29 yillik sir. Turgut O‘zalning qabri nega ochildi?
Bu qiziq
−
17 aprel 2022
121591Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida inson hayoti, uning yashashi muhim masaladir. Gap Prezident haqida borsa, jiddiyat yanada ortadi. Agar unda yurak kasalliklari bo‘lsa-chi? Prezident hayoti doimiy xavotir va nazorat ostida bo‘lishi aniq. Uning yonida istalgan soniyada yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan malakali shifokorlar guruhi, borishi mumkin bo‘lgan joylarida ko‘chma tibbiy muassasa yoki yaqin atrofda professional klinikalar, zudlik bilan yetkazish bo‘yicha avtomobil yo‘li xaritasi yoki vertolyotlar shay turadi. Xorijiy safarlarni tashkil etish protokolida ham bir necha oy oldindan mehmon davlat rahbari borishi mumkin bo‘lgan shifoxona, hatto, uning palatasi belgilab qo‘yiladi.
Prezidentning har soniyasi nazorat ostida bo‘ladi. Uning toliqib qolishi, uzoq suhbat qurishi, ko‘p va betartib oqvatlanishi mumkin emas. Qisqasi, Prezidentlar salomatligi va xavfsizligi, hayotiy xatarlardan xoliligi davlat masalasi darajasida e’tiborga olinadi.
1993 yilning 17 aprel kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekistonga safaridan keyin Anqarada vafot etgan Turkiyaning sakkizinchi Prezidenti Turgut O‘zal ham ana shunday e’tibor markazida edi. Ayniqsa, 1988 yil unga uyushtirilgan suiqasddan keyin Prezidentning hayotiy xavfsizligini ta’minlash birinchi o‘rindagi masalaga aylangandi. Biroq, biz o‘ylaganchalik emas ekan. Agar shunday bo‘lganda uni shifoxonaga olib borish uchun tez yordam kutilmagan, uni zaharlashmagan va bu taqlid vafot etmagan bo‘larmidi?!
Prezidentlik muddatida o‘lgan ikkinchi davlat rahbari
29 yildan buyon vafoti sirlari ko‘pchilikni qiynab kelayotgan va Turkiya tarixida muhim ahamiyat kasb etgan Turgut O‘zalning o‘limi tafsilotlarini quyida bo‘lishamiz.
Halil Turgut O‘zal 1927 yilning 13 oktyabr kuni Malatyada tavallud topgan. Turk byurokrati, siyosat va davlat arbobi, Turkiya Respublikasining 8-prezidenti.
U 1983-1989 yillarda 5 yil-u 10 oy Bosh vazir va “Ona Vatan” partiyasi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. Turgut O‘zal mamlakat asoschisi Mustafo Kamol Otaturkdan keyin o‘z vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan ikkinchi Prezidentdir. Otaturk ham prezidentlik davrida olamdan ko‘z yumgan.
O‘zal Turkiyaning 43-Hukumati davrida Bosh vazirlik maslahatchisi va Davlat rejalashtirish tashkiloti maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 1980 yil 12 sentyabr kuni amalga oshirilgan davlat to‘ntarishidan so‘ng, Bulend Ulusu tomonidan tuzilgan hukumatda Bosh vazirning Iqtisodiyotdan mas’ul o‘rinbosari lavozimini egalladi. 1982 yilda bu lavozimidan voz kechib, 1983 yilda “Ona Vatan” partiyasiga asos solgan. Uning partiyasi 1983 yilgi Turkiya umumiy saylovlarida 45,14% ovoz oldi va 45-Turkiya hukumatini tuzib Bosh vazir bo‘ldi. 1985 yilgi qurultoyda yana “Ona Vatan” partiyasi raisi etib saylandi. 1987 yil Turkiyada o‘tkazilgan umumiy saylovlarda uning partiyasi to‘plagan ovozlar 8,83 foizga tushib, 36,31 foizni tashkil etgan. Shunga qaramay, u Turkiyaning 46-Hukumatini tuzib, yana Bosh vazir kursisini o‘zida saqlab qolgan.
O‘zal 1989 yilgi Turkiya prezidentlik saylovlarida davlat rahbari etib saylangan. Bosh vazirlikdan ketganiga qaramay, u siyosiy voqealar rivojida hal qiluvchi rol o‘ynashda davom etgan.
O‘zalga suiqasd va afv
1988 yil 18 iyun shanba kuni Anqaradagi Otaturk sport saroyida bo‘lib o‘tgan “Ona Vatan” partiyasining navbatdagi qurultoyi chog‘ida Kartal Demirag‘ ismli hujumchi tomonidan Prezident O‘zalga suiqasd uyushtirildi va davlat rahbari jarohat olganiga qaramay, omon qoldi. Fotojurnalistlar va televideniye kameralari uchun tayyorlangan joy oldida, Prezidentdan 12 metr masofadan ikki marta o‘q uzgan Demirag‘, Turgut O‘zalni o‘ng qo‘lidan yaraladi. Hujum ortidan tasodifiy o‘t ochgan qo‘riqchilar 18 kishini jarohatladi. Yaralanganlar orasida vazir Imren Aykut ham bor edi.
Avvaliga o‘lim jazosiga hukm qilingan, keyin esa jazo chorasi 20 yil ozodlikdan mahrum qilishga o‘zgartirilgan Kartal Demirag‘ni Turgut O‘zal ko‘p o‘tmay afv etdi.
Doktorlarning ogohlantirishlariga quloq osmadi
Turgut O‘zalning yurak xastaligi o‘limidan 23 yil avval, 70-yillarda o‘zining ilk belgilarini ko‘rsata boshlagandi. Oradan 17 yil o‘tib, 1987 yilda xastalik uni Amerikadagi Metodist shifoxonasiga yetaklaydi va dunyoning eng mashhur yurak jarrohi – professor Maykl Ellis Debeyki uni operatsiya qilgan edi.
Shifokor operatsiya muvaffaqiyatli o‘tganini aytarkan, u endi yosh yigitlardek chopqillab yurishi mumkinligini urg‘ulagandi. Albatta, buning talablari bor edi: sog‘lom turmush tarzi, tibbiy nazorat va yurakni ortiqcha toliqtirmaslik. O‘zal esa operatsiyadan keyin hayot tarzini o‘zgartirmadi, unga yana yarim tungacha davom etgan va kun yorishmasidan boshlangan ish kuni hamrohlik qildi. Hamma uxlayotgan vaqtlar, soat 2-3 da ertasi kun chiqadigan gazetalarni o‘qir, shu tariqa biroz mizg‘ib, quyoshni qarshilardi. Doktorlarning ogohlantirishlariga quloq osmay, dam olishga vaqt ajratmay, taqiqlangan ovqatlarni iste’mol qilishda davom etgan O‘zal, shundoq ham ortiqcha vaznini yanada oshirib borardi.
Markaziy Osiyo va O‘zbekistonga 12 kunlik safar
U 1993 yilning aprel oyi boshida, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safarga chiqishidan uch kun avval shifokorlar guruhi rahbari uni to‘liq tibbiy nazoratdan o‘tishi kerakligi haqida ogohlantiradi. Biroq, Prezident bunga parvo qilmaydi.
U 12 kun ichida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Ozarbayjonga safar qiladi. Bu safar davomida esa faqatgina samolyotda uchish vaqtining o‘zi 22 soatni tashkil etdi. Avtomobilda yurgan yo‘llari va tik oyoqda o‘tkazgan soatlarining esa hisobi yo‘q.
Yakkama-yakka uchrashuvlar va delagatsiyalar uchrashuvlari, matbuot anjumanlarida naq 32 soat nutq qilgan. Bu vaqtda esa 5 mamlakat tashrifni eng zo‘r tashkil etish bo‘yicha bellashayotgandek edi. O‘zal Qirg‘izistonda davlat rahbarlariga xos bo‘lmagan tarzda oddiy maktab ochilishiga ham olib borildi. Ushbu tashriflar uni shu qadar charchatgan ediki, safarda uning yurishga qiynalayotgani, hatto, qo‘riqchilar zinadan qo‘ltig‘idan tutib olib tushayotgani aks etgan suratlar matbuotga sizdi.
U O‘zbekistonda, Buxorodagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohida namoz o‘qirkan, o‘tirib-turishga qiynalayotganini, qo‘llari bilan yerni tutishga harakat qilayotganini undan ancha uzoqda turgan jurnalistlar ham payqagan. Oxirgi bekatidan bitta avvalgisi – Turkmaniston safarida o‘zining toliqqanini yuzida va so‘zlarida ifoda etishni boshlagan O‘zal, tashrif kun tartibiga o‘zgartirishlar kiritishga harakat qiladi. Ammo Turkmanistonda buning uddasidan chiqolmaydi. Keyingi bekat – Ozarbayjon. Turkiya rahbari Ozarbayjondagi kun tartibini ham o‘zgartirib, uni 3 soatga qisqartirishga erishdi va 15 aprel kuni Turkiyaga qaytib keldi.
Prezident hayotining so‘nggi 24 soatini yashayotgandi
1993 yil 16 aprel, soat 10:30. 12 kunlik safardan qaytgan O‘zal dam olmasdan, ertasi kuniyoq yana ishga chiqib, Konstitutsion sudga bordi. Safarga chiqishidan avval shifokorlar ogohlantirgan to‘liq tibbiy ko‘rik ham yodidan ko‘tarilgandi. U xasta va toliqqan yuragi bilan navbatdagi sutkani o‘tkazishda davom etardi. Yanada to‘g‘riroq aytsak, hayotining so‘nggi 24 soatini.
Soat 14:00. Prezident Turgut O‘zal qarorgohida Bosh vazir Sulaymon Demirelni qabul qildi. Bu 40 yillik ikki do‘stning so‘nggi uchrashuvi edi.
Soat 15:00 da esa UNESCO Bosh direktorini qabul qildi.
Uzun va charchatuvchi uchrashuvlar yetmaganidek, soat 18:15 da haykaltaroshlardan birining ko‘rgazmasiga bordi. Ko‘rgazma davomida nutq so‘zladi. U juda toliqqan edi va bu uning ko‘zlaridan, harakatlaridan ayon bo‘lib turardi. Ushbu ko‘rgazma u qatnashgan eng so‘nggi tadbir bo‘ldi. Soat 19:30 da Prezident yana qarorgohiga qaytdi.
Ancha toliqqaniga qaramay, O‘zalning ertangi kun tartibi ham to‘la edi. Ular orasida shifokorlar nazoratiga vaqt ajratilmagandi. Ammo hayot unga umuman boshqa hodisalarni tayyorlab qo‘ygandi.
Prezidentning so‘nggi nafasi
17 aprel, shanba. Turgut O‘zal doimgidek quyoshni qarshilay olmadi. Tashqaridagi qo‘riqchilarning oyoq tovushlaridan uyg‘ongan O‘zal, o‘zini juda horg‘in his qilayotgandi. Yotog‘idan darrov tura olmadi. Soat 10:00 da u boshini yostiqdan ko‘tardi. Oradan 5 daqiqa o‘tar-o‘tmas, O‘zal dush qabul qilish uchun hammomga kirdi. U yerdan chiqqach esa hayotidagi eng tahlikali qarorni qabul qilib, yugurish yo‘lagiga chiqdi va moslamaning “START” tugmasini bosdi. Bu uning so‘nggi qadamlari ekanini bilganida edi... Soat 10:35, 650 qadam yurganidan keyin, moslamani to‘xtatdi. U yotoqning chekkasiga o‘tirib, egilgancha poyabzalini yecharkan, rafiqasini chaqirdi: “Semra, menga kengroq ko‘ylak tayyorla”. Bu uning so‘nggi so‘zlari edi.
Bu vaqtda Semra xonim nonushta dasturxonida O‘zalni kutar, xizmatchilarga Prezident uchun tuxum pishirishlarini aytgan edi. O‘zal kelavermagach, Semra xonim undan xabar olgani yotoqxonaga boradi. Bu vaqtda esa Prezident hushsiz yotardi.
Tashqarida kutayotgan kortej, haydovchi va uni suiqasdlardan qo‘riqlash bosh vazifasi bo‘lgan qo‘riqchilar ichkaridagi hodisalardan, hayotiy o‘q allaqachon O‘zalning ko‘kragini teshib, yuragiga borib o‘rnashganidan bexabar edi, sukunat hukm surardi. Eng yomoni, davlat rahbari yoki uning oila a’zolariga biror kor-hol bo‘lsa, nima qilish kerakligi haqida reja ham, xarita ham, shifokorlar ham yo‘q edi.
Prezident allaqachon o‘lib bo‘lgandi
O‘zal yurak xurujini boshidan kechirganidan 17 daqiqa o‘tsa hamki, bu orada bemorning hayotini saqlab qolish mumkin bo‘lgan hech qanday to‘g‘ri qadam tashlanmagan edi. Bu payt qarorgohda bo‘lgan qo‘riqchilar, xizmatchilar va guvohlarga ko‘ra, o‘sha 17 daqiqaning o‘zida Prezidentning rangi oqarib, oyoq-qo‘li soviy boshlagan va hayotiy belgilar yo‘qolgan.
Oradan shuncha vaqt o‘tib, qarorgohda telefon borligi yodga tushdi. O‘sha zahoti Prezidentning shifokoriga xabar berildi, tez yordam yo‘lga chiqdi. Shifokorning uyi Prezident rezidensiyasidan sal pastroqda, 7-10 daqiqalik masofada joylashgan bo‘lishiga qaramay, doktor rezidensiyaga kelish o‘rniga, aksincha, bemorni shifoxonaga olib borishlarini aytadi.
Soat 11:00. Rezidensiyadan yo‘lga chiqqan tez yordam mashinasi, sirenasini chalgancha katta tezlikda shifoxona tomon borardi. Kunlik hayotiy tashvishlari bilan yashashni davom ettirayotgan anqaraliklar yo‘lda borayotgan tez yordam avtomobilida Prezidentning sovuq jasadi ketayotganini bilmasdi. Biroq, tez yordam avtomobilining ichida na shifokor, na hamshira bor edi.
Qaysi shifoxona? Qayerga olib borish kerak? Tez yordam avtomobilida shifokorning yo‘qligi yetmagandek, haydovchi bemorni qayerga olib borish kerakligini ham bilmasdi. U vaqtdan yutish maqsadida soat 11:10 da yo‘lini o‘zgartirdi va eng yaqin shifoxona tomon yo‘l oldi. 11:15 da shifoxonaga yetib borildi. Bu vaqtda yurak xurujidan 40 daqiqa o‘tgan edi.
Bemor O‘zalmi yoki Prezident O‘zal?
O‘zalning istalgan vaqt tobi qochishiga nisbatan tadoriksizlik va shifoxonaga yetkazilishi bilan bog‘liq imillash bu bilan tugagani yo‘q. Allaqachon shifoxonaga Prezident Turgut O‘zal kelayotgani haqida xabar berilgandi. Biroq, uning qaysi ahvolda kelayotganiga aniqlik kiritilmagandi. Shu bois shifokorlar O‘zalning holatidan kelib chiqib tayyorgarlik ko‘rmagan, aksincha, ular O‘zal shifoxona faoliyati bilan tanishish uchun kelyapti deb, kam-ko‘stni yashirish, yirtiqlarga yamoq axtarish bilan band edi.
Soniyalar ichida O‘zalga birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatishga kirishdilar. Shifokorlar 10 daqiqa harakat qildilar, hayotiy belgilar paydo bo‘lmagach, uni zudlik bilan Yurak va qon-tomir kasalliklari bo‘yicha jonlantirish bo‘limiga oldilar. Biroq, kech edi. O‘zal allaqachon boqiy dunyoga ko‘chib bo‘lgandi. Shifokorlar buni bilsa-da tibbiyotning o‘sha davrdagi eng so‘nggi qurilmalarini ishga solib, mo‘’jiza sodir bo‘lishini kutishayotgandi.
3,5 soat davom etgan urinishlardan so‘ng, shifokorlar guruhi O‘zal hayotga qaytmaydi degan qarorga keldilar. Soat 14:30 da Turgut O‘zalning vafoti qayd etildi. Prezidentning jasadi shifoxona morgidan ustiga mamlakat bayrog‘i to‘shalgan tobutda olib chiqildi. U vasiyatiga ko‘ra, Istanbulga dafn etildi. Mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilindi.
Qabri ochildi, zaharlangani aniqlandi
Turgut O‘zalning vafotidan keyin unga suiqasd uyushtirilgani, u zaharlangani haqida gap-so‘zlar kundan kunga avjiga chiqdi. Marhum Prezidentning rafiqasi Semra O‘zal ham turmush o‘rtog‘ining limonadiga margimush qo‘shib, zaharlashganini aytib chiqdi. Bunga AQSHda Turgut O‘zalning soch namunasini tahlil qildirganini dalil sifatida keltirdi. Turgut O‘zalning vafotidan 19 yil o‘tib, 2012 yilning 2 oktyabr kuni uning qabri otopsiya uchun ochildi. Sud-tibbiyot ekspertiza instituti tomonidan olib borilgan tadqiqot va xulosalar natijasida zahar aniqlangan bo‘lsa-da, uning zahardanmi yoki boshqa sababdan o‘lganini aniqlab bo‘lmadi.
Marhum Prezidentning bevasi Semra O‘zal ham mavzu yuzasidan bayonot berdi: “O‘lim sababi haqidagi da’volardan so‘ng qabri yana ochilib, tahlil qilindi. Afsuski, zahar topildi, ammo uni qanday va kim bergani noma’lum, shuning uchun bu masala ochiqligicha qoldi”.
LiveBarchasi