“Mirzo Ulug‘bek vorislari” Respublika tanlovida eng yaxshilar aniqlandi
Biznes
−
21 may 2022
6653Bugun, 21 may kuni Toshkentdagi INNO parkda o‘tkazilgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Respublika tanlovining final bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan intellektual musobaqaning yakuniy bosqichiga jami 280 nafar ishtirokchi yetib keldi. 3 kun davom etgan bellashuvlar qizg‘in bahs va unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Respublikaning turli hududlaridan kelgan yosh olimlar bir nuqtada jam bo‘lishdi, musobaqa kunlarida ular o‘zaro bilim va tajriba almashib, fikrlari bilan o‘rtoqlashish, yangi do‘stlar orttirish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi. A, B, C guruhlarga bo‘lingan qatnashchilar taqdimotlar vaqtida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab turishdi.
Yakuniy bosqichda yoshlar hay’at a’zolariga mini-texnologiyalar, robototexnika, innovatsion xizmatlar, dasturlash, VR va AR, qishloq xo‘jaligi va biotexnologiya, muqobil energiya, sog‘liqni saqlash, sun’iy intellekt, 3D prototiplash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z loyiha va ishlanmalarini taqdim etishdi. Maxsus komissiya tomonidan qo‘yilgan ballar natijalariga ko‘ra, ishtirokchilar orasida 100 nafar g‘olib saralab olindi. Ularga BHMning 20 baravari (5 400 000 so‘m) miqdorida pul mukofotlari topshirildi. Bundan tashqari, g‘oliblar “Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o‘quv kurslarida bepul o‘qish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi.
Shuningdek, yana bir qator istiqbolli loyihalar 11 ta nominatsiyada munosib taqdirlardi. Jumladan, Surxondaryodan tashrif buyurgan ishtirokchi, Mahfuza Choriyeva tanlovda o‘zi yaratgan “Quyosh fotoelektrik qurilmasi asosidagi elektr quvvatlashga mo‘ljallangan o‘rindiq” loyihasi bilan qatnashdi. Mo‘’jaz ventilyator o‘rnatilgan soyabonli o‘rindiqda bir vaqtning o‘zida smartfon va boshqa elektron qurilmalarni zaryadlash mumkin. Uning loyihasi “Eng yaxshi prototip muallifi” nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi.
Yopilish marosimda so‘zga chiqqanlar, jumladan, tanlov tashkilotchilari kelgusida ham shu kabi innovatsion musobaqalarni ko‘proq o‘tkazish, ularning qamrov doirasini yanada kengaytirish niyatida ekanliklarini bildirishdi.
Asosiy maqsadi bilim olishga intilayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida realizatsiya qilsa bo‘ladigan, o‘zbekistonliklar farovonligini oshirishga xizmat qiladigan innovatsion loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lgan tanlovda ko‘pgina iqtidor egalari kashf etildi. Yoshlar o‘rtasida o‘ziga xos an’anaga aylanib ulgurgan keng qamrovli musobaqalar, yetishib chiqayotgan yangi kadrlar uchun tayanch nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi. Ularning kelgusi faoliyatiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi