O‘t balosi: har ikkinchi yong‘in xonadonlarda sodir bo‘lmoqda

Jamiyat

Reklama
0:00

Toshkent shahrida 2026 yilning dastlabki olti oyida qayd etilgan yong‘inlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 10 foizga kamaydi. Biroq yong‘inlar oqibatida halok bo‘lganlar soni aksincha oshgan. 2026 yilning yanvar–iyun oylarida Toshkent shahrida 339 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 376 ta yong‘inga nisbatan 37 taga yoki 9,8 foizga kam. Bu haqda kecha, 15 iyul kuni Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, joriy yilning olti oyida poytaxtdagi davlat va tadbirkorlik sub’ektlariga qarashli 5 mingdan ortiq ob’ektda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilgan. Shuningdek, 6 ming 458 ta profilaktik ko‘rik tashkil etilib, 108 ming 577 ta yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilishi aniqlangan. Ularning 87 ming 327 tasi yoki 80,4 foizi bartaraf etilgan.

Tekshiruvlar davomida yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan 3 mingdan ortiq bino va inshootdan foydalanish vaqtincha cheklangan. Bundan tashqari, 11 mingdan ortiq nosoz elektr qurilmasi va tarmog‘i kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar tarmoqdan uzilgan.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlar uchun 13 ming 792 nafar fuqaro va mansabdor shaxsga nisbatan jami 9 milliard 585 million so‘mlik jarimalar qo‘llangan.

Statistikaga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–iyun oylarida Toshkent shahrida 339 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 376 ta yong‘inga nisbatan 37 taga yoki 9,8 foizga kam. Yong‘inlarda tan jarohati olganlar soni ham sezilarli kamayib, 11 nafardan 3 nafarga tushgan.

Biroq, yong‘inlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 7 nafardan 10 nafarga yetgan. Ayniqsa, Shayxontohur, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida o‘lim bilan yakunlangan yong‘inlar ko‘paygani qayd etildi. Eng og‘ir hodisalardan biri 16 fevral kuni Shayxontohur tumanidagi xonadonda sodir bo‘lgan. Yong‘inni bartaraf etish vaqtida uy egasining kelini va ikki nafar nabirasi voqea joyida halok bo‘lgan, kuyish jarohati olgan uy egasi esa shifoxonada vafot etgan.

Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, joriy yilda sodir bo‘lgan yong‘inlarning 46,6 foizi, ya’ni 158 tasi aholi yashash xonadonlariga to‘g‘ri kelgan. Qolgan yong‘inlar esa ishlab chiqarish korxonalari, savdo ob’ektlari, transport vositalari, ochiq maydonlar va boshqa inshootlarda yuz bergan.

Matbuot anjumanida, yozning yuqori haroratli kunlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida respublika bo‘ylab 5 iyuldan 5 sentyabrgacha “Dolzarb 60 kun” profilaktik tadbiri o‘tkazilayotgani aytib o‘tildi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing