Qanday hollarda O‘zbekistonda 15 yildan buyon yashayotgan shaxsga fuqarolik berilmaydi?
Jamiyat
−
21 iyun 2021
6722Xabaringiz bo‘lsa, avvalroq O‘zbekiston fuqaroligini olish normalari anchayin soddalashgani haqida xabar berilgandi. Mazkur qonun bilan respublika hududida 15 yildan buyon doimiy ravishda yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligini berish tartibi joriy qilingandi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: O‘zbekiston hududida 15 yildan buyon yashayotganiga qaramasdan fuqarolik pasportini berish rad etilishi mumkinmi? Ushbu savolga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ruslan Karimov javob berdi.
“Joriy yilning 14 iyundagi 696-sonli qonunda (O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi) 15 yildan buyon O‘zbekiston hududida yashab kelayotgan fuqarolarning O‘zbekiston fuqarosi deb tan olinishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu yerda biz “doimiy yashab turgan” so‘ziga urg‘u beramiz. Agar 15 yildan buyon O‘zbekistonda doimiy yashab kelganini tasdiqlovchi hujjat bo‘lsa, bunday fuqarolarga biz rad javobini berishimiz mumkin emas. Ular 15 yil davomida boshqa davlat fuqaroligini qabul qilmagan bo‘lishlari lozim. Aks holda biz rad javobi berishga asosimiz bo‘ladi.
Shuningdek, fuqaroning 15 yildan buyon yashab kelayotganini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa fuqaro yoki fuqaro bo‘lmagan shaxslar ushbu holatni isbotlash maqsadida sud organlariga murojaat qilishlari mumkin. Sudning hukmiga asosan uning doimiy yashab kelganligi tasdiqlansa, shu qarorga asosan ularni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida tan olib, ID karta orqali fuqaroligini rasmiylashtirib beramiz”, deydi Ruslan Karimov.
Ma’lumot o‘rnida, 2016 yil dekabr oyidan 2021 yil may oyiga qadar Prezidentning 87 ta farmoni asosida 22 269 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.
LiveBarchasi