Hammasi xayoldan boshlanadi

Bu qiziq

image

2015 yil. 10 noyabrdan 11 noyabrgacha o‘tar kechasi. O‘shanda havo salqinroq edi. Tungi soat 00:01 da QALAMPIR.UZ faoliyatiga start berishni reja qilgandik. Texnik nosozliklar sabab 00:01 dagi reja amalga oshmagan. Sayt ertasi kuni tushga yaqin ishlay boshlagan. Shukr, o‘shandan buyon tinimimiz yo‘q. O‘shandan buyon uyg‘oqmiz. O‘shandan buyon ogohmiz. O‘shandan buyon quvonchdamiz. O‘shandan buyon...

6 yoshdamiz. Siz uchun hech narsa emasdir, hatto, biz tavallud topgan kun u qadar muhim voqea bo‘lmasligi ham mumkin. Ammo siz biz uchun muhimsiz. Boru yo‘g‘ingiz, alam-tashvishlaringiz, dardlaringiz, kulgularingiz, mazax qilishingiz, xatolarimizni aytishingiz bilan keraksiz bizga. Bilamiz, orangizda QALAMPIR'ning maqolalari sabab mushkuli oson bo‘lganlar, muammosi yechilganlar bor. Dardiga malham topganlar talay.

6 yilda O‘zbekistonning eng ko‘p kuzatuvchiga ega yetakchi saytlaridan biriga, kimlar uchundir yagonasiga aylandik. Ilk kundan buyon Yer bizning atrofimizda, biz Yer atrofida aylanamiz.

Ko‘pincha tunlarimiz bedor o‘tadi. Sevimli ishimiz turganda aniq ish vaqti, tushlik, qarindosh-urug‘nikidagi to‘y-hasham, ba’zan motam ham chetda qoladi. Halovat yot, rohat begona. Ishimiz – bu. Faxrlanamiz, sevamiz, ardoqlaymiz!

Ba’zan bosim bo‘lganda, jurnalistlarimiz tazyiqqa uchraganda, bizga tahdid qilishganda ham odamlar oldidagi majburiyatimiz, burchimizni unutmadik. Har qanday holatda ham Vatanni sevish, qonuniylikni ta’minlash, inson huquqlariga xizmat qilish ishimizning bosh mezoni bo‘ldi. 

Ofisimizning har qarichi bizga kimligimiz va nima uchun ishlayotganimizni eslatib turadi. Ishxonaga kirib kelishda bizni jadid bobomiz Abdulhamid Cho‘lponning “Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir!” so‘zlari kutib oladi. Chap devordan o‘rin olgan O‘zbekistondagi ilk gazetalarning nusxalari va yozuv mashinasi jurnalistikamizning tarixidan so‘z ochib, yelkamizdagi yukning mas’uliyatini his qilishimizga undaydi. Cho‘lponning so‘zlarini bezab turgan loy suvoq devor, chopon va qiyiqcha xalqimizning buyuk va shonli o‘tmishini doim yodga solib turadi.

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka va inson huquqlarining toptalishi, qamoqxonalardagi qiynoqlarga qarshilik aks etgan illyustratsiyalar ham bugun odamlarni qiynayotgan muammolardan yuz o‘girolmasligimizni aytib turgandek. 

Biz har kuni odamlar orasidamiz. Goh dard chekayotgan, goh nohaqlikka uchragan, adolatsizlik qurboni bo‘lganlar qarshisida mikrofon tutamiz. Aynan shunday vaziyatlarda ofisning majlislar xonasida yozilgan ta’mal qoidalarimiz yodga tushadi: jasorat, adolat, vijdon, mas’uliyat, irfon, ishonch. Bularsiz na o‘zimizni jurnalist, na QALAMPIR’ni odamlar ishona oladigan OAV sifatida tasavvur qilamiz.

Shuningdek, ish joyimizda har bir devor jamiyatdagi muammolarga qaratilgan. Ularda har qanday demokratik jamiyatning oynasi so‘z erkinligi bo‘lishi va mustaqil matbuotsiz demokratik jamiyat qurib bo‘lmasligi, ekologiyani asramay turib, insoniyatning kelajagi haqida o‘y-xayol qilish, reja tuzish absurdligi, butun dunyoda davom etayotgan urushlar, qirg‘inbarotlar va siyosiy o‘yinlarning asosiy qurboni asosan bolalar bo‘layotgani, bugun oila bo‘lib yashashning o‘zi kamlik qilishi, balki har bir oila o‘z uyida, o‘z tomi ostida yashashi kerakligi g‘oyalari aks etgan. 

Biz bu suratlarni har kuni, har daqiqada ko‘ramiz. Shuning uchun uyg‘oqmiz, shuning uchun ogohmiz, shuning uchun oyog‘imiz yerdan uzilmagan. 

Biz bu kunlarni xayol qilgandik.

6 yoshing muborak QALAMPIRim!


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

100

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing