Statqo‘m biznes bilan chatishib ketgan amaldorlar himoyasiga otlandimi yoxud maqsad Orginfo.uz saytini yopishmi?
Jamiyat
−
18 dekabr 2021
10733Korxona va tashkilotlarning ochiq ma’lumotlari joylanadigan Orginfo.uz sayti egasiga ichki ishlar organi tomonidan ma’muriy ish ochildi. Bunga Davlat statistika qo‘mitasining arizasi asos bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ mazkur vaziyatda ham Orginfo.uz saytini yaratgan Boburmirzo Hamroqulovni, ham Davlat statistika qo‘mitasini tingladi.
Sayt asoschisi Boburmirzo Hamroqulovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, Orginfo.uz joriy yilning yanvar oyida ishga tushirilgan va mutlaqo Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy saytiga joylangan korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlarga asoslangan.
“Saytimni yanvar oyida o‘zimga portfolio, xobbi va boshqalar uchun qulay vosita bo‘lishi uchun ishga tushirdim. Atayin uz domenida ochdim. Men bilan kimdir (statistika qo‘mitasi ham) bog‘lanishi uchun saytda alohida bog‘lanish formasini ham qo‘shdim. Sayt kim tomonidan yaratilganini bildirish uchun “Developer by bzimor” jumlasini ham qo‘shib qo‘ydim. Ya’ni bu yerda anonimlik yo‘q. “Bzimor” deb Google’dan izlasangiz men haqimda bir dunyo ma’lumot topasiz. Ma’lumotlarni avtomatik ravishda stat.uz saytidan olayotganim sabab mualliflik huquqi bo‘yicha muammo kelib chiqmasligi uchun u tashkilotni manba sifatida ham keltirdim”, deydi sayt asoschisi.
U so‘zida davom etib, aynan Davlat statistika qo‘mitasi saytini manba sifatida ko‘rsatgani va ba’zi tashkilot va korxonalar to‘g‘risida ma’lumotlar eskirib, Orginfo.uz’da keltirilgan ma’lumotlar stat.uz’dagilar bilan farq qilgani tufayli qo‘mita yosh sayt muallifi ustidan O‘zkomnazorat (Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi)ga murojaat qilganini ma’lum qildi.
“Aytishlaricha, men bilan bog‘lana olishmagan. 11 avgustda IIV Kiberxavfsizlik bo‘limiga chaqirtirildim, muammo nimada ekanini ularga tushuntirdim, tushuntirish xati ham yozib berdim. Kamchiliklarni to‘g‘riladim (ma’lumot qachongi sanada olinganini qo‘shib qo‘ydim). Shu bilan ish yopildi deb o‘ylagandim. 11 noyabrda esa Asaka IIBga chaqirtirildim. Aslida bu unaqa katta ish bo‘lmasligi mumkin. Lekin menga qo‘yilgan ayblov (shaxsni obro‘sizlantirishga qaratilgan qasddan yolg‘on tarqatish) va ehtimoliy jarima (14 mlnga yaqin) borligi meni tashvishga soldi”, deydi Boburmirzo Hamroqulov.
U 15 noyabr kuni Asaka tuman IIBga chaqirtirilganda, ish ma’muriy chora ko‘rish uchun IIBga yuborilgani, endi masala sudga oshirilishi aytilgan. O‘tgan vaqt mobaynida esa Hamroqulov sudga chaqirilmagan. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasidagi qoidabuzarlikni sodir etishda ayblanmoqda.
“Sizga nisbatan ochilgan ish kimningdir “zakaz”i bo‘lishi mumkinmi, bu sayt ortidan tahdidga uchramaganmisiz”, degan savolga Boburmirzo Hamroqulov shunday javob berdi:
“Biror narsa deyolmayman, agar saytni yopish maqsad bo‘lganida allaqachon yopilgan bo‘lardi, deb o‘ylayman. Avval ham, hozir ham tahdid bo‘lmagan. IIBda ham juda yaxshi muomalada bo‘lishdi, ular ham ma’lumotlarda nega bunaqa nomuvofiqlik bo‘lganini tushunishdi”.
Qayd etish kerakki, Statistika qo‘mitasining stat.uz saytida STIR (INN) raqami orqali korxona va tashkilotlar haqida ma’lumot olish mumkin. Biroq qo‘mita saytidan ma’lumot topish mushkul. STIR’ni bilmasdan ism-sharif yoki kompaniya nomi orqali ma’lumot topishning ham iloji yo‘q. Yetmaganiga rasmiy tashkilot sayti MCHJ ta’sischilariga tegishli boshqa korxona-tashkilotlar haqida ma’lumotlarni “yashiradi”.
Orginfo.uz saytida esa barchasi sodda va asosiysi korxona kimga tegishli ekani, uning boshqa kompaniyalarga ham aloqasi bor-yo‘qligi ko‘rsatib beriladi. Shu sayt vositasida milliardlab summali davlat buyurtmalari ba’zi amaldorlarga yoki ularning qarindoshlariga tegishli kompaniyalarga berib yuborilgani aniqlagan.
Mazkur holat yuzasidan izoh olish uchun Davlat statistika qo‘mitasi Matbuot kotibi Usmon Abdurasulov Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan ish ochilishida ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
Gap shundaki, Statqo‘mga banklar, tadbirkorlar va hatto, jurnalistlardan ham stat.uz va Orginfo.uz saytlaridagi ma’lumotlar turli ekani haqida shikoyatlar tushgan. Shundan so‘ng, Axborot xavfsizligi boshqarmasi O‘zkomnazoratga shikoyat kiritgan.
Abdurasulovga ko‘ra, inspeksiya surishtiruv olib borib, sayt asoschisi, ya’ni Abdurasulov Boburmirzo bilan bog‘lana olmagach, IIBga murojaat qilgan.
Statqo‘m Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan QALAMPIR.UZ’ga rasmiy bayonot taqdim etdi. Unda Qo‘mita Orginfo.uz veb-sayti va shu kabi boshqa elektron platformalarning yopilishi yoki ishlashiga qarshilik qilmasligi, mazkur saytlarning belgilangan tartib va qoidalar asosida faoliyat yuritishi tarafdoriligi qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, Davlat statistika qo‘mitasining yagona Davlat registri ma’lumotlar bazasida korxona va tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida har kuni yangilanib boriladi.
“Qo‘mita mazkur holatda https://orginfo.uz veb-saytiga Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlariga to‘g‘ri kelmaydigan axborotlarda qo‘mita nomining manba sifatida keltirilishiga e’tiroz bildirgan, xolos. Sir emaski, bir manbaga ega bo‘lgan ikki xil ma’lumot foydalanuvchilarni chalg‘itishi, statistik ma’lumotlarning ishonchsizligiga olib keladi.
Qo‘mita mutaxassislari bundan 7-8 oy oldin https://orginfo.uz veb-saytiga aynan noto‘g‘ri ma’lumotlarga Davlat statistika qo‘mitasi nomini manba sifatida ko‘rsatmasligi bo‘yicha elektron pochta orqali murojaatlar qilishgan. Afsuski, bu murojaatlarga javob berilmagan. Saytda aloqa uchun telefon raqami ko‘rsatilmagan. Qo‘mitaning murojatlariga qaramay, noto‘g‘ri ma’lumotlarga qo‘mita nomini manba sifatida keltirish holatlari davom etgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Shuni inobatga olgan holda, qo‘mita Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga murojaat qilgan.
“Davlat statistika qo‘mitasi mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosatini ta’minlashga, Ochiq ma’lumotlar portalini rivojlantirib, ochiq ma’lumotlar sohasida ko‘plab xalqaro reyting va indekslarda yuqori o‘rinlarni qayd etib kelmoqda. Qo‘mitaning rasmiy veb-saytidagi ma’lumotlardan xalqaro tashkilotlar ham foydalanayotgani sir emas.
Kechagi holatdan keyin Orginfo.uz veb-saytida ma’lumotlarning ostida saytda berilgan barcha ma’lumotlar norasmiy. Rasmiy ma’lumotlarni tegishli davlat tashkilotlari saytlaridan olishingiz mumkin deb yozib qo‘yila boshladi. Davlat statistika qo‘mitasi nomi ma’lumotlarga manba sifatida olib tashlandi. Bu uchun Orginfo.uz veb-saytiga alohida minnatdorlik bildiramiz.
Davlat statistika qo‘mitasining yagona talabi ham shu edi. Takror bo‘lsa-da, qo‘mitani Orginfo.uz veb-sayti va shu kabi boshqa elektron platformalarning yopilishi yoki ishlashiga qarlishigi yo‘q”, deyiladi Statqo‘mning rasmiy bayonotida.
Masalaning boshqa jihati
Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda kun tartibiga chiqqach, bloger-yurist Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z munosabatini bildirib, sayti muallifiga nisbatan Ichki ishlar bo‘limi tomonidan ochilgan ma’muriy ishda ham xatolar borligini ma’lum qildi.
“Orginfo.uz saytini yaratgan dasturchi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan Andijon viloyati Asaka tumani IIB tomonidan MJtKning 202-2-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) bo‘yicha ma’muriy ish ochilibdi. Ammo bu ayb mutlaqo asossiz qo‘yilgan, deb hisoblayman. Ichki ishlar xodimi yoki shoshib qolgan, yoki malakasizlik qilgan.
202-2-moddada shunday deyiladi: “Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish”.
Xo‘p, Orginfo.uz saytida qanday yolg‘on xabar tarqatilgan? Va bu ma’lumot kimning qadr-qimmatini kamsitibdi? "Milliard tuda, milliard suda" qilayotgan kottakonlarningmi?
Yana bir gap: davlat tashkiloti, umuman olganda birorta yuridik shaxs qadr-qimmati kamsitilgani haqida shikoyat qila olmaydi. Chunki tashkilotning qalbi bo‘lmaydi va o‘z-o‘zidan qadr-qimmati ham yo‘q. Bu modda bilan ish ochish uchun o‘sha qadr-qimmati kamsitilgan SHAXSning shaxsan o‘zi ariza yozishi kerak. Xo‘sh, kim shikoyat yozgan? Shunaqa ariza bormi ichki ishlar qo‘lida?”, deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Voqeaga nisbatan hozircha O‘zkomnazorat ham, Ichki ishlar vazirligi ham munosabat bildirganicha yo‘q.
LiveBarchasi