Yaxshi pul topsam, navbatda turmasdim – shakarga “ochered”da turganlarning dardi

Jamiyat

So‘ngi kunlarda O‘zbekistonning ayrim bozorlarida shakar uchun katta navbatlar yuzaga ketayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi holatni o‘rganish maqsadida Toshkentning “Eski Juva” dehqon bozorida bo‘ldi.
 
Ijodiy guruhimiz “Chorsu” bozorining bir nechta nuqtalarida turna qator navbatlar paydo bo‘lganiga guvoh bo‘ldi, odamlar 5 kg shakar olish uchun soatlab navbatda turishibdi. Hammaning aytayotgan gapi bitta: do‘konlarda shakar 15-17 ming, bozorda esa 10 ming so‘m. Kimdan so‘rasang, narx navo osmonda ekani, topayotgan puli ro‘zg‘or tebratishga yetmasligidan noliydi. Bir tomonga qarasangiz odamlar hamma nuqtadan “ochered” olib, sun’iy navbatlarni o‘zlari yuzaga keltirayotgandek. Bozor ma’muriyati esa shakarni yetkazib, odamlar ehtiyojini qondirish harakatida.

“Hozir ayni kompot, murabbo qiladigan payt bo‘lgani uchun har bitta xonadonga shakar kerak bo‘ladi. Bozorda xalqimiz uchun arzonlashtirilgan shakar, yog‘ mahsulotlari sotilmoqda. Shakar sotilishida navbat katta bo‘lganining natijasida, odamlarni kamaytirish uchun joylarni ko‘paytirdik.  Yakshanba kuni mana shu gumbaz atrofida 12 tagacha joyni ochdik. Har 30-40 metrga shakar qo‘yib, sotildi. Lekin qancha ko‘paytirgan sari shunchalik odamlarning navbati ko‘payib ketaverdi, shakar har bir fuqaroga 10 ming so‘mdan 5 kgdan, kamaygan joyda 3 kgdan sotilmoqda. Shakar narxini shahar hokimligi nazoratga olgan. Hokimiyat arzonlashtirib, mana shu narxda qo‘yib bergan”, deydi “Eski Juva” dehqon bozori direktori o‘rinbosari Nasrullo Meliqulov.

Mutasaddining aytishicha, “Eski Juva” bozori ma’muriyati arzonlashtirilgan shakar yoki boshqa oziq-ovqat mahsulotini sotish istagini bildirgan har qanday tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bozorda arzon mahsulot sotishni istagan tadbirkor shahar hokimligi tomonidan yo‘naltirilgan bo‘lishi shart emas.

“Biz tadbirkorlarga jon deb xohlagan joyidan joy qilib beramiz. Kelishsin, nafaqat shakar, xalqqa kerak bo‘ladigan kartoshka yoki piyozni arzon sotaman desa marhamat, mana senga joy, sot dedik. Arzonlashtirilgan hamma narsa uchun bizda joy tayyor. Qancha xususiy firmalar keladigan bo‘lsa, arzon narxda sotaman desa, bitta emas, 10 ta joygacha qilib berishga imkoniyatimiz bor. Hatto, joyga pul ham olmaymiz, tarozi va boshqa kerakli hamma narsa bilan ta’minlab beramiz” deydi “Eski Juva” dehqon bozori direktorining “zami”

Fuqarolarning e’tirozlariga e’tibor qaratsak, ularning ko‘pchiligi do‘konlarda shakar 15-17 mingdan qimmat narxda sotilayotgani, buni odamlar cho‘ntagi ko‘tarmasligini aytmoqda. “Chorsu” bozorida sotilayotgan shakar nega arzon? Bu arzon narx mahsulot sifatiga ta’sir qilmaydimi, degan savol bilan bozor mutasaddisiga yuzlandik.

“O‘zbekistonda bitta emas, bir nechta shakar zavodlari mavjud. Xorazm, Angren, yana bitta zavodimiz ishga tushmoqda. Hamma joylarga o‘sha shakarlardan tarqatiladi. Sifatda farq yo‘q. Bir xil shakar chiqariladi. 16-17 mingga qo‘ldan olinayotgan shakar ham shu, biz olib kelib sotayotgan shakar ham shundan. Hozirgi kunda faqat dehqon bozorlarida narxlar arzonlashtirib sotilmoqda”, deydi “Eski Juva” dehqon bozori direktori o‘rinbosari Nasrullo Meliqulov. 

Bozorqo‘mlarning aytishicha odamlar bir emas, bir nechta “tochka”larda turib, sun’iy navbatlar ham paydo qilishyapti. Buning oqibatida bitta odam bir necha kilogramm, hatto qoplab shakarni tashib ketyapti.

“Odamlarimizga nima bo‘lyapti bilmayman. Shu nafsga berilib ketganmi? Bir qopgacha shakar sotib olganlar bor. Qayta-qayta u yerdan, bu yerdan olavergan, olavergan. Biz uni ushlab olib besh kilosini berdik va pulini qaytardik”.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: odamlar quyosh tig‘ida soatlab turib, shakar olayotgan bir vaqtda mutasaddilar yoki bozor ma’muriyatida tanish-bilishi borlar “orqavoratdan” navbatsiz shakar olib ketishmayaptimi?

“Bu bozorlarda uchraydigan narsa. “Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi”, degan gap bor. Yo‘q, deya olmayman, bo‘lishi mumkin. Pattachimi, bozor xodimining qo‘shnisimi, akasimi keladi, bu tabiiy holat. Lekin 1-2 ta holat aniqlandi. Rahbarimiz bunday vaziyatda shunday dedi: “agar yana bir marta shu holat aniqlansa, ishdan haydab yuboramiz.  Lekin qaysi bozor xodimiga shakar kerak bo‘lsa, mana bizga murojaat qilinglar, biz xodimlar uchun alohida 5 kg.dan beramiz”, deya rahbarining so‘zlarini keltirdi Meliqulov.

Tasvirga olish vaqtida Ichki ishlar xodimlari bir nechta nuqtada ertalabdan buyon navbatda turib qayta-qayta shakar sotib olgan fuqaroni payqab qolishdi. Fuqaroning avtomobili ko‘zdan kechirilganda, u xalta-xalta shakar sotib olgani aniqlandi. Fuqaroning aytishicha u shakarni sotish maqsadida emas, balki oila a’zolari va qarindoshlari uchun xarid qilgan.


Bozor rahbariyati, Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari fuqaro bilan tushuntirish ishlarini olib borishga harakat qilishgan vaqtida fuqaro jazavaga tushib, o‘zini o‘ldirish bilan tahdid qildi.
 
Fuqaro bozor ma’muriyatiga olib borilib, u sotib olgan shakar o‘lchanganda to‘rtovlon 158 kg shakar g‘amlagani aniqlandi. Ular 4 kishilashib sotib olgani uchun 20 kilogramm shakar va 1 380 000 so‘m pul fuqarolarga qaytarildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

198

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing