Odamlar o‘limini bo‘yniga oldi – Urush maydonida omon qaytgan o‘zbek qochqinlari hikoyasi

Jamiyat

Xabaringiz bor, 24 fevral kuni Rossiya DXR va LXR himoyasiga otlanib, Ukrainaga qarshi qurolli hujumlarni boshladi. Mana, 5 kundirki ayovsiz, qonli mojarolar davom etmoqda. Urush ortidan tinch aholi jabr ko‘ryapti. Shu bilan birga Ukrainadagi o‘zbekistonliklar ham ikki o‘t orasida qoldi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotlarga ishonilsa, Ukrainada 4300 nafar o‘zbekistonlik istiqomat qilib kelayotgani ro‘yxatga olingan. Ukrainadagi o‘zbekistonliklarning haqiqiy soni bundan ko‘p bo‘lishi ham mumkin. Ularning asosiy qismi mehnat muhojirlari, ularning oilalari va talabalar. 

Bugungacha ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqarolari metrolarda tunagani, och qolganiyu elchixona tomonidan transport tashkil qilinmagani aytilgan videolar tarqaldi. Bu orada Xarkov va Kiyev shaharlarida qolayotgan o‘zbeklar Lvov orqali avtobus va poyezdlarda Polshaning katovitse shahriga olib kelib, joylashtirildi. 

Kecha, 28 fevral Toshkent vaqti bilan 17:15 da Polshaning Katovitse shahridan uchgan samolyot Toshkent vaqti bilan 23:00 da Toshkent Xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Vatanga ayollar, bolalar, talabalar va turli soha xodimlaridan tashkil topgan 251 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi.  

Oilasi bilan 4 yildan buyon Kiyevning Nivki hududida yashaydigan Barno Sobirova guvoh bo‘lganlari haqida aytarkan, O‘zbekistonga kelganiga shukur qilib, ukrain askarlari tomonidan otib yuborilishiga bir baxya qolganini esladi.

Barno Sobirova, xorazmlik mehnat muhojiri: 

— Boshida ishonmadik. Bu urish to‘xtaydi deb o‘ylagandik. 24 fevral kuni eshitilgan ovozlardan oyoqlarimiz qaltirab ketdi. Juda qo‘rqib ketdik. Qutilganimizga shukur. To‘g‘risi, chiqolmaymiz deb o‘yladik. Urush boshlangan kuni ertalabdan turmush o‘rtog‘im qo‘ng‘iroq qilib, Kiyevda hamma joylar vayron bo‘lganini aytdi. Biz Ukrainaning Nivki hududida yashaymiz. Turmush o‘rtog‘im tushlik vaqtiga yaqin kelib, u ishlayotgan joylarni ham portlatib yuborishganini aytdi. 

Topgan-tutganimizdan ayrildik, erim ishlagan joyida pullari qolib ketdi.

Kiyevda O‘zbekiston fuqarolari bor va o‘z xohishi bilan qolayotganlari ham yo‘q emas. Qo‘shnimga qo‘ng‘iroq qilib, Polsha orqali vatanga qaytamiz deganimda, u yoshi bir joyga borib qolgani, bomba ovozi eshtilayotganiga qaramasdan, “baribir o‘laman-ku”, deb Ukrainada qolishini aytdi. Odamlar o‘z o‘limini bo‘yniga olishdi. 

Polsha chegarasiga yetib kelish uchun yashirin yo‘llardan ham yurishga tayyor edik. U yerda Ukraina askarlari turgan ekan, bizni Rossiya fuqarosi deb o‘ylab, otib tashlamoqchi bo‘lishdi. Chegaragacha o‘z avtomobilimiz bilan bordik va hamma joyni tekshirib, O‘zbekiston fuqarosi ekanimizga ishonchlari komil bo‘lganidan keyin qo‘yib yuborishdi.

Keyingi qahramonimiz 2 oy oldin katta umid bilan oilasini olib Ukrainaga ketgan, qurilishda ishlab ro‘zg‘or tebratib, bugungi notinchliklar sabab yana ortga qaytgan. 

Nurmat Nurmamatov, xorazmlik mehnat muhojiri: 

— Ukrainaga tinmay bomba yog‘ilyapti. U holatni ko‘rib odam ruhan qo‘rqib ham ketadi. Ukraina Polsha chegarasigacha yetib keldik. Fuqarolar uchun hamma sharoit yaratilgandi. Bu uchun davlat rahbariga rahmat. O‘zbekistonga sog‘-omon yetib kelganimiz uchun ming shukur aytyapmiz.

U yerda vaziyat juda ham og‘ir. Ko‘chaga chiqishning iloji yo‘q. Ogohlantirish signallarini eshitib shay holda o‘tirardik. To‘g‘risini aytsam, “panikaga” tushib qoldik. Boshqalar qatori biz ham oilamiz bilan metrolarda tunadik. Havo orqali ogohlantirish signali chalinganda metroga, podvalga tushib oldik. Bu vaziyatda Ukraina aholisi ham sarosimaga tushib qolgandi. Oziq-ovqat do‘konlari, banklar faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi. Non topish esa amrimahol bo‘ldi. Shu holatda topganimizni yeb, qorinni aldab turdik. Chegarada o‘tirganda bolalar muzlab qolmasligi uchun o‘tin yig‘ib kelib, yoqdik. Bolalarimiz kattalar qanday qiyinchilik ko‘rgan bo‘lsa, aynan shuni boshdan kechirishdi. Portlagan vaqtda oynalar shaqirlab ketganidan kechalari cho‘chib uyg‘onib ham ketdik. Polshaga o‘tgandan keyin sharoit yaxshi edi. Oziq-ovqat, issiq yotoq bilan ta’minlagani uchun Polsha va O‘zbekiston rahbariyatiga rahmat aytaman.

Oilasi bilan 4 oydan buyon Ukrainada yashab “taksichilik” qilayotgan Omadbek Rizayevning aytishicha, har yarim bir soatda portlash ovozlari eshitilgan. Otilgan o‘q ovozlari esa hamon uning qulog‘i ostida jaranglamoqda.  

Omadbek Rizayev, mehnat muhojiri:

— Portlagan vaqtini ko‘zim bilan ko‘rmadim lekin, ovozlari hamon qulog‘im tagida jaranglayapti. Urushdan oldin Ukrainada hammasi yaxshi ekanini aytishgani sabab vatanga qaytish haqida o‘ylamagandik. Dab-durustdan urush boshlandi. Shu kunning o‘zidayoq shaharni tark etish harakatiga tushdik. Ijtimoiy tarmoqlarda elchixonaga murojaat qilish kerakligi haqida o‘qib, darhol ular bilan bog‘landik. Bepul poyezdlar bor deb aytishdi, lekin biz shaxsiy mashinamizda Polsha chegarasigacha yetib keldik.

Ukraina markazida deyarli 5 oydan buyon mashina ustasi bo‘lib ishlayotgan farg‘onalik Sirojiddin Qahhorovning aytishicha, u ishlayotgan ustaxonadan 15 kilometr uzoqlikka bomba tushgan. Qiruvchi samolyotlarni uning tepasidan uchgani esa hali hamon ko‘z oldida. U Ukraina xalqiga tarqatilgan qurollarni, yo‘ldagi qiyinchiliklarni yaxshi eslaydi. 

Sirojiddin Qahhorov, mehnat muhojiri:

— Ishlaydigan joyimdan 15 kilometr uzoqlikka bomba kelib tushdi. Yerlar silkinib ketdi. Tepamizdan uchganini ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Ikkinchi kun esa yanayam yaqinroqqa kelib tushdi. Biz yashayotgan uyning deyarli barcha egalari uyini tark etayotgandi. Ukraina xalqining o‘zi ham u yerda qolish xavfli ekanini aytib, qochishga harakat qildi. Sirena chalingan zahoti hamma xavfsiz joyga yugurardi. Urush to‘xtaydi, Ukrainada qolamiz deganlar ham qaytishga qaror qilishdi. Eson-omon Vatanga qaytganimiz uchun shukur. Sharoit yaratilgani uchun O‘zbekiston hukumatiga katta rahmat.

Elchixona bergan ma’lumotlarda Polsha chegarasiga borish orqali O‘zbekistonga yetib olish mumkinligi aytilgandi. 35 kilometr piyoda yurib, 3 sutka deganda yetib oldik. Kunduzlari havo yaxshi, ammo kechasi sovuqqa qolib ketdik. Men bilan birga 25 nafar o‘zbekistonlik ham bor edi, shukur ularning hech biri zarar ko‘rmadi. Bunday vaziyatga hech qachon tushmagandim. 

Yoshi kichik bo‘lishiga qaramay, yelkasiga migrantlik yukini orqalagan 9 yoshli Madina Ukrainada sodir bo‘lgan dahshatli voqealarga o‘zi guvoh bo‘lganini aytib, shunday deydi:

“Ismim Madina. Yoshim 9 da. Ukrainada Putin Zelenskiy bilan “voyna” qildi. Keyin, Kiyevga bombalar otdilar. Bittasini Putin bosib oldi. Lekin Putin... Zeleynskiyga yordam berib turibdilar. Yashayotgan joyimizning yonlarida bombalar portladi. O‘sha paytda biz qarindoshlarimiznikiga borayotgan edik. Ular birinchi qavatda yashaydi-da. Shu vaqt chiqsak, dadam “Bu yerda bomba otilibdi”, dedilar”.

16 yoshli Muslima Ukrainadagi ko‘p shaharlar yonib yo‘q bo‘lib ketganini hayajon bilan aytar ekan, bunday qo‘rqinchli holatlarga birinchi marta guvoh bo‘lganini ta’kidladi.

“Kiyev shahridagi urush bo‘layotgan joyda yashaganmiz. Biz tongi soat 4-5 larda o‘q ovozidan uyg‘ondik. Shundan boshlab, tezda elchixonaga xabar bera boshladik. Bizni uch kun ichida tezda evakuatsiya qildilar. Juda qo‘rqinchli bo‘ldi. Men bunday narsalarni birinchi marta ko‘rdim va qo‘rqdim. Biz uyimizning podvaliga tushdik. Ko‘p yerlar yonib, yo‘q bo‘lib ketdi. Ko‘p yerlarga hujum qildilar. Hozir Ukraina qolgan shaharlarini himoya qilyapti”.

Transport vazirligi Matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovning ma’lum qilishicha, galdagi reys bilan yana 200 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilishi reja qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni bir joyga saqlab, ularni xavfsiz hududga olib chiqqanidan keyin navbatdagi reyslarni amalga oshirish ham rejalashtirgan.
“Ukrainada yuz berayotgan voqealar ortidan hukumatimiz tomonidan fuqarolarimizni mamlakatimizga evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlar tashkil etilmoqda. Hozirgi kunda evakuatsiya masalalari Tashqi ishlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. Transport vazirligi bevosita fuqarolarimizni mamlakatimizga yetkazib kelish jarayonlarini tashkil etish bilan shug‘ullanmoqda. 

"Bugun Polshaning Katovitse shahridan ilk maxsus reys amalga oshirildi. Ushbu reys bilan 251 nafar fuqarolarlarimiz mamlakatimizga olib kelindi. 1 mart kuni erta saharda navbatdagi ikkinchi reys amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu reys bilan ham 200 dan ortiq fuqarolarimizni yurtimizga yetkazilishi rejalashtirilgan. 

Bundan tashqari, bu reyslarning barchasi hukumatimiz tomonidan bepul amalga oshirilmoqda. Mazkur qatnovlar orqali yetib kelgan fuqarolardan aviachiptalar uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi. 

Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bugun ayrim ijtimoiy tarmoqlarda maxsus reyslar uchun aviachiptalar sotuvi tashkil etilayotgani haqidagi ma’lumotlar tarqaldi. Fuqarolarimizdan bu kabi ma’lumotlarga ishonmasliklarini, ushbu reyslar Polshaning Katovitse shahridan Toshkentga amalga oshirilayotgan maxsus reyslar mutlaqo bepul ekanini ta’kidlab o‘tmoqchiman. 

Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarimizni bir joyga saqlab, ularni xavfsiz hududga olib chiqqanidan keyin navbatdagi reyslarni amalga oshirish ham rejalashtirgan”, deydi Ashurmatov. 

Ayni damda siz ham Ukraina hududida bo‘lib turgan bo‘lsangiz. O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi bilan bog‘lanishingiz mumkin:

Telefon: +380 44 501 50 00, +380 44 501 41 81, +380 44 501 41 82, +380 44 501 41 83.
Faks: +380 44 501 50 01
E-mail: embassy@uzbekistan.org.ua
Manzil: 01901, Ukraina, Kiyev shahri, Vladimirskaya ko‘chasi, 16-uy.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing