Insoniyatni zir titratgan ekologik ofatlar yoxud Chernobil va Fukusimada nima bo‘lgan edi
Tahlil
−
27 iyul 2021
18304“Falokat ogohlantirmasdan keladi”.
Fyodor Dostoyevskiy
O‘tgan so‘nggi ikki asr ichida yer yuzida ekologiyaga zarar keltiruvchi texnogen falokatlar ko‘p yuz berdi. Misol uchun Chernobil va Fukusima atom elektrostansiyasida ro‘y bergan falokat insoniyat va tabiatga ulkan zarar keltirdi. Shu bois, ushbu maqolamizda inson omili tufayli yuzaga kelgan tarixdagi eng dahshatli ekologik ofatlar haqida so‘z yuritamiz.
Londonni qoplagan zaharli tuman
Sanoat inqilobining rivojlanishi natijasida, yuzaga kelgan birinchi eng yirik ekologik ofat 1952 yilning qishida, London shahrida sodir bo‘lgan. Britaniya poytaxtida tuman tushishi odatiy hol hisoblanadi. Ammo, bu galdagi tuman sariq rangda bo‘lib, u odamlarga o‘lim keltiruvchi zahar edi.
XX asr o‘rtalarida Londondagi barcha uylar ko‘mir yoqish orqali isitilgan. Bundan tashqari, shahardagi 40 ga yaqin elektrostansiyalarining asosiy yoqilg‘isi ko‘mir edi. Ko‘mirning ko‘p miqdorda yoqilishi natijasida, oltingugurt dioksidi atmosferaga tarqalib, o‘lim keltiruvchi tumanni hosil qiladi. Buning oqibatida sakkiz kun ichida to‘rt ming kishi vafot etadi. Keyinchalik bu zaharli tuman yana sakkiz ming nafar insonning yostig‘ini quritgan.
Orol fojiasi
Orol dengizining qurishi XXI asrning eng katta ekologik falokatlaridan biri bo‘ldi. Qurishidan oldin Orol dengizi kattaligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turgan edi.
Sovet hukumati Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, paxtani keng miqyosda yetishtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ekin maydonlarini kengaytirish uchun Amudaryo va Sirdaryo orqali katta cho‘l hududlariga suv chiqarilgan. Ammo, bu reja gidrologiya qonunlariga zid ravishda amalga oshirilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda Sirdaryo va Amudaryodan cheksiz miqdorda suv sarflangan. Buning natijasida 1960 yilda Orol dengizi asta-sekin o‘z qirg‘oqlaridan chekina boshladi. 1980 yilga kelib, Orolda baliqchilik sanoati inqirozga uchraydi. 1989 yilda dengiz qurib, ikki hovuzga bo‘linib ketdi. 2003 yilda esa Orol dengizining atigi 4/1 qismi qoldi. Keyinchalik, dengizning sharqiy qismi butunlay qurib ketdi. Ilgari Orolda baliqlarning 178 ta turi yashagan bo‘lsa, hozirda ularning atigi 38 ta turi omon qolgan.
Paxtani yetishtirishda asosan kimyoviy moddalardan keng miqdorda foydalanilgan. Yillar davomida Sirdaryo va Amudaryo orqali oqib kelgan zaharli moddalar yuvindisi Orol dengiziga quyilgan. Dengiz qurigach, bu zaharli moddalar shamol orqali minglab kilometr masofaga uchib borib, ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqargan. Xususan, dengiz atrofidagi aholi orasida va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda sil, tif, anemiya va aqliy zaiflik kabi kasalliklar aniqlangan. So‘nggi yillar davomida Orol dengizni tiklash masalasida xalqaro darajada ko‘plab muhokamalar amalga oshirildi. Ammo haligacha hech qanday o‘zgarish yo‘q.
Bhopaldagi falokat
1984 yil 3 dekabr kuni tunda, Hindistonning Bhopal shahrida joylashgan zararkunandalarga qarshi vositalarni ishlab chiqaruvchi zavodda portlash yuz berdi. Buning oqibatida zaharli gaz atmosferaga tarqalib ketdi. Shu kunning o‘zida uch mingdan ziyod kishi zaharlanish oqibatida halok bo‘ldi. Keyingi hafta davomida zaharlanishdan besh mingdandan ortiq inson vafot etdi. Hukumatning 2006 yildagi bayonotiga ko‘ra, taxminan, 200 mingdan ziyod kishi zaharlanib, falajlik va immunitet tanqisligi kabi kasalliklarga chalingan ekan.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, porlash gaz zaxirasiga suv tushishi natijasida yuzaga kelgan. Bu mudhish hodisaga aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan, atiga ikki ming dollar va ikki yillik qamoq jazosi tayinlangan.
Chernobil
26 aprel dunyodagi eng yirik yadroviy halokatlardan biri ro‘y bergan kun sifatida tarixning qora sahifasidan joy olgan. 1986 yil 26 aprel kuni tunda, Ukrainaning Chernobil atom elektrostansiyasining to‘rtinchi blokida portlash ro‘y beradi. Bu portlash natijasida, atrof muhitga Xirosimadagi atom bombasidan ko‘ra 400 barobar ko‘p radiatsiya tarqaldi. Falokat sodir bo‘lgan kunning ertasiga darhol 30 kilometr hududdan 110 ming kishi evakuatsiya qilingan. Bu halokatni bartaraf etish uchun 600 mingdan ortiq harbiylar va o‘t o‘chirish xodimlari safarbar etilgan. Shunga qaramay stansiyadagi yong‘in bir necha kun davom etgan. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, portlash vaqtida va o‘t o‘chirish jarayonida 31 nafar inson halok bo‘lgan.
Chernobil atom elektrostansiyasidan chiqqan radiatsiya tez orada, Ukraina, Belarus, Rossiya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga tarqalib ketadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, Chernobildan tarqalgan radiatsiya tufayli to‘rt ming inson saraton va boshqa turdagi kasalliklarga chalinib, halok bo‘lgan. “Greenpeace” ekologik guruhining ma’lumot berishicha, radiatsiya oqibatida halok bo‘lganlar soni 200 mingdan ortiq.
“Piper Alpha” neft platformasining portlashi
1988 yil 6 iyul kuni Aberdin sohili yaqinida joylashgan, Buyuk Britaniyaga tegishli “Piper Alpha” neft platformasida portlash yuz berdi. Buning oqibatida 228 nafar ishchidan 167 tasi halok bo‘lgan. Yong‘inni bartaraf etish uchun esa deyarli uch hafta vaqt ketgan.
“Piper Alpha” Buyuk Britaniyaning neft va gazni qazib olish bo‘yicha eng asosiy platformalaridan biri hisoblanib, u kuniga dengiz tubidan 300 ming barreldan ortiq neftni qazib chiqargan.
“Exxon Valdez” tankerining falokati
1989 yil 24 mart kuni “Exxon Valdez” nomli neft tashuvchi tankeri Alyaska ko‘rfazi yaqinida boshqa bir neft tankeriga urilib ketadi. Bu to‘qnashuv oqibatida 750 ming barrel neft ochiq dengizga oqib ketgan. Tadqiqotchilar bu halokatni eng dahshatli texnogen ofatlaridan biri, deb ta’riflashadi.
Bu falokat oqibatida ikki yarim million dengiz qushi, 2800 ta dengiz tipratikoni, 300 ta dengiz mushugi, 247 ta dengiz burguti, 22 ta kit va millionlab baliqlar nobud bo‘lgan.
Fors ko‘rfazidagi fojia
1990 yilda Iroq rahbari Saddam Husayn qo‘shni davlat Quvaytni chegaradagi “Rumayla” neft bulog‘idan noqonuniy ravishda neft qazib olishda ayblab, Quvaytdan 2,5 milliard dollar miqdorida tovon puli talab qiladi. Biroq, Quvayt amiri shayx Jobir Al-Ahmad bu talabni bajarishdan bosh tortadi. Shunda so‘ng, 1990 yilning 1 avgustida Iroq armiyasi Quvaytga bostirib kirgan. BMT Xavfsizlik kengashi Iroq qo‘shinlarini 1991 yilning 15 yanvarigacha Quvaytdan chiqib ketishini talab etadi.
1991 yilning yanvar oyida Iroq armiyasi Quvaytni tark etayotganida, ataylab neft konlarini yoqib yuboradi. Bu esa ekologiyaga misli ko‘rilmagan darajada zarar keltiradi. Dastlab mutaxassislar yonayotgan neft quduqlarini o‘chirish uchun bir necha yil kerak bo‘ladi, deb taxmin qilishgan edi. O‘t o‘chiruvchilarning ulkan mashaqqati tufayli yong‘in sakkiz oyda to‘liq o‘chiriladi. Yong‘in sodir bo‘lgan paytdan boshlab tugagunga qadar, 350 million tonna gaz havoda yonib ketadi. Bu halokatni bartaraf etish uchun Quvayt hukumati 1,5 milliard dollar sarflangan.
Hisob kitoblarga ko‘ra, yong‘in o‘chirilgungacha neft buloqlaridan 240 million barrel neft Fors ko‘rfaziga oqib ketgan. Dengiz suviga qo‘shilgan neft 550 kilometr masofadagi suvni ifloslantiradi. Buning oqibatida 30 mingdan ortiq hayvon nobud bo‘lgan.
“Deep Water” neft platformasining portlashi
2010 yil 20 aprel kuni Meksika ko‘rfazidagi “Deep Water” neft platformasining portlashi eng yirik texnogen falokatlaridan biri hisoblanadi. Bu falokat natijasida, 13 kishi halok bo‘lgan va 17 nafar ishchi jarohat olgan. Eng achinarlisi ekologiyaga katta zarar yetkazilgan. Portlash oqibatida dengiz tubida joylashgan neft quvurlariga katta zarar yetadi. 152 kun davomida okean tubidagi quvurdan 5 million barrelga yaqin neft suvga tarqalib, 75 ming kv/km hududni ifloslantiradi.
Mutaxassislar bir yil davomida neft tarqalishiga qarshi kurash olib borishgan. Ushbu vaqt ichida Meksika ko‘rfazi o‘lgan hayvonlar va neft yuvindisiga to‘lib ketadi. Bu falokat oqibatida umumiy miqdorda 6 ming 814 ta hayvon, shu jumladan, 6 ming 104 ta dengiz qushi, 609 ta dengiz toshbaqasi va 100 ta delfin nobud bo‘lgan.
Fukusima fojiasi
2011 yilning mart oyida Yaponiya tarixidagi eng kuchli to‘qqiz ballik zilzila sodir bo‘ldi. Bu yer silkinishi o‘z navbatida sunamini keltirib chiqardi. Qisqa vaqt ichida butun mamlakatni suv bosdi.
Sunami natijasida, Tokiodan 250 kilometr uzoqlikda joylashgan Fukusima atom elektrostansiyasi ishdan chiqdi. 11 mart kuni elektr tokining o‘chishi oqibatida reaktor qobig‘i qizib, birinchi va uchinchi blokda portlash yuz beradi. Darhol stansiya atrofidagi 160 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila va suv toshqini oqibatida 15 ming kishi halok bo‘lgan hamda 6 mingdan ortiq inson daraksiz ketgan.
2011 yil 23 mart kuni olimlar Fukusimadan 30 kilometr uzoqlikdagi okean suvi namunalarini o‘rganishgan. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, suvdagi radiatsiya darajasi normal ko‘rsatkichdan to‘rt ming barobar oshib ketgani ma’lum bo‘ladi. Fukusimagi yadroviy falokat 1986 yildagi Chernobil atom elektrostansiyasidagi portlashdan keyin, insoniyat tarixida eng dahshatli yadroviy falokatga aylandi.
Sardor Ali Nurmatov
LiveBarchasi