“Tolibon” hukumat tuzishni kechiktirdi. Harakat ichida nizo boshlandimi?
Olam
−
03 Sentabr 2021
14636Bugun, 3 sentyabr kuni “Tolibon” harakati Afg‘onistonning yangi hukumati tarkibini e’lon qilishi kerak edi. Biroq, harakat ushbu jarayon ertaga, 4 sentyabr kuni amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bu haqda “The Times of India” “Tolibon” matbuot kotibi Zabihullo Mujohidga tayanib yozmoqda.
Shu bilan birga, nashr, bir qator manbalariga tayanib yangi hukumatning ehtimoliy rahbari “Tolibon” asoschilaridan biri mulla Abdul G‘ani Barodar bo‘lishini ko‘rsatgan.
Qayd etish kerakki, “TOLOnews” joriy yilning 1 sentyabr kuni “Tolibon” harakati Madaniyat komissiyasi a’zosi Anamulla Samanganiyga tayanib, biroz boshqacha xabar bergan edi. Unda Afg‘onistondagi yangi hukumatni harakat rahbari mulla Haybatulla Oxundzoda boshqarishi mumkinligi aytilgan.
Xuddi o‘sha kuni “Xama press” agentligi Abdul G‘ani Barodar Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri, mulla Yoqub Mudofaa vaziri, Xalifa Haqqoniy (“Tolibon” yetakchilaridan biri Jaloliddin Haqqoniyning o‘g‘li) Ichki ishlar vaziri bo‘lishini yozgandi.
Shu bilan birga, “Hindustan Times” nashrining yozishicha, “Tolibon”ning turli bo‘g‘inlari rahbarlari Afg‘onistonning bo‘lajak hukumatiga iloji boricha ko‘proq ta’sir o‘tkazishga intilib, o‘zaro siyosiy jang olib bormoqda.
Qayd etilishicha, bu jarayonning asosiy ishtirokchilari “Tolibon” harakatining eng faollaridan biri hisoblangan Haqqoniy tarmog‘i rahbarlari hamda harakat asoschisi mulla Umarning o‘g‘li mulla Muhammad Yoqubdir.
Ma’lum bo‘lishicha, Mulla Yoqubga sodiq kuchlar Afg‘onistondagi harakatning tayanchi hisoblangan Qandahorni, Haqqoniy tarmog‘i Qobulni nazorat ostida ushlab turibdi.
LiveBarchasi