O‘rta Chirchiqda ona o‘g‘li vaksinadan o‘lganini aytgandi. SSV ekspertiza xulosasini e’lon qildi

Jamiyat

image

Avvalroq Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi ayolning murojaati aks etgan videolavha tarqalgandi. Unda fuqaro farzandi S.Q.ning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasdan emlangani va buning oqibatida ahvoli og‘irlashib vafot etgani haqida aytgan.

Bugun, 8 sentyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi holat bo‘yicha o‘tkazilgan sud-tibbiy espertizasining yakuniy xulosasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, marhum hayotligida o‘tkir zotiljam, bosh miya va miyachaning menigoensefaliti, epimiokardit kasalliklari bilan og‘rigan bo‘lib, bu xastaliklar uning o‘limi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikka ega ekani aniqlangan. 

Ma’lum qilinishicha, ayolning murojaatidan so‘ng, vazirlik darhol ushbu vaziyatni nazoratga olgan hamda holatni o‘rganish maqsadida tezkor guruh tuzib, O‘rta Chirchiq tumaniga yuborgan.

Tezkor guruh tarkibiga:

  • Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, vazirlik bosh sud-tibbiy eksperti, professor A. Iskandarov; 
  • Saniratiya-epidemiologiya va jamoat salomatligi xizmati immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i D. Tursunova; 
  • bosh infeksionist B. Tadjiyev; 
  • bosh toksikolog A. Stopnitskiy; 
  • bosh terapevt U. Kamilova;
  • bosh allergolog I.  Razikova kabi mutaxassislar kiritilgan edi. 

Qayd etilishicha, mazkur o‘lim holati yuzasidan Nurafshon shahar prokuraturasi tomonidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, vazirlik bosh sud-tibbiy eksperti A. Iskandarov quyidagicha xulosa bergan:

“1983 yil 18 iyunda tug‘ilgan marhum S.Q. shu yilning 10 avgustida soat 11:00 da “Tuyabo‘g‘iz” oilaviy shifokorlik punktida, oilaviy shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, emlashga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmagach, vaksinator hamshira tomonidan emlangan. Vaksina olgandan keyin 20 daqiqa davomida oilaviy shifokor kuzatuvida bo‘lgan va aks ta’sirlar kuzatilmagach, uyiga ruxsat berilgan”.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhum S.Q.ning joriy yil 13 avgust, ya’ni u emlanganidan 3 kun o‘tib yuz bergan o‘limi emlashdan so‘ng, uning sog‘lig‘ida sodir bo‘lgan o‘zgarish va shifokorlar tomonidan tavsiya etilgan preparatlar bilan bog‘liq emasligi aniqlangan. 

Vaholanki, emlashga eng asosiy mon’eliklardan biri hisoblangan anafilaktik shok holati va boshqa salbiy ta’sirlar vaksina qilingandan keyin 30 daqiqa ichidagina ro‘y berishi mumkin. Shu bilan birga, kimyoviy moddalar bilan zaharlanish klinik belgilari ham kuzatilmagan.

Sud-tibbiy espertizaning yakuniy xulosasiga ko‘ra, marhum hayotligida o‘tkir zotiljam, bosh miya va miyachaning menigoensefaliti, epimiokardit kasalliklari bilan og‘rigan bo‘lib, bu xastaliklar uning o‘limi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlikka ega ekani aniqlangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1113

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing