Yo‘l ta’miri uchun 35 trln ajratilmagan, ajratilmaydiyam-da

Jamiyat

Iyul oyi oxirida Oliy Majlis Senati 2021-2022 yillarda O‘zbekistonda yo‘l qurish va ta’mirlashda 45 ta holatda 34,5 trillion so‘mlik mablag‘lar noqonuniy sarflangani haqida xabar bergan edi. Bu ma’lumot ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan so‘ng, Senat saytida trln millirdga o‘zgartirildi va barcha ommaviy axborot vositalaridan 3,5 trillion emas, 34,5 milliard deb yoritilishi so‘raldi. 

O‘z navbatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi nafaqat 34,5 milliardning trillionga aylanib qolgani, balki raqamlarning kelib chiqishiga ham raddiya berdi.
 
Unda ta’kidlanishicha, 34,5 mlrd so‘mdan 12,1 mlrd so‘mi, ya’ni 36 foizi respublika yo‘l xo‘jaligi tizimiga taalluqli bo‘lmagan korxonalar va ob’ektlarga tegishli. Qolgan 22,4 mlrd mablag‘ning 15,8 mlrdi yoki 71 foizi o‘z tasdig‘ini topmagan.

“Qolgan 6,6 mlrd so‘m miqdoridagi yo‘l ishlarini bajarish bilan bog‘liq aniqlangan kamchiliklar tekshiruv jarayonida to‘liq bartaraf etilgan hamda tegishli dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilgan”, deyiladi qo‘mita munosabatida.

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov Senatning 29-yalpi majlisida aynan shu masalaga to‘xtaldi.

U raqamlar bilan bog‘liq statistik ma’lumotlarning tashkilotlar berayotgan axborotlardagi o‘zaro nomutanosibligi bo‘yicha Bosh vazirning Moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Qo‘shqorovga yuzlanarkan, ma’lumotlarni taqdim etishdan oldin vazirliklar o‘zaro kelishib olishi kerakligini ta’kidladi. 

“Oliy Majlis palatalari qo‘shma qaroriga asosan o‘tgan haftada Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitalarining qo‘shma majlisida Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi faoliyatini 2021 va 2022 yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha hisobotini eshitdik. Moliya vaziri o‘rinbosari Ahatbek Xaydarov imzosi bilan taqdim etilgan ma’lumotlar e’lon qilindi. Muhokama davomida 34,5 mlrd pul bir yarim yil ichida o‘zlashtirilgani haqida ma’lum qilindi. Yig‘ilishda OAV xodimlari ham ishtirok etgandi va bu holatlar haqidagi ma’lumotlar [OAVda] to‘liq yoritildi. Majlisning ertasi kuni Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Transport vazirligi yuqoridagi summalarni inkor qilib, raddiya berishdi. Ustiga-ustak Prokuratura bergan ma’lumotida Pop tumanidagi yo‘lni ta’mirlash uchun 3 mlrd so‘m ajratilgani va undan 2,5 mlrdi o‘zlashtirilgani aytildi”, deydi Burhonov.

Senator so‘zida davom etarkan, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bergan raddiyadan so‘ng raqamlarni aniqlashtirish maqsadida Moliya vazirligiga murojaat qilgani, ammo “xo‘p-xo‘p”dan nariga o‘tilmayotganini aytdi. 

“Senatga berilayotgan ma’lumotlarni vazirliklarda ham solishtirib, kerakli vazirliklar bilan taqqoslab, keyin taqdim etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Raddiya berilgan kunning o‘zida Moliya vazirligiga murojaat qildik, afsuski, hozirgacha “xo‘p-xo‘p” degan javoblarni olyapmiz. Siz to‘la vakolatli, hurmatli insonsiz va berilayotgan ma’lumotlarni nazoratga olishingizni so‘rardim”, deydi Burhonov yuksak iltifot bilan.

Senatda Hukumat nomidan axborot bergan Qo‘chqorov "tuya hammomni orzu qilibdi" qabilida gap boshlab, yo‘l qurilishi sohasidagilar 35 trlnni rastrata qilolmasligini, chunki bu sohaga buncha pulning o‘zi berilmasligini aytib o‘tdi.

“Raqamlarda, mlrd-trlnda anglashilmovchilik bo‘ldi. 35 trln mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Chunki 35 trln so‘m mablag‘ avtoyo‘lga berilmaydi. Ma’lumotlarni o‘zaro kelishuv nuqtai nazaridan hal qilish haqidagi fikringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish orqali bu ishlarni yechimini topish mumkin. Moliya vazirligi byudjet bo‘yicha raqamlarni har kuni e’lon qilib boradi. 6 yil avval bunday ahvolni ko‘z oldimizga ham keltira olmas edik. Haqiqatan ham raqamlar ko‘p. Bu xatolik ma’lum bir ma’noda ayrim odamlarni qizishishiga sabab bo‘lgandir. Bu texnik xato va bu uchun uzr so‘raymiz. Raqamlar bo‘yicha hamma choralarni ko‘ramiz”, deydi Qo‘chqorov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

242

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing