“Talaba qizlarga nisbatan shilqimlik – jiddiy muammo”. Mirziyoyeva pedagogika universitetidagi zo‘ravonlik haqida

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent davlat pedagogika universitetining 3-kursida tahsil oluvchi talaba qizga dekan o‘rinbosari tegajog‘lik qilib, niyatiga yetolmagach uni derazadan itarib yuborgani haqida xabar bergandik.

Ushbu holatga mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva quyidagicha munosabat bildirdi: 

“OTMda talaba qizlarga nisbatan xarassment (shilqimlik) – jiddiy muammo, Pedagogika universiteti talabasi bilan shu kunlarda sodir bo‘lgan voqea buning yaqqol dalilidir. Lekin, jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz. Albatta, bu haqda ochiq gapirishga jazm qilgan qizlarning jasorati va qat’iyati tahsinga sazovor. Biroq taz’yiq va nohaqlik haqida baralla gapira olmay, dardu hasratini mash’um kabinetlar hamda xotirasining uzoq burchaklariga dafn etganlar qancha!  Jabrdiydaning o‘zini ayblab, tergovni “yopti-yopti” qilib yuborilgan holatlar qancha! Qanchadan-qancha jinoyatchilar ojizani murosaga ko‘ndirgani yoki qo‘rqitib qo‘ygani uchun suvdan quruq chiqqan?”, deya yozadi Mirziyoyeva. 

U, shuningdek, jamiyatda bosh ko‘tarayotgan ushbu muammo haqida ko‘p o‘ylayotgani hamda bu borada bir qator davlat boshqaruv institutlari harakatini birlashtiradigan yirik loyihaga muhtojlik borligini qayd etgan.

“Ayni kunlarda bu haqda tinimsiz o‘ylayapman. Biz bu borada Senat, Bosh prokuratura, IIV va OAVning harakatini birlashtiradigan yirik loyihaga muhtojmiz. Aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart. Zo‘ravonlik qurbonlari ularning nidosini eshitadiganlar va yordam beradiganlar borligiga  ishonchi komil bo‘lishi, zo‘ravonlar esa jazo muqarrar ekanligini anglashi zarur.

Shunda nafaqat o‘qishdan haydash yoki boshqa bahonalar bilan OTM talaba qizlariga tahdid qilishga, balki istalgan boshqa joyda ham lavozim va mavqeini suiste’mol qilish bilan qonunni buzishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deya yozadi u. 

Mirziyoyeva, shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universitetida yuz bergan ushbu holatni jamoatchilik nazoratiga olib chiqqan OAV faoliyatini olqishlagan. 

“Menimcha, qiz-ayollarning huquqlarini himoya qiluvchi bunday OAV faoliyati – katta muvaffaqiyat hamda adolatsizlik va seksizmga toqat qilishni istamaydiganlarning so‘nggi umididir. Fond ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bunday ommaviy axborot vositalarini olqishlashi va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlamoqchiman”, deydi u.  

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 oktyabr kuni Mushtaribonu Kamilova “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev xonasiga kirgan. Dekan xonasidan hamma chiqib ketgach, eshikni qulflab, unga tegajog‘lik qilgan. Qizni divanga yotqizmoqchi bo‘lganda, u qarshilk ko‘rsatgan va deraza oldiga borib qolgan. Niyatiga yetolmagan Bog‘abek Yo‘ldoshev uni itarib yuborgan.

Hozirda Bog‘abek Yo‘ldoshev hibsga olingan. Holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

465

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing