Allamjonov ketdi
Tahlil
−
02 Oktabr
16366Tarmoqlarda bir oy ko‘rinmay qolsa qidiriladigan, o‘zining ta’biri bilan aytganda doim “aybdor” bo‘lgan, ikki oy avval Prezident Administratsiyasidan ishdan ketgani quloqqa chalinib, bu gal rostdan ham ishdan ketgan Komil Allamjonov endi amaldor emas. Allamjonov endi ishini o‘ziga begona bo‘lmagan xususiy sektorda davom ettiradi. Prezident yordamchisi, davlat rahbarining to‘ng‘ich qizi va davlat amaldori sifatida karerasini Allamjonovga o‘rinbosarlikdan boshlagan va oxirgi paytlarda uning o‘ziga rahbarlik qilgan Saida Mirziyoyeva Komil Allamjonov bilan xayrlasharkan, unga fidokorona xizmati va professionalizmi uchun chuqur minnatdorlik bildirishni unutmadi.
“O‘tgan ikki yil davomida Prezident bergan barcha topshiriqlarga mas’uliyat bilan yondashib, davlat va jamiyat uchun muhim bo‘lgan katta loyihalarni amalga oshirdingiz. Matbuot va ta’lim tizimini takomillashtirishda katta natijalar ko‘rsatdingiz. Buning uchun sizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ishonamizki, siz boshlagan ishlar kelajakda o‘z mevasini beradi”, deydi Prezident yordamchisi.
E’tiborli jihati shundaki, bugungacha PAga kimlar keldi, kimlar ketdi. Bular orasida eng ko‘zga ko‘ringanlari Zaynilobiddin Nizomiddinov va Sardor Umurzoqov bo‘lsa, ularning ikkisi bilan ham bu tarzda xayrlashilmagan edi. Shu taqlid xayrlashilgan bo‘lsa ham u jamoatchilik ko‘zidan yiroq, tasvirga olishlarsiz o‘tdi. Mayli, gapni cho‘zmay, Allamjonovning nutqiga qaytaylik. U ketar chog‘ida ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning maqsad va g‘oyalariga chin yurakdan sodiqligini bayon etdi.
“Men xususiy sektorda faoliyatimni davom ettirib, iqtisodiyotning muhim sohalariga zamonaviy texnologiyalar, investitsiyalar jalb qilishni rejalashtirmoqdaman. Bu orqali yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shish niyatim bor. Yana bir bor sizga katta rahmat”, degan Komil Allamjonov.
Allamjonovning bo‘yog‘iga xususiy sektorda nima bilan shug‘ullanishi hozircha hech kimga ma’lum emas. Har holda u bir emas, bir qancha bizneslar egasi. Ilk biznesini Davlat soliq qo‘mitasida ishlab yurganida boshlagan Allamjonov “Soliq info” gazetasi, "BEM" buxgalterlik faoliyatini avtomatlashtirish dasturi, keyinchalik “Avtotest” avtomaktabi va “Autodriver Study” haydovchilarni imtihon qilish markazi va boshqa ko‘plab loyihalar asoschisi hisoblanadi.Endi u qaysi bizneslarini davom ettiradi va Allamjonovning bugungacha olib borgan faoliyatidagi keng qulochi endigi bizneslariga ta’sir qiladimi yo yo‘q, bunisi bizga qorong‘i.
Endi siz bilan Allamjonovning pastdan to yuqori lavozimgacha qanday ko‘tarilganini ko‘rib chiqamiz. Oxirgi 6-8 yilda birdan yuksalgan Allamjonov dastlabki faoliyatini “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informatsion dasturida boshlagan. Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davriga to‘g‘ri keladi.
Aslida, bu Allamjonovning Prezident Administratsiyasidan birinchi bor ketishi emas. U 2017 yil 1 dekabrdan Asadjon Xo‘jayevning o‘rniga Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi sifatida ish boshlagan edi. Bu lavozimda deyarli bir yil ishlab Administratsiyadan ketgan Allamjonovga o‘sha vaqtdagi Matbuot va axborot agentligini boshqarish topshirildi.
Keyinroq, Prezident imzolagan hujjat bilan tashkilot Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylandi va Allamjonov unga direktor va Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva o‘rinbosar etib tayinlandi. Mirziyoyeva va Allamjonov tandemi ana shunda boshlangan edi. Allamjonov va Mirziyoyev agentlikdagi faoliyatini bir kunda, 2020 yilning yanvarida tugatdi. Va oradan ko‘p o‘tmay, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ochildi. Allamjonov unda direktor, Mirziyoyeva o‘rinbosar bo‘ldi.
Alamjonov oradan to‘rt yil o‘tib, Prezident Administratsiyasiga yuqori lavozimga qaytdi. U 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqovga o‘rinbosar bo‘ldi. O‘sha vaqtlarda bu lavozim, ya’ni o‘rinbosarlik aynan Komil Allamjonov uchun tashkil etilgani aytilgandi. U Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani bois barcha bizneslarini boshqa egalariga topshirganini aytgandi, o‘shanda. Lekin biznesning boshqa egalari kimligi hech kimga ma’lum qilinmagan.
“Bugundan boshlab men barcha biznes loyihalarimni, kompaniyalarimni ham boshqa egalariga topshiraman. Bugundan boshlab men biznesmen emasman. Chunki men manfaatlar to‘qnashuviga mutlaqo qarshiman va qolganlarga ham shuni maslahat beraman”, degan Allamjonov.
Umuman olganda, tadbirkorlikka Soliq qo‘mitasida Matbuot kotibi bo‘lganida qo‘l urgan Allamjonov Administratsiyaga kelib manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik haqida gapirgani juda qiziq. Har holda “Avtotest” va “Milliy TV” ham uning davlat ishida ishlagan vaqtida ochilgan. 2022 yilda Prezident Administratsiyasiga qaytib qo‘shilgan Allamjonov oradan bir yil o‘tar-o‘tmas Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga ko‘tarildi va bu lavozimda ham bir yil ishladi.
Yodingizda bo‘lsa, Allamjonovning Prezident Administratsiyasidan ketgani haqidagi gaplar shu yilning iyul oyida bolalagan edi. U esa temirni qizig‘ida bosib, iyul oyining o‘zida davlat va nodavlat teleradiokanallar hamda boshqa OAV rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazib, hali ham lavozimda ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu yig‘ilishda QALAMPIR.UZ va men shaxsan ishtirok etmagan bo‘lsam-da, uchrashuv tasvirlarini siz singari ijtimoiy tarmoqdan ko‘rdik. Odatda bunday uchrashuvlar 2 mingdan ortiq mediasi bor bo‘lgan O‘zbekistonda tor doiralardagina o‘tkazilishiga o‘rganib ham qolganmiz.
Buni qarangki, oradan ko‘p o‘tmay u haqiqatdan ham Administratsiyadan ketdi. Hamma narsaga aybdor bo‘lgan Allamjonov endi siyosatda emas. Endi Allamjonov amaldor emas. Uning Administratsiyadan ketishini kimdir qulash, kimdir imkoniyat, deb atayapti. Xo‘sh, siz-chi, siz nima deysiz?
Menga qolsa, qanday bo‘lishidan qat’i nazar O‘zbekistonning zamonaviy mediasi tarixiga Allamjonov nomi yozildi, Allamjonov bilan bog‘liq qator voqeliklar bor va bo‘ldi. Garchi xorijiy ekspertlar tomonidan matbuotni nazorat qilishga qaratilgan bunday tashkilot va lavozimlarning bo‘lishi ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lsa-da, Allamjonov ular bilan ham o‘z tarixida muloqot o‘rnata oldi. Ko‘ramiz, bu lavozim Allamjonovdan keyin tugatiladimi yo uning kursisini boshqasi egallaydimi?!
LiveBarchasi