O‘zbekiston qanday boyiyapti? O‘rtacha maosh aytilganidekmi? – “Soqqali ish”

Tahlil

Reklama
0:00

Assalomu alaykum, QALAMPIR.UZ'da yangi rubrika – “Soqqali dayjest”. Ushbu ruknning maqsadi, siz aziz kuzatuvchilarimizni O‘zbekistonda va dunyoda yuz bergan so‘nggi iqtisodiy yangiliklar bilan tanishtirish, davlat byudjeti qayerga va nima uchun sarflanayotgani haqida ma’lumot berish va bu gal qaysi amaldor pora bilan qo‘lga tushgani kabi siz bilishingiz zarur bo‘lgan xabarlar bilan tanishtirishdir.

Sizning maoshingiz o‘rtachami?

Milliy statistika qo‘mitasi 25 iyul kuni O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln so‘mdan oshgani haqida ma’lumot taqdim etdi. Tashkilotning ta’kidlashicha, 2026 yil yanvar-iyun oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 mln 091 ming 100 so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga o‘sgan.

Qo‘mita taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, hududlar kesimida Toshkent shahri 12 mln 013,9 ming so‘m o‘rtacha maosh bilan reytingning birinchi o‘rnini qayd etgan. Toshkent shahridan keyin eng yuqori maosh Navoiy viloyatida qayd etilgan bo‘lib, o‘rtacha 8 milliondan ko‘proqni tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyatida 6 mln, Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 mln so‘mdan ortiq ekanligi qayd etilgan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 4 mln 864 ming 700 so‘m va Surxondaryo viloyatida 4 mln 937 ming 300 so‘m o‘rtacha maosh to‘lanishi ko‘rsatilgan.

Ammo siz ham, biz ham bilib turibmizki, keltirilayotgan raqamlar uncha-muncha odam havas qiladigan miqdor. Xalq qancha topyapti, ularning nazarida o‘rtacha oylik ish haqi qanchaligini o‘zimizdan to‘qib aytgimiz kelmadi. Xuddi shunday savol bilan odamlarning o‘ziga yuzlandik.

Ko‘rib turganingizdek, hatto Toshkentda odamlarning aksariyati oyiga 7 million topayotganiga o‘zlari ishonmaydi. Hali ham bu poytaxtda, statistikaga ko‘ra, oyiga 12 milliondan ortiq daromad topayotgan odamlarning fikri. Viloyatlarda bu ko‘rsatkichlar bundan ham pastdir?

Bu kabi statistikalarning real vaziyatdan yiroq bo‘lishi tabiiy hol. Negaki bir necha juda yuqori maosh oluvchilar va minglab past oylik daromadga ega shaxslarning maoshlari qo‘shilib o‘rtachasi topilganda ko‘rsatkichlar sun’iy ko‘tarilib ketadi.

Mana, masalan, “Falon” nomli tashkilotda Sardor, Alisher, G‘anisher 20 mlndan maosh oladi, ularni qo‘lida ishlaydigan 12 ishchiga esa atigi 4 mlndan oylik ish haqi to‘lanadi. Qo‘lga kalkulyatorlarni olib, bir hisoblab ko‘rsak, 3 ta 20 mlnlik maosh va 12 ta 4 mlnlik ish haqi, ularni qo‘shib 15 ga bo‘lsak, ko‘rib turibsizki, “Falon” nomli tashkilotda o‘rtacha ish haqi 7 mln 200 ming so‘m bo‘lib chiqmoqda. Ammo yuqorida 12 nafar xodim maoshini 7 mlnga chiqarish uchun har oy boshliqqa iltimosnoma bilan kiradi.

Shunday ekan, statistikaga ishonib xursand bo‘lishga ham, xafa bo‘lishga ham shoshilmang. Bundan tashqari statistika hamma sohani ham qamrab olmagan. Ma’lumotlar korxona va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan elektron hisobotlarga asoslangan, ammo kichik biznes, mikrofirma va qishloq xo‘jaligi korxonalari to‘liq qamrab olinmagan.

Barcha sohalarni qamrab olgan statistika yil yakunida chiqadi, ammo ungacha ham bo‘sh qo‘l bilan o‘tirish niyatimiz yo‘q. Kanalimizda ham ancha-muncha obunachi bor, hamma har xil sohada. Keling, siz o‘zinggiz izohlar qismida yashayotgan hududinggizda o‘rtacha daromad qancha ekanligini yozib keting. Albatta, har bir izohni o‘qib, nasib qilsa keyingi videoda siz bergan ko‘rsatmalar orqali bizning nazdimizdagi o‘rtacha maoshni qancha ekanligini hisoblab taqdim etamiz.

Yildan-yilga o‘rtacha oylik maosh miqdori oshganiga qaramay, O‘zbekiston hanuz arzon ishchi kuchiga ega davlat sifatida qolmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida o‘rtacha oylik ish haqining balandligi bo‘yicha 3-o‘rinda turibdi. Bunga ko‘ra, Qirg‘izistonda 51 888 qirg‘iz somi, ya’ni 7 mln 168 ming 435 so‘m bilan O‘zbekistonda juda oshib ketmagan, Qozog‘iston esa 461 ming 486 tenge, ya’ni 11 mln 758 ming 278 so‘mlik o‘rtacha ish haqiga ega.

Ammo shuni inobatga olish kerakki, o‘rtacha maosh nisbiy tushuncha. Xalqaro miqyosda, O‘zbekiston o‘rtachadan yuqori oylik ish haqiga ega davlatlar sirasiga kiritilgan. Joriy yilning 1 iyul kuni Jahon banki tomonidan e’lon qilingan oylik daromadlarga ko‘ra, davlatlarning klassifikatsiyasi asosida, bugun O‘zbekistonni “Upper middle”, ya’ni jon boshiga o‘rtachadan yuqoriroq daromad topuvchi davlatlar sirasiga kirgizish mumkin. Unga ko‘ra, o‘rtacha oylik maosh 100 dollar 175 sent yoki undan kam bo‘lgan davlatlar past daromadli, 400 dollar 635 sentgacha bo‘lgan mamlakatlar “Lower-middle”, ya’ni kishi boshiga o‘rtachadan past maosh to‘lanuvchi davlatlar sirasiga kiritiladi. O‘zbekiston, Qozog‘iston va hatto Xitoy kabi oyiga 14 375 dollargacha o‘rtacha ish haqiga ega davlatlar “Upper middle” sinfiga kiritilgan. Yuqoridagi ko‘rsatkichdan ko‘proq oylik daromadga ega davlatlar, jumladan AQSH va qator Yevropa davlatlari yuqori haq to‘lanuvchi ishchi kuchiga ega davlatlar sifatida e’tirof etilga.

Nima ham derdik, maoshlar oshaversin, xalq boyiversin.

Tramp yana boj joriy qildi

AQSH Prezidenti Donald Trampning ma’lumot bazasi shunchalar kuchliki, qaysidir davlatga boj joriy etish uchun bir asr oldingi qonun hujjatlarini topishga qodir. 2026 yil 19 avgustdan kuchga kiruvchi Kanadaga yo‘naltirilgan yangi bojlar xuddi shunday sal kam bir asrdan buyon qo‘llanilmagan «Tariff Act» hujjatining 338-moddasi asosida joriy etilmoqda.

AQSH va Kanada qo‘shni va yaqin hamkor edi, toki Donald Tramp ismli shaxs prezidentlik lavozimiga kelmaguncha. 21 iyul kuni Tramp Kanada mahsulotlarining qariyb 20 milliard dollarlik qismiga 50 foizlik yangi boj joriy etishini e’lon qildi. Oq uy bu qarorni Kanadaning Amerika avtomobillari, alkogol mahsulotlari va sut sanoatiga nisbatan «kamsituvchi siyosati» bilan izohladi. Shu tariqa, Tramp avval sud tomonidan bekor qilingan keng ko‘lamli tariflardan so‘ng bu safar boshqa huquqiy mexanizm orqali Ottavaga iqtisodiy bosimni kuchaytirishga urinmoqda.

«Reyters» nashrining xabariga ko‘ra, yangi tariflar 2026 yil 19 avgustdan kuchga kiradi. Ular Kanadadan import qilinadigan qator mahsulotlarni qamrab oladi. Jumladan, vino va boshqa alkogol mahsulotlari, sut mahsulotlari, sement, kiyim-kechak hamda boshqa sanoat va iste’mol tovarlariga 50 foizlik boj qo‘llaniladi. Mazkur mahsulotlar 2025 yilda AQSH import qilgan Kanada mahsulotlarining qariyb 20 milliard dollarlik qismini yoki umumiy importning 5,2 foizini tashkil etgan.

Vashington bu safar tariflarni 1930 yilda qabul qilingan «Tariff Act» hujjatining 338-moddasi asosida joriy etmoqda. Mazkur norma AQSHga boshqa davlatlarning kamsituvchi savdo siyosatiga javoban qo‘shimcha boj qo‘llash huquqini beradi. Qayd etilishicha, 30-yillardagi muzokaralardan so‘ng ushbu modda deyarli bir asr davomida amalda qo‘llanilmagan va Tramp ma’muriyati uni ilk bor ishga solmoqda. AQSH Savdo vakili Jeymison Grir yangi bojlar milliy xavfsizlik uchun muhim tarmoqlarni himoya qilish hamda savdo muvozanatini tiklashga xizmat qilishini bildirgan.

Kanada Bosh vaziri Mark Karni esa AQSHning qarorini AQSH–Meksika–Kanada erkin savdo bitimiga zid deb baholadi. Uning aytishicha, Ottava o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun mavjud xalqaro mexanizmlardan foydalanadi va Vashington bilan muzokaralarni davom ettiradi.

Ammo hali bu yakun emas. «Boj qiroli» 24 iyul kuni Yevropa Ittifoqi va Xitoyni o‘z ichiga olgan 60 ta savdo hamkorining tovarlariga 10% va 12,5% miqdorida yangi tariflarni joriy qildi. Bu galgi bahona nima deysizmi? Mamlakatlarning majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilayotgan tovarlarni o‘z bozorlariga kirib kelishiga yetarli to‘siq yaratmayotgani ekan.

“Qo‘shma Shtatlar qariyb bir asrdan beri majburiy mehnat importini taqiqlab kelmoqda va uni qat’iy amalga oshirmoqda. Savdo sheriklarimiz uchun ham shunday qilish vaqti keldi”, dedi AQSH Savdo vakili Jeymison Grir o‘z bayonotida.

1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-bo‘limiga binoan joriy etilgan yangi bojlar ma’muriyatga Oliy sudning qarshiligiga qaramay, deyarli barcha AQSH importiga tarif chegarasini saqlab qolish imkonini beradi. Tariflar AQSH importining qariyb 99 foizini qamrab olishi aytilmoqda.

AQSHning qator ittifoqchilari va savdo hamkorlari, jumladan Avstraliya va Braziliya, ularni asossiz deb baholab, bekor qilinishini talab qilmoqda. Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi ham yangi bojlar uchun asos yo‘qligini bildirgan. Kanada esa majburiy mehnat mahsulotlariga qarshi kurashda yetakchi davlatlardan biri ekanini bildirib, o‘ziga nisbatan bunday choralar qo‘llanmasligi kerakligini ma’lum qilgan.

Kim ham o‘ylabdi deysiz. Inson huquqlari masalasida etalon hisoblangan Yevropa davlatlariga ham «majburiy mehnat»ni ro‘kach qilib boj qo‘llasa bo‘larkan.

Yangi bojlar davlatlarning o‘zaro muammosi, menga aloqasi yo‘q deyishga shoshilmang. Bir davlatdan boshqa davlatga ishlab chiqarish narxi va logistika xarajatlaridan tashqari yana qandaydir qo‘shimcha to‘lov evaziga kirgan biror-bir tovar undan tayyorlanadigan boshqa bir buyumning ham narxi oshishiga olib keladi. Misol uchun, oldin kilogrammi 100 so‘mdan chet eldan sotib olinayotgan paxtaga 10% boj qo‘yilsa yoki u 10% qimmatlashsa, tabiiyki, xuddi shu paxtadan to‘qilgan biror kiyim ham sizga 10% qimmatroqqa sotiladi.

Oltin, turizm va sanoat

Yaxshi yangiliklardan yana birini sizga ilinay. O‘zbekiston iqtisodiyoti bu yil kutilganidan ham tezroq o‘sishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozini avvalgi 6,6 foizdan birdaniga 8,1 foizga oshirilganini e’lon qildi. Agar bu prognoz amalga oshsa, mamlakat so‘nggi yillardagi eng yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlaridan birini qayd etadi.

Xo‘sh, bu o‘zi nima degani?

O‘tgan yilning dekabr oyida qabul qilingan 2026 yilgi Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ko‘ra, mamlakatning YAIM yillik o‘sish sur’ati 6,6 foizga rejalashtirilgan edi. Inflyatsiyani esa 7 foizgacha tushirish maqsad qilib qo‘yilgan edi. Ammo buni qarangki, yilning yarmiga yetmasdanoq rejalardan oldinlab ketildi. Shu sababli, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027–2029 yillar uchun Fiskal strategiyada bu prognozni 8,1 foizga, ya’ni 1,5 foiz punktga oshirdi.

Vazirlik taqdim etgan yangi hisob-kitoblarga ko‘ra, jahonda yuz berayotgan geosiyosiy keskinliklar O‘zbekiston uchun bir tomondan foydaga ishlayapti. Jahon bozorida oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolayotganida AQSH rahbarining ham o‘rni katta, har holda. Bundan tashqari, turizm tiklanishi, xizmatlar eksportining ortishi, sanoat korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan faolroq foydalanayotgani hamda so‘m kursi nisbatan barqarorligi iqtisodiy o‘sishga qo‘shimcha turtki bo‘layotgani aytilmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, yil yakunida O‘zbekistonning nominal yalpi ichki mahsuloti 2 kvadrillion 183 trillion so‘mga, ya’ni taxminan 180 milliard dollarga yetadi. Bu davlat byudjeti qabul qilingan paytdagi hisob-kitoblardan qariyb 207 trillion so‘mga ko‘p degani.

Hisobotdagi eng qiziqarli jihatlardan biri – iqtisodiyotning qaysi tarmoqlari asosiy o‘sishni ta’minlayotganidir.

Eng katta hissani xizmatlar sohasi qo‘shishi kutilmoqda. Agar avval bu yo‘nalish 14,5 foizga o‘sadi deb baholangan bo‘lsa, endi prognoz 16,6 foizga ko‘tarildi. Bunga savdo, transport, bank-moliya xizmatlari hamda, ayniqsa, turizm sabab bo‘lmoqda.

Sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha prognoz ham yaxshilandi. Endi ushbu tarmoq 6,4 emas, 8 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Qurilish sohasi bo‘yicha kutilmalar ham oshgan. Avval 10 foizlik o‘sish rejalashtirilgan bo‘lsa, yangi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 12,4 foizni tashkil etadi.

Qishloq xo‘jaligi esa nisbatan sekinroq rivojlanayotgan bo‘lsa-da, prognoz 4,2 foizdan 5 foizgacha ko‘tarildi. Ya’ni iqtisodiyotning deyarli barcha yirik tarmoqlari bo‘yicha kutilayotgan natijalar yaxshilangan.

Vazirlik ichki talabning yuqori bo‘lishiga bir nechta omil sabab bo‘lishini aytmoqda.

Birinchidan, oltindan tashqari eksport hajmi qariyb 20 foizga oshishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, asosiy kapitalga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar 12,9 foizga ko‘payadi.

Uchinchidan esa xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga nisbatan yana 10 foiz atrofida yuqori bo‘lib qolishi prognoz qilinmoqda. Aynan shu uch omil iqtisodiyotdagi ichki talabni ushlab turuvchi asosiy manba sifatida ko‘rilmoqda.

Yangi fiskal strategiyada ayrim aniq maqsadlar ham belgilangan.

Masalan, yil yakunida mamlakatda 93 milliard kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shuning 14 milliard kilovatt-soatdan ziyodi, ya’ni har olti kilovatt-soat elektrning qariyb bittasi quyosh va shamol elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi.

Yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi esa 510 ming donaga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Turizm sohasida esa O‘zbekiston 16 million xorijiy sayyohni qabul qilish va turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Shu maqsadda yil davomida yana 483 ta yangi joylashtirish ob’ekti, jumladan 86 ta mehmonxona foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Byudjet ham shunga munosib kattalashmoqda. Iqtisodiyot tezroq o‘sishi kutilayotgani davlat byudjetiga ham ta’sir qildi.

Endilikda konsolidatsiyalashtirilgan byudjet daromadlari 515 trillion so‘m emas, balki deyarli 590 trillion so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu avvalgi rejadan qariyb 74 trillion so‘m ko‘p.

Xarajatlar ham oshirilmoqda. Yangi prognozga ko‘ra, davlat 638 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ sarflaydi. Bu pullarning asosiy qismi ijtimoiy dasturlar, infratuzilma va yil davomida tasdiqlangan strategik loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Prognozlarga ko‘ra, 2027 yilda iqtisodiy o‘sish biroz sekinlashib, 6,9 foizni tashkil etadi. 2028 yilda u 7,1 foizga, 2029 yilda esa 7,4 foizgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Ya’ni hukumat bir martalik sakrash emas, balki uzoq muddatli yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolishni maqsad qilgan.

Shunday ekan, siyosatga va iqtisodga befarq bo‘lmang. Siz to‘layotgan soliqlar qayerga ketyapti, xalqaro iqtisodiy maydonda nimalar kechmoqda yoki nega bozorlarda narxlar ko‘tarilmoqda — shu kabi bilishingiz zarur bo‘lgan ma’lumotlarni kuzatib borish uchun QALAMPIR.UZga a’zo bo‘ling.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing