Nega poytaxtda “maska”lilar tungi reydga chiqmoqda? G‘iyosov holat bo‘yicha izoh berdi

Jamiyat

image

Shu kunlarda poytaxt Toshkent ko‘chalarida qora niqobdagi bir guruh askar qurollangan shaxslar va yo‘l-patrul xizmati xodimlari yo‘lning asosiy qatnov qismini to‘sib qo‘ygan holda mashinalarni to‘xtatib, avtomobillar saloni va haydovchilarni tintuv qilayotgani fuqarolar e’tiboriga tushgan. Bunday voqealar asosan eski O‘zbekistonda favqulodda holat e’lon qilinganda yoki davlat tadbirlari oldidan ro‘y berar edi. Mazkur holat bo‘yicha QALAMPIR.UZ Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, bu kabi ishlar maxsus dastur doirasida amalga oshirilmoqda.

“Bizda “Xavfsiz hudud” nomli dastur bor. Mazkur dastur Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilmoqda. Siz yuqorida sanagan holatlar aynan mana shu dastur doirasida amalga oshirilgan”, deydi G‘iyosov.

Bu kabi profilaktik dasturlarning o‘tkazilishi o‘z yo‘liga. Ammo, YPX xodimlari bilan bir qatorda qora “maska”li va qurollangan harbiylarning ham yo‘l yuzida turishi biroz g‘alati emasmi? Ushbu qurollangan shaxslar haydovchilarni va uning mashinasini tekshirishi esa fuqarolarda tabiiyki xavotir uyg‘otadi. Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod va amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuv davomida tadbirkorlar undan “maska-shou”lar qaytarilmasligini kafolatlab berishini so‘rashganini ma’lum qilgandi. Shunday ekan, nima uchun Toshkent ko‘chalarida hamon qora “maska”li harbiylar o‘z faoliyatini erkin olib bormoqda va profilaktik dasturlarda fuqarolarni tekshirmoqda? QALAMPIR.UZ Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovga mazkur savol bilan yuzlanganda, uning javobi quyidagicha bo‘ldi:

— Qanday “maska-shou”?! Prezident nima haqida gapirgan-u, siz nima haqida savol beryapsiz! “Xavfsiz hudud” nomli dastur bor va mazkur dastur doirasida kechki payt profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi. Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda… Ba’zida profilaktika xodimlariga bo‘ysunmaydigan fuqarolar bor yoki ichgan holatda ko‘chada yurgan shaxslar yoki jinoyatchilar bor. Agar hozir Toshkent shahar IIB matbuot xizmati bilan bog‘lansangiz, ushbu tadbir davomida aniqlangan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq aniq statistikani taqdim qiladi.

G‘iyosov so‘zini yakunlarkan, biz aytayotgan “maska-shou” umuman boshqa narsaligini, “Xavfsiz hudud” dasturidagi niqobli harbiylarning ish faoliyati shunday ekanligini ta’kidladi.

G‘iyosov bilan suhbatni yakunlagach, Toshkent shahar IIB Axborot xizmati boshlig‘i Nilufar Isaxonova bilan bog‘landik va undan mazkur profilaktik tadbirlar davomida aniqlangan huquqbuzarliklar bilan bog‘liq statistikani so‘radik.

Isaxonovaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, mazkur profilaktik tadbir davomida Toshkent shahrida oktyabr oyining o‘zida Yo‘l harakati xavfsizligi yo‘nalishi bo‘yicha jami 71 543 ta qo‘pol qoidabuzarliklar aniqlangan. Shundan, mast holatda transport vositasini boshqarish bo‘yicha 4 392 ta, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga rioya qilmaslik holati 11 396 ta, tegishli hujjatlarsiz transport vositasini boshqarish holatlari 17 704 ta, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik holati 1 295 ta, transport vositasiga ovoz so‘ndiruvchi (glushitel), migalka, sirena o‘rnatilgan holatlar 426 tani tashkil etgan. Shuningdek, mazkur tadbir davomida 3 501 ta o‘tkir tig‘li jismlar, 396 ta holatda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, 8 ta holatda hujjatlarni qalbakilashtirish anqilangan. Bundan tashqari, 64 nafar qidiruvdagi shaxslar ham aynan mazkur profilaktik dasturlar doirasida qo‘lga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1405

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing