Yaxshidan bog‘ qoladi, yomondan dog‘. Shoabdurahmonovdan nima qoldi?

Sport

image

Joriy yilning 17 fevral kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Ijroqo‘mining navbatdan tashqari yig‘ilishida 2019 yilning may oyidan beri MOQ raisi lavozimida ishlab kelgan Rustam Shoabdurahmonovning o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqildi. Xullas, Shoabdurahmonov endi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti emas. 

Xo‘sh, uning rahbarligi davrida O‘zbekistonda sport qanday ahvolga keldi? Erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan xatolarni birgalikda ko‘rib chiqamiz.

Hokimbuvami yoki MOQ raisi?

Qo‘mitaning Shoabdurahmonovgacha bo‘lgan prezidenti Umid Ahmadjonov lavozimidan ozod etilganidan so‘ng, 2019 yilning 15 may kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari majlisida Rustam Mavzurovich Shoabdurahmonov prezident lavozimiga saylandi. 

Bir qaraganda hokim va shunga o‘xshash lavozimlarda ishlab yurgan, sportga aloqasi bo‘lmagan odamning sport tashkilotlariga rahbar sifatida kelishi, biroz g‘alatidek ko‘rinadi. Balki federatsiyalarda biz bunday holatni ko‘raverib o‘rganib qolgandirmiz, lekin Milliy olimpiya qo‘mitasi umuman boshqa, hazillashib bo‘lmaydigan masala edi. Ya’ni, qaysidir sport federatsiyasidagi kamchiliklar faqat bir sport turinining mavqei pasayishiga sabab bo‘lsa, Olimpiya qo‘mitasidagi xatolar butun boshli mamlakat sportini inqirozga yetaklashi mumkinligi bor gap. Va buni tajribada ko‘rganmiz.

Shinavandalikdan prezidentlikka bir qadam

Keling, xonasi kelib qolganda, MOQ rahbarligida qachon kimlar ishlagani bilan tanishib chiqamiz. Xo‘sh, ularning orasida qancha odam sport sohasi rahbarligiga oddiy shinavandalikdan kelib qolgan ekan?

Obid Nazirovich Nazirov (1992-1994). Ikki yil Milliy olimpiya qo‘mitasining birinchi prezidenti sifatida ishlagan Nazirov, qo‘mita rahbarligiga kelguniga qadar 1990-1992 yillarda Davlat sport qo‘mitasi raisi edi. Oxirgi rais Shoabdurahmonovdan farqli o‘laroq, birinchi prezident Nazirov sport ustasi, erkin kurash bo‘yicha, xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi bo‘lgan. U bu lavozimni egallashga ikki karra haqli edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Sobirjon Sobitovich Ro‘ziyev (1994-2003). Nazirovdan keyin MOQ rahbarligiga Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi raisi Sobirjon Ro‘ziyev keldi. Ro‘ziyev ham Obid Nazirov singari sportning ichidagi odam edi. U professional qilichbozlikning rapira turi bo‘yicha 3 karra jahon chempioni (1974, Grenoblb; 1979, Melburn; 1981, Klermon-Ferran), 3 marta jahon kubogi g‘olibi (1974, 1975, 1977, Bonn), 2 marta Jovanini kubogi g‘olibi bo‘lgan(1974, Bolonya; 1979, Venetsiya). Shuningdek, Moskva Olimpiadasida kumush medal sovrindori edi (1980). 


Aziz Nosirovich Nosirov (2003-2005). O‘zbekiston SSR Komsomoli Markaziy Qo‘mitasining 1-kotibi (1987-1991) va Samarqand hokimi (1993-1999) sifatida ishlab kelgan Nosirov, 2003 yilda sportga jalb qilindi. Unga Ro‘ziyevdan bo‘shagan o‘rin — O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidentligi ishonib topshirildi. Bu hokim va sportga aloqador bo‘lmagan soha vakillarining MOQga qo‘ygan birinchi qadami edi.

Rustambek Javdatovich Qurbonov (2005-2009). Rahbarlikka kelgunga qadar Qurbonov 1971-1973-yillarda Toshkent 2-qurilish boshqarmasiga qarashli 1-uy-joy qurilish kombinatida suvoqchi bo‘lib ishlagan, so‘ng 1973-1975 yillarda Qurolli kuchlar safida xizmat qilgan. 1976-1985 yillarda Toshkent shahar Bosh qurilish boshqarmasida suvoqchi, prorab, instruktor-metodist, yoshlar tashkiloti kotibi, 6-qurilish tresti, 47-qurilish bo‘limi prorabi bo‘lgan. 1985-1989 yillarda Toshkent shahar partiya qo‘mitasining tashkiliy bo‘lim metodisti, ishlab chiqarish bo‘limi metodisti, Sobir Rahimov tuman partiya qo‘mitasi tashkiliy bo‘lim mudiri, 1989-1990 yillarda esa Toshkent shahar partiya qo‘mitasi tashkiliy bo‘lim metodisti lavozimlarida ishlagan.

1990-1992 yillarda Toshkent shahar hokimligi ijroiya qo‘mitasining xalq deputatlari Kengashi tashkiliy-kadrlar bo‘limi mudiri, so‘ng 1993 yilda shahar Yunusobod tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, 2001-2004 yillarda Toshkent shahar hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, 2004 yilda esa Toshkent shahar Bektemir tumani hokimi bo‘lgan. 

Malik Kurbanaliyevich Babayev (2009-2013). MOQ “karvonsaroyi” mehmonlarni qabul qilishda davom etadi. Endigi navbat Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zMU)ning Sharqshunoslik fakultetini bitirgan ingliz va arab tillari mutaxassisiga. 

1984-1987 yillarda SSSRning Bag‘doddagi (Iroq) elchixonasining iqtisodiy maslahatchisi bo‘limida ishlagan. 1991-1997 yillarda “Intersport” tashqi iqtisodiy kompaniyasi bosh direktori bo‘lgan.

1993-1994, 2001-2009 yillarda  O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritgan. 

1999-2012 yillar Axborot va statistika qo‘mitasi a’zosi, keyinchalik Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) Huquqiy qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan.   

U Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, AIBA jahon chempionatini tashkil etish va o‘tkazish komissiyasi rahbari o‘rinbosari sifatida ham ishlagan.  

Mirabror Zufarovich Usmonov (2013-2017). Ancha taniqli bo‘lgan shaxslarga ham navbat yetib keldi. Usmonov MOQ rahbarligiga kelganidan keyin ham bir nechta manzillarda ishlashda davom etdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator (2005-2019), O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti (2006-2017) hamda Markaziy Osiyo Futbol uyushmasi prezidenti (2015-2018-yillarda) bo‘lib ishladi.

1978 yilda Samarqand kooperativ institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan Usmonov, 1961-1967 yillarda  Toshkent shahridagi “Bahor” restoranining oltinchi toifali oshpazi bo‘lgan. U 1970 yilda Toshkentdagi “Guliston” restoranida ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i, 1970-1986 yillarda "Do‘stlik" va "Zarafshon" restoranlari direktori, Toshkent restoranlar tresti direktori, 1986-1990 yillarda Toshkent shahar Ijroiya qo‘mitasi umumiy ovqatlanish bosh boshqarmasi boshlig‘i, 1990-1992 yillarda O‘zbekiston Respublikasi savdo vaziri, 1992-1994 yillarda “O‘zbeksavdo” kompaniyasi raisi, 1994-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining savdo sohalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 

Alisher Saidabbosovich Sultonov (2017-2018). Mirabror Usmonov lavozimdan ketganidan so‘ng, uning kursisini “O‘zbekneftgaz“ milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi (2015-2018) Alisher Sultonov egalladi.

Bungacha u 1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Amaliy fizika instituti, 1993 yilda Toshkent shahar ijara, qo‘shma va xususiy korxonalar ishchilari va tadbirkorlari kasaba uyushmasi, 1996 yilda “O‘znefttepererabotka” aksiyadorlik jamiyati Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishi bo‘yicha shartnomani amalga oshirish direksiyasi, 1998 yilda “O‘zbekneftgaz” tashqi iqtisodiy aloqalar birlashmasi, 1998-2002 yillarda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, 2002-2013 yillarda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” unitar sho‘ba korxonasida ishlagan. 2013 yilda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayilangan. 

Umid Muhammadjonovich Ahmadjonov (2018-2019). Ahmadjonov qo‘mita raisi lavozimida uzoq o‘tirmadi. Ammo uning rahbarlik davri MOQda Mirabror Usmonovning rahbarligi qadar yaxshi xotiralar bilan tilga olinadi.Balki, bularning barchasi u ketganidan keyin sodir bo‘lgan sportdagi inqiroz bilan bog‘liqdir. O‘zbek sportining bugungi muammolari haqida gap ketganda, vaziyat aynan uning rahbarlik davri  bilan taqqoslanadi. 

Ahmadjonov rasmiy idoralardagi faoliyatini aynan sport sohasidan boshlagan. U 2002 yilda, 25 yoshida O‘zbekiston nogironlar sporti federatsiyasi bosh kotibi etib tayinlangan. Ahmadjonov 2007-2017 yillarda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti va ayni paytda bosh kotibi, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, shuningdek "Paxtakor" futbol klubi vitse-prezidenti bo‘lgan. 

2017 yilning 12 sentyabridan 2018 yilning 10 yanvariga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga rahbarlik qildi. 2018 yilning yanvaridan 2019 yilning 14 iyuniga qadar O‘zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vitse-prezidenti lavozimida ishladi. 

Shoabdurahmonov sportga nima berdi, nimani oldi?

Yana asosiy mavzuga qaytamiz. Iste’foga chiqqan Shoabdurahmonov o‘zbek sportiga nima berdi-yu, nimani oldi? Nega ayrim federatsiya rahbarlari undan norozi? 2019 yildan to bugungacha qadar erishilgan yutuqlarda uning hissasi qancha? Bu savollarga javob izlab juda ko‘p eshikka bosh urdik. Ayrimlar bugun ishlab turgan lavozimi, yuz xotiri sabab mavzuga kirishni va tahlil qilishni istamadi. Bular qatorida taniqli futbol sharhlovchilaridan tortib, vaqtida MOQda prezident maslahatchisi lavozimida ishlaganlar ham bor. 

Qolaversa, nomi sir qolishini aytib, ko‘rsatkich barmog‘ini labiga qo‘ygancha, shivirlar o‘tgan davrdagi xatolarni sanayotganlar ham talaygina. 

O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi raisi Nurxon Nafasov esa savoldan qochmadi. O‘z federatsiyasiga nisbatan bepisandliklardan zada bo‘lgan sportchi MOQ bilan bog‘liq muammolarni sanadi. 

“Olimpiadada qo‘lga kiritilgan medallarda Shoabdurahmonovning hissasi yo‘q”


Nurxon Nafasov, O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi: 

— Rustam Shaoabdurahmonov yaxshi inson bo‘lishi mumkin, lekin yaxshi mutaxassis emas. Sababi Olimpiya qo‘mitasida ishlaydigan odam sportni ikir-chikirlarigacha tushunadigan, biror sport turi bo‘yicha chempion, yoki hech bo‘lmasa, sportning ichida yurgan odam bo‘lishi kerak. Rustam Shoabdurahmonov hokimlikdan chiqqan odam edi. 

Bu kishidan keyin sportni tushunadigan mutaxassis kelishiga umid qilaman. Sportni tushunmagani uchun Karate federatsiyasi Olimpiadaga bitta ham yo‘llanma olmadi. Oxirgi olti yetti-oyda (Olimpiadagacha) u kishiga 10 yoki 15 marta murojaat qildik. 

O‘zbekistonga 5 ta emas, undan ham ko‘proq medal kelishi mumkin edi. Olimpiadada qo‘lga kiritilgan medallarda esa, Shoabdurahmonovning umuman hissasi yo‘q, deb hisoblayman. Nimaga? U kishining yoniga shogirdlarim bordi. Parijda Olimpiadaga litsenziya berishi mumkin bo‘lgan musobaqa bo‘layotgan edi. “Noto‘g‘ri jamoa ketyapti, bizni qo‘ying, biz u yerdan (Parijdan) litsenziya olib kelamiz. Siz Prezidentning oldida sport uchun javobgarsiz”, deb yalindi. U kishi esa “Qo‘yinglar endi, jamoa aniq bo‘libdi-ku”, degan javobni bergan.  

