozilib, ko‘rib chiqilib, efirga uzatilgan. Deyarli jonli efirda, onlayn sifatida berilgan. Menimcha, o‘shanda jonli ravishda efirga uzatsa ham bo‘lardi. Men o‘zimni juda ham tetik his qilganman, o‘zimga ishonganman, rahbarlar to‘g‘risi buni oldin ko‘rib, keyin efirga uzatishga qaror qilishgan. Deyarli hech qanaqa tanaffus ham bo‘lmagan, 3-5 daqiqa.

U.X.: — O‘sha vaqtda O‘zbekistonda kayfiyat u qadar yaxshi emas edi. Odamlarda motam va qo‘rquv hissi bor edi. Siz O‘zbekistonni 25 yil boshqargan davlat rahbari o‘limi haqidagi xabarni butun dunyoga e’lon qilayotganingizda qalbingizdan qanday kechinmalar o‘tgan? Nimalarni his qilgansiz? 

A.B.: — Birinchi navbatda juda katta mas’uliyat. Keyin ko‘z oldimga kelgani o‘sha payt O‘zbekiston aholisining e’tibori televizorda va radio karnayda ekani, hamma diqqat bilan kuzatayotganini men bilganman, sezganman va ozroq hayajon ham bosgan. Albatta, bajaraman, hech qanday xato qilmayman, degan ishonch bilan shu ishga kirishganman.

U.X.: — Siz Sobiq Ittifoq rahbarlari Leonid Brejnev, Konstantin Chernenko, O‘zbekistonni 24 yil boshqargan Sharof Rashidov vafoti haqidagi xabalarlarni o‘qib eshittirgansiz. 23-26 yosh bo‘lgan diktorga nima sababdan bunday katta mas’uliyat yuklangan edi?  

A.B.: — O‘zi “Fotogenichnost” va “Telegenichnost” degan tushunchalar bor. Fotosuratlari chiroyli chiqsa-da hayotda xunuk inson bo‘lish mumkin yoki aksincha, ovoz jihatidan ham shunaday, hayotda gapirganda chiroyli ovozga ega bo‘lib, mikrofon ovozni o‘zgartirib, xunuk eshitilishi mumkin. Shaxsan meni 1982 yil birinchi efirlarimdan keyin tuqqan onam tanimagan. “Hayotda umuman boshqachasan, televizorda esa savlatlisan, zo‘rg‘a tanibman”, deganlar. Bir xil odamlar televizorda qanday ko‘rinsa, hayotda ham shunday. Ko‘chada odamlar ko‘rsa darrov “anavi ekan”, deydi. Meni uncha tanishmasdi, demak men ekranda savlatliroq ko‘rinar ekanman. Bu ham yaxshi, ko‘chada yurganingiz, navbatda turganingiz, jamoat transportiga chiqqaningizda odamlar sizni qo‘li bilan ko‘rsatsa, kimga ham yoqadi? Shu ma’noda meni savlatli bo‘lib ko‘ringanimmi yoki ovozimda qandaydir xususiyat bormi, o‘sha narsalarni tobida o‘qishda qandaydir yordam bergan.

U.X.: — Nekrologlar tanlovmi? Nega doim sizning chekingizga tushgan? 

A.B.: — Bunda tanlov bo‘lmaydi. Negaki nekrologlar ozgina vaqtda belgilanadi. Katta vaqt ichida nekrolog o‘qiymiz, kelinglar, tanlov deb birinchi tur, ikkinchi tur, uchinchi tur qilib bo‘lmaydi. Uni rahbarlar qaysi diktor nimaga qodir ekanligini bilib tanlab oladi. Har qanaqa voqealar bo‘lgan, ko‘p nekrologlar o‘qiganmiz. Ba’zida boshqalar ham o‘qigan. Misol uchun o‘sha davr mendan besh-olti yosh katta, tajribaga ega bo‘lgan suxandonni tanlab, “Alisher emas, u o‘qisin”, deb turishganda pand yeb qo‘yishgan. Bunda ham nozik bir his-tuyg‘u va farosat bo‘lishi kerak. Lekin shunaqa voqea bo‘lgan, bundan 15-20 yil oldin ko‘zga ko‘ringan yozuvchi vafot etganida “Axborot” dasturini erkak va ayol boshlovchilar olib borishardi. Ketidan sport va ob-havo ma’lumoti e’lon qilinardi. “Kichkina nekrologni kim o‘qiydi”, deyilganida ob-havo ma’lumotlarini e’lon qilishi kerak bo‘lgan boshlovchiga ishonib, nekrologni e’lon qilganingdan so‘ng sal kayfiyatni o‘zgartirib, ob-havo ma’lumotlariga o‘tib ketasan deyishgan. U odam vazifasini yaxshi tushunmaganmikin, juda beo‘xshovlik bilan oshirib yuborib nekrologni o‘qiganidan so‘ng, juda xursand qiyofada “Ana endi ob-havo ma’lumotlari!”, deb aytgan va bu xunuk ko‘ringan. Demak, bu katta mahoratni talab etadigan yo‘nalish ekanligini o‘shanda bilib qolganman. Qo‘limdan kelgancha professional darajamni oshirib borganman.

U.X.: — Islom Karimov bilan necha marotaba ko‘rishgansiz?

A.B.: — Bilasizmi? Shuncha qaror, farmonlarini o‘qiganim bilan deyarli bir marotaba ham bevosita ko‘rishish menga nasib etmagan ekan. 90-yillarning boshida Amir Temur tavallud topgan kun yoki Samarqand shahrining yubiley yoshi munosabati bilan oltin va platina yubiley tangalar chiqqan vaqtda bir necha bor xalqaro auksionlar tashkil etilgan edi. Birinchisini hozirgi “Turkiston” san’at saroyida juda muvaffaqiyatli o‘tkazganmiz. Keyinchalik auksionlar bo‘lganida meni chaqirishgan paytda Islom Abdug‘aniyevich mana shu auksionlarni Alisher olib borsin, juda yaxshi olib borar ekan deganlari qulog‘imga chalingan, eshitganman lekin bevosita o‘zlari bilan ko‘rishish nasib etmagan. 

U.X.: — Islom Karimov vafot etganidan so‘ng diktorlikdan ketdingiz. Bu nima bilan bog‘liq bo‘ldi?

A.B.: — Men to‘laligicha diktorlikdan ketgan emasman. O‘sha yillari media sohasi juda rivojlangan mahalga to‘g‘ri kelib qolgani uchun formatlar o‘zgardi, uzatish shakllari o‘zgardi. Bu yangilik, yangi boshlovchilar bo‘lsin degan ma’noda “Axborot 24” o‘z faoliyatini boshlaganda biz ham kirishganmiz, lekin eksperimental ravishda bo‘lsa ham formatni o‘zgartirish, izlanishlar mahaliga to‘g‘ri kelib qolgani uchun yoshlarga yo‘l berib, ularga o‘git, nasihat qilib o‘rgatganmiz. Lekin diktorlik guruhidan ajralganim yo‘q. O‘zbekiston kanalida diktorlar guruhiga rahbarlik qilaman. Bizning asosiy vazifamiz ko‘zga ko‘ringan ko‘rsatuv, tadbirlarni olib borish. Diktorlik guruhi qoshida diktorlar mahorati maktabi tashkil qilinib, O‘zbekiston MTRK ichidagi kanal ijodkorlari, boshlovchilariga o‘zimizning qo‘limizdan kelgancha yordam berib, o‘qitib, kamchiliklarini tuzatish yo‘lida mashg‘ulotlar olib boramiz. Diktorlar guruhi hali ham bor. Yoshimiz bir yoqqa borib qoldi, lekin biz o‘zimizni qariya deb bilmaymiz.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1795

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing