Videosi tarqalgan Babasheva, Prezident bo‘lolmagan Otajonov va Qodirov, Mercedes'li bo‘lgan “Jahonkent”. 2021 yilda kimlar “trend”da bo‘ldi?

Jamiyat

image

O‘tgan 2021 yil qiziqarli va shov-shuvli voqealarga boy bo‘ldi. Ularni biz bir necha yillar davomida eslab yuramiz. Negaki, bu voqealar yo davlat ahamiyatiga molik, yo odamlar hayotiga aloqador.

Internet va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanib ketishi sababli har qanday voqeaning muhokama mavzusiga aylanishi yanada osonlashdi. Biz quyida 2021 yil O‘zbekistonda eng ko‘p muhokamalarga uchragan odamlarni eslab o‘tamiz.

Prezidentlikka yaqin ham kelolmagan Jahongir Otajonov

Jahongir Otajonov. Ilgari bu nom odamlarga faqatgina xonanda sifatida tanish edi. Ammo, joriy yil uning ko‘plab qirralari namoyon bo‘ldi. Ayni saylovoldi jarayonlarining qizg‘in tarzda o‘tishida ham uning o‘rni “katta”.

Otajonov 2020 yil dekabr oyida san’atdan ketganini e’lon qilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, u joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida nomzodini qo‘ymoqchiligini ommaga ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik foydalanuvchilar Jahongir Otajonovning prezidentlikka nomzodini qo‘yish to‘g‘risidagi murojaatini hazilga yo‘ydi va “piar” sifatida qabul qildi.

Buning ortidan, u Prezident bo‘lish niyati jiddiy ekanini ta’kidlab, o‘zining shu mavzudagi ikkinchi videomurojaatini qoldirdi. U galdagi murojaatida davlat rahbarining lyuks saroylarda yashashiga qarshi ekanini aytib o‘tdi.

Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llab, unda Prezidentdan o‘zini tuman hokimi qilib tayinlashini so‘radi.

Otajonov aytdi va uzoqqa bormay so‘zidan qaytdi. Kamiga sahnaga ham qaytdi. Otajonov endi ortiq siyosiy faoliyat  bilan shug‘ullanmasligini aytib, onasining sharafiga “Onam uchun" deb nomlangan konsert berish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Migrantlarning cho‘ntagigi ko‘z olaytirgan Qodirov

Alisher Qodirov. Bu nomni xorijda mehnat qilib, pul topayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar yaxshigina taniydi, hatto, undan nafratlishgacha boradi. Joriy yil saylovoldi o‘tkazilgan uchrashuvlarning birida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarni soliqqa tortishni taklif qilgan edi.

Bu taklif bir necha million xorijda mehnat qilayotgan  o‘zbekistonlik fuqarolarning keskin e’tiroziga sabab bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda ham keng jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarni keltirib chiqargandi. Qodirovning migrantlardan ham soliq undirish kerakligi haqidagi gaplariga ayrimlar “Alisher Qodirovning bu gaplaridan keyin unga ovoz beruvchilar soni keskin tushib ketadi”, deb, yana kimlardir “Bu ham saylov oldidan bir piar”, deb munosabat bildirgan edi.

Umuman olganda, Alisher Qodirov yil davomida, qolaversa, saylov jarayonlarida muhokama markazidagi shaxs, balogardon bo‘ldi. Uning goh Rasul Kusherboyevni populistlikda ayblashi, goh UzAutoMotors monopoliyasini qo‘llab chiqishi, kezi kelganda esa besoqolbozlikka va Toshkent markazida SSSR bayrog‘i ko‘tarilishiga qarshi keskin bayonotlar bilan chiqishi uning piariga yaxshigina xizmat qildi. “Suyunchi” filmida sizni hamma yomon ko‘radi – dadam, oyim, magazinchi G‘aybulla”, deb aytilganidek, Qodirovni hamma yomon ko‘rmasa ham, lekin magazinchi G‘aybulla aka aniq taniydi.

Eslatib o‘tamiz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov saylovda 5,5 foiz saylovchining qo‘lloviga erishib, umumiy hisobda uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, saylovdan so‘ng Qodirovning ijtimoiy tarmoqlarda kam ko‘rinish berayotgani ham barcha ma’lum.

“Jahonkent” yoxud Jahongir Ortiqxo‘jayev

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga nisbatan ko‘pchilik anchadan buyon monopolist unvonini qo‘llaydi. Kamiga joriy yilda ijtimoiy tarmoqlarda Ortiqxo‘jayev va “uning Toshkenti” madh etilgan bir-biridan qiziq atamalar paydo bo‘ldi: “Jahonkent”, “JahonCity”, “Jahoniston”, “Jahonlandiya”. Bu nomlar odatda Toshkentda Ortiqxo‘jayevga bevosita yoki bilvosita bo‘lgan shirkatlar, qurilish kompaniyalari kundan kunga ortib borayotganiga norozilik sifatida qo‘llaniladi.

Ortiqxo‘jayev yakuniga yetayotgan 2021 yilda ham jamoatchilik diqqat markazida bo‘ldi. Dastlab, fevral oyida poytaxt hokimi “Moviy gumbazlar” deb ataladigan serdaraxt maydon o‘rnida “Istiqlol” majmuasini qurishni rejalashtirishi ortidan shahar aholisining keskin tanqidiga uchradi. Ishga Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ham munosabat bildirib, “Moviy gumbazlar”ni asrab qolish kerakligini aytib chiqdi.

Shundan so‘ng, Ortiqxo‘jayev qilmagan ishini qilib, odamlarni eshitish niyatida “Moviy gumbazlar” maydonida aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Hokim bugungacha hammaga gapini o‘tkazib, o‘zinikini ma’qullashga o‘rganmaganmi, uchrashuvda e’tiroz bildirgan odamlar bilan baravar olishib, baqira ketsa deng. Buni ko‘rgan aholi ham, jurnalistlar ham yoqa tishladi. Hokim degani bashang, og‘ir, bosiq, mulohazali bo‘lmasmidi. Buncha baqiradi?!

Ortiqxo‘jayev ishonch bilan “Istiqlol” majmuasi qurilmasa, undan keyingi hokimlar daraxtzorni rasvo qilishini aytdi. U aynan kimga sha’ma qildi bilmadigu ammo ungacha bo‘lgan davrda Toshkentda buncha ko‘p daraxt kesilmagandi. Birgina Milliy bog‘ va uning hududidagi ko‘lning yo‘q qilingani gaplarimizga yaqqol misol bo‘la oladi.

Uchrashuv yakunida Ortiqxo‘jayev aholidan uch kun muhlat olib, loyihani taqdim etishini, qurilish bo‘lsa ham hududda birorta daraxt ekilmasligini, aks holda iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Yakunda ish daraxt kesmasa bitmaydigan shekil, “Istiqlol” majmuasi Toshkent chekkasida, Qibray tumanida barpo etildi.

Iyul oyida ham poytaxtning biznesmen-hokimi ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylandi. Bunga Ortiqxo‘jayevning koronavirusga qarshi emlanishi “spektakl”, aslida u emlanmagan degan taxmin sabab bo‘ldi. Bu taxminlar esa hokimlik tarqatgan video asosida tug‘ildi. Videoda shifokor vaksinani ko‘k indikatorli shpritsda tortib olgan, hokimga esa qora indikatorli shpritsda yuborgani ko‘ringandi. Ana buni payqagan tarmoq foydalanuvchilari, “hokim ko‘zbo‘yamachilik qildi. U aslida emlanmadi, demak vaksina xavfli”, deya bong urdi. Ammo bu masalaga hokimlik ayrim OAV orqali izoh berib, yopdi-yopdi qilib yubordi.

Dekabr oyida Ortiqxo‘jayev atrofidagi muhokamalar fuqaro poytaxt hokimligiga bozor narxi 250 ming dollar bo‘lgan Mercedes-Benz  S500 Hybrid avtomobilini sovg‘a qilishi bilan yana avj oldi. Jamoatchilik faollari bu hadya ortida hokim nimanidir ko‘zlagan degan taxmin bilan obdon o‘ylandi, yakunda bunga javob topilmadi, chog‘i. Yana kim biladi deysiz, hokimga mashinaning falonchi ammaning qizlari sovg‘a qilgandir. Uyog‘i bizga qorong‘i.

Shundan beri hokim ham tinch, uning har bir harakatini kuzatuvchi bloger va jurnalistlar ham.

Maryam Tillayeva

Maryam Tillyayeva Karimovlar oilasida mashhurlik bobida onasi Lola va xolasi Gulnora, xolavachchalari Imon va Islomni ham ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqib qoldi. Hammasiga uning yalang‘och surati sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi, Lola Karimova-Tillyayevaning qizi Maryam Tillyayeva taniqli rus blogeri Amiran Sardarovga turmushga chiqdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Amiran Instagram sahifasiga turmush o‘rtog‘i Maryam bilan tushgan o‘zbek mintalitetiga mutlaqo mos kelmaydigan rasm joyladi. Ushbu surat ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bahslarda fikr bildirganlar ushbu suratni Birinchi Prezident Islom Karimovning faoliyati, ma’naviyat haqidagi chiqishlari bilan bog‘ladi. Mazkur surat va holatning marhum Prezident Karimov bilan bog‘lanishiga uning qizi Lola Karimova-Tillyayeva munosabat bildirib, qizining qilmishini Islom Karimov nomi bilan bog‘lamaslikni so‘rab chiqdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Amiran sahifasidagi suratni o‘chirdi va Maryamning yaqinlaridan uzr so‘radi.

Shuningdek, Amiranning aytishicha, Maryamning ota-onasi qizi bilan aloqalarni uzgan. Ular Amiranni munosib kuyov sifatida qabul qilmagan.

Maryamning ota-onasi qizi o‘ziga mos juftni tanlashiga umid qilishgan, ammo uning bir blogerga turmushga chiqish haqidagi qarori hamma uchun kutilmagan hodisa bo‘lgan.

Amiran o‘zi va rafiqasi Maryamning ota-onasi bilan til topishishda muammoga uchrayotganini tan olgan.

Chirog‘i o‘chmagan Norboyeva

Tanzila Norboyeva. Bu nomni qishloq sharoitida, tunlarni chiroqsiz o‘tkazayotgan aholi juda yaxshi tanib qoldi. Joriy yil saylovoldi o‘tkazilgan tadbirlardan birida QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova Senat raisi Norboyevaga “Katta-katta davralarda ayollarning huquqlari, ularning saylovda faol ishtirok etishi haqida gap ketmoqda. O‘zim qishloqlarga borib guvohi bo‘ldim. Ba’zi qishloq ayollari hatto saylov haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Sababi ularning uyida chiroq yo‘q. Televizor ko‘ra olmaydi. Saylov bilan aholini qanchalik qamrab ololyapmiz?”, degan savol bilan murojaat qilgan edi.

Tanzila Norboyeva jurnalisning savoliga javoban bugungi kunda aholiga sharoit yaratish borasida ko‘plab islohotlar olib borilayotganini ma’lum qilgan. Qolaversa, hozirda butkul zulmatda o‘tirgan aholi yo‘qligi, ba’zi hududlarda qandaydir sabab bilan svet o‘chgan bo‘lsa, bu aynan o‘sha joydagi mutassadilar aybi bilan bo‘lgan holat ekanini aytgan edi.

Ochiq muloqot davomida Xalq demokratik partiyasi Zangiota tumani kengashi raisi Mohira Akromova QALAMPIR.UZ jurnalistining qishloq ayollari nomzodlarni tanimasligi haqidagi fikrlariga e’tiroz bildirib, partiyalar nafaqat uyda o‘tirgan, balki dalada mehnat qilayotgan ayollar bilan ham gaplashib targ‘ibot ishlarini olib borayotganini ma’lum qilgan.

Partiya vakilining e’tirozidan keyin Tanzila Norboyeva vaziyatga xulosa yasab shunday javob bergan edi:

“Tushuntirish berganingiz uchun rahmat. Umuman olganda “svet” o‘chishi yoki zulmatda o‘tirib, televizor ko‘rolmaslik bu besh yil oldingi tarix edi. Hozir bunaqa tarix yo‘q”.

Norboyevaning “Svet” o‘chishi va zulmatda o‘tirib televizor ko‘rolmaslik besh yil avvalgi tarix edi, hozir bu tarix hammasi bartaraf qilindi”, degan qismi ijtimoiy tarmoqlar muhokama maydonida trendga chiqdi. Norboyevaning so‘zlari tushirilgan 9 soniyalik video ortidan tarmoqda unga nisbatan javoblar soni ortdi. Videomurojaatlarda kimdir ayni vaqtda uyida chiroq yo‘qligidan nolisa, yana kimdir allaqachon elektr energiyasidan televizor ko‘rishga foydalanmay qo‘ygani, Yangi O‘zbekistonda ham bolalar sham yorug‘ida dars qilayotganini yozdi.

Hatto, O‘zbekistonlik xonanda Shohujahon Bozorov mamlakat Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning “svet” va gaz o‘chishi tarixga aylangani haqidagi gaplariga javoban qo‘shiq kuyladi.

Ezilgani sezilgan Yulduz Usmonova

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Yulduz Usmonova joriy yil Prezident Islom Karimov hukmronligi davrida mamlakatda san’atkorlar ezilganini aytib, shov-shuvli intervyu berdi. U “Milliy” telekanalining “Inson qadri” ko‘rsatuvidagi chiqishida Karimov davrida mamlakatdan bir necha marta quvilganini xotirladi. U haqiqatni gapirgani uchun boshi kaltak ostida qolganini aytdi.

Intervyu ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Shuningdek, Yulduz Usmonovaga nisbatan “Xasta bo‘lma” qo‘shig‘ining she’r muallifi sifatida Yo‘lchi Ro‘ziyev mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.

Da’vo ariza qisman qanoatlantirilib, Yulduz Usmonovadan da’vogar Yo‘lchi Ro‘ziyevga 50 000 000 so‘m ma’naviy zarar uchun kompensatsiya, bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida yetkazilgan zarar hisobiga tovon puli undirish belgilangan. Ammo Usmonova hamon pulni to‘lagani yo‘q. U shoir bilan sudlashishda davom etib, apellyatsiya sudiga shikoyat kiritgan.

Qodirovni masxaraboz degan “populist” Kusherboyev

Rasul Kusherboyev. Jamiyatda bo‘layotgan biron bir hodisa bu deputatning e’tiboridan chetda qolmaydi. Albatta, u har bir voqaga o‘z munosabatini bildiradigan faollardan. Joriy yil "Milliy tiklanish"partiyasi raisi Alisher Qodirov va Kusherboyev o‘rtasida o‘zaro nizo avjiga chiqdi.

Gap shundaki, "Milliy tiklanish" partiyasi raisi Alisher Qodirov  QALAMPIR.UZ’ga intervyu berib, "Deputatlar orasida populist bormi?" degan savolga javoban, faqatgina Rasul Kusherboyevni populist deputat deb bilishini aytdi. Ushbu intervyu ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvni keltirib chiqardi. Bu orada Rasul Kusherboyev QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilib, Qodirovning aybloviga nisbatan javobi borligi va intervyu bermoqchiligini aytdi. Xolislik nuqtai nazaridan QALAMPIR.UZ Rasul Kusherboyevga ham o‘z fikrini bayon etish imkonini berdi.

Kusherboyev jurnalistning "Qodirov populistmi?", degan savoliga "Yo‘q, u masxaraboz! Ya’ni, bugun bir gapni gapirib, ertaga boshqa gapni gapiradigan odam. Prinsipsiz odam! Mayli, inson sifatida bir-ikkita jihatlarini hurmat qilaman. Lekin inson bir narsani gapirdimi, shunda qat’iy turish kerak! Partiyaning kuchi uning qat’iyati va prinsiplarida", deb javob berdi.

Aynan shu holat ham ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

#men_feruzaman yoxud Feruzalar

Feruza Najmiddinova. Bu nom ko‘pchilikka haqiqatni aytishdan qo‘rqmaydigan, doimo inson huquqlarini himoya qilish uchun kurashuvchi jurnalist sifatida yaxshi tanish.

Joriy yilning avgust oyida QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova “Tashkent city” hududidagi restoranlar O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarorini pisand qilmay, 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqida tanqidiy-tahliliy reportaj tayyorladi.

Reportaj ommaga taqdim etilganidan bir kun o‘tar-o‘tmas, ijtimoiy tarmoqlarga Feruza Najmiddinovaning nomini bulg‘ovchi, hech qanday asosga ega bo‘lmagan nomaqbul video sizdirildi. Videoda ko‘p qavatli uyning balkonida ishqiy munosabatda bo‘layotgan ayol va erkak aks etgan bo‘lib, video qahramonlarini tanib olish juda qiyin. Shunga qaramay, ushbu videoning boshiga jurnalist Feruza Najmiddinovaning ish faoliyati davomida tushgan suratlari joylashtirilib, montaj qilingan va go‘yo nomaqbul video qahramoni jurnalist Feruza Najmiddinova ekani yozilgan.

Ushbu holat keng jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ko‘plab jurnalistlar  Feruza Najmiddinovaning o‘rnida boshqa jurnalistlar, hatto, o‘zlari ham bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, “Shantaj va tuhmatchilar bizni bu yo‘l bilan haqiqatni aytishdan to‘xtata olmaysiz”, deya murojaat qilib chiqishdi. Shuningdek, #men_feruzaman heshtegi keng ommalashdi.

Voqea ortidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi raisi o‘rinbosari Sherzod Asadov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Oliy Majlis Senati, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar, vazirlik va idoralar munosabat bildirib, Najmiddinova fonida barcha ayollar huquqlarini himoya qilib chiqdilar.

Haqiqat qaror topdi va bu video qahramoni Feruza Najmiddinova emasligi tasdiqlandi.  Garchi, 4 oy oldin QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaning shanini toptash, uni obro‘sizlantirish maqsadida qilingan tuhmat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, hali hanuz aybdorlar topilgani yo‘q, mutasaddilar esa hamon jim.

6,5 yilga “kesilgan” Otabek Sattoriy

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi bilan bog‘liq voqealar O‘zbekiston media muhiti, ijtimoiy tarmoqlar diqqat markazida bo‘ldi.

Bunga uning 2021 yil yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda “Denov ko‘mir ombori” hamda Termiz shahridagi hayvonot bog‘i xodimlari mulklarni o‘zlashtirish va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etilgani haqida haqorat va tuhmatlardan iborat yolg‘on axborot tarqatgani sabab bo‘lgan.

Bu masala bo‘yicha jurnalistika sohasiga aloqador bir qator nufuzli  tashkilotlar, deputat va jamoat arboblari munosabat bildirdi.

Munosabatlarda bu ishda konstitutsion haq-huquq, haqiqat, adolat, so‘z erkinligiga  hurmat va  ochiqlik ta’minlanishi lozimligiga da’vat etildi.

Shuningdek, AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi – CPJ (Commitee to Protect Journalists) O‘zbekiston hukumatida hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi.

Tashkilotning fikricha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa tashlangan. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot “agar tovlamachilikni isbotlaydigan dalillar bo‘lmasa, mazkur hibs voqeasi nafaqat xavotirli, balki so‘z erkinligiga rahna soluvchi yana bir harakatdir”, deb tashvish bildirdi.

Bu masalada mavhumlik va ziddiyatlar ko‘p edi. Ichki ishlar vazirligi bergan bayonotdan so‘ng bahs-munozaralar yanada avj olgani ma’lum.

Sud hukmiga ko‘ra, bloger Otabek Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, uni uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Intim videosi ortidan sazoyi Feruza Babasheva

Feruza Babasheva. Joriy yil ijtimoiy tarmoqlarda  Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman kengashi deputati Feruza Babasheva va shaxsi noma’lum bo‘lgan bir erkakning nomaqbul vaziyatdagi videosi tarqaldi.

Video tarqalishi jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari deputatning shaxsiy hayotiga daxldor videoning tarqatilishi, uning sha’ni va obro‘siga putur yetkazish uchun uyushtirilganini aytib, bu ishni qoraladi.

Toshkent viloyati IIBB holatga munosabat bildirib, voqea “Xavfsiz tun” tadbiri doirasida aniqlangan ishratxonada tasvirga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, reyd vaqtida olingan tasvirlarni tarqatganlarni aniqlash ishlar boshlanganini bildirdi.

“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga asosan, Feruza Babasheva deputatlik vakolatlarining muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi qarorni sessiyada qatnashgan 24 nafar deputatdan 23 nafari yoqlab ovoz berdi.

Shu tariqa sessiya ishida Feruza Babashevaning deputatlik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.

Allamjonov aybdor

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov “Allamjonov aybdor” nomli kitob yozdi.

Kitobda barcha narsalar haqida ochiqchasiga yozilgan. Ko‘pgina xotiralar Allamjonovning Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Prezident Administratsiyasi Matbuot xizmatida faoliyat yuritgan davrlari bilan bog‘liq. Kitobda, shuningdek Birinchi Prezident Islom Karimov va Prezident Shavkat Mirziyoyev davri, sobiq DSQ raisi Parpiyev bilan munosabatlari, Saida Mirziyoyeva bilan tandemi va Gulnora Karimova haqida so‘z boradi.

Ushbu kitob keng ommalashdi va ijtimoiy tarmoqlarda “trend”ga chiqdi.

Goh do‘ppili, goh do‘ppisiz Nazarbekov

Ozodbek Nazarbekov. Bundan keyin biron joyda do‘ppi haqida gap ketsa, odamlar Madaniyat vaziri Nazarbekovni ham eslab o‘tishca kerak. Ozodbek Nazarbekovning majburiy do‘ppi targ‘ibotidan keyin do‘ppi tikadiganu sotadigan opaxonlarning ishi gullab ketganmish. Katta-katta korxonalar faoliyat turini o‘zgartirib, do‘ppi tikishga ixtisoslashibdi.

Joriy yil O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqlar orqali videobayonot bilan chiqib, endi vazirlik xodimlari ishga do‘ppi kiyib kelishi yo‘lga qo‘yilgani haqida gapirib, boshqa hamkasblarini ham do‘ppi kiyish borasida shaxsiy namuna bo‘lishga chaqirgan edi.

Nazarbekov boshchiligidagi Madaniyat vazirligidagilarning do‘ppi kiyish borasidagi ushbu qarori ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Vazirning milliy qadriyatlarni ishga do‘ppi kiyib kelish yo‘li bilan hayotga qaytarish va uni ommalashtirish borasidagi taklifi ko‘p o‘tmay tanqidlar yomg‘iri ostida qoldi.

Jamoatchilik Nazarbekovdan do‘ppi kiyishni targ‘ib qilguncha, ishni madaniyatning eng oddiy ko‘rinishlaridan boshlashga chaqirib, o‘z noroziliklarini bildirdi.

Buni qarangki, Madaniat  vazirga do‘ppi bo‘yicha bildirgan taklifi ortidan kelgan tanqidlar og‘ir ta’sir qildi chog‘i vazirlikda uning o‘zi birinchilardan bo‘lib do‘ppini tashladi. Vazirlik axborot xizmati tomonidan tarqatilgan so‘nggi xabarlar, Nazarbekovning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida joylashtirilgan oxirgi postlarda vazirning do‘ppisiz o‘tirgani guvohi bo‘ldik.

Lozim sexida ishlayotgan Qodirov, chinniga gul solayotgan Abdullayev

Rashid Qodirov va Ixtiyor Abdullayev. Ular o‘zbekistonliklarga juda yaxshi tanish. Biri sobiq Bosh prokuror, ikkinchisi sobiq Bosh prokuror va DXX raisi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili qoshidagi komissiya O‘zbekiston IIV JIEBB tizimidagi 22-sonli koloniyada monitoring o‘tkazgan. Komissiya tarkibida bo‘lgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgan payti qamalgan sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov va Davlat xavfsizlik xizmati sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev bilan uchrashganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov lozim sexida, Ixtiyor Abdullayev esa chinni zavodida ishlayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

431

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing