BAA-O‘zbekiston o‘yinida chipta mashmashasi: ular allaqachon sotilib ketgan

Sport

image

Joriy yilning 5 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 saralash bosqichining hal qiluvchi o‘yinlaridan birini Abu-Dabida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. “Ol-Nahayon” stadionida o‘zbekistonlik muxlislar uchun ajratilgan o‘rinlar uchun esa chiptalar allaqachon sotilib ketgan. Buni chiptalarni olish mumkin bo‘lgan yagona – “Ticketmaster.ae” platformasida ko‘rish mumkin.

Jami 15 ming 894 nafar tomoshbinni sig‘dira oladigan “Ol Nahayon” o‘yingohidan o‘zbekistonlik muxlislar uchun 24, 25 va 26-sektorlar ajratilgan. Ushbu sektorlardan chiptalarni xarid qilish uchun pasport ma’lumotlarini kiritish talab etiladi. Mezbon sektorlardan chipta xarid qilgan mehmon jamoa muxlislarining esa buyurtmalari bekor qilinadi. Ya’ni ularga maxsus ajratilgan sektorlardan boshqa o‘rindan chipta xarid qilish mumkin emas. Olingan chipta bilan esa o‘yinni tomosha qilib bo‘lmaydi. Uni sotib olish sarflangan pul esa 5-10 ish kuni ichida qaytariladi. Odatda faqat ingliz va arab tillarida yuritiladigan ushbu platformaga aynan shu ma’lumot uchun yangi qoida bilan rus tili ham qo‘shilgan. Bu esa ko‘plab o‘zbekistonlik muxlislar orasida norozilik va muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

“Agar rostdan ham BAA rezidenti bo‘lgan o‘zbekistonliklarning chiptasi “kuyadigan bo‘lsa”, bunisi endi g‘irt maynavozchilik. Hech bo‘lmaganda bu haqda chipta olishdan avval aytilishi kerak edi, agar bu qoida avvaldan bo‘lganida chipta xarid ham qila olmagan bo‘lardik”, deb yozadi “Sabitov” Telegram-kanali mullifi.

Muxlislarning bildirishicha, chiptalar sotilishi e’lon qilingan zahoti tugab qolgan.

“O‘yinga chipta chiqqan kuni to‘la saytda o‘tirdik. Umuman sotib olib bo‘lmadi-ku, xammasi sotib bo‘lingan ekan bir vaqtni o‘zida”, deya xitob qiladi muxlislardan biri.

Yana bir sayohat agentligi mutaxxassisi Jamshid Sunnatovning aytishicha, hamma uchun 5,5 dollardan sotilgan chiptalar “optom” sotib olingan bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston terma jamoasi fan klubi uchun ajratilgan fan zona chiptalarining narxi esa 100 dollardan va ularni faqatgina “hammaga tanish bo‘lgan bir bloger” tarqata oladi. Bundan tashqari, odatda BAA uchun 300-400 dollar bo‘lgan tur paketlar narxi futbol arafasida 650-700 dollarga ko‘tarilib ketgan.

Bungacha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mazkur uchrashuvga qiziqish yuqori bo‘lgani uchun ayrim turistik kompaniyalar tomonidan muxlislarga o‘yin chiptalari kafolatlangan tur paketlar taklif etilayotganini bildirib, futbol muxlislaridan “o‘yin chiptasi kafolatlangan” paketlarni xarid qilish bo‘yicha bir necha bor ogohlantirgan edi.

Ma’lumot uchun, BAA-O‘zbekiston bahsi Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi. Hozirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi “A” guruhidan o‘rin olgan va 8 ta turda 17 ochko jamg‘argan holda 2-o‘rinni egallab turibdi. BAAda 13, Qatarda 10 ochko bor hamda mos ravishda 3 va 4-o‘rinlarni band etgan. Amirliklarga qarshi o‘yindagi durang ham O‘zbekiston terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqadi. Shu jihatdan mazkur o‘yinning ahamiyati juda yuqori va O‘zbekiston MTJ o‘z tarixida ilk bor Jahon birinchiligiga yo‘llanmani BAAda nishonlashi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

chipta O'zbekiston milliy terma jamoasi BAA-O'zbekiston Ol Nahayon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing