Neft “akulasi”. Kaftida dunyo pulini tutgan Rokfeller
Bu qiziq
−
03 noyabr 2021
31393
“Agar sizning yagona maqsadingiz boyib ketish bo‘lsa, unga hech qachon erisha olmaysiz”.
Jon Rokfeller
Dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatini tuzib keluvchi “Forbes” jurnalining ma’lumotlariga ko‘ra, “Moët Hennessy – Louis Vuitton” kompaniyasining rahbari Bernar Arno hozirda jahonning eng badavlat insoni ekan. Ammo, bir shaxs borki, u bugungi milliarderlardan ancha boyroq va hamon eng badavlat inson sifatida tarixda qolmoqda.
Bugun sizga tanishtirmoqchi bo‘lgan qahramonimizning boylik rekordini hali hech bir milliarder yangilagani yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, uning boyligi 428 milliard dollarni tashkil etadi. Hayratlanarli raqam to‘g‘rimi? Kutib oling, Amerikadagi yovvoyi kapitalizm “akulasi”, birinchi neft magnati Jon Rokfeller.
Bolaligida 100 ming dollar pul ishlab topishga va 100 yoshgacha yashashga va’da berib, ikkala va’dasining ustidan qisman chiqqan inson qanday fikrlagani qiziq bo‘lsa kerak. Bugun, “Standart Oil” kompaniyasining asoschisi Jon Rokfellerning hayotiga xolisona nazar tashlaymiz. Xo‘sh, Jon Rokfeller o‘zi kim: xasis va ochko‘z olib sotarmi yoki ko‘pchilik biznesmenlar o‘xshashga harakat qiladigan tadbirkormi? Quyida ushbu savollarga javob topamiz.
Rokfellerning bolaligi
1839 yil AQSH mustaqillik bayramidan to‘rt kun o‘tib, aniqrog‘i 8 iyul kuni Nyu-Yorkning Richford shaharchasi yaqinidagi Uilyam Everi Rokfeller oilasida ikkinchi o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Ona o‘g‘liga Jon deb ism qo‘ydi.
Bo‘lajak milliarderning onasi Luiza Devison xudojo‘y protestant bo‘lib, bolalarga dars berar edi. Rokfellerning otasi unchalik oilaparvar inson bo‘lmagan. U duch kelgan ishni qilib ko‘rar, daraxt kesishdan tortib, sutxo‘rlikkacha kasb qilgandi. Shu sababli, oilada farzand tarbiyasi bilan ko‘proq ona shug‘ullangan. Yosh Rokfeller otasini unchalik yoqtirmas, katta bo‘lgani sayin xarakteri onasiga o‘xshab borar edi. U maqsad sari intiluvchan, kam gap inson bo‘lib ulg‘aydi. Uilyam Everi o‘z farzandlarini boshqa otalar kabi erkalamasdi. U o‘g‘illarini yoshligidan o‘z kuchiga ishonishga va pul topishga undab kelgan. Hatto, qattiqqo‘l ota o‘z farzandlariga shirinlikni tekinga bermagan. “O‘g‘lim shirinlik xohlaysanmi, unda pulini to‘la. Pul topishni istaysanmi, unda uydagi idishlarni yuv”. Shu yo‘l bilan u bolalariga savdo-sotiq qoidalarini o‘rgatib bordi.
Yetti yoshida bo‘lajak neft magnati fermaga ishga kirdi. Fermada u kartoshka yig‘ish va chorva mollarini parvarish qilish bilan shug‘ullanib, kelajagi uchun o‘z kapitalini to‘play boshladi. Rokfeller o‘zining “Rockefeller how I made 500 million”, nomli kitobida shunday yozadi:
“Yosh bo‘lishimga qaramay, har bir harakatim haqida uzoq o‘ylardim”.
Rokfeller oylik maoshga ishlashni yomon ko‘rgan. Uning fikricha, u pul uchun emas, pul u uchun ishlashi kerak edi. Otasidan biznesning ilk saboqlarini o‘zlashtirgan Rokfeller, shirinliklarni ulgurji narxlarda sotib olib, maktabdagi do‘stlariga qimmatroq narxda sotishni va foiz evaziga pul berishni o‘ziga odat qilib oladi. U o‘z pulini har doim hisob-kitob qilib yurgan. Ulg‘aygach, kurka jo‘jalarini bir muddat boqib, fermerlarga sotish bilan shug‘ullangan. Maktabni tamomlagach, Jon Rokfeller tijorat kollejiga o‘qishga kiradi. Lekin, bir muddat o‘tgach, u “kerakli bilimlarni olish uchun menga uch oylik buxgalteriya kurslari yetarli”, degan xulosaga kelib, o‘qishni tashlab ketadi.
Rokfellerning oilasi
Jon Rokfeller 25 yoshida Laura Spelman ismli yahudiy qizni sevib qoladi. Qiz milliarderni o‘zining taqvodorligi bilan rom etadi. Tez orada, ikki sevishgan turmush qurishdi. Vaqt o‘tib, oilada to‘rt qiz va bir o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Jonning rafiqasi unga nafaqat sevimli ayol, balki haqiqiy yordamchi va ilhom parisi bo‘ldi. Jon Rokfeller o‘zining kitoblarida “muvaffaqiyatga erishishimga aynan ayolimning qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lgan”, deb yozgan.
Birinchi va oxirgi ish
1855 yil Jon Rokfellerga muvaffaqiyat keltirdi. O‘sha yili u “Jon Hewitt & Tuttle” korxonasiga buxgalter bo‘lib ishga kirdi. Ishbilarmon yigitning boshlang‘ich maoshi 17 dollar edi. Rokfeller pul to‘plashni o‘ylamasdan, o‘z ustida ishlashda davom etdi. Bir necha oydan so‘ng, uning ish haqi 25 dollarga ko‘tarildi. Kompaniya rahbarlari yosh yigitchada boshqaruvchilik qobiliyatini ko‘ra olishdi. Unga kompaniya menejeri lavozimini va 600 dollarlik maosh taklif qilishdi. O‘sha vaqtda, AQSHda o‘rtacha oylik 50 dollar bo‘lgan. Bu farovon hayot uchun tekin chipta edi. Biroq, bu taklif yosh milliarderga yoqmadi. Chunki, kompaniyaning Jondan avvalgi sobiq menejeri ikki ming dollar maosh olgan. Shunday qilib, Rokfeller kompaniyada bir yildan ko‘proq ishlaganidan so‘ng, ishdan ketadi.
Dastlabki biznes
“Pul hamisha sizning foydangizga ishlasin”. Bu Jon Rokfellerning hayotdagi asosiy qoidasi bo‘lgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uni oddiy ish o‘rinlari qiziqtirmagan. Jon o‘z kelajagini biznesda ko‘rdi. O‘sha paytda kollejdagi sobiq kursdoshi Moris Klark biznes ochish uchun sherik izlayotganini eshitib, buni zo‘r imkoniyat, deb hisobladi.
Albatta, o‘z biznesingizni ochish uchun boshlang‘ich kapital kerak. Shu sababli Rokfeller otasidan foiz evaziga 1200 dollar qarz olishga qaror qildi. Bundan tashqari, uning o‘zi jamg‘argan 800 dollar puli ham bo‘lgan. Shu tariqa, Rokfeller Moris Klark bilan birgalikda ilk firmasini ochdi. Kompaniya turli-tuman mahsulot savdosi bilan shug‘ullandi. Xususan, go‘sht, sigaret, mato va boshqalar. Rokfellerning hisobchilik tajribasi qo‘l kelib, kompaniya ishlari rivojlanib ketdi. Ular biznes uchun tikilgan pullarni bir yil ichida foyda bilan chiqarib olishdi.
1861 yil AQSHda boshlangan fuqarolar urushi vaqtida Rokfellerning kompaniyasi harbiy buyurtmalar olib, boyib ketdi. Neft magnati “urush vaqtida ikkala tomonni qo‘llab turgan”, degan mish-mish bor. Ammo, bu noto‘g‘ri. Sababi, Rofellerning o‘zi quldorlikka qarshi bo‘lgan. Xullas, ikki yil ichida kompaniya daromadi shu darajada ko‘paydiki, biznes hamkorlar pulni qayerga qo‘yishni bilmay qolishdi.
Neft vasvasasi
XIX asr boshlarida chiroq yoqish uchun asosan kit yog‘idan foydalanilgan. Lekin, asr o‘rtalariga kelib dengizda kit soni keskin kamayib ketdi. Bu esa o‘z-o‘zidan kit yog‘ining narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. XIX asrning ikkinchi yarmida AQSHda ilk neftni qayta ishlash zavodi qurildi. Buning natijasida, chiroq uchun kit yog‘i emas, kerasin ishlatish ommalashdi. Shundan so‘ng, AQSHda ommaviy neft qazib olish jarayoni boshlandi. Ayni shu vaqtda Rofeller kelajakning neft orqali bunyod bo‘lishini his qilib, o‘zining kichik neft zavodini qurishga qaror qildi.
Jon Rofeller o‘z sherigi Moris Klarkning kompaniyadagi barcha ulushini sotib oldi. Klarkning o‘rniga u juda iqtidorli va tajribali kimyogar Semyuel Endryusga hamkorlik taklif qildi. Sababi, Semyuel neftni qayta ishlash bo‘yicha yangi uslubni kashf etgan edi.
“Standart Oil”
1870 yilda Jon Rokfeller o‘zining neftni qayta ishlab chiqaruvchi “Standart Oil” zavodini ishga tushirdi. Tez orada, “Standart Oil” eng sifatli kerasin ishlab chiqarishni, parafin, vazelin va eng asosiysi maksimal chiqindisiz neftni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydi. Qizig‘i, Rokfeller o‘z ishchilariga korxona aksiyalarini ulush qilib bergan. Bu esa ishchilarga yanada samarali ishlashi uchun rag‘bat bo‘lib xizmat qildi. Chunki, ularning oylik maoshi aynan kompaniyaning ahvoliga bog‘liq bo‘lgan.
Vaqt o‘tishi bilan Rokfeller o‘z raqiblarini “yo‘q qila” boshladi. Ya’ni hech qanday qon to‘kishsiz, ur-yiqitsiz raqiblarini o‘yindan chiqardi. Qaday qilib, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. 1850 yildan neftni qazib chiqarish ommaviy tus oldi. Bozorda neftning ko‘payishi, qora oltin narxini keskin pasaytirib yubordi. Buning natijasida, ko‘plab neft ishlab chiqaruvchi mayda zavodlar inqirozga uchradi. Bu vaziyatda temirni qizig‘ida bosib qolgan Rokfeller, kasodga uchragan korxonalarni sotib oldi. Bir yildan so‘ng, “Standart Oil” kompaniyasi Amerika neftining to‘rt foiziga egalik qila boshladi.
AQSHning Dulut shaharida temir yo‘l qurilishini o‘z bo‘yniga olgan tashkilot kutilmaganda moliyaviy inqirozga uchradi. Bu korxona foiz evaziga Jon Rokfellerdan qarz olishga majbur bo‘ldi. Qarz berish orqali Rokfeller temir yo‘l nazoratini asta-sekin o‘z nazoratiga oldi. Bo‘lajak neft magnati o‘z mahsulotini temir yo‘l orqali, arzonroq narxga AQSH bo‘ylab tarqatishni boshladi. Butun mamlakat bo‘ylab birgina “Standart Oil” kompaniyasi bir barrel neft tashish uchun 10 sent sarflagan.
Rokfellerga qarshi urush
Vaqt o‘tishi bilan temir yo‘l kompaniyalari Rokfellerdan norozi bo‘la boshladi. Ular Rokfellerga qarshi turish maqsadida, temir yo‘llarning yagona kartelini (birlashmasini) yaratishdi. Tom Skott yirik temir yo‘l kompaniyasining prezidenti edi, u o‘zining eng xavfli raqibi bilan birlashdi. Birgalikda ular Rokfellerni biznesdan chiqarib tashlashmoqchi bo‘ldi. Rokfeller buni urush boshlashga da’vat sifatida qabul qildi. U neftni tashishning yangi usullarini qidirishni boshladi. U kutilmagan yechimni topishga muvaffaq bo‘ldi. Zavodda u neftning katta quvurlar bo‘yicha haydab o‘tkizilayotganini ko‘rdi va agarda u yetarlicha uzun quvurni o‘tkaza olsa, butun temir yo‘l infratuzilmasiga kuchli zarba bera olishini tushundi. Lekin bunday qurilish nihoyatda katta mablag‘ talab qilardi. Boshqa tarafdan olib qaraganda, hammasi u o‘ylaganidek bo‘lsa, Rokfeller temir yo‘l kompaniyalariga tobe bo‘lmas edi. Qurilish ishlari uzluksiz ravishda, hattoki tunda ham to‘xtatilmadi. Quvurning umumiy uzunligi 6000 kilometrdan oshib, quduqlardan chiqayotgan neftni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rokfellerning zavodlariga yetkazib berdi.
Bu temir yo‘l kompaniyalar uchun nihoyatda og‘ir zarba bo‘ldi, ularning aksiyalari qulab tushdi. Investorlar katta zarar ko‘rdi, sababi temir yo‘l daromadining 40 foizi aynan Rokfellerning neftini tashishga to‘g‘ri kelardi. 360 ta temir yo‘l kompaniyasi bankrotlikka uchradi. Bu iqtisodiyotga qaqshatqich zarba bo‘ldi va mamlakat misli ko‘rilmagan tushkunlik holatiga tushib qoldi. Buning natijasida, temir yo‘l biznesi deyarli barbod bo‘ldi. Rokfeller o‘z raqiblarini sotib olishda davom etdi, u aksariyat kompaniyalarni juda ham kulgili narxlarda xarid qildi. Jon Rokfeller raqiblarining oldiga ikkita tanlovni qo‘ydi. U bilan birlashish yoki inqirozga uchrash. Ularning aksariyati ulush evaziga “Standart Oil” kompaniyasiga qo‘shildi. 1880 yilga kelib, Rokfeller Amerika neftning 95 foizini o‘z qo‘liga oldi. Shu tariqa, “Standart Oil” dunyodagi eng yirik neft kompaniyasiga aylandi.
Monopoliyaning sinishi
1901 yilda AQSHda hokimiyat tepasiga Teodor Ruzvelt keldi. U monopoliyaga qarshi siyosat olib bordi. Antimonopol surishtiruv natijasida, neft magnati depressiyaga tushib qoldi va asab kasalligiga chalindi. Bu kasallik oqibatida Rokfellerning barcha sochlari to‘kilib ketdi.
Rokfeller biznesining asil ko‘lamini prokuror, politsiya yoki hukumat komissiyasi emas, balki oddiy jurnalist ayol Ida Tarbell fosh etdi. Ida Tarbell Rokfeller haqida kerakli maxfiy ma’lumotlarni to‘plash uchun bir o‘zi butun mamlakatni kezib chiqdi. U yozgan maqola AQSHda katta shov-shuv keltirib chiqardi. Hukumat “Standart Oil” kompaniyasini bo‘lishni talab qildi.
1911 yilda Jon Rokfeller o‘z korporatsiyasini 34 ta kichik kompaniyalarga bo‘lib, aksiyalarining ustidan o‘z nazoratini mustahkamladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, “Standart Oil” kompaniyasi har yili Rokfellerga 3 million dollar foyda keltirgan. Ma’lumotlarga qaraganda, 1910 yilga kelib Rokfeller o‘n oltita temir yo‘l va oltita po‘lat kompaniyasi, to‘qqizta ko‘chmas mulk firmasi, oltita yuk tashish kompaniyasi, to‘qqizta bank va uchta apelsin bog‘iga ega bo‘lgan.
Shaxsiy imidj
Jon Rokfeller qimmatbaho kiyimlarni yoqtirmagan. U har doim kostyum kiyib yurishni o‘zi uchun afzal, deb hisoblagan. Rokfeller somondan to‘qilgan shlyapalarni yaxshi ko‘rgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u asosan shlyapa bilan suratga tushgan.
Rokfeller “Standart Oil” kompaniyasining direktorlar kengashidan ketgach, o‘zini butkul savobli ishlarga baxshida qildi. U ta’lim, ilm-fan, tibbiyot va san’at uchun pul ajrata boshladi. Umrining oxirga kelib Rokfeller 550 million dollar pulini ehson qilib yubordi. Bu ma’lumotni o‘qib ba’zilarda “nihoyat insoniyat oldidagi qarzini uzibdi”, degan fikr uyg‘onishi mumkin. Aslida unday emas. Rokfeller oyiga 16 dollar pul topgan vaqtida ham muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zgan. U umri davomida daromadining 10 foizni cherkovga xayriya qilgan.
XX asrda Rokfellerning ismi boylik timsoliga aylandi. U o‘z boyligini AQSHdagi boshqa millionerlar kabi ko‘z-ko‘z qilmadi. Jon Rokfeller yuz yil yashamoqchi edi. Biroq, bunday bo‘lmadi. 1937 yil 23 may kuni dunyoning birinchi milliarderi 98 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. U nafaqat kapitalizm rivojlanishida ahamiyatli shaxs bo‘la oldi, balki bo‘lajak milliarderlar uchun ayrim an’analarga asos solib ketdi. Aynan undan keyin, har bir biznesmen daromadining bir qismini xayriyaga sarf qilishni odat qilib oldi. Xo‘sh, Jon Rokfeller o‘zi kim? Xasis va ochko‘z olib sotarmi yoki ko‘pchilik biznesmenlar o‘xshashga harakat qiladigan tadbirkormi? Xulosa o‘zingizdan.
LiveBarchasi