Olimpiya qo‘mitasi rahbarlari orasida eng kuchlisi va o‘zidan iz qoldirgani Umid Ahmadjonov bo‘lgan. Unda prinsip bor edi. Sportni ichidan tushunardi. Meni chaqirib, “Nurxon aka, biz millat va Prezident oldida javobgarmiz. Olimpiadada kamida uchta medal olib kelasiz, bunga qanday erishasiz, bu meni qiziqtirmaydi”, deb topshiriq bergan edi. Shunda men uchta medal olib kelolmasligimni aytgandim. “Agar, shunday bo‘lsa, joyingizni bo‘shatib qo‘ying. Medalni men uchun emas, O‘zbekiston uchun olib kelasiz”, degan javobni oldim undan. Shundan so‘ng unga bo‘lgan hurmatim oshdi. O‘ylaymanki, rahbar shunday bo‘lishi kerak.

Karate bo‘yicha Jahon chempioni Nafasovga ko‘ra, Shoabdurahmonov davrida ko‘plab miqdordagi pullar Karate federatsiyasiga yetib bormay, Toshkent shahar bo‘limi hisob raqamiga yo‘naltirilgan. 

Boksda boy berilgan yetakchilik

Biz masalaga faqat panja ortidan qarash fikridan yiroqmiz. Lekin so‘nggi yillarning tahlili suhbatdoshlarimizning aytganlarida jon bor degan xulosaga kelishga majbur qilmoqda. Masalan, boks bo‘yicha jahonda birinchi raqam uchun kurashib kelgan O‘zbekiston endilikda Osiyoda ham yetakchi emas. Buni 2021 yil Serbiya poytaxti Belgrad shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida ham ko‘rdik. Turnirga 13 nafar bokschi bilan qatnashgan O‘zbekiston yakunda musobaqani birorta ham chempionsiz, bitta kumush va bitta bronza medal bilan kifoyalandi. 2019 yil Yekaterinburgda o‘tkazilgan jahon chempionatida esa O‘zbekiston termasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida musobaqani birinchi o‘rinda yakunlagan edi.

Futbolda ham ahvol anchagina og‘irlashdi. Tarixda ilk bor O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati saralashining 3-bosqichiga ham chiqa olmadi. Bu holatni har kim turlicha baholadi, biroq ko‘pchilik sabab sifatida tizimni ko‘rsatmoqda. 

Ma’lum muddat O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida maslahatchi sifatida faoliyat yuritgan San’at Sharipov ayni vaqtda AQSHda. U ham MOQ va umuman o‘zbek sportidagi muammolar haqida o‘z fikrini bildirdi.

“Sportdagi amaldorlarning aksariyati kayf qilib yuribdi”

San’at Sharipov, sport mutaxassisi, futbol agenti:

— Milliy terma jamoamizning obro‘si tushib ketdi. Bizni hurmat qilmay qo‘yishgan. O‘rtoqlik o‘yinlari qoldirilmoqda. Vaholanki, har kuni O‘FAda xabar chiqadi: “Ermatov u yerga bordi, buni qabul qildi”. Lekin real hayotda buning natijasini ko‘rmayapmiz. Sportdagi amaldorlarning aksariyati kayf qilib yuribdi. Sayohat, ziyofat va dabdababozlik urchigan. Umumiy natijalarimiz tushib ketgan. Sportchilar va amaldorlarning aksariyati ham Instagram qiroliga aylangan. Hamma joyda oliftagarchilik. Aeroportda karnay-surnay bilan dabdabali kutib olamiz, ammo bu ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa hech narsa emas. O‘zi sportda amaldorlarining ishi nimadan iborat deb hayron qolaman ba’zida. Qayoqqa qarama, o‘ziga oro berib, minbarga chiqib gapirgani, OAVga intervyu bergani yoki sportchilarga medal taqqanini bilaman. Lekin yangilik, kreativlik ko‘rmayman. 

Sportga jonini beradigan, mamlakat sha’ni uchun kurashadigan odam kelishi kerak. Hozirgilar bir amallab prezidentga bo‘rttirilgan hisobot berib yuborsa-yu, dakki eshitmay lavozimida qolsa bas. 

Bu gaplar qo‘mitadagilarga ham tegishli. Tokioda bayroq bilan bo‘lgan voqealar ham odamni ranjitdi.

Tokio – 2020 va Shoabdurahmonov

Asliga qaralsa, MOQning asosiy vazifalari olimpiada harakati va havaskorlar sportini rivojlantirishga yordam berish, mamlakat sportchilarining Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishini ta’minlash, O‘zbekiston va butun dunyo sportchilari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini rivojlantirishdir.

Ammo oxirgi yillarda bu vazifalarning katta qismi qolib ketdi. Balki, bunga pandemiya ta’sir qilgandir, lekin bu yetarli sabab bo‘la olmaydi. 2016 yilgi Rio Olimpiadasida O‘zbekiston delegatsiyasi 13 ta medalga ega chiqqandi. Oradan besh yil o‘tib, 2021 yilgi Olimpiya o‘yinlarida (pandemiya sabab 2020 yilda Tokioda o‘tishi kerak bo‘lgan Olimpiada 2021 yilga ko‘chirildi) bor yo‘g‘i 5 ta medal bilan cheklandik. Rio-2016 da kashf qilingan birorta ham yulduz Tokioda o‘zini ko‘rsata olmadi. Ha, bu mamlakat sporti uchun katta yo‘qotish edi.

Shu o‘rinda Tokio Olimpiadasida tarixda ilk bor O‘zbekiston taekvondo bo‘yicha medal qo‘lga kiritganini ham e’tirof etish kerak. Bundan tashqari, doping bilan bog‘liq mojarolar sabab Tokiodan qolib ketgan Rio Olimpiadasi chempioni Ruslan Nuriddinovning o‘rni munosib to‘ldirildi (Akbar Jo‘rayev Nuriddinovning vaznida Olimpiada chempioniga aylandi). Shoabdurahmonov davrida o‘tgan Tokio – 2020 Olimpiadasida Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni oldi. Biroq bunda qanchalik Shoabdurahmonovning o‘rni bor edi? 

Ochiq qolgan savollar

2016 yilga Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sohibi Shaxram G‘iyosov Tokio-2020 dan kutilayotgan natijalar haqida shunday degan edi:

— Men Rio-2016 dagi natijalar Tokioda qaytarilishiga ishonmayman. U davrdagi jamoa, u davrdagi birlik hozir yo‘q. Men buni na sportchilarda, na murabbiylarda ko‘ryapman. O‘shanda bizda birlik bor edi. Hozir esa birlik yo‘qolgan. Bu bilan natijaga erishish qiyin.

Yakunda G‘iyosovning gaplari o‘z isbotini topdi. Bu shunchaki tasodif emas. Qandaydir sabab bor yediki, bu natijani parchalaydigan darajada muhitga tasir qildi. O‘zbekiston Rioda o‘z tarixida eng yaxshi natijani qayd etdi (4 ta oltin, 2 ta kumush 7 ta bronza). Oradan ikki yil o‘tib, 2018 yilda Jakarta va Palimbang shaharlarida o‘tkazilgan XVIII Osiyo o‘yinlarida ham tarixdagi eng yaxshi natija qayd etildi. Xo‘sh, endi-chi? Xuddi Tokioda bo‘lgani singari Xanchjouda o‘tadigan 2022 yilgi Osiyo o‘yinlarida ham Jakartadagi natijalar parchalanadimi? Yo‘q deyishga tilimiz boradimi? Ta’kidlanishicha, 2022 yil 31 yanvar holatiga ko‘ra Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan terma jamoalarga xalqaro va mahalliy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish uchun jami 31 ta buyruq imzolangan va G‘aznachilikning “UzASBO” tizimi orqali sport federatsiyalarga 7,3 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Har holda bu kam summa emas. Lekin xarajatlarning o‘sishi bilan birga natijalarning tushishi tizimda nimadir noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatadi.

Shoabdurahmonov o‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketdi. Bunga sabab nima edi? Qiziq tomoni shundaki, na qo‘mita rasmiy sayti, na boshqa bir manba uning ketish sabablarini ma’lum qildi. Bu sportning oxirgi ikki yildagi pastlagan natijalarini o‘z bo‘yniga olib rahbarlikni topshirishmi yoki qaysidir sabablarga ko‘ra qochib qolishmi?

Tokio Olimpiadasidagi muvaffaqiyatsizlikdan MOQ qanday xulosa chiqardi? Parij-2024 uchun nimalar reja qilindi? Nega federatsiyalar faoliyati shaffof emas? Nega shaxmat va karatedagi muammolar tugamayapti? Xuddi shu kabi talaygina savollar hali javobini topganicha yo‘q.

Qolaversa, butun mamlakatda Jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovning federatsiyadan noroziligi, Gulruhbegim Tohirjonovaning O‘zbekistonni tark etib, Amerika sharafini himoya qilayotgani muhokama qilinayotgan bir paytda MOQ va Shoabdurahmonov xuddi bu voqealarga aloqasi yo‘qdek, xuddi sportga bosh bo‘ladigan tashkilot boshqadek, chetda tomoshabin bo‘lib turdi.

Sobiqlarning xatolari sobit bo‘lib qolaveradimi? 

Nega mamlakatning katta bir qo‘mitasiga rahbarlik qilgan odam ishdan bo‘shaydi-yu, biz uni shunchaki “qarsaklar” bilan kuzatib qo‘yamiz? Mayli, qarsak chalaylik, alqaylik, ash’or aytaylik, qo‘liga alvon gullar tutqazaylik, unga atab she’rlar yozaylik. Zarari yo‘q, bu bizga yot emas, o‘rganib ketganmiz! Ammo qilgan ezgu amallari qatorida xatolarini ham aytib, tarixdan dars chiqarish, uni takrorlamaslik vaqti ham kelmadimi? 

Kechadan boshlab Shoabdurahmonovga sobiq nomi qo‘llana boshlandi. Xatolarga-chi? Sobiqlardan qolgan, sobiq va sobit xatolar. Rahbarlar o‘zgaraveradi, xatolar tuzatilmay qolib ketadi. Kimdan bog‘, kimdan dog‘ qoladi, deganlari shu bo‘lsa kerak.

Hamma jim! Ko‘pchilik salkam uch yilga yaqin vaqt mobaynida mamlakatning sport bo‘yicha eng nufuzli qo‘mitasiga rahbar bo‘lgan odamning sport uchun qilgan “xizmatlari” haqida yozmayapti. Rustam Shoabdurahmonov bilan o‘tgan yillar o‘zbek sportiga nima berdi, yo aksincha, u kishi bilan sportimiz nimalarni boy berdi? Nega jamoatchilik va jurnalistlarda tug‘ilgan savollarga javob berilmayapti? Holbuki, ketish oldidan, jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etib, savollarga javob berish, xalqdan rozi-rizolik so‘rash qiyin emasdi. Agar Rustam Shoabdurahmonov yaxshi ishlagan bo‘lsa, munosib kuzatilishi lozim edi. Rahbarlar o‘z lavozimlaridan sekin arizani yozib, “qochib” qolishi, maqsadga muvofiq emas. Ayniqsa, u ishlagan tashkilot davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan bo‘lsa... Soliq to‘lovchining pullari nimalarga va qanday maqsadga yo‘naltirilganini Rustam Shoabdurahmonovdan boshqa hech kim yaxshi bilmasa kerak, axir? Shoabdurahmonovga savollar juda ko‘p edi, lekin afsuski, ularga javob olishning iloji bo‘lmadi. Katta ehtimol, bundan keyin ham bo‘lmaydi.

Albatta, Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbarsiz qolmaydi. Bo‘shab qolgan kursining yangi egasi ham tez orada topiladi. Lekin barchani qo‘mita boshiga aynan kim kelishi qiziqtirmoqda. Ishdan olingan qaysidir hokim yoki bir vaqtning o‘zida bir nechta tashkilot rahbari hisoblangan "ko‘p qirrali qahramon"mi? Yoki sportdan xabari bor tajribali mutaxassismi? Bu savollar tez orada o‘z javobini topadi. Lekin hozir bir narsa aniq, quruvchi quruvchiligini, oshpaz oshpazligini, tikuvchi tikuvchiligini qilmasa, soha qulashda davom etaveradi. Biz esa televizor qarshisida yostiqni mushtlab sportchilarga ta’na yog‘dirishdan nariga o‘tolmaymiz. Aslida baliq boshidan... 

Shahboz Qahhorov

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

512

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing