Kunimiz yana tappiga qolmaydimi? O‘zbekistonning energetika sohasidagi rejalari qanday?

Jamiyat

Bugun, 23 iyun kuni Toshkent shahrida ilk bor Energetika forumi ish boshladi. 12 ta mamlakatdan 400 dan ortiq ishtirokchi 60 dan ortiq ma’ruzachi aynan energetika sohasi tahlili uchun yig‘ilgan.

Forumda zamonaviy neft-gaz va energetika sohasining dolzarb masalalari, global toza va barqaror energiyaga o‘tish muammolari ko‘rib chiqildi. Forumda qatnashgan Xalqaro energetika xartiyasi Bosh kotibi Gi Lens O‘zbekistondagi yirik loyihalar uchun kerakli mablag‘lar jalb qilinishi va qonun-qoidaga rioya qilgan holda investorlarni jalb qilish masalasiga to‘xtaldi. 

“O‘zbekistonga 2050 yilgacha bo‘lgan maqsadlarini amalga oshirishi uchun yordam berishimiz mumkin. Buning uchun 6 mlrlik yangi loyihalarni jalb qilishimiz va yangilovchi energiya manbalari va 3 mlrdlik energetik loyihalarini qo‘llab-quvvatlay olishimizni aytishim mumkin”, deydi Xalqaro energetika xartiyasi Bosh kotibi Gi Lens. 

U so‘zida davom etarkan Parij kelishuvi maqsadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarsiz erishib bo‘lmasligi, shu bilan birga investitsiyalarni himoyalash ham kerakligini ta’kidladi. Gi Lensning qo‘shimcha qilishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni maqsadli yo‘naltirish uchun har bir mamlakatlar bor qonun-qoidalarga asoslanib hamkorlik qilishi lozim. 25 yil avval Xalqaro energetika xartiyasi qonunchilik ramkalarini yaratgan va shu yo‘nalishda borish ko‘plab yutuqlarga erishishga turtki bo‘ladi.

Sohaga investor jalb qilish haqida so‘z borganda, bugun xorijiy yoki mahalliy investorlar energetikaga qanchalik ishonch bildirishganiga Energetika vazirligi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish loyihasi direktori o‘rinbosari Bahrombek Umarbekov to‘xtalib o‘tdi. 

“Sohaga ishonch juda katta. Bu ishonchni o‘tgan yil may oyida o‘tkazilgan tenderlarda ko‘rishimiz mumkin. Hozir uchta tender jarayoni ketmoqda. Tenderlarda ishtirok etadigan kompaniya va mamlakatlarga qarasak sohaga ishonch kattaligini ko‘ramiz. 

Tenderlarning birinchisi – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Qoraqalpog‘istonda 200 megavattli shamol stansiyasiga investor tanlovi. Biz tender davomida eng past narxda Elektr energiyasini sotishga tayyor bo‘lgan investorni tanlaymiz va investor shamol stansiyasini qurib, 25 yil davomida shamoldan chiqqan energiyasini sotadi. 

Keyingi loyihamiz – xalqaro moliya korporatsiyasi bilan uchta maydonda quyosh stansiyasini qurish. Bular Namanganda 150 megavatt, Xorazmda 100 megavatt, Buxoroda 250 megavattli uchta quyosh stansiyasiga investorlar tanlash. Bu safar quyosh stansiyalarida bitta investor emas, balki har biriga alohida investor g‘olib bo‘lishiga imkon yaratamiz. 

Uchinchi loyihamiz bu Osiyo taraqqiyot banki bilan Qashqadaryoning G‘uzor tumanida 300 megavattli quyosh stansiyasini qurish”, deydi Energetika vazirligi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish loyihasi direktori o‘rinbosari Bahrombek Umarbekov.
 

Forum orqali xorijlik investorlarni jalb qilishga erishilsa, O‘zbekiston hukumati energetika sohasiga kirib kelayotgan investorlarga qanday kafolat bera oladi? O‘zbekiston tomoni qaysi jihat bilan ularni jalb qilishi mumkin? Bahrombek Umarbekov bu savollarga quyidagicha javob berdi:

“Potensial va qiziqish ham juda yuqori. Endi uni to‘g‘ri amalga oshirishimiz kerak. Energetika vazirligining yakuniy rejasi – erkin bozor yaratish. Erkin bozor nimasi bilan bizga qiziq? Unda investorga hech qanday kafolat berilmaydi. Uning xususiy mulk huquqi kafolatlanadi. U o‘zini, pulini yo‘qotish xavf-xatarini bo‘yniga olib, stansiya quradi. O‘sha stansiyadan mijozlar to‘plasa, elektr energiyasini mijozlarga sotadi. Hamma narsa tartibga solingan bo‘ladi.

Bozor yaratish qiyin ish, oson bo‘lmaydi. Ammo qilsa bo‘ladi. O‘zbekiston oldida ikkita yo‘l qoladi: birinchisi eski usulda davlat qarzlarini ko‘paytirib yangi stansiyalar qurish yoki oraliq etap sifatida davlat xususiy sheriklik tamoyillari asosida ayrim loyihalarni amalga oshirib turish.

Elektr energiyasiga bo‘lgan taqchillikning kattalashib ketishini oldini olish uchun shunday loyihalar amalga oshirilib turibdi. Buni bir kamchiligi va yaxshi tomoni bor. Afzallik tomoni davlat suveren qarzi oshmaydi. Lekin uning salbiy tomoni – bilvosita kafolati ham oshmayapti. Xudo ko‘rsatmasin ahvol yomonlashib, pul to‘lolmay qolsa, investorlardan sotib olinayotgan energiya uchun Moliya vazirligi pul to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu degani bilvosita qarz bevosita qarz hisoblanib qolishi mumkin”, deydi Umarbekov

Forumda qatnashgan Tojikiston Respublikasi energetika vaziri Daler Juma Tojikistondagi toza energetika, Gidroenergetika orqali rivojlantirgani, Energetika balansida 95 foiz ulush GESlarga to‘g‘ri kelishi haqida gapirdi. Shuningdek, u Tojikistonda zararli chiqindilarni chiqarish darajasi past bo‘lsa ham 100 foizli ko‘rsatkichga erishishga harakat qilinganini urg‘ulab, bu yo‘lda yangi 3 ming mGV lik quvvatga ega bo‘lgan gidrometeostansiya qurilayotganini ta’kidladi.

“Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv vaqtida Zarafshon daryosida ikkita GES qurish haqida gaplashdi. Ushbu loyihaning texnik iqtisodiy asosi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Har ikki mamlakat Prezidentlarining qarashlari, istiqbolli rejalari bir xil. Regional hamkorlik maqsadida daryo energetika, gidroenergetikani rivojlantirish maqsadida mintaqaning boshqa mamlakatlarini ham chaqirib qolamiz. Hozirda O‘zbekistonning Afg‘onistonga energiya eksporti 3 mlrd kilovatt soatni tashkil qiladi. An’anaviy energetika manbalaridan voz kechishning iloji yo‘q. Shu sababli ham o‘zbekitonlik hamkorlar bilan birga gaz importi bo‘yicha ham hamkorlikni amalga oshiryapmiz. Shuningdek, qo‘shimcha issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha harakat qilyapmiz”, deydi Tojikiston Respublikasi energetika vaziri Daler Juma.

Energetika forumi ertaga, 24 iyun kuni Energetika va neft sohasida ayollarning tutgan o‘rni, O‘zbekiston energetika bozorini boshqarish va rivojlantirish istiqbollari, O‘zbekiston energetika sohasidagi amalga oshirilgan va rejadagi yirik loyihalar va ko‘plab boshqa mavzularda davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

123

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing