Eng yaxshilar aniqlangan hafta

Tahlil

O‘zbek sporti uchun shov-shuvli, mushohadali, mulohazali yil yakunlanib bormoqda. 2024 yil ortda qolar ekan Sport tashkilotlari yil davomida o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan nomlarni aniqlash, ularni taqdirlash va yillik hisobotlarini keng jamoatchilikka yetkazish ishlari bilan band. Yil yakuniga kelib, bukmekerlik faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilishi aniq bo‘ldi, O‘zbekistonda professional darajada, mamlakat chempionatlarida to‘p tepadigan futbolchilar uchun minimum maosh miqdori belgilandi va yil davomida tillardan tushmagan Abduqodir Husanov hamda Abbosbek Fayzullayevning bozor qiymati sezilarli darajada oshdi.

Shu va boshqa muhim voqeliklar bilan bugun doimgidek QALAMPIR.UZ’ning sport dayjestida so‘z ochamiz. Assalomu alaykum.

O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatiga ruxsat berilmoqda

6 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Joriy yilning 19 aprel kuni qabul qilingan Prezident farmoniga muvofiq, stavkalar va o‘yinlarning yagona davlat registri yuritiladi. Unda o‘yinchilar, cheklovlar, shuningdek, o‘yinlarda sarflash mumkin bo‘lgan mablag‘lar bo‘yicha limitlar hamda moliyaviy tranzaksiyalar yuritiladi.

Litsenziya talablariga ko‘ra, bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi ustav kapitali kamida BHMning 150 ming baravari miqdorida (56 mlrd 250 mln so‘m), lotereya tashkilotchisining ustav kapitali esa 55 ming baravar (20 mlrd 625 mln so‘m) miqdorida bo‘lishi lozim.

Bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga litsenziya uchun ariza berilganda BHMning 500 baravari (187,5 mln so‘m) miqdori yig‘im olinadi. Litsenziya o‘zgartirilganda, litsenziya uchun to‘lovning 50 foiz miqdorida to‘lov qilinadi.

Shuningdek, lotoreya tashkilotchisi o‘yin hajmining 0,1 foiz miqdorida mablag‘ni litsenziyalovchi tashkilot hisobiga o‘tkazib turadi.

Ushbu qoidalar “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga bukmekerlik faoliyatini litsenziyalashga oid tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandan so‘ng kuchga kiradi.

O‘zPFL futbolchilarga minimum maosh miqdorini belgiladi

O‘zbekiston Professional futbol ligasidan ro‘yxatdan o‘tgan har bir futbolchiga klubi tomonidan 5 million 775 ming so‘m maosh olishi belgilab qo‘yildi. Bu haqda liga matbuot xizmati xabar berdi.

“Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, professional futbol klublarida oylik-maoshlarning yuqori miqdori oshishda davom etmoqda, biroq yosh iqtidorlarni rag‘batlantirish masalasida qator muammolar mavjud. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ko‘rinishida maosh olayotgan futbolchida o‘zining oylik chiqimlarini qoplash bilan bog‘liq qiyinchiliklar bor. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi hamkorlikda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga mazkur masalada qo‘shma taklif kiritdi. Har uch tashkilot hamkorlikda yakdil qaror qabul qilguniga qadar, Liga mehnatga haq to‘lashning besh barobar miqdoridan kam bo‘lgan mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmaydi”, deyiladi manba xabarida.

Parallel ravishda “Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglament”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ustida ish olib borilmoqda. Tez orada bu masalada ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ladi. Bunda professional futbolchi maqomi qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mashg‘ulot kompensatsiyasi va shu bilan bog‘liq masalalar yanada aniqroq ko‘rinishda tartibga solinadi hamda kelishish uchun FIFA'ga taqdim etiladi.

O‘zbekiston Osiyoning eng qimmat 3-terma jamoasiga aylandi

Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullayevning transfer narxi sezilarli darajada oshishi natijasida O‘zbekiston terma jamoasi Osiyoning eng qimmat 3-jamoasiga aylandi. Bu haqda “Transfermarkt” xabar berdi.

Hozirga kelib, "oq bo‘rilar"ning transfer qiymati 48,1 million yevroga yetdi. Srechko Katanets shogirdlari bu borada Eron terma jamoasini ortda qoldirdi. Forslar terma jamoasining umumiy qiymati 47,9 million yevroni tashkil etmoqda.

289 million yevrolik qiymat bilan Yaponiya terma jamoasi Osiyoning eng qimmat jamoasi bo‘lib turibdi. 2-o‘rinni band etgan Janubiy Koreya terma jamoasining narxi esa 163,8 million yevroga baholangan.

O‘zbekistonlik bokschi raqibini tishlagani uchun Osiyo chempionligidan mahrum bo‘ldi

Yaqindagina Tailandda bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining -71 kg vaznida oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik Havasbek Asadullayev finalda qozog‘istonlik raqibini mag‘lub etgan bo‘lsa ham, jangda qilgan qoidabuzarligi uchun diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda Osiyo boks konfederatsiyasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ablayxon Jusupovga qarshi jang qilgan Asadullayev IBA o‘yin qoidalarining 21.1.8 bandi bo‘yicha tasniflangan harakatni amalga oshirgan, ya’ni o‘zbekistonlik bokschi epizodlardan birida raqibini tishlab olgan, bu vaziyat esa hakam tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan. 

Qozog‘iston boks federatsiyasi esa holat yuzasidan e’tiroz bildirib, Osiyo boks konfederatsiyasiga xat yo‘lladi va tashkilot Qozog‘iston tomonining e’tirozini ijobiy hal qildi.

Qozog‘iston boks federatsiyasi yuborgan norozilikdan so‘ng Osiyo chempionatining texnik vakili Sadi Daffi Asadullayevni jangdagi jiddiy qoidabuzarligi uchun diskvalifikatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Asadullayevga tayinlangan cheklov qancha muddat amal qilishi ma’lum emas.

Boks qoidalarining 19.8.1 bandiga ko‘ra, bokschi biror sababga ko‘ra diskvalifikatsiya qilinsa, uning raqibi jang g‘olibi deb e’lon qilinadi.

Konfederatsiya muvaqqat prezidenti Aziz Kojambetov Asadullayev diskvalifikatsiya qilinganidan keyin qozog‘istonlik Ablayxon Jusupovni 71 kg vazn toifasida g‘olib ekanini e’lon qildi.

Shunday qilib, O‘zbekiston erkaklar boks terma jamoasining Osiyo chempionatidagi medallari soni 1 taga kamaydi va oltin medallari soni 7 taga tushib qoldi.

Genetik mojaroga sabab bo‘lgan Xelif Google'da eng ko‘p qidirilgan sportchi bo‘ldi 

Google qidiruv tizimi foydalanuvchilarning internetdagi so‘rovlari asosida 2024 yil yakunlarini sarhisob qildi va natijalarga ko‘ra barcha sportchilar orasida mashhurlik bo‘yicha birinchi o‘rinni gender testlari mojarosi bilan tanilgan 25 yoshli jazoirlik Olimpiya chempioni Iman Xelif egalladi.

Bu borada Xelif bu boradagi reytingda 1-pog‘onani band etgan bo‘lsa, amerikalik afsonaviy bokschi Mayk Tayson bu borada 2-o‘rinni egalladi. Kuchli uchlikka Barselona futbolchisi Lamin Yamal yakun yasab berdi. 

2024 yilda Google'da eng ko‘p qiziqishga sabab bo‘lgan sportchilar:

  • Imon Xelif – Jazoirlik boks bo‘yicha 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari chempioni;
  • Mayk Tayson – afsonaviy amerikalik bokschi;
  • Lamin Yamal – “Barselona” klubining yosh va iqtidorli ispaniyalik futbolchisi;
  • Simone Biles – amerikalik gimnastikachi, yetti karra Olimpiya chempioni va 23 karra jahon chempioni;
  • Jeyk Pol – noyabr oyida Mayk Taysonni mag‘lub etgan amerikalik sport blogeri va professional bokschi.

Qayd etish joiz, Xelif 2023 yilda Hindistonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) Jahon chempionatida gender testidan o‘ta olmagandi. Shuningdek, Tayvan vakili Lin Yuting ham o‘sha chempionatda xuddi shunday sinovdan o‘ta olmagan, biroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi har ikki sportchining 2024 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishini ma’qulladi va  Xelif 66 kg vazn toifasida Parij Olimpadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Abduqodir Husanov Abbosbek Fayzullaev Iman Xelif Havasbek Asadullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing