AQSH Afg‘onistonda qoldirib ketgan harbiy texnika butun dunyo uchun katta muammoligi aytildi
Olam
−
02 noyabr 2021
14208Afg‘onistonda tashlab ketilgan Amerika qurollari noqonuniy bozorga kirib, butun dunyo uchun muammoga aylanishi mumkin. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha Federal xizmati rahbari Dmitriy Shugayev RBKga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Amerikaliklarning aqldan ozdiradigan miqdorda qurol va harbiy texnikani tashlab ketgani nafaqat Afg‘oniston uchun, balki butun dunyo uchun katta muammoga aylandi. Jumladan, Afg‘oniston hududida turli xalqaro terrorchilik tashkilotlari faoliyat yuritmoqda va ushbu qurollar ularning qo‘liga tushishi istisno qilinmagan, agar, allaqachon, tushmagan bo‘lsa”, deydi Shugayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qurollar noqonuniy bozorga ham kirishi mumkin.
“Ya’ni, [amerikaliklar tashlab ketgan qurollar] dunyoning istalgan nuqtasida bo‘lishi mumkin. Bizni juda yoqimsiz syurprizlar kutayotgani istisno qilinmagan. Qolaversa, Qo‘shma Shtatlar u yerda juda jiddiy uskunalar qoldirgan”, deya ta’kidladi u.
Eslatib o‘tamiz, AQSHning Afg‘onistonda qurollar va harbiy texnikasini tashlab ketganiga Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham to‘xtalib o‘tgan va qoldirilgan harbiy uskunalarning qiymatini 85 milliard dollardan ortiqqa baholagan. Xuddi shunday ko‘rsatkichni AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp ham aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH tarixida eng uzoq – 20 yil davom etgan harbiy operatsiya joriy yilining 31 avgust kuni yakunlandi. Bu bilan birga Afg‘onistondan AQSH harbiylari va fuqarolarini evakuatsiya qilish ham nihoyasiga yetdi. Ahamiyatlisi, amerikaliklar mamlakatni tark etishga ulgurmasidan joriy yilning 15 avgust kuni "Tolibon" harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi.
Ma’lumot o‘rinda, 2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlari olib chiqib ketildi. Biroq, 20 yil davomida to‘plangan harbiy texnikaning katta qismi ushbu davlatda qolib ketdi.
LiveBarchasi