Rossiyadagi dahshatli YTHda 16 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
22 avgust 2022
14797Kecha, 21 avgust kuni Rossiyaning Ulyanovsk viloyatida ikkita yuk mashinasi va Mercedes mikroavtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oqibatda 16 kishi vafot etdi. Bu haqda rus matbuoti xabar bermoqda.
YTH mahalliy vaqt bilan soat 14:10 da viloyatning Nikolayev tumanidan o‘tgan M5-“Ural” trassasida yuz bergan. Kecha, kun davomida halokat qurbonlari soni ortib borgan va 16 nafarga yetgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlarning 15 nafari mikroavtobus yo‘lovchilari, biri esa yuk mashinasi haydovchisi. Vafot etganlarning ikki nafari rossiyalik, 14 nafari Moskvaga ishlashga yo‘l olgan Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan. Omon qolgan uch kishining ahvoli og‘ir va ular shokga qarshi terapiya olib bormoqda. Ulardan biri vertolyotda Ulyanovskka jo‘natilgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, og‘ir yuk mashinasi haydovchisi katta yo‘lda o‘z vaqtida tormozni bosmay, ikki yuk mashinasi orasiga kirib qolgan mikroavtobusga borib urilgan. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning orasida bolalar yo‘qligi aytilmoqda.
O‘ta muhim ishlarni tergov qilish uchun tergovchilar va Rossiya Tergov qo‘mitasining tergov bo‘limi sud-tibbiyot ekspertlari Ulyanovsk viloyatidagi baxtsiz hodisa joyiga borgan. Prokuratura ishni alohida nazoratga olgan.
Mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 264-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, 20 avgust kuni Turkiya janubidagi Gaziantep shahrida ham yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgandi. Ushbu mudhish YTHda 16 kishi vafot etdi, qurbonlar orasida uch nafar o‘t o‘chiruvchi, 4 nafar sog‘liqni saqlash xodimi va ikki nafar jurnalist ham ham bor. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev baxtsiz hodisa munosabati bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik bildirdi.
LiveBarchasi