Non narxining oshishi O‘zbekistonda kambag‘allar ko‘payishiga olib kelmaydimi?
Jamiyat
−
06 iyun 2022
24372Xabaringiz bor, 1 iyundan qolipli non “buxanka”ning narxi 1600 so‘mdan 2800 so‘mga ko‘tarildi. Buning ortidan aholida vahima paydo bo‘lib, turli hududlarda boshqa non mahsulotlarining narxi sun’iy oshirila boshladi. Xo‘sh, bunga asos bormi? Non narxi nega birdaniga 1200 so‘mga qimmatladi? Bugun erta uchun zaxiramiz bormi?
QALAMPIR.UZ Toshkent shahridagi non ishlab chiqarish korxonasida bo‘lib, aholini qiziqtirayotgan bir nechta savollarga javob oldi.
Non narxining ko‘tarilishiga asosiy sabab, bug‘doy narxining ko‘tarilishidir. Buning ortidan un narxi ham ko‘tariladi. Korxonalar oldin unni uyushmadan sotib olgan bo‘lsa, bugun esa birjadan xarid qilyapmiz. Birjada erkin savdo va buning oqibatida unning narxi o‘zgaradi. Unni birja sotadi, nonni esa biz.
Non narxining o‘zgarishi birjadan olinadigan unga bog‘liq. Bugun unni 4250 so‘mga sotib olsak, non 2700 so‘mga tushadi. Agar un narxi 4400 so‘mdan bo‘lsa qolipli non narxi ham ko‘tariladi. Bu erkin savdo. Talab va taklifga moslashuv hisoblanadi. Agar birjada un narxi arzonroq chiqsa, demak non narxi ham o‘zidan-o‘zi arzonlashadi”, deydi “Bog‘iston non” korxonasi rahbari Akmal Sodiqov.
Sodiqovga qolipli non ishlab chiqaruvchi korxona rahbarlari nonni 2700 so‘mdan sotishga majburlanmayaptimi, degan savol bilan yuzlandik.
“Yo‘q, bunday topshiriq olmaganmiz. Un erkin savdoga chiqdi, nonlar 2700 so‘mdan do‘konga yetkazib berilyapti, ular 2800 so‘mdan sotishmoqda. Hozirgi kunga qadar sotuvchilar tomonidan hech qanday e’tiroz bo‘lmadi. Bizning korxonadagi un zaxirasi 3-4 kunga yetadi. Hozirgi kungacha 4300 so‘mdan un xarid qilyapmiz”, deydi Akmal Sodiqov.
Bitta korxonada siz u biz sevib iste’mol qiladigan “buxanka” noni bir kunda 40 mingtagacha ishlab chiqariladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 100 kilogramm undan 250 ta non tayyorlanadi. Korxona xodimining aytishicha, narx oshishi son va sifatga ta’sir qilmagan.
“Bir dona qolipli nonga tushadigan unning narxi 1610 so‘mni tashkil qiladi. Undan tashqari, mahsulotga presslangan xamirturish, tuz solinadi. Hisob-kitobda esa xodimlarning maoshi, korxonaning soliq to‘lovlari hambor. Shularning hammasi qo‘shilib, umumiy bir dona “buxanka” noni narxi 2700 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda. Shunda korxonaning rentabellik darajasi 5-6 foizni tashil qiladi. Bizga ham juda katta foyda qolmaydi.
Korxonamiz bir kunda 31 mingta non ishlab chiqaradi. Korxonada 2 ta pechka bo‘lib, 24 tonna non ishlab chiqarish quvvatiga ega. Non kunlik buyurtmaga qarab tayyorlanadi. Non narxi oshgandan so‘ng, avvaliga buyurtmalar sal kamaydi hozir doimgi jarayonda ishimizni davom ettiryapmiz. Bugungi kunda 57 ta tashkilot bilan shartnoma asosida ish olib boriladi. Narx ko‘tarilishi sifatga umuman ta’sir ko‘rsatmagan, oldin ham hozir ham qolipli nonning vazni 600 gr. Issiq holatda 610-615 grni tashkil qiladi”, deydi “Bog‘iston non” korxonasi texnologi Gulchehra Hoshimova.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul xodimi Shahobiddin Ortiqovning aytishicha, O‘zbekistonga bug‘doy yetkazib beruvchi asosiy davlat Qozog‘iston hisoblanadi. Qo‘shni davlat o‘tgan yili 11 mln 800 ming tonna bug‘doy yetishtirgan bo‘lsa, bu yil 13 mln tonna atrofida bug‘doy yetishtirishi prognoz qilinmoqda.
QALAMPIR.UZ muxbiri vazirlik mas’uliga "O‘zbekiston kambag‘allik bilan kurashayotgan bir vaqtda non narxining keskin oshib ketishi kambag‘allarning ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmaydimi?", degan savol bilan yuzlandi.
Yo‘q. bugungi kunga qadar non va unning 70-80 foizi bozor narxida sotib kelinayotgan edi.
Qisman davlat rezervlari, davlat resursi hisobidagi bug‘doydan ishlab chiqariladigan unlarning narxi ushlab turilgan edi. Bu ochiq, sog‘lom bozor prinsiplariga to‘g‘ri kelmasdi. Shuning uchun ham 1 iyundan boshlab erkin narxlar shakllanish jarayoni boshlandi.
Narx oshishini kambag‘allik bilan bog‘laydigan bo‘lsak, dastlab pensiya va nafaqa oluvchilarga, kam ta’minlangan oilalarga bir martali 300 ming, 400 ming so‘mlik pullar tarqatildi. Undan tashqari, iyun oyining boshidan boshlab, har bir ehtiyojmand qatlam, temir daftar, ayollar daftaridagilar. Shuningdek, hokimiyat tomonidan ham ehtiyojmand oilalarga, har bir viloyatda 20-30 minglab kishiga ro‘yxat asosida 20 kgdan un mahsuloti tarqatilyapti. Narx oshganini sezdirmaslik uchun bepul mahsulotlar ham tarqatilmoqda.
Albatta, bu bir martalik yordam-ku degan savol ham paydo bo‘lishi mumkin. Bu doimo vaziyatga qarab tegishli vazirlik-idoralar tomonidan o‘rganib boriladi. Narxlarning keskin oshishiga aytarli asos yo‘q. Hamma vaqt davlat bunga tayyor turibdi. Moliyaviy tomondan ham, boshqa tomondan ham kuchimiz, qurbimiz yetadi. Bu yerda hech qanaqa sarosimaga tushadigan asos yo‘q. Un va bug‘doy zaxiralarimiz ham yetarli. Bu yil ishlab chiqarish 7 mln 500ming tonnadan ortiq bo‘lishi kutilmoqda”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul xodimi Shahobiddin Ortiqov.
LiveBarchasi