Epshteyn ishidagi o‘zbek qizi kim?
Tahlil
−
08 fevral 3302 14 daqiqa
Epshteynning jinoiy ishlari uning o‘limidan keyin ham amerikalik moliyachining sharmandali shuhratini yanada oshirdi. QALAMPIR.UZ Epshteyn ishidagi eng muhim jihatlarini yoritib beradi. U shaxsning dasturxonidagi odam go‘shtidan tortib, odam savdosigacha, jinsiy ekspluatatsiyadan, Epshteyn bilan munosabatga kirishgan o‘zbekistonlik qizgacha, Arabistonlik biznes ledi Aziza Al-ahmadiy tomonidan sovg‘a qilingan Kaba yopinchig‘ini Epshteyn oyig‘ining tagiga to‘shagani, Donald Tramp bilan yaqin munosabatlari, Vladimir Putinning ham bu ishga aloqasigacha bo‘lgan sirlarni ochamiz.
Epshteyn o‘zi kim?
Jefriy Edvard Epshteyn 1953 yil 20 yanvar kuni Nyu-Yorkning Buriklin qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab faoliyatini maktabda o‘qituvilik qilish bilan boshlagan Epshteyn Moliya sohasiga qiziqishi ortidan bankda ishlaydi. Bu vaqtda u Amerikaning badavlat odamlari bilan tanishadi va ular bilan munosabatlarini yaxshilash uchun ularga ayollar topib berish bilan shug‘ullanadi. O‘z o‘rnida bir kecha evaziga mo‘maygina pul topish niyatidagi ayollar orasida ham uning nomi mashhurlashdi. Orttirgan boyliklari evaziga mamlakatdagi orollardan birini sotib oladi va aynan shu orolda Epshteyning jirkanch ishlari avj oladi. Orol Kichik Jeymes nomini olgan va u jinsiy savdo operatsiyasi uchun baza sifatida ishlatilgan.
Epshteyn AQSH va Isroil razvedkasi bilan ishlagan. U Isroilning sobiq bosh vaziri Ehud Barakka yaqin bo‘lgan va uning qo‘l ostida josuslik bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan.
Millader pedofil nomi bilan mashhur bo‘lgan moliyachi AQSH prezidentlaridan tortib Buyuk Britaniya shahzodalari-yu hatto Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan aloqasi borligi AQSH Adliya vazirligi tomonidan oshkor etilgan hujjatlarda ma’lum bo‘ldi.
Vladimir Putin
Joriy yilning 30 yanvar kuni e’lon qilingan Epshteyn fayllariga ko‘ra, jinsiy jinoyatchi Putin bilan uchrashish imkoniyatini bir necha bor muhokama qilgan xatlar bor. Yangi nashr etilgan materiallar orasida 3 milliondan ortiq sahifali hujjatlar, 180 000 ta rasm, 2000 ta video va Epshteynning yuzlab shaxsiy xatlari hamda elektron pochtalari mavjud. Adliya vazirligiga ko‘ra, bu ozod qilish Epshteynning jinoiy faoliyati bo‘yicha uzoq davom etgan tergovning bir qismidir.
FQB hujjatlari va yozuvlarida Epshteyn Putin uchun "boylik menejeri" deb nomlangan uchrashuvlar haqida ma’lumot berilgan. Fayllarda, shuningdek, Epshteyn Putin bilan uchrashish imkoniyatini bir necha bor muhokama qilgan xatlar ham bor. Fayllarni ko‘rib chiqqan Rossiyaning mustaqil Agentstvo nashri Putinning ismi fayllarda 1000 martadan ortiq, "Rossiya" esa qariyb 5900 marta tilga olinganini ma’lum qilgan. Epshteyn Putinga yaqin do‘sti borligini va Rossiya vizasini olishda unda muammo bo‘lmasligini yozgan. 2011 yil avgust oyida Epshteyn Yevropa Kengashi bosh kotibi va Norvegiyaning sobiq bosh vaziri Torbern Yaglandga yozgan xatlarida Putin bilan uchrashish imkoniyatini bir necha bor muhokama qilgan. 2013 yil may oyida Epshteyn Yaglandga Bill Geyts Parijda bo‘lishini yozib, "Putin kechki ovqatga qo‘shilishi mumkin" deb qo‘shimcha qilgan. Biroq aniq ko‘rishganmi yoki yo‘q bu hozircha sir saqlanmoqda.
Ilon Mask Epshteyndan "eng yovvoyi ziyofat" qachon bo‘lishini so‘ragan
Hujjatlar orasida Epshteyn va texnologiya qiroli va milliarder Ilon Mask o‘rtasidagi elektron pochta yozishmalari ham bor.
Epshteyn ishida hech qanday qonunbuzarlikda ayblanmagan Mask avvalroq Epshteyn uni o‘z oroliga taklif qilganini, ammo u rad javobini berganini aytgandi. Yangi e’lon qilingan elektron pochta xabarlarida Mask u yerga bir necha bor sayohat qilish haqida gaplashgani oshkor bo‘ldi. Jumladan, 2012 yilda u Epshteyndan "Orolingizdagi eng jo‘shqin ziyofat qaysi kun yoki qaysi tunda bo‘ladi?" deya so‘ragani ko‘rsatilgan. Aynan shu yilning noyabr oyidagi elektron pochta xabarlarida esa Epshteyn Maskdan orolga vertolyotda qancha odam olib kelayotgani haqida so‘ragan Mask bunga javoban faqat o‘zi va o‘sha paytdagi rafiqasi Talulah Rayli bo‘lishini aytgan. 2012-yilgi Rojdestvo bayramida Mask Epshteyndan “bayram munosabati bilan biror ziyofat rejalashtirilganmi” deb so‘ragan.
"Men bu yil tomim ketgunicha ishladim. Shuning uchun, bayram qilish, dam olish va raqsga tushishni hamda o‘zimni erkin his qilishni juda xohlayman. Sening tinch orolingda esa xohlagan tajribani sinab ko‘rish juda zavqli", deb yozgan.
Biroq, Maskning Epshteyn oroliga sayohat qilganiga oid hech qanday dalil yo‘q. Fayllar ochiq saytga joylashtirilgach, Mask 1 fevral kuni X sahifasida Epshteyn bilan bo‘lgan ba’zi elektron pochta yozishmalari noto‘g‘ri talqin qilinishi va tanqidchilar tomonidan uning ismi qoralanishini bilishi haqida post joylagan. Uning qo‘shimcha qilishicha bular uni qiziqtirmaydi. U buning o‘rniga Epshteyn bilan birga jinoyat sodir etganlarni jazolashga e’tibor qaratish lozim deya ta’kidlagan.
"Menga bu qiziq emas, lekin meni qiziqtiradigan narsa shundaki, biz hech bo‘lmaganda Epshteyn bilan birga jiddiy jinoyatlar sodir etganlarni, ayniqsa voyaga yetmagan qizlarni jirkanch ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq jinoyat sodir etganlarni javobgarlikka tortishga harakat qilamiz."
Bill Geyts
Oshkor etilgan hujjatlarda Microsoft asoschilaridan biri Bill Geytsning yozishmalari ham fosh bo‘lgan. Hujjatlar orasida 2013 yil 18 iyulda Bill Geytsga yozilgan ikkita xat keltirilgan. Ulardan birida Epshteyn Bill Geytsga «rus qizlari bilan jinsiy aloqaning oqibatlarini bartaraf etish uchun» dori-darmon topib berganini iddao qilgan. Ikkinchi xatda Epshteyn «qadrdonim Bill» deya yozishmani boshlagan va Bill Geyts u bilan do‘stona muloqotni to‘xtatib qo‘yganidan nolib, yana bir bor Microsoft rahbariga jinsiy yo‘l orqali yuqadigan kasalliklardan tuzalish uchun antibiotiklar topib berishi mumkinligini va bu dorilarni iloji boricha Geytsning sobiq rafiqasi Melindaga bildirmasdan yetkazishini aytgan. Geyts va uning tarafdorlari esa bu yozishmalarni Epshteyning o‘zi o‘ylab topgan fitna va tuhmati ekanini bildirib, Bill Geyts unga javob yozmagani bilan ayblovlarni rad etgan. Ammo Amerikada milliarder Billning intim munosabat bilan yuqadigan kasallikka chalingani haqidagi gaplar yuradi garchi buni o‘zi tan olmasa-da. Shuningdek, Microsoft rahbari jurnalistlarga bergan intervyusida Epshteyn bilan uchrashganidan afsusdaligini hamda uning oroliga hech qachon bormaganini aytgan. Geyts shuningdek Epshteyn fayllarida keltirilgan xatlar o‘ziga kelmaganini ma’lum qilgan.
“U bilan birga vaqt o‘tkazish ahmoqlik edi. Men u bilan tanish bo‘lgani uchun afsuslanadigan ko‘plab odamlardan biriman”, degan Bill Geyts.
Ka’bapo‘sh
Yangi e’lon qilingan fayllar orasida Makkadagi Ka’badan Qo‘shma Shtatlarga muqaddas mato jo‘natilgani haqida batafsil ma’lumot beruvchi elektron pochta xabarlari ham bor. Ular Birlashgan Arab Amirliklari bilan bog‘liq aloqalar orqali tashkil etilgan va sudlangan pedofil Jeffri Epshteynga yetkazib berilgan.
2017 yil fevral va mart oylariga oid yozishmalarda BAAda istiqomat qiluvchi tadbirkor Aziza al-Ahmadiy Abdulloh al-Maari ismli shaxs bilan birgalikda Islom olamida eng muqaddas deb hisoblangan Ka’bani qoplab turuvchi mato — Kisvaning uchta bo‘lagini Epshteynga jo‘natishni tashkil etish ustida ish olib borilgani aks etgan.
Kisva butun dunyo musulmonlari uchun chuqur diniy ma’noga ega. Har yili ziyoratgohdan mato olib tashlanadi va uning o‘rniga yangisi qo‘yiladi, avvalgi Kisvaning qismlari esa juda qimmatli artefaktlar sifatida qabul qilinadi.
Epshteyn fayllaridagi elektron pochta xabarlarida Saudiya Arabistonidan Florida shtatiga British Airways orqali jo‘natilgan buyumlar ko‘rsatilgan bo‘lib, ular schyot-fakturalar, bojxona kelishuvlari va Qo‘shma Shtatlar ichida yetkazib berishni o‘z ichiga oladi.
Xabarlarda uchta alohida buyum tasvirlangan: biri Ka’ba ichidan, biri ishlatilgan tashqi qoplamadan va uchinchisi xuddi shu materiallardan tayyorlangan, ammo ishlatilmagan. Ular "san’at asari" deb tasniflanib, yuk bo‘limiga topshirilgan
Elektron pochtada Ahmadi Epshteynga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, matoning diniy ahamiyatini quyidagicha alohida ta’kidlagan.
"Qora parchaga sunniy, shia va boshqa turli mazhablarga mansub kamida 10 million musulmon tegingan. Ular Ka’ba atrofida yetti marta aylanishadi, keyin har biri qo‘lidan kelganicha unga tegishga harakat qiladi va ibodatlari, tilaklari, ko‘z yoshlari qabul bo‘lishiga umid qilishadi".
Yozuvlarda Ahmadi Epshteyn bilan qanday tanishgani yoki nima uchun kabapo‘shni unga yuborgani tushuntirilmagan. Shuningdek, elektron pochta xabarlarida Ahmadi Epshteynning oroliga tashrif buyurganmi yoki u yerda sodir bo‘lgan voqealarning to‘liq ko‘lamini tushunganmi bular ko‘rsatilmagan. Boshqa bir xabarda Epshteynning uzoq yillik yordamchisi Lesli Groff Ahmadiga DNK test to‘plamini yuborgan. Bu esa alohida o‘rganishga muhtoj bo‘lgan yangi mavzu, yangi sir!
Buyuk Britaniya
Epshteyn hujjatlari ommaga oshkor etilgach, Buyuk Britaniya qiroli Charlz III’ning ukasi-sobiq shahzoda Endryu Mauntbetten-Vindzor qirollik qasridan mahrum bo‘ldi. AQSHda Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarning so‘nggi qismi e’lon qilinishidan keyin sobiq shahzodaning Epshteyn bilan aloqalari yana e’tibor markaziga tushdi.
AQSH Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan minglab fotosuratlar orasida sobiq shahzoda polda chalqancha yotgan ayolning tepasida to‘rt oyoqlab turgani aks etgan surat ham bor, shuningdek, uch million sahifali matnli hujjatlar orasida Epshteyn va Endryu o‘rtasidagi elektron yozishmalarning bir talay parchalari mavjud. Hozirda Britaniya politsiyasi Epshteyn 2010 yilda shahzoda Endryu bilan jinsiy aloqa qilish uchun bir ayolni Buyuk Britaniyaga yuborgani haqidagi bayonotini o‘rganmoqda. Endryuga sovg‘a tarzida yuborilgan hali 20 yoshga ham to‘lmagan qiz keyinchalik o‘z joniga qasd qilgan.
Endi u Shimoliy dengiz sohildagi oddiy uylardan birida yashaydi. O‘tgan yil oktyabr oyi oxirida Endryu 2026 yil boshida boshqa joyga ko‘chib ketishini e’lon qilgandi. Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarning navbatdagi partiyasi e’lon qilinishi esa bu jarayonni tezlashtirdi. Britaniyaliklar vaziyat yuzasidan ko‘rsatma berilishini talab qilmoqda. Endryu esa hech qanday noqonuniy ishga aloqasi yo‘qligini aytmoqda. Sobiq shahzodaning xulq-atvori anchadan beri Qirollik oilasining e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgandi. Shu sabab Epshteyn hujjatlari oshkor bo‘lgach undan saroyni bo‘shatib qo‘yish talab etilgan. Ammo Sulton suyagini yerda qoldirmas deganlaridek Qirol unga o‘z hisobidan Norfolkda yashash uchun uy bergan.
O‘zbekistonlik qiz
Ajablanarlisi hujjatlarda bu kabi mashhur shaxslar va qurbonlar soni uzundan-uzun keltirilgan. Ammo ular orasida Epshteyn bilan o‘z xohishiga ko‘ra munosabatga kirishgan va undan yaxshigina foydalangan Samarqandlik qiz ham bor. Yozishmalarga ko‘ra, Samarqandlik qizning o‘zi Epshteynni izlab topgan va u bilan doimiy ravishda yozishib turgan. QALAMPIR.UZ e’lon qilingan hujjatlar bilan tanishib chiqar ekan muloqot dastlab 2010 yil qayd etilgani, qiz og‘ir muhitda yashashi, uning bo‘yi uzun bo‘lishiga qaramay vazni 35 kg bo‘lgani, og‘ir sharoit tufayli kuniga 2 mahal ovqat yeyishi, qizning tishlarini sog‘lomlashtirish uchun briketlar kerakligi haqida Epshteynga yozganini aniqladi. Qiz vaqti-vaqti bilan qurilayotgan suv omborlari, O‘zbekiston va bu yerdagi muhit haqida ham unga xabarlar berib turgan. U yozishmalarida ota-onasining kaltaklaridan to‘yib ketganini, bu yerda qizni yomon otliq qilinganini, odamlarning yashash sharoiti og‘ir ekanini bildirgan.
Shuningdek, u Malayziya yoki Amerikaga ketib, u yerda o‘qish istagi borligini, o‘z hayotini o‘zgartirmoqchiligi, model bo‘lish uchun harakat qilayotgani, bunga katta miqdorda pul kerakligi haqida yozgan. Shundan so‘ng, Epshteyn unga xarajatlari va aviabiletlari uchun pul yuborgan. Pedofil shaxsning bu qizga aloqador 231 ta yozishmasi oshkor etilgan. Yozishmalarda qiz Epshteynga sevgi izhorlari va sog‘inchli maktublar yo‘llab turgan. Va undan doimiy ravishda xarajatlari uchun pul olgan. O‘zbekistonlik qiz Epshteyn tomonidan yuborilgan biletlardan tashqari jami 25 ming AQSH dollariga yaqin pul olgan.
Samarqandlik qiz o‘zi orzu qilgandek Parijda kinorejissyorlik kursini tamomlagan, shuningdek O‘zbekistondagi universitetlarni ham tugallab, hozirda Toshkent shahrida yashaydi. Tahririyat O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga amal qilgan holda, shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor ko‘rmaslikni afzal ko‘rdi.
“Men sizni ko‘rishga muhtojman va sizga xat yozib, biror narsa so‘rashdan uyalaman, lekin menga sizning yordamingiz juda kerak. Biroz vazn orttirdim, bir oy oldin 38 kg edim, "Chet elga chiqish ongimni barqarorlashtirdi". Lekin pul tanqisligi tufayli orzularimni amalga oshirolmayapman. Malayziyada ishlashga vizam ruxsat bermasa-da, men pul topish uchun harakat qildim. Oson pul topish uchun noto‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘yolmayman. Sizga sodiq bo‘lishni istayman, lekin bu yerda muammolarga duch keldim. Sizdan pul so‘rash men uchun qiyin, ammo men juda minnatdor bo‘lardim! Agar yordam bera olsangiz, men siz uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qila olaman. Tishlarimni tuzatsam va sizning oldingizga Parijga uchsam kifoya! Tish shifokori tishlarimni risoladagidek davolash uchun taxminan 3750 dollar kerakligini aytdi. Menda esa bu pullar yo‘q. Jeffri sizdan pul so‘rayotganim uchun ming bor uzr, biroq siz men uchun yagonasiz. Men sizni juda sog‘indim, yaxshi tilaklar bilan ko‘rishguncha deyman”.
Bill Klinton
AQSHning 42 prezidenti Bill Klinton Epshteyn ishiga oid hujjatlarda tilga olingan eng mashhur siyosiy shaxslardan biri hisoblanadi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Bill Klinton Epshteynga tegishli samolyotda (“Lolita Express”) bir necha marta uchgan. Bu parvozlar asosan Afrika va Yevropa yo‘nalishlarida, go‘yoki xayriya va gumanitar loyihalar bilan bog‘liq bo‘lgan. Klinton bu safarlarda hech qachon Epshteynning xususiy oroliga (Little St. James) bormaganini ta’kidlagan. Biroq, 2024–2025 yillarda e’lon qilingan fayllarda Klintonning ismi aloqador shaxs sifatida keltiriladi. Ammo Bill Klintonga nisbatan hech qanday jinoiy ayblov qo‘yilmagan. Hujjatlarda uning nomi asosan uchishlar va uchrashuvlar kontekstida tilga olinadi. Ayrim jabrlanuvchilar va guvohlar Epshteyn bilan bog‘liq shaxslar orasida Klintonni ham tilga olgan. Biroq bu da’volar sudda isbotlanmagan va rasmiy ayblovga aylanmagan. Bill Klintonning vakillari rasmiy bayonotlarda, Epshteynning jinoyatlaridan bexabar bo‘lganini, u bilan munosabatlar faqat xayriya va jamoatchilik ishlari doirasida bo‘lganini aytgan. Shuningdek, Klinton Epshteyn bilan aloqada bo‘lganidan afsusda ekanini ham bildiradi.
Donald Tramp
Donald Trampning ismi ham Jeffri Epshteyn ishiga oid hujjatlar va OAV materiallarida tilga olingan. 1990-yillarda Tramp va Epshteyn Nyu-York va Floridadagi yuqori jamiyat vakillari sifatida tanish bo‘lgan. Ular ayrim ijtimoiy tadbirlar va marosimlarda birga ko‘ringan, buni tasdiqlovchi fotosuratlar va videolar mavjud. O‘sha paytda Epshteyn o‘zini moliyachi va xayriyachi sifatida tanitgan. Trampning o‘zi hamda uning vakillari tomonidan aytilishicha Epshteynning xususiy oroliga hech qachon bormagan va uning samolyotida uchmagan.
Epshteyn ishiga oid hujjatlarda Trampning ismi tanish va ijtimoiy aloqa kontekstida tilga olinadi. Shuningdek, Trampga nisbatan hech qanday jinoiy ayblov qo‘yilmagan. Unda Trampga nisbatan jinsiy zo‘rlash ayblovi qayerdan kelgan dersiz, hozir batafsil tushuntiraman. Bu ayblov AQSHdagi eng rezonansli sud ishlaridan biriga aylandi. Ayblovni amerikalik yozuvchi va jurnalist Djin Kerrol qo‘ygan. Uning da’vo qilishicha, voqea 1996 yil atrofida Nyu-York shahridagi Bergdorf Goodman savdo do‘konining kiyim almashtirish xonasida sodir bo‘lgan. Kerrol Tramp uni majburan jinsiy aloqaga undaganini aytgan, Tramp esa bu ayblovlarni to‘liq rad etgan.
2023 yilda Nyu-York sudida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida hakamlar hay’ati Kerrolning ko‘rsatmalarini ishonchli deb topdi va Donald Trampni jinsiy tajovuz sodir etganlikda aybdor deb hukm qildi. Sud, shuningdek, Trampni Kerrolni ommaviy ravishda yolg‘onchi deb atagani sabab uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgani uchun ham aybdor deb topdi. Ushbu qaror asosida Tramp jabrlanuvchiga 5 million dollar miqdorida kompensatsiya to‘lashga majbur qilindi.
Oradan bir yil o‘tib, 2024 yilda sud Trampni Kerrolni yana bir bor ommaviy tarzda haqorat qilgani uchun qo‘shimcha javobgarlikka tortdi va bu safar 83,3 million dollar jarima belgiladi. Sudya o‘z izohida ushbu harakatlar mohiyatan zo‘rlashga teng bo‘lgan jinsiy tajovuz ekanini ta’kidladi. Shu sababli, huquqiy hujjatlarda boshqa atama qo‘llanilgan bo‘lsa-da, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bu voqeani jinsiy zo‘rlash sifatida qabul qildi.
Muhimi shundaki, Donald Trampga nisbatan ushbu sud ishi Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq jinoiy ishlarga aloqador emas. Trampning u bilan ma’lum darajada ijtimoiy tanishuvi bo‘lgani haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lsa-da, Epshteyn fayllarida Tramp jinsiy zo‘rlash yoki bolalarni ekspluatatsiya qilishda ayblangan shaxs sifatida qayd etilmagan. Djin Kerrol ishi — bu Trampga qarshi mustaqil, alohida sud ishi hisoblanadi va u Epshteynning jinoiy tarmoqlari bilan bog‘lanmagan.
Epshteyn dasturxonidagi odam go‘shti
Internet tarmoqlarida Jeffri Epshteynning hashamatli dasturxoniga odam go‘shti tortilgani haqida rasmlar paydo bo‘ldi. Bu qanchalik haqiqat? Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videotasvirlar sun’iy intellekt bo‘lishi ehtimoli bor. Chunki, rasmiy manbalar va sud hujjatlariga ko‘ra, odam go‘shti yeyilishi haqida hech qanday ishonchli dalil yo‘q. Epshteyn faqat bolalar va voyaga yetmagan qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblangan. Sud hujjatlariga ko‘ra, u qizlarga modellik karerasi yoki ta’lim uchun imkoniyat va’da qilib, o‘ziga jinsiy xizmat qilishga majbur qilgan.
Multimilliarder Jeffri Epshteyn 2019 yil 10 avgustda Nyu-York shtatidagi Manxettendagi qamoqxonada vafot etgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, vafot sababi o‘z-o‘zini osish sifatida qayd etilgan bo‘lsa-da uning o‘limi uyushtirilgan degan taxminlar bor. Chunki u o‘lgan tunda qamoqxonadagi videokuzatuv kameralari tasodifan ishlamay qolgan va xavfsizlik hamda nazorat jarayonlarida ko‘p nosozliklar qayd etilgan. Nima bo‘lganda ham o‘zini shaytonning ko‘zgusi sifatida ta’riflagan Epshteynning o‘limi ko‘plab jinoyatlarning barham topishiga sabab bo‘lgan. Buni esa butun dunyo, ayniqsa AQSH jamoatchiligi katta shaxslarning "muammodan qutulishi" deya baholagan. Va ularda fantaziyalarini xohlaganicha ishlatishlari uchun keragicha asoslar bor. QALAMPIR.UZ voqealar tafsilotini o‘rganishda davom etadi.
Live
Barchasi