O‘raga sichqon tushdi, guldur-gup yoxud “oshkoralik niqobi” ortidagi “shep”lar

Tahlil

image

3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni. Ayni shu kunda dunyoning u yoki bu mamlakatidagi so‘z erkinligi, matbuot bilan bog‘liq muammoli savollar muhokama qilinadi. G‘alvir suvdan ko‘tariladi. Jurnalistlarning xavfsizligi, daxlsizligi, so‘z erkinligidan emin-erkin foydalanish, axborot olish, uni qayta ishlash, tahrirlash va tarqatish kafolatlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi. Afsuski, jurnalistika dunyo miqyosida hamon xavfli sohalar qatorida konchilardan keyin ikkinchi o‘rinda bormoqda. Dunyo bo‘yicha daraksiz ketgan, qotillik qurboni bo‘lgan va hibsga tashlangan jurnalistlar soni ortsa ortmoqdaki, kamaymayapti. 

Jurnalistlarga ko‘p holatlarda ularning kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan masalalarda tuhmat qilish, ularni jinoyatga doir qonunchilikning davlatga xiyonat, tovlamachilik, firibgarlik, jinsiy, irqiy, diniy moddalari bilan ayblash “urf”ga kirgan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida hibslangan jurnalistlar talay bo‘lsa-da, hisobotlarda ular jurnalistik faoliyati uchun emas, balki boshqa moddalar bilan aybdorlikka tortilgani qayd etilgan. Bu esa o‘sha mamlakatda birorta ham jurnalist hibslanmagan degan umumiy xulosani keltirib chiqaradi. Biroq asl vaziyat tasvirlanganidan ayanchli va qo‘rqinchliroq. 

Jurnalist jamiyat va davlat o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, o‘z faoliyati davomida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni keng jamoatchilikka yetkazib boradi. Biroq ommaviy axborot vositalari xodimi o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun davlat va jamoat tashkilotlarida yetarlicha ochiqlik va oshkoralik, shaffoflik bo‘lishi kerak. Bularsiz na jurnalistikani erkin, na davlatni ochiq deyish mumkin. 

O‘zbekistonda 2016 yildan keyin davlat idoralarining ochiqligi ta’minlandi. Odamlar vazirlarni tanishni boshladi. Kundalik hayotda uchrayotgan muammolar haqida gapirishga qo‘rqadiganlar bu haqdagi achchiq tanqidlarni Prezidentdan eshitdi. Odamlar gapirishni o‘rgandi. Albatta, 2016 yilgacha so‘z erkinligiga qarshi bo‘lganlar, undan qochganlar, qo‘rqqanlar uchun bu yaxshi voqelik emasdi. 

Oradan 6 yil o‘tdi. Xo‘sh, o‘zgarishlar hamon davom etmoqdami? Davlat va jamoat tashkilotlari, ularning rahbarlari OAV va jurnalistlar uchun kechagidek ochiqmi? Qaysi idora yoki amaldor bugungi so‘z erkinligi davrida hamon OAVga yopiqligicha qolmoqda? Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ jurnalistlarga mikrofon tutdi. 

“...bu ochiqlik emas”

ANORA SODIQOVA, “Rost24” internet nashrining jurnalisti:

— Aksariyat tashkilotlar bo‘lar-bo‘lmas xabarlarni tarqataverishadi. O‘zlari haqida ko‘p axborot berish orqali “Mana, biz hamma uchun ochiqmiz”, demoqchi bo‘lishadi. O‘zi haqida videolar orqali nima ishlar qilgani va o‘z tashkiloti siyosatini maqtab chiqaverish – ochiqlik emas.    

Misol uchun, Toshkent shahar hokimligini olaylik, Toshkent shahar hokimiyatining Telegram-kanalida ma’lumotlar ko‘p. Qayerda qanday ishlari bo‘layotgani yoki boshqa narsalar haqida videolar e’lon qilib borishadi. Lekin biz qaysidir masalalar: “snos”, byudjet mablag‘larining sarflanishi bo‘yicha savol bilan murojaat qilsak, hech qachon javob ololmaymiz. Bu ularning OAVga ochiq emasligidan dalolat. 

Nafaqat poytaxt hokimiyati, balki boshqa hokimlik, vazirliklar ham o‘zini piar qilish bilan band. Axborotlar ko‘p, lekin aynan bizga keragi yo‘q. Shubhali bo‘lgan ishlar bo‘yicha savollar bilan murojaat qilganimizda, yopiq bo‘lib qolishadi. 

Qiyin savollarga javob beradigan yoki har doim jurnalistlar bilan ochiq gaplashadigan amaldorni bor deb biror kishini aniq ko‘rsatolmayman. Amaldorlarning aksariyati jurnalistlar uchun yopiq. Javob bergan taqdirda ham ko‘pincha umumiy gaplar bilan cheklanishadi. 

Davletovni (tahr. –Adliya vaziri Ruslanbek Davletov) jurnalistlarga ochiq javob berayotgan amaldor deb aytishim mumkin. Ochiq muloqot qilib turadi. Boshqa amaldorlardan intervyu olish qiyin. Davletov ham o‘zi anjuman uyishtirgandagina javob beradi. Lekin alohida murojaat bilan intervyu so‘rab chiqsak, jurnalistlarga ochiq javob berishni xohlamaydi. 

Safoyev (tahr. – Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev) ham uchrashuvlarda jurnalistlarga ochiq gapiradigan odam. Lekin u ham ko‘pincha nozik savollarga javobda umumiy gaplar bilan cheklanadi.

Tadbirlarda esa ko‘p amaldorlar jurnalistlardan qo‘lga tushib qoladigan o‘g‘ridek qochib yurishadi.

“Meni bunaqa ish qoniqtirmaydi”

YULDUZ OLIMOVA, “Markaziy studiya” informatsion dasturining jurnalisti

— Oldin Respublika “GAI” bilan zo‘r ishlar edim. Bu narsa tashkilotning axborot xizmati rahbariga bog‘liq. Ilgari bu tashkilotning matbuot kotibi bo‘lib Akmal Yunusov ishlagan. U paytda qo‘ng‘iroq qilganimizda yoki Telegram orqali yozganimizda, tezda munosabat bildirib, intervyu tashkil qilib berardi.

Undan keyin matbuot xizmati rahbari o‘zgardi. Hozir ismi aniq yodimda yo‘q. Ularga qo‘ng‘iroq qilib, intervyu so‘rasam, mendan savollarni oldindan talab qiladigan bo‘lishdi. Talabga ko‘ra, men ularga savollarni berib qo‘yar ekanman-da, ular o‘z media markazida bizning kameralardan foydalanmagan holda savollarga javobni yozib, keyin bizga o‘sha “zapis”ni jo‘natishar ekan. Meni bunaqa ish qoniqtirmaydi. Men savolni yuzma-yuz berishim va suhbatdoshimning javobidan kelib chiqib, unga yana savol bilan yuzlanishim kerak.

Men oldin radioda ham ishlaganman. O‘sha paytlarda menga haftalik hisobot berishar edi. Masalan, qancha avariya bo‘lgani, avariyalar nimadan kelib chiqqani, qancha foizi mastlik, qanchasi tezlikni oshirish oqibatida sodir etilgani ma’lum qilinardi. “GAI”ga “Menga bu yilning yoki oxirgi ikki oyning statistikasi kerak”, deb bir necha bor murojaat qildim. Statistikani hech bo‘lmasa oyma-oy berishmayapti.

“SSV javob bermaydi”

IBRAT SAFO, BBC jurnalisti:


— BBC’ning savollariga Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati javob bermaydi. Pandemiya vaqtida, ayniqsa, bu ko‘p ko‘zga tashlandi. Sababini bilmayman.

Jurnalistlar hozirda davlat rahbaridan intervyu olishni xohlashadi, ammo bu yuz bermayapti.

“DXX Matbuot xizmatining rahbari kim?”

KARIM BAHRIEV, jurnalist, yozuvchi, tarjimon:
— Davlat xavfsizlik xizmati tashkiloti yopiq. Matbuot xizmatining rahbari kim? Nima ish qilyapti? Buni bilmayman.

“TIV juda yopiq tashkilot”

JAHONGIR OLIMOV, “Zamon” informatsion dasturining jurnalisti:

— Bosh prokuratura tizimi jurnalistlar uchun yopiq. Hayot Shamsutdinov (tahr. – Bosh prokuratura Matbuot kotibi) ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘plab holatlar bo‘yicha ularga yetib borish va izoh, televideniye uchun intervyu olish qiyin. Ijtimoiy tarmoqqa bayonot berish boshqa. Lekin izoh va intervyu olishda juda qiyin paytlar bo‘ladi.

Mansabdor shaxslardan (maqola tayyorlangan sanaga ko‘ra sobiq) Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovni ham ancha yopiq, deb hisoblayman. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “O‘zbekiston 24” dan boshqa hech qaysi telekanalda ko‘rinish bermaydi. Intervyu olish ham juda qiyin masala. Vaholanki, oxirgi vaqtlarda intervyu, izoh olinishi kerak bo‘lgan juda muhim masalalar bor.  Mansabdor sifatida Abdulaziz Komilov ham, davlat tashkiloti sifatida Tashqi ishlar vazirligi ham juda yopiq.

“Axborot berishdan ko‘ra, AOKAning og‘zini yopish bilan ovoralar”

MO‘’TABAR  NURMUHAMMEDOVA, “Zamon” informatsion dasturining jurnalisti:

— Sog‘liqni saqlash vazirligida bir emas, bir qancha murojaatim javobsiz qolgan. Yaqinda intervyu uchun xat bilan chiqdim. Javob yo‘q va bunga ajablanmay ham qo‘yganmiz.

Hamma davlat tashkilotlari o‘zlarining piari uchun ochiq. Agar jurnalist o‘zi murojaatga munosabat izlasa, savol yo‘llasa, bahonalar qalashib ketadi. 

Tibbiyotda yangi vazir ham eski vazirning ishlash uslubini tanlagan. Bu yerda Matbuot xizmati jurnalistlar so‘roviga vaqtida munosabat bermasdan, butun tizim haqida yopiq tasavvur uyg‘otgan. 

Qolgan tashkilotlar ham xalqqa to‘g‘ri, xolis ma’lumot berishdan ko‘ra, tezlik bilan AOKA (tahr. – Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) talabini bajarib, osongina ijtimoiy tarmoqdan munosabat bildirishga o‘tib olgan. 

Savolingiz asosli bo‘lsa, hamma mansabdor javob beradi. Hali bironta mansabdordan savolimga javob ololmagan paytim bo‘lmagan. Lekin o‘sha mansabdorning oldiga yetguncha, tashkilotning Matbuot xizmati orqali munosabatni o‘rnatgunimizcha muammo juda ko‘p bo‘ladi. 

Shov-shuvli narsaga munosabat bildirish oson bo‘lib qoldi. Bu ham AOKAning tashabbusi bilan. AOKAning og‘zini yopish uchun kerak bo‘lsa, matbuot kotibi o‘z tashkilotiga advokatlik qilib, asossiz oqlovlar bilan munosabat bildirib qo‘ya qoladi. Jurnalistlar bilan suhbat qilib, intervyu berishdan ko‘ra, “Ana, munosabat berdik-ku, ana o‘shandan olinglar”, deyish oson bo‘lib qolgan. 

“Prokuraturaga ariza berdim”

LOLA ISLAMOVA, jurnalist:

— Markaziy bank matbuot uchun yopiq. Bu tashkilot javobni kech beradi yoki aniq bermaydi. Men bu haqida prokuraturaga ariza yozganman.

“Saidov OAV uchun yopiq”
 
ILYOS SAFAROV, KUN.UZ internet nashrining jurnalisti:

— Shaxsan men ishlaydigan internet-saytda turli vazirlik va idoralar jurnalistlarga hamkorlikda ishlash uchun taqsimlangan. Shunday ekan, javobimni faqat o‘zim ishlaydigan tashkilotlar faoliyatidangina kelib chiqib, berishim mumkin. 

Fikrimcha, ular ichida eng yopig‘i bu Qishloq xo‘jaligi vazirligi. Bilmadim nega? Lekin shu vazirlikdan ma’lumot olish juda qiyin. Biror bir mansabdor bilan intervyu tashkil qilish jarayonlari esa deyarli oylarga cho‘ziladi. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, vazirlik yaqindan Matbuot kotibini ishdan bo‘shatib, yangi xodim bilan ishlay boshladi. Ahvol yaxshilikka qarab o‘zgarishidan umidvorman.

Xalq ta’limi vaziri (tahr. – Baxtiyor  Saidov) bilan suhbatlashish uchun bir necha bor urindim, lekin javob ololmadim. Balki bu vazir bilan bog‘liq emasdir, lekin shuning o‘ziyoq menga qaysidir ma’noda “Vazir OAV uchun yopiq ekan-da”, degan xulosani beradi.

“Sobiq vazir umuman intervyu bermas edi”

AZIZA QURBONOVA, jurnalist:

— Bilishimcha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi jurnalistlar va matbuot uchun mutlaqo yopiq. Bitta ham brifing o‘tkazmaydi. 

Qurilish vazirligida ham shu muammo bor. Matbuot kotibi o‘zgargan. Ijtimoiy tarmoqda sal bo‘lsa ham rivojlanish bor. Lekin vazirning o‘zi (tahr. – Botir Zokirov) qurilish bo‘yicha katta va ochiq muloqotlar o‘tkazmagunicha, savollar ochiq qolaveradi. Eng ko‘p yoziladigan noqonuniy qurilishlar, qurilish sifati bilan bog‘liq bo‘lgan tanqidiy maqolalarga ikkinchi tomonning izohi berilmaydi. 

Vazir yoki tashkilotning rahbari ochiq bo‘lmagani uchun ham Matbuot xizmatining faoliyati oqsaydi. Ya’ni matbuot kotibi ming mahoratli bo‘lmasin, u o‘z faoliyatini to‘g‘ri va izchil yo‘lga qo‘ya olmaydi. Chunki, ko‘p masalalarda raddiya, yo bayonot berolmaydi, tashkilot imijini shakllantirishda, OAVga kerakli axborot berishda qiynaladi.

Sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri (tahr. – Abduhakim Hojiboyev) davlat telekanallariga ham, xususiy telekanallarga ham umuman intervyu bermas edi. 

Amaliyotda matbuotga ochiq bo‘lgan va haddan ziyod piarga berilgan rahbarlarni ham ko‘ramiz. Ba’zilari esa umuman OAVda ko‘rinmaslikni ma’qul ko‘radi. Yana ayrimlar ko‘proq davlat ommaviy axborot vositalarida chiqib, xususiy OAVda chiqmaydi. Har vaziyatda har xil.

Shunday holatlar ham borki, tashkilot rahbarining xarizmasi, istarasi, yoqimlilik darajasi OAVda yaxshi va u jurnalistlar bilan yaxshi muloqot o‘rnatgan. Shuning uchun ham o‘sha tashkilot haqida aksariyat hollarda o‘z vaqtida, ijobiy mazmundagi axborot ko‘proq tarqaladi.

Aytmoqchi bo‘lganim, rahbarning ijobiy qiyofasi tashkilot yoki sohaning ham imijidek ko‘rinib ketadigan holatlar ham bor. Ana shu holatni to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman. Vazir yoki tashkilotning rahbari “yoqimli imiji” degani, bu soha “zo‘r bo‘ldi”, degani emas. Ko‘pincha jurnalistlarda, ba’zan o‘zimda ham kuzatiladigan holat – “favorit”i yoki “simpatiya”si bo‘lgan sohani iloji boricha teginmay o‘tishni ma’qul ko‘radi. Lekin andisha jurnalistikada foyda keltirmaydi-da. Aksincha holat ham kuzatiladi. Masalan, jurnalistning “simpatiyasi” bo‘lmagan biror tashkilot yoki soha rahbari yaxshi ishlar qilsa ham, avvalgi “qovun tushishlar” tufayli xolis yoritishni istamaydigan, bunda o‘zida kuch topolmaydigan jurnalistlar ham yo‘q emas.

“Ortiqxo‘jayev intervyu berishi kerak”

NARGIS QOSIMOVA, jurnalist:

— Fikrimcha, Iqtisodiyot vazirligi jurnalistlar va OAV uchun yopiq. Ochiq iqtisodiy ko‘rsatkichlar berilmayapti. STAT.UZ, OPENGO.UZ saytlariga kirib kuzatganimda, to‘liq ma’lumot berilmagan va ular eskirganini ko‘rdim.

Mansabdorlardan Ramatov (tahr. – O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari)ni OAV uchun yopiq, deb ayta olaman. Aslida hamma vazirlarimizni ham yopiq, deb aytsak bo‘ladi. Chunki, ularning ochiq intervyulari berilmaydi yoki intervyu berishni istashmaydimi, bilmadim. 

Aksariyat holatlarda ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muammolar ko‘tariladi. Aslida tashkilot rahbarlarining yordamchilari bo‘lsa ham ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borishadi. Shunday vazifa yuklatilgan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan muammolarga ham hech qanday ijobiy javob berilmaydi. Kamdan kam holatlarda munosabat bildiriladi.

Bugungi kunda qurilishlar va tabiat o‘rtasida juda ham ko‘p ziddiyatlar bor. Noqonuniy qurilishlar, daraxtlarning kesilishi va boshqalar. Nima uchun shu qurilishlar shahar hokimligi bilan birgalikda rejasiz qurilmoqda? Shu narsaga javob berishsa, bo‘ladi. Mana shu masalada ochiq intervyu yo‘q. Odamlar nima bo‘layotganini bilmay, hayron. Hamma o‘z hududi uchun sudlashib, saqlab qolishga harakat qilmoqda. 

Ortiqxo‘jayev shahar hokimi sifatida shaharning “gen plan”i bormi, yo‘qmi,  shu masalada ochiq intervyu berishi kerak. Chunki, qurilishlar juda ham betartib.

“Matbuot kotibining malakasi pastligi ham sabab bo‘ladi”

SHUHRAT LATIPOV, Gazeta.uz internet nashrining jurnalisti:

Boshqa davlat idoralari bilan solishtirganda, men uchun Tashqi ishlar vazirligi, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) va qaysidir ma’noda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi jurnalistlar bilan kamroq ochiq ishlaydi.

Masalan, Tashqi ishlar vazirligi asosan matbuot anjumanlari yoki xorijiy nashrlar jurnalistlari bilan intervyu o‘tkazadi va aksariyat hollarda so‘rovlarga javob bermaydi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham so‘rovlarga javob bermaydi. Tadbirlarga taklif qilmaydi va umuman olganda, o‘z faoliyatida kamroq shaffof bo‘lib bormoqda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan muammo hali bitta aniq javobga ega bo‘lmagan so‘rovlar bilan bog‘liq.

Bu davlat idoralarining so‘rovlarga javob berishni istamasligining asl sabablarini bilmayman. Odatda, bu tashkilot rahbarining OAVga qanchalik ochiqligi, konstruktiv tanqidni tinglashga, jamoatchilik fikri bilan ishlashga tayyorligiga bog‘liq. Lekin bunga matbuot kotibining malakasi pastligi ham sabab bo‘lishi mumkin.

Ijobiy misol sifatida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Moliya vaziri Timur Ishmetov va Xalq ta’limi vazirligining sobiq rahbari, amaldagi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatovni qayd etishni istardim.

“Axborot ochiqligini ta’minlash” niqobi ostidagi yopiqlik bor”

Sunnatilla Abdullayev, QALAMPIR.UZ Bosh muharriri: 

— Biz Norboyevani "ochiqlik farishtasi" deb bilardik. U kelgandan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati juda o‘zgardi. Ammo, oxirgi vaqtlarda bu ochiqlik sezilmayapti va balki yo‘qolib bormoqda. Hatto, Senatning so‘nggi yalpi majlisida jonli efir boshlanganidan 8 daqiqa o‘tib, onlayn efir to‘xtatildi. Bu OAV va jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinishiga qaramay, holatga hech kim izoh bermadi, “o‘raga sichqon tushdi, guldur-gup” qabilida ish ko‘rildi. Katta minbarlardan yuqori martabali amaldorlarni ochiqmiz, ortga qaytish yo‘q, degan gaplari ba’zan, quloqni qomatga keltiradigan “sirena”ga ham aylanib ulgurdi. Gapning o‘zi bor, amaldagi isboti esa… Ortga qaytmaymiz degani, oldinga ham yurmay joyimizda depsinib turamiz deb tushunilmasligini xohlardik.

Vazirlik va idoralar ham Oliy Majlis Senati ortidan borayotgandek. Idoralarning har birida Matbuot xizmati va o‘nlab xodimlar ishlayotgan bo‘lsa ham, jurnalistlar o‘zi qiziqtirgan savollarga javob ololmaydi. Bu muammo QALAMPIR.UZ’da ham bor. Kattaga ergashib quyi – Qonunchilik palatasi ham mana olti yildir OAV uchun yopiqligicha qolmoqda.

Biz biror savolga javob kutganda, ishonchli manba yoki vazirlik va idoraning mansabdorlaridan javob olishni istaymiz. Bu xalq uchun ham ko‘proq foydali bo‘ladi. Afsuski bugun, OAV va vazirlik-idoralarning o‘zaro faoliyatini bog‘lovchi, vositachi bo‘lgan Matbuot xizmati rahbarlari o‘zini Matbuot bilan tashkilot o‘rtasidagi ko‘prik emas, mansabdordek tutadi va shaxsiy PR'iga ishlashga o‘tib olmoqda.

Vazirlik va idoralar hududiy boshqarmalarining ijtimoiy tarmoqlarda shu qadar ko‘p sahifalari borki, ba’zan OAVda e’lon qilingan murojaatga u yoki bu vazirlikning, boshqarmaning o‘nlab sahifasidan aynan qaysi sahifasida javob yangrashini bilolmay halaksan kishi. Ijtimoiy tarmoqda eng kamida har bir tashkilot nomidan ham matbuot kotibi, ham matbuot xizmati, ham tashkilotning o‘zi sahifa yuritadi. Bundan tashqari boshqarmalar va departamentlar ham bor. Bu esa axborotlarni to‘plash, markazlashtirish va tahlil qilishda qator muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, kuni kecha QALAMPIR.UZ’da Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari Olmazor tumanida Majburiy mehnatga jalb etilgani haqida maqola e’lon qilindi. Biz uchun maqolaga nisbatan eng kamida Toshkent shahar hokimligi, Olmazor tumani hokimligi, Milliy gvardiya, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan izoh kutarkanmiz, rasmiy bayonot Milliy gvardiyaning 14 ming kishilik Telegram-kanalida emas, balki 187 kishilik “MG Axborot xizmati boshlig‘i” Telegram-kanalida e’lon qilingan. Bundan esa ko‘p sonli o‘quvchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari bexabar qolgan. Xabar, ma’lumot, bayonot va izohlarning tashkilotlarning asosiy sahifalari qolib, kichik kanallar orqali uzatilishi, “axborot ochiqligini ta’minlash” niqobi ostida uni yashirishga bo‘lgan harakatdek ko‘rinadi. 

OAV uchun yopiq qolayotgan amaldorlardan yana biri Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov. Vazirlik Matbuot xizmati jurnalistlar bilan ishlay boshlagani bilan, vazir hamon OAV uchun yopiq eshiklar ortida qolmoqda. Demak muammo vazir bilan bog‘liq.

Vazirlar haqida gap ketganda, OAVga yopiqlarni sanasak, barmoqlar yetmaydi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovdan boshqa vazirlar va ularga mos ravishda Matbuot kotiblari ham OAVga ba’zan qisman, ba’zan to‘la yopiqligicha qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

736

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